toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (OʻZR AQ-44) oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 29-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2811-1]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-sonli ““Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalarini (AR-AIR-002) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3608, 19.02.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 692-son “Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2016-yil 27-iyundagi 81-N-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2811, 2016-yil 14-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2016-y., 28-son, 344-modda) bilan tasdiqlangan Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (OʻZR AQ-44) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 22-dekabr,
104-N-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-sonli buyrugʻiga
ILOVA
Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (OʻZR AQ-44) kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi:
havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasiga gorizontal yoʻnalish boʻyicha qatʼiy perpendikulyar;
havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasida belgilarni qayd etish uchun boʻsh joy boʻlmaganda, havo kemasi vertikal dum qanoti yuzasining pastki qismiga har ikki tomonidan;
havo kemasi chap qanoti konstruksiyasi pastki yuzasining chap tomoniga (bunda belgilar qanotning old qismiga parallel holda joylashtirilishi kerak);
shar shaklidagi aerostatning maksimal gorizontal aylanasiga yaqin ikki diametral qarama-qarshi tomoniga;
shar shakliga ega boʻlmagan aerostat chizigʻining maksimal koʻndalang kesimiga yaqin bevosita osma belbogʻi ustida yoki savatning osma arqonlarini qotirish nuqtalari ustida ikki tomoniga;
dirijablning korpusi boʻylab ikki tomoniga hamda simmetriya chizigʻi boʻylab ustki yuzasiga;
vertolyotda uning dum balkasining har ikki tomoniga qayd etiladi.”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Havo kemasining fyuzelyajidagi hamda vertikal dum qanoti yuzasidagi (shu jumladan, vertolyot dum balkasidagi) qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 30 sm dan, aerostat va havo kemasining qanotida qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi esa, 50 sm dan kam boʻlmasligi lozim.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)