Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Xoʻjalik sudlarining qarorlari tegishlicha ijro etilishi uchun davlat idoralarining, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalarning, muassasalar va tashkilotlarning hamda ulardagi mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarining qarorlari qarzdorning hisob-kitob varagʻida boʻsh pul mablagʻlari mavjud boʻlgan taqdirda banklar, soliq idoralari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan oʻz vaqtida ijro etilishi lozim;
qarzdorning hisob-kitob varagʻida pul mablagʻlarining yoʻqligi bank tomonidan hujjat bilan tasdiqlanganligi qarzni undiruvchi, shu jumladan soliq idorasi toʻlovni qarzdorning mulki hisobidan undirib olish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ariza berish uchun asos hisoblanadi.
2. Davlat soliq qoʻmitasi va joylardagi soliq idoralari zimmasiga davlat bojini va jazo jarimalarini respublika budjeti daromadiga undirib olish boʻyicha xoʻjalik sudlarining qarorlari ijro etilishini oʻz vaqtida taʼminlash majburiyati yuklansin.
3. Xoʻjalik sudlari prokuratura organlari bilan birgalikda sud qarorlarini qasddan bajarmaslik faktlari boʻyicha aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
232-moddasida koʻzda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllasinlar, bank muassasalariga esa Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining
112-moddasiga muvofiq undirib olinishi lozim boʻlgan summaning 50 foizi miqdorda jarima solsinlar.
4. Xoʻjalik sudlarining sud ijrochilariga yuqori soliq organlari va banklarning vakillari bilan birgalikda mansabdor shaxslar tomonidan sud qarorlarining oʻz vaqtida ijro etilishini tekshirish, qarzdorlarning shaxsiy hisobvaraqlari bilan tanishish, qonunchilikda belgilangan tartibda qarzdorlarning mulkiy roʻyxatga olish va undan foydalanishni taqiqlash huquqi berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xoʻjalik sudlarining sud ijrochilari zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda ularga zarur yordam koʻrsatsin.
5. Oliy xoʻjalik sudiga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birga bir hafta muddatda ushbu Farmonning talablariga muvofiq xoʻjalik sudlarining qarorlarini ijro etish Tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi bilan birgalikda uch oy muddatda sud qarorlarini ijro etish hamda sud ijrochisining maqomi toʻgʻrisidagi qonunlarning loyihalarini tayyorlasin.
7. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oliy xoʻjalik sudining Raisi M. E. Abdusalomov va Bosh prokuror B. M. Mustafoyev zimmasiga yuklansin.