O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Xalqaro yoshlar oromgohini tashkil etish to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining samaradorligini oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, samarali o‘tkazish, ma’naviy olamini boyitish hamda dunyoqarashini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasiga tegishli Termiz shahar, “Guliston” mahallasi, Fidokor ko‘chasi, 45-uy manzilida joylashgan bolalar oromgohi O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga shartnoma asosida tekin foydalanishga berilayotgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan bolalar oromgohi negizida Xalqaro yoshlar oromgohini (keyingi o‘rinlarda oromgoh deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. Quyidagilar:
oromgohni saqlash, joriy va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi;
oromgohda har yilgi yoz mavsumi davomida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish bo‘yicha xarajatlar belgilangan tartibda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, qolgan barcha xarajatlar esa O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mablag‘lari hisobidan qoplanishi;
yoz mavsumidan tashqari boshqa vaqtda oromgohda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari ishtirokida turli xil tadbirlar, festivallar, anjumanlar, seminar va boshqa mashg‘ulotlar o‘tkazib borilishi inobatga olinsin.
4. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga:
oromgohning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, bunda shtatlarni saqlash xarajatlarini tegishli binolar va ish hajmiga mutanosib ravishda belgilash;
yoshlar ishtirokida xalqaro miqyosdagi tadbirlar, ta’lim-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish uchun oromgohni zarur o‘quv-uslubiy adabiyotlar, kerakli anjomlar, asbob-uskunalar bilan ta’minlab borish;
oromgohni har yili 20-mayga qadar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga yoz mavsumiga tayyor holda taqdim etish, oromgohni joriy ta’mirlash, zarur jihozlar, asbob-uskunalar, shtatlar jadvaliga muvofiq xizmat ko‘rsatadigan xodimlarni (texnik xodimlar va boshqalar) ish haqi bilan ta’minlash tavsiya etilsin.
5. Surxondaryo viloyati hokimligi:
oromgohning yil davomida faoliyat yuritishini sifatli tashkil etish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, kommunal-maishiy xizmatlar uzluksiz ravishda ko‘rsatilishini ta’minlasin;
oromgohga jalb etiladigan bolalarning oromgoh atrofida joylashgan attraksionlar, yopiq suzish havzasi va sport maydonchalaridan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga hamda Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-fevral,
143-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2018-y., 09/18/143/0819-son)