toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Matbaa korxonalarini roʻyxatga olish va hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1017-sonli “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur hujjatda koʻrsatilgan matbaa korxonasi ishlab chiqarish binosining sanitariya talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida dalolatnoma, matbaa korxonasi ishlab chiqarish binosining yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida dalolatnoma, texnik (qurilmalar) vositalar va yongʻindan muhofaza qilish signalizatsiyalari bilan taʼminlash‎, matbaa korxonasi ishlab chiqarish binosining ekologiya talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida dalolatnomalar‎ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qaroriga asosan 2011-yilning 1-sentabridan bekor qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2002-yil 3-iyuldagi 241-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Matbaa korxonalarini roʻyxatga olish va hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida matbaa faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 2-fevraldagi 52-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 27-dekabr,
454-son
Vazirlar Mahkamasining
27-dekabrdagi 454-son qaroriga
1-ILOVA
Matbaa korxonalarini roʻyxatga olish va hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida matbaa korxonalarini roʻyxatga olish va hisobga qoʻyish tartibini belgilab beradi.
Mazkur Nizom hujjatlardan faqat nusxa koʻchirish faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Matbaa faoliyati deb, barcha turdagi bosma nashrlarning bosma shakllarini yasash maqsadida ular matnini terish, bosma shakllarini tayyorlash (shu jumladan muhr va shtamplarni yasash), maketini tayyorlash, bosish, muqovalash, tirajini tayyorlash tushuniladi. Matbaa faoliyati yuqorida sanab oʻtilgan jarayonlarni (turlarni) uzviy birgalikda yoki alohida-alohida olingan holatlarini ham oʻz ichiga oladi.
Matbaa korxonalari deb matbaa faoliyatini amalga oshirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etilgan tuzilmalar (konsern, kombinat, fabrika, bosmaxona, markaz, ustaxona, sex, laboratoriya, boʻlinmalar va boshqalar) tushuniladi.
Matbaa korxonasi alohida yuridik shaxs sifatida yoki mavjud yuridik shaxsning tarkibiy tuzilmasi sifatida tashkil etilishi mumkin.
Jismoniy shaxslar matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishlari lozim.
Muhr va shtamp tayyorlash faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
3. Matbaa korxonalari Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida roʻyxatga olingandan soʻng oʻz faoliyatini boshlaydilar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
4. Roʻyxatga olingan matbaa korxonalari tegishli vakolatli organlarning ruxsatisiz aholi bilan pullik hisob-kitoblar qilishda foydalaniladigan pul belgilari, obligatsiyalar, aksiyalar, chiptalar, markalar, talonlar va boshqa belgili hamda raqamli toʻlov vositalarini bosish huquqiga ega emas.
Raqamlangan blankalarni (tovar-transport hujjatlari, yoʻl varaqalari va boshqa hisobot blankalarini) qatʼiy hisob orqali faqat ixtisoslashgan nashriyotlar buyurtmasi boʻyicha bosishga ruxsat etiladi.
5. Matbaa korxonalarini roʻyxatga olish uchun yuridik va jismoniy shaxslar Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga davlat tilida yozilgan ariza bilan murojaat qiladilar.
Roʻyxatga olish uchun beriladigan arizada matbaa faoliyatining turi, matbaa korxonasining (muassisining) toʻliq va qisqartirilgan nomi, tashkiliy-huquqiy shakli (yuridik shaxslar uchun), uning joylashgan joyi (pochta manzili), matbaa faoliyati amalga oshiriladigan manzili va muloqot telefonlari koʻrsatiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
jismoniy shaxslar uchun — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
roʻyxatga olganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
(5-bandining yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
oʻrnatilgan yoki oʻrnatilishi moʻljallanayotgan matbaa uskunalarining turi, nomi va miqdorini koʻrsatuvchi roʻyxat.
6. Roʻyxatga olish haqidagi ariza u topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
Arizani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi matbaa korxonasini roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnoma tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida arizachiga beriladi. Roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnoma besh yil muddatga beriladi.
Roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomada matbaa korxonasida amalga oshiriladigan matbaa faoliyatining aniq turlari koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi roʻyxatga olingan matbaa korxonalarini Yagona davlat reyestriga kiritadi.
7. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida korxona toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (matbaa korxonasining (uning muassisining) toʻliq va qisqartirilgan nomini, tashkiliy-huquqiy shaklini, matbaa faoliyati amalga oshiriladigan joyning manzilini, bogʻlanish telefonlari raqamlarini, roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning tartib raqamini) Ichki ishlar vazirligiga matbaa korxonasini hisobga qoʻyish uchun yuboradi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
8. Matbaa korxonalaridan davlat roʻyxatiga olganlik uchun stavkalar boʻyicha davlat boji undiriladi:
T/r‎ Matbaa faoliyati turi‎ Davlat boji stavkasi‎
1. Bosma nashrlarni bosish:
‎‎a) yillik ish hajmi 2 mln bosma ‎taboqqacha boʻlgan korxonalar; ‎
eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida ‎

b) yillik ish hajmi 2 mln bosma ‎taboqdan ortiq boʻlgan korxonalar‎

eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida ‎
2.‎ Nashrlarning bosma shakllarini yasash ‎maqsadida ular matnini terish (nabor). ‎Nashrlarning bosma shakllarini yasash. ‎Bosma mahsulotlarning original ‎maketlarini tayyorlash‎ eng kam oylik ish haqining 2,5 baravari miqdorida ‎
3.‎ Muhr va shtamplar tayyorlash. ‎Bosma mahsulotlarini muqovalash. ‎Mahsulotlarni qadoqlash qutilarini ‎va yorliqlarini tayyorlash‎ eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida ‎
4.‎ Matbaa korxonalari chet el investitsiyalari ‎ishtirokida tashkil etilgan yoki korxonaga ‎Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi ‎chet el fuqarolari muassis (hammuassis) boʻlsa‎ 500 AQSh dollari miqdorida‎
Matbaa faoliyatining bir necha turlari bilan shugʻullanish uchun ariza berilganda, davlat boji amalga oshirilishi moʻljallanayotgan faoliyat turlari uchun belgilangan davlat boji miqdorlarining eng yuqorisi boʻyicha toʻlanadi.
Roʻyxatga olingan matbaa korxonalari, qoʻshimcha matbaa faoliyati turlarini amalga oshirish uchun qayta roʻyxatga olinayotganda, davlat boji umumiy tartibda undiriladi. Matbaa korxonasi boshqa asoslarga koʻra qayta roʻyxatga olinganda, davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida toʻlanadi.
Olingan mablagʻlarning 80 foizi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida qoʻshimcha mablagʻ sifatida matbaa faoliyatini rivojlantirish uchun qoldiriladi, qolgan mablagʻlar esa tumanlar va shaharlar budjetlariga oʻtkaziladi.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
9. Roʻyxatga olish faqat quyidagi hollarda, agar:
shu nomdagi matbaa korxonasi avval roʻyxatga olingan boʻlsa;
matbaa korxonasining ishlab chiqarish binosi tozalik, yongʻin xavfsizligi, ekologiya, texnik va qoʻriqlash-yongʻinga qarshi ogohlantirish moslamalari bilan jihozlashga doir talablarga javob bermasa, rad etilishi mumkin.
Roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisidagi yozma javob mazkur Nizomda koʻzda tutilgan asoslarni koʻrsatgan holda yetti kun ichida matbaa korxonasiga (uning muassisiga) yuboriladi.
Matbaa korxonasini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizani qayta koʻrib chiqishda ilgari roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan asoslar boʻyicha matbaa korxonasini roʻyxatga olishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
10. Roʻyxatga olingan matbaa korxonalari quyidagi hollarda qayta roʻyxatga olinadi:
matbaa korxonasi roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomada koʻrsatilmagan matbaa faoliyatining boshqa turlarini amalga oshirishni istasa;
matbaa korxonasining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli (agar u yuridik shaxs sifatida tashkil etilgan boʻlsa), uning joylashgan joyi (pochta manzili), matbaa faoliyati amalga oshiriladigan manzili oʻzgarsa;
matbaa korxonasining muassislari yuridik shaxs sifatida yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazilsa.
Matbaa korxonasi qayta roʻyxatga olish haqidagi ariza bilan yuqorida koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga taqdim etadi.
(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Qayta roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan oʻn kun ichida koʻrib chiqiladi. Matbaa korxonasini qayta roʻyxatga olish roʻyxatga olish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
11. Matbaa korxonalari tomonidan mazkur Nizom hamda matbaa sohasidagi boshqa qonun hujjatlarining bajarilishini nazorat qilish belgilangan tartibda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi va Ichki ishlar vazirligining hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Matbaa korxonasi (uning muassisi) tomonidan matbaa sohasidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi quyidagi huquqlarga ega:
matbaa korxonasiga (uning muassisiga) aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida, bartaraf etish muddatlari koʻrsatilgan holda, bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar (qarorlar) kiritish;
matbaa korxonasining roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomasi amal qilishini olti oygacha toʻxtatib turish;
matbaa korxonasining roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomasi amal qilishini tugatish.
12. Matbaa korxonasi roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
oʻzga matbaa korxonasining nomi bilan mahsulot chop etsa va tayyorlasa;
noqonuniy ravishda buyurtmalar qabul qilsa va bajarsa;
matbaa korxonasi amaldagi Davlat va soha standartlari talablarini buzsa hamda Oʻzbekiston Respublikasining mehnatni, atrof muhitni muhofaza qilish va tozalik, yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun-qoidalarini buzganligi haqida kamida ikki marta ogohlantirish olgan boʻlsa;
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi bajarilmasa.
Roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomaning amal qilishi sudning qaroriga binoan ham toʻxtatib turilishi mumkin.
13. Matbaa korxonasi roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
matbaa korxonasining (muassisning) arizasi boʻyicha;
matbaa korxonasini roʻyxatga olishda qalbaki hujjatlardan foydalanganlik holati aniqlanganda;
matbaa korxonasi qayta roʻyxatga olinishi shart boʻlgan hollarda belgilangan muddatda qayta roʻyxatdan oʻtmaganda;
matbaa korxonasi yoki uni taʼsis etgan yuridik shaxs tugatilganda;
matbaa korxonasini tashkil etgan jismoniy shaxs — yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi amal qilishi tugatilganda;
matbaa korxonasini tashkil etgan jismoniy shaxs — yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
matbaa korxonasi matbaa sohasidagi qonun hujjatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganda;
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi belgilagan muddatda matbaa korxonasi roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni bartaraf etmaganda.
Roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomaning amal qilishi sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
14. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi matbaa korxonasining roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnomasi amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, bu haqda, qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay, arizachiga va Ichki ishlar vazirligining tegishli hududiy organiga xabar qiladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-apreldagi 93-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 15-son, 181-modda)
Amal qilishi tugatilgan guvohnoma Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga qaytarilishi shart.
15. Muassis yoki korxona egasi tomonidan matbaa korxonasi tugatilganda, ular Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga yozma ravishda xabar berishlari lozim.
Vazirlar Mahkamasining
27-dekabrdagi 454-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida matbaa faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 2-fevraldagi 52-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi xatboshi va qarorning 1-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, matbaa korxonalari Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida roʻyxatga olingandan va Ichki ishlar vazirligining hududiy organlarida hisobga qoʻyilgandan soʻng oʻz faoliyatini boshlaydilar”;
ikkinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. 3-bandda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasiga” soʻzlari “Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Qaror 2-ilovasining 3-bandida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi” soʻzlari “Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 24-son, 199-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda; 2011-y., 45-46-son, 470-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2014-y., 31-son, 380-modda; 2015-y., 15-son, 181-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda)