1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.03.00 Bojxona rejimlari / 10.06.03.06 Vaqtincha olib kirish (chiqish);
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.09.00.00 Alohida turdagi mahsulotlar, valyuta va transport vositalarini olib kirish va olib chiqish / 10.09.03.00 Transport vositalarini olib kirish va olib chiqish]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA TOVARLAR VA TRANSPORT VOSITALARINI ChETDAN VAQTINChALIK OLIB KELISh ShARTLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-apreldagi 106-sonli “O‘zbekiston Respublikasida tovarlar va transport vositalarini vaqtinchalik chetdan olib kelish (chetga olib chiqish) shartlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi qoidalarini amalga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish shartlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur Qoidalar 2004-yil 15-sentabrdan boshlab amalga kiritilsin.
2. Belgilansinki, 2004-yil 15-sentabrdan boshlab tovarlarni chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimiga qo‘yish har bir to‘liq va to‘liq bo‘lmagan kalendar oy uchun bojxona bojlari va soliqlari summasining 5 foizi miqdorida davriy bojxona to‘lovlari to‘lagan holda amalga oshiriladi, ushbu to‘lovlar chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar ular bojxonada rasmiylashtirilgan kunda erkin muomala uchun chiqarish bojxona rejimiga qo‘yilgan taqdirda to‘lanadi.
2004-yil 15-sentabrgacha O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimiga bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod qilgan holda qo‘yilgan tovarlar va transport vositalariga nisbatan ularni chetdan vaqtinchalik olib kelish muddati tugagungacha bojxona organlari tomonidan bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilingan kunda amalda bo‘lgan chetdan vaqtinchalik olib kelishning bojxona rejimi shartlari saqlanib qoladi.
3. Qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan quyidagi tovarlar chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimiga qo‘yilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasiga va u orqali chetdan keltirish hamda tranzit bo‘yicha keltirish taqiqlangan tovarlar;
chiqindilar;
elektr energiyasi, suv, quvurlar orqali tovarlar (neft, gaz) yetkazib berish, shuningdek yoqilg‘i;
chetdan keltirilishi kvotalanadigan tovarlar;
sarflanadigan materiallar va sarflanadigan namunalar, xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar;
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari tomonidan chetdan olib kelinadigan avtotransport vositalari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollardan tashqari.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 17-avgust,
399-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-avgustdagi 399-son qaroriga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish qoidalari
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish shartlarini belgilaydi.
2. Chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimiga qo‘yiladigan tovarlar va transport vositalari o‘zgarishsiz holatda qaytarilishi kerak, tashish, saqlash va foydalanishning normal sharoitlarida tabiiy ravishda eskirish yoxud kamayish oqibatidagi o‘zgarishlardan tashqari.
3. Chetdan vaqtinchalik olib kelishga ularni qayta olib ketishda tovarlar va transport vositalari bojxona organi tomonidan identifikatsiyalash mumkin bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
4. Chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlardan bojxona organlarining chetdan vaqtinchalik olib kelishga ruxsatnomasini olgan shaxs foydalanishi mumkin. Bojxona organining ruxsatnomasi bilan chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlarni chetdan vaqtinchalik olib kelishning bojxona rejimi shartlariga rioya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga oladigan boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yiladi.
II. Chetdan vaqtinchalik olib kelinadigan tovarlar va transport vositalarini bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod qilish shartlari
5. Bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod qilish quyidagi tovarlar chetdan vaqtinchalik olib kelingan hollarda amalga oshiriladi:
a) xorijiy davlatlar diplomatik va konsullik vakolatxonalarining hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning O‘zbekiston Respublikasi hududida normal faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun chetdan olib kelinadigan, shuningdek ushbu vakolatxonalarning diplomatik agentlari hamda ma’muriy-texnik xodimi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan ularning oila a’zolari tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan tovarlar.
Bunday tovarlarni chetdan vaqtinchalik olib kelishga yuqorida ko‘rsatilgan vakolatxonalarning O‘zbekiston Respublikasi organlari tomonidan vakil qilingan shaxslar akkreditatsiya qilingan muddatga ruxsat etiladi va ushbu muddat ularning akkreditatsiya muddatlari uzaytirilishidan kelib chiqqan holda uzaytiriladi;
Avtotransport vositalarini vaqtinchalik olib kelishga:
mazkur kichik bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan vakolatxonalar uchun, — bir xodimga 1 ta (bitta) avtotransport vositasi;
mazkur kichik bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy foydalanishi uchun, — vakolatxonaning bir xodimiga va uning oilasining voyaga etgan a’zosiga 1 tadan (bittadan) avtotransport vositasi, biroq bir oilaga 2 tadan (ikkitadan) ortiq bo‘lmagan avtotransport vositasi hisobidan kelib chiqib yo‘l qo‘yiladi.
Avtotransport vositalarini vaqtinchalik olib kelishga miqdoriy cheklashlar O‘zbekiston Respublikasining erishilgan ahdlashuvlaridan kelib chiqib, shuningdek baravarlik shartlarida yoki muruvvat loyihalari va texnik ko‘maklashish loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zgartirilishi mumkin. Miqdoriy cheklash o‘zgarishi to‘g‘risidagi qaror akkreditatsiya bo‘yicha vakolatli organning birinchi rahbari tomonidan qabul qilinadi, keyinchalik bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilinadi.
(5-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 18-avgustdagi 174-sonli qaroriga muvofiq xatboshilar bilan to‘ldirildi— O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 34-35-son, 343-modda)
b) shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun xorijiy fuqarolar va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan olib kelingan tovarlar.
Avtotransport vositalari ushbu kichik bandning birinchi xatboshiga muvofiq chetdan vaqtinchalik olib kelingan taqdirda bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod qilish uch oygacha bo‘lgan muddatga beriladi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach ularga chetdan vaqtinchalik olib kelishning bundan keyingi muddati uchun davriy bojxona to‘lovlari qo‘llanadi;
v) texnologiya asbob-uskunalari, ularga ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar;
g) transport vositalari, ularga ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va transport asbob-uskunalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududiga va O‘zbekiston Respublikasi hududidan odamlar va yuklarni xalqaro tashuvlarda foydalaniladigan konteynerlar, poddonlar va ko‘p martalab ishlatiladigan idishlar va upakovkalarning boshqa turlari.
Ko‘rsatilgan transport vositalari xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak va xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan olib kelinadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan transport vositalari, ularga ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va transport asbob-uskunalari, ko‘p martalab ishlatiladigan idishlar va upakovkalarning boshqa turlarini chetdan vaqtinchalik olib kelishni bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod qilish transport operatsiyalarini amalga oshirish muddatiga, lekin transport vositalari, ularga ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va transport asbob-uskunalari uchun — bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga hamda ko‘p martalab ishlatiladigan idishlar va upakovkalar uchun — uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Chetdan vaqtinchalik olib kelish muddati o‘tgach ko‘rsatib o‘tilgan transport vositalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan chiqarib ketilishi yoki O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha bojxona rejimiga qo‘yilishi kerak;
d) chetdan vaqtinchalik olib kelinishi maqsadini tasdiqlaydigan hujjatlar asosida ushbu Qoidalarga ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha tovarlar. Taqdim etiladigan hujjatlarga talablar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu Qoidalarga ilovada ko‘rsatilgan tovarlarni chetdan vaqtinchalik olib kelishga bojxona bojlari va soliqlardan bir yil muddatga to‘liq ozod qilgan holda ruxsat etiladi. Ushbu muddat tugagach ko‘rsatib o‘tilgan tovarlarga chetdan vaqtinchalik olib kelishning bundan keyingi muddatiga davriy bojxona to‘lovlari qo‘llanadi;
e) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod qilish nazarda tutilgan tovarlar.
III. Chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlarga davriy bojxona to‘lovlarini qo‘llanish tartibi
6. Ushbu Qoidalarning 5-bandida ko‘rsatilmagan tovarlar chetdan vaqtinchalik olib kelingan taqdirda ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasiga chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimida olib kelingan vaqtdan boshlab bojxona bojlari va soliqlar to‘lashdan qisman ozod qilish qo‘llanadi. Bojxona bojlari va soliqlar to‘lashdan qisman ozod qilingan taqdirda davriy bojxona to‘lovlari undiriladi.
7. Davriy bojxona to‘lovlari:
tovarlarning chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimida turgan har bir to‘liq va noto‘liq kalendar oy uchun bojxona bojlari va soliqlar summasining 5 foizi miqdorida, erkin muomaladagi valyutada hisoblab yoziladi, ular ushbu tovarlar bojxona rejimida turganda ularning chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimida bojxona rasmiylashtirish kunida erkin muomala uchun chiqarishning bojxona rejimiga qo‘yilganda to‘lanishi mumkin;
milliy valyutada — so‘mda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ularni to‘lash kunida belgilangan kurs bo‘yicha to‘lanadi;
belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga o‘tkaziladi.
Davriy bojxona to‘lovlari tovarlar chetdan vaqtinchalik olib kelishning bojxona rejimiga qo‘yilganda chetdan vaqtinchalik olib kelishning butun davri uchun to‘liq yoki chetdan olib kelishga ruxsatnoma olgan shaxsning tanlashi bo‘yicha davriy to‘lanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan to‘lovlarni davriy to‘lash chetdan olib kelishga ruxsatnoma olgan shaxs tomonidan, bojxona organining to‘lov tartibi to‘g‘risidagi bildirishnomasi bilan belgilanadi. Davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash tegishli davr boshlangungacha amalga oshirilishi kerak.
Undiriladigan davriy bojxona to‘lovlarining umumiy summasi chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimida bojxonada rasmiylashtirish kunida erkin muomala (import) uchun chiqarishning bojxona rejimida ushbu tovarlarni rasmiylashtirishda to‘lash mumkin bo‘lgan bojxona bojlari va soliqlar summasidan oshmasligi kerak.
8. Davriy bojxona to‘lovlarining to‘langan summalari:
chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar qayta eksport qilinganda yoxud ular boshqacha bojxona rejimlariga qo‘yilganda qaytarilmaydi;
ushbu tovarlarni erkin muomala uchun chiqarishning bojxona rejimiga qo‘yishda to‘lanadigan bojxona to‘lovlari summasiga hisoblab qo‘shiladi.
9. Agar davriy bojxona to‘lovlarining to‘langan summasi to‘lanishi kerak bo‘lgan summaga teng bo‘lsa, chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar bojxona rejimiga qo‘yilgan kunda erkin muomalaga chiqarilganda, ushbu tovarlarga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan iqtisodiy siyosat chora-tadbirlari qo‘llanmaganda yoxud tovarlar chetdan vaqtinchalik olib kelishning bojxona rejimiga qo‘yilgan kunda qo‘llangan ushbu chora-tadbirlar bekor qilinganda tovarlar erkin muomala uchun chiqarilgan deb hisoblanadi.
10. Davriy bojxona to‘lovlarining to‘lanishi uchun chetdan vaqtinchalik olib kelishga ruxsat olgan shaxs yoki tovarlar unga ushbu Qoidalarning 4-bandiga muvofiq berilgan shaxs javob beradi.
11. Chetdan olib kelish bojxona rejimi tovarlarni erkin muomala uchun chiqarish bilan yakunlangan taqdirda tovarlarning bojxona qiymati va miqdori tovarlar chetdan vaqtinchalik olib kelishning bojxona rejimiga qo‘yilgan kunda, bojxona bojlari va soliqlar stavkalari esa — tovarlar erkin muomala uchun chiqarilgan kunda belgilanadi. Deklarant normal tashish, saqlash va foydalanish sharoitlarida eskirishi yoki tabiiy ravishda kamayishi oqibatida, shuningdek avariyalar oqibatida yoki yengib bo‘lmaydigan kuch ta’sirida yuz bergan tovarlarning bojxona qiymatini va (yoki) ularning miqdorini kamaytirishga haqlidir. Tovarlarning bojxona qiymatini va (yoki) ularning miqdorini o‘zgartirish, agar deklarant bojxona organiga ishonchli va hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni taqdim etsa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tovarlarni erkin muomala uchun chiqarishda to‘lanadigan bojxona bojlari va soliqlar summasini belgilashda davriy bojxona to‘lovlarining to‘langan summalari hisobga olinadi.
Davriy bojxona to‘lovlari qo‘llangan tovarlarni erkin muomala uchun chiqarishda ularni qo‘llanish davri uchun, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, agar ushbu summalarga nisbatan davriy bojxona to‘lovlari qo‘llangan kundan boshlab to‘lov muddati uzaytirilgan bo‘lsa to‘lanishi kerak bo‘lgan bojxona bojlari va soliqlardan foizlar to‘lanadi, ushbu Qoidalarning 9-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
IV. Yakuniy qoidalar
12. Chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar mazkur tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishni amalga oshirgan bojxona organi faoliyati zonasidan boshqa bojxona organi faoliyat zonasiga uch oy va undan ko‘p muddatga o‘tkazilgan taqdirda chetdan vaqtinchalik olib kelishga ruxsatnoma olgan shaxs yoki tovarlar ushbu Qoidalarning 4-bandiga muvofiq o‘ziga berilgan boshqa shaxs ko‘rsatib o‘tilgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishni amalga oshirgan bojxona organini tovarlarni boshqa bojxona organi faoliyat zonasiga olib ketish niyati to‘g‘risida xabardor qilishi kerak.
Xabardor qilish yozma shaklda, chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlarning turgan joyi va muddatini ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi.
13. Chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar bojxona rejimining amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi:
chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlarga arest belgilanganda yoki ular O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq olib qo‘yilganda;
davriy bojxona to‘lovlari qo‘llangan chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar ularni erkin muomala uchun chiqarishni nazarda tutmaydigan boshqa bojxona rejimlariga qo‘yilgan taqdirda chetdan vaqtinchalik olib kelishga ruxsatnoma olgan shaxsning iltimosiga binoan;
ushbu Qoidalar 5-bandining (b), (v) va (d) kichik bandlarida ko‘rsatilgan chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlar qayta olib chiqib ketilganda.
Chetdan vaqtinchalik olib kelish rejimining amal qilishi to‘xtatib turilgan davr uchun davriy bojxona to‘lovlari hisoblab yozilmaydi va to‘lanmaydi.
To‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan fakt yoki hodisalar tugagandan keyin chetdan vaqtinchalik olib kelish bojxona rejimining amal qilishi tiklanadi.
14. Chetdan vaqtinchalik olib kelishga ruxsatnomalar berish, chetdan vaqtinchalik olib kelingan tovarlarga nisbatan davriy bojxona to‘lovlarini qo‘llanish, ularni chetdan vaqtinchalik olib kelish muddatini uzaytirish va foydalanish uchun boshqa shaxsga berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
15. Ushbu Qoidalarning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob berishadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish qoidalariga ILOVA
Bojxona bojlari va soliqlaridan to‘liq ozod etilgan holda O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga chetdan vaqtinchalik olib kelinadigan tovarlar ro‘yxati
I. Tashqi iqtisodiy faoliyatga ko‘maklashishga mo‘ljallangan tovarlar
1. Ko‘rgazmalar, yarmarkalar, xalqaro uchrashuvlarda va shunga o‘xshash boshqa tadbirlarda namoyish qilishga mo‘ljallangan tovarlar (chetdan olib kelingan tovarlarni sotish maqsadida o‘tkaziladigan ishlab chiqarish faoliyati yoki boshqa tijorat faoliyati amalga oshiriladigan joylardagi ko‘rgazmalardan tashqari), shuningdek ushbu tadbirlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan yordamchi asbob-uskunalar va materiallar.
2. Faqat mana shunday tipdagi tovarlarga buyurtmalar olish maqsadlari uchun mo‘ljallangan va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan tovarlarning namunalari, bu ularga o‘chirilmaydigan markirovkalash, yoriqlar, teshiklar o‘yish yoki boshqa usul bilan shikast yetkazish yo‘li bilan ta’minlanadi, har bir tip, marka, model, artikul, fason, bo‘yash va hokazolarning tovar namunalari, 2 nusxasidan ortiq bo‘lmaydi.
3. Xorijiy shaxslar tomonidan olib kelinadigan reklama materiallari (kataloglar, preyskurantlar va tijorat prospektlari, modellar, plakatlar, planshetlar, risolalar) — agar har bir oluvchi uchun ushbu materiallar 2 nusxadan ortiq olib kelinmasa yoxud ularning umumiy brutto og‘irligi 50 kilogrammdan ortiq bo‘lmasa.
4. Reklama filmlari, shuningdek tovarlarning xossalari yoki vazifasini ochib beruvchi reklama uchun mo‘ljallangan kompyuterda tashiladigan axborot — agar ushbu filmlar va axborot tashuvchilar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa, xorijiy shaxs tomonidan taklif etilayotgan xorijiy tovarlarga tegishli bo‘lsa, faqat tovarlarning ehtimol tutilgan sotib oluvchilariga ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, bir nusxada olib kelinsa va ulardan foydalanish daromad olish maqsadini ko‘zlamasa.
5. Sinovlar, tekshirishlar, eksperimentlar o‘tkazish hamda xossalari va tavsiflarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan tovarlar — agar ulardan foydalanish daromad olish maqsadini ko‘zlamagan taqdirda.
6. Kasb asbob-uskunalari (sanoat ishlab chiqarishi, tovarlarni o‘rash yoki tabiat resurslaridan foydalanish, yer ishlarini bajarish, binolar, imoratlar, inshootlar qurish va ta’mirlash hamda shunga o‘xshash ishlarni bajarish uchun foydalaniladigan asbob-uskunalardan tashqari) va instrumentlar (shu jumladan yordamchi apparatlar va anjomlar) — agar chetdan vaqtincha olib kelingan kasb asbob-uskunalari va instrumentlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa, ular tomonidan olib kelinsa va ularga O‘zbekiston Respublikasi hududida aniq ishni bajarish uchun zarur bo‘lsa.
7. Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida chetdan olib kelinadigan chizmalar, rejalar, modellar, shtamplar, matritsalar, klishelar, bosma shakllar va shunga o‘xshash boshqa buyumlar, nazorat-o‘lchash asboblari va instrumentlar — agar ko‘rsatib o‘tilgan tovarlardan asosan eksportga mo‘ljallangan tovarlarni ishlab chiqarish munosabati bilan foydalanilsa, xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa, biroq O‘zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa.
II. Fan, madaniyat, kinematografiya, sport va turizm sohasida xalqaro aloqalarga ko‘maklashish uchun mo‘ljallangan tovarlar
8. Madaniyat va kinematografiya sohalarida ilmiy-tadqiqot, ta’lim maqsadlari uchun foydalaniladigan asbob-uskunalar (shu jumladan restavratsiya asbob-uskunalari) va materiallar, chetdan vaqtincha olib kelingan asbob-uskunalar va materiallarni, anjomlarni ta’mirlashga mo‘ljallangan ehtiyot qismlar, shuningdek bunday asbob-uskunalar va materiallarni sozlash, nazorat qilish va ta’mirlash uchun mo‘ljallangan instrumentlar — agar chetdan vaqtincha olib kelingan asbob-uskunalar, materiallar, ehtiyot qismlar, anjomlar va instrumentlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa va ulardan foydalanish daromad olish maqsadini ko‘zlamasa.
9. Kinoga olish, tomoshalar, spektakllar va shunga o‘xshash tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan, madaniyat muassasalari, kinematografiya tashkilotlariga vaqtincha foydalanish uchun tekin beriladigan teatr (sirk, kino) kostyumlari, sahna asbob-uskunalari, partitura, musiqa asboblari va boshqa teatr (sirk) rekviziti.
10. Kino va videofilmlar, slaydlar, fotosuratlar, plakatlar, kino va videofilmlarning montaj va muloqotli sahifalari hamda foto va kinotanlovlarda, kinofestivallarda, kinohaftaliklarida va boshqa shunga o‘xshash tadbirlarda namoyish qilish uchun tasvir yozilgan boshqa axborot tashuvchilar — agar bunday tovarlardan foydalanish daromad olish maqsadini ko‘zlamasa.
11. O‘zbekiston Respublikasi hududida sport musobaqalari, ko‘rgazmali sport tadbirlari yoki mashqlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlar — agar bunday tovarlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa va ularning vazifasiga muvofiq miqdorda olib kelinsa.
12. Kurort ishi va turizm bo‘yicha tanishtirish materiallari — agar chetdan vaqtincha olib kelingan materiallar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa va ularning vazifasiga muvofiq miqdorda olib kelinsa.
13. Madaniyat boyliklari (san’at asarlari, kolleksiyalash va antikvariat buyumlari bo‘lgan tovarlar, shuningdek olib chiqib ketilishi va olib kelinishi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan boshqa tovarlar), — agar bunday tovarlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa.
14. Ta’lim, fan va madaniyat bilan bog‘liq bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, materiallar va hujjatlar (shu jumladan ularning bosma usuldan boshqa usulda ko‘paytirilganlari), — agar bunday tovarlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa.
III. Xalqaro yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan tovarlar
15. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining va (yoki) o‘q-dorilar va atom energetikasini ishlab chiqish, ishlab chiqarish va utilizatsiya qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan, atom energiyasidan foydalanishning davlat boshqaruvini amalga oshiradigan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlarida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan hollarda ushbu sohada ijro etuvchi hokimiyatning boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtiradigan boshqa vakolatli organning sabablari ko‘rsatilgan taqdimnomasi bo‘yicha vaqtincha foydalanish uchun davlat organlari va davlat muassasalariga tekin beriladigan, xorijiy shaxs tomonidan olib kelinadigan tabiiy va texnogen xususiyatga ega bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun mo‘ljallangan tovarlar, shu jumladan transport vositalari, — agar chetdan vaqtincha olib kelingan tovarlar va transport vositalari xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa, shu jumladan:
transport vositalari bilan birga olib kelinadigan yonilg‘i-moylash materiallari, suv, ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan konstruktiv idishlardagi boshqa suyuqliklar, ehtiyot qismlar, ko‘rsatib o‘tilgan transport vositalarining odatdagi anjomlari va aslahalari, shu jumladan yuklar, konteynerlar va boshqa transport asbob-uskunasini yuklash, tushirish, ishlov berish va himoya qilish uchun maxsus asbob-uskuna, agar bunday transport vositalari xorijiy davlat hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, xorijiy shaxs tomonidan olib kirilsa;
tovarlarni transportda tashish, yer qazish ishlari, binolar, imoratlar va inshootlarni qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish va shunga o‘xshash ishlarni bajarish uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar va instrumentlar, shu jumladan yordamchi apparatlar, agregatlar, ehtiyot qismlar va anjomlar.
16. Qutqarish, davolash muassasalariga hamda boshqa tibbiyot muassasalari va tashkilotlariga vaqtincha foydalanish uchun tekin beriladigan qutqarish, tibbiyot va laboratoriya asbob-uskunasi — agar chetdan vaqtincha olib kelingan asbob-uskuna ushbu muassasalar va tashkilotlar tomonidan muruvvat, qutqaruv, tashxis qo‘yish yoki davolash maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa va uni yetkazib berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra amalga oshirilsa.
IV. Boshqa tovarlar
17. Xorijiy havo kemalari ekipajlarining ijtimoiy-maishiy hayot sharoitlarini ta’minlash va ularning madaniyat, ta’lim, dam olish, din va sport sohasidagi ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan tovarlar — agar chetdan vaqtincha olib kelingan tovarlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa va ulardan foydalanish daromad olish maqsadini ko‘zlamasa.
18. Professional kinematografiya asbob-uskunasi, matbuot, radio yoki televideniye jihozi, ko‘rsatib o‘tilgan asbob-uskunalarga yordamchi qurilmalar va anjomlar — agar chetdan vaqtinchalik olib kelingan professional asbob-uskunalar, qurilmalar va anjomlar xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qolsa, ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida aniq ishni bajarish uchun zarur bo‘lsa.
19. Boqish, o‘rgatish, urchitish, veterinariya yo‘li bilan davolash, sinovlar o‘tkazish, turistik tadbirlar, gumanitar va qutqarish operatsiyalari, maxsus funksiyalarni amalga oshirish (militsiya otlari va itlari, izlovchi kuchuklar, ko‘zi ojizlarni yetaklab yuradigan kuchuklar va boshqalar), ko‘rgazmalar, tanlovlar, musobaqalar, namoyishlar, spektakllar, tomoshalar va shunga o‘xshash daromad olish bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarda ishtirok etish uchun, shuningdek tibbiyot maqsadlarida va chegara hududida foydalanish uchun mo‘ljallangan ish mollari sifatida (tegishli jihozlar bilan birgalikda) xorijiy shaxsning mulki bo‘lib qoladigan hayvonlar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 372-modda;2006-y., 34-35-son, 343-modda)