1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.91.00 (Кучини йукотган) Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv qurollari;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.98.00 (Кучини йукотган) Olimpiada. Tanlovlar;
3.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.04.00 Ilmiy xodimlar, ilmiy muassasalar mutaxassislari (maqom, attestatsiya, ilmiy daraja va unvonlar)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“YILNING ENG YaXShI DARSLIGI VA O‘QUV ADABIYoTI MUALLIFI” TANLOVI G‘OLIBLARIGA ILMIY DARAJA VA ILMIY UNVON BERISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-sonli “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi g‘oyalarini amalda keng tadbiq etish, zamonaviy talablarga javob beradigan, yuqori sifatli yangi avlod darsliklar yaratishni qo‘llab-quvvatlash, yosh ilmiy pedagog kadrlarni bu jarayonga keng jalb etish hamda darsliklar mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligining Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 4-son qarori asosida o‘tkaziladigan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga ilmiy daraja va ilmiy unvon berish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, tasdiqlangan Nizom asosida ilmiy daraja yoki ilmiy unvon Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda ta’lim turlari va fanlar bo‘yicha har yili tegishli Nizom asosida o‘tkazadigan tanlovda g‘olib deb topilgan va kamida ikki marotaba nashr qilingan darsliklar mualliflariga beriladi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-iyul,
290-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-iyuldagi 290-son qaroriga ILOVA
“Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish tartibi to‘g‘risida
nizom
1. Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 4-son qarori asosida o‘tkaziladigan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga ilmiy darajalar yoki ilmiy unvonlar berish tartibini belgilaydi.
2. “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berilishi uchun u yaratgan darslik:
mazmuni davlat ta’lim standartlari talablariga javob berishi hamda darslik yozilgan fan yoki kurs O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejasiga kiritilgan bo‘lishi;
O‘zbekistonning va xorijiy mamlakatlarning shu sohadagi yetuk olimlari qo‘lga kiritgan ilmiy, ilmiy-uslubiy natijalari asosida yozilgan bo‘lishi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yoki Xalq ta’limi vazirligi tomonidan darslik sifatida tavsiya qilingan bo‘lishi;
kamida ikki marotaba nashr qilingan bo‘lishi zarur.
3. Tanlovda g‘olib deb topilgan darslikning uchta asl nusxasi uning muallifi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rik-tanlov komissiyasining qarori bilan birgalikda Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yoki O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1 maydagi 199-son qarori bilan tuzilgan “Umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv adabiyotlari nashr etish tizimini takomillashtirish” loyihasini tayyorlash va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, uzluksiz ta’lim tizimi uchun o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini qayta ko‘rib chiqish va yangilarini yaratish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda Hukumat komissiyasi deb yuritiladi) kiritiladi.
4. Tanlovda g‘olib chiqqan darslik muallifiga ilmiy unvon yoki ilmiy daraja berish masalasi Hukumat komissiyasida ko‘rib chiqiladi hamda ma’qul deb topilgan taqdirda tegishli qaror qabul qilinib, Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi. Hukumat komissiyasi ko‘rilayotgan darsliklar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot va ekspert xulosalarini olish uchun tegishli soha olimlari va mutaxassislarini jalb qilishi mumkin.
5. Oliy attestatsiya komissiyasi taqdim qilingan hujjatlar asosida darslik muallifiga tegishli ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish masalasini darslikning ilmiy-uslubiy ahamiyatini inobatga olgan holda ko‘rib chiqadi. Oliy attestatsiya komissiyasi me’yoriy hujjatlariga muvofiq ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga talabgorlarning nashr qilgan ilmiy maqolalari va uslubiy ishlari, ilmiy-pedagogik faoliyati hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashiga qo‘yiladigan talablar eng yaxshi darslik muallifiga qo‘llanilmaydi.
6. Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashining tavsiyasiga binoan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga (hammualliflikda yozilgan darslikning asosiy muallifiga, uning asosiy muallifligini tasdiqlovchi hammualliflarning o‘zaro kelishuv xati asosida) mavjud nashr ishlari asosida fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun (istisno tariqasida) ilmiy ma’ruza shaklida dissertatsiya himoya qilishiga, agar u fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lsa, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy ma’ruza shaklida dissertatsiya himoya qilishiga ruxsat beriladi yoki professor, dotsent, katta ilmiy xodim ilmiy unvonlaridan biri beriladi.
7. “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘olibi fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lsa, unga Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashining tavsiyasi asosida professor ilmiy unvoni beriladi.
8. “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblari bo‘lgan ilmiy darajaga talabgorlarning attestatsiya ishlari belgilangan tartibda ixtisoslashgan kengash tomonidan, ilmiy unvonga talabgorlarning attestatsiya ishlari tegishli ilmiy kengashlar tomonidan Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
9. Oliy attestatsiya komissiyasida “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga fan doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvonini berish bo‘yicha attestatsiya ishlari 3 oygacha bo‘lgan muddatda, fan nomzodi ilmiy darajasi va dotsent, katta ilmiy xodim ilmiy unvonini berish bo‘yicha attestatsiya ishlari 2 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Zarur hollarda ushbu hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati Oliy attestatsiya komissiyasi hay’ati qarori bilan yana 3 oygacha uzaytirilishi mumkin.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 13-son, 87-modda)