toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 19.03.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 29-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2958]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 31-yanvardagi 2019-07-sonli “Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3143, 19.03.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-noyabrdagi 407-son “Yuridik va jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-noyabr,
165-son
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2017-yil 27-noyabr,
151-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-noyabr,
2017-68-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 27-noyabrdagi 165, 151 va 2017-68-son qaroriga
1-ILOVA
Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-noyabrdagi 407-son “Yuridik va jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq yuridik shaxsni tashkil etmasdan chakana savdo faoliyatini amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlarning (bundan buyon matnda yakka tartibdagi tadbirkorlar deb yuritiladi) daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan chakana savdo mazkur Nizomga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Import tovarlari savdosini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor tijorat faoliyati uchun moʻljallangan tovarlarni olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
2-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari
3. Chakana savdo faoliyatini amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlar va amalga oshirilgan tovar operatsiyalari hisobini daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida yuritishlari shart.
4. Quyidagilar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari hisoblanadi:
chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorning daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish daftari (bundan buyon matnda Hisob daftari deb yuritiladi);
Tovar cheklari daftari.
Hisob daftari va Tovar cheklari daftari shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 4-martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining (roʻyxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) 15-ilovasi bilan tasdiqlangan.
5. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkor roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi (bundan buyon matnda soliq organi deb yuritiladi). Bunda yakka tartibdagi tadbirkor soliq organiga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda ariza taqdim etishi kerak.
Arizaga daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari ilova qilinadi.
6. Soliq organi roʻyxatdan oʻtkazishni asoslantirilgan holda rad etadi yoki yakka tartibdagi tadbirkorga u shaxsni tasdiqlovchi hujjat koʻrsatgan holda tilxat bilan:
hujjatlar olingan paytdan boshlab uch ish kuni mobaynida — Hisob daftarini;
hujjatlar olingan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida — Tovar cheklari daftarini taqdim etadi.
7. Yangi Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari faqat yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan avval roʻyxatdan oʻtkazilgan registrni taqdim etilganidan keyingina roʻyxatdan oʻtkaziladi. Soliq organi registrlarni roʻyxatdan oʻtkazish jurnaliga tegishli belgi qoʻyadi, avvalgi registrning boʻsh ustunlari, satrlari va varaqlari ustidan chizadi va yangi registrni roʻyxatdan oʻtkazadi.
8. Hisob daftari va Tovar cheklari daftari soliq organi muhri bilan tasdiqlanadi.
9. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida barcha koʻrsatkichlar tuzatish va qisqartirishlarsiz sharikli ruchkada (havorang, binafsha yoki qora rangda) toʻldiriladi. Notoʻgʻri maʼlumotlarga ega yozuvlar buzilgan hisoblanadi va ustidan chiziladi hamda yakka tartibdagi tadbirkorning imzosi bilan tasdiqlanadi.
10. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari oxirgi yozuv kiritilgan paytdan boshlab besh yil mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorda saqlanadi hamda raqamlanishi, ip bilan tikilishi va soliq organi muhri bilan tasdiqlanishi kerak.
3-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobini yuritish
11. Oʻz faoliyatining xususiyatiga koʻra aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamasdan amalga oshirishi mumkin boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar Tovar cheklari daftarini yuritishlari shart.
12. Hisob daftaridagi yozuvlar ularni toʻgʻriligini tasdiqlash uchun Hisob daftari bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.
13. Quyidagilar yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchilar yoki ulgurji savdo bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslardan xarid qilingan tovarlarni sotish chogʻida tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar boʻlib hisoblanadi:
shartnoma;
agar shartnomada oldindan toʻla yoki qisman haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, yetkazib berilgan tovarlar uchun haq toʻlangani toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomasining nusxasi. Agar shartnomada oldindan haq toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, sotish paytida toʻlov topshiriqnomasining nusxasi talab qilinmaydi, lekin yetkazib berilgan tovarlar uchun haq toʻlanganidan keyin, tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar bilan birga, belgilangan muddat mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorda saqlanadi;
tovarlar olinganligini tasdiqlovchi hujjat.
14. Tovarlar sotilayotganida yakka tartibdagi tadbirkor, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, sotilayotgan tovarning muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi shart.
15. Boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar sotilishi chogʻida quyidagilar tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar boʻlib hisoblanadi:
yakka tartibdagi tadbirkor — ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma;
agar shartnomada oldindan toʻla yoki qisman haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, yetkazib berilgan tovarlar uchun haq toʻlangani toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomasining nusxasi. Agar shartnomada oldindan haq toʻlash nazarda tutilmasa, sotish paytida toʻlov topshiriqnomasining nusxasi talab qilinmaydi, lekin yetkazib berilgan tovarlar uchun haq toʻlanganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkorda belgilangan muddat mobaynida tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar bilan birga saqlanadi;
tovarlar olinganligini tasdiqlovchi hujjat.
16. Quyidagilar tovarlar sotilganligini tasdiqlaydigan hujjat boʻlib hisoblanadi:
nazorat-kassa mashinasi umumiy koʻrsatkichi (“Z” hisoboti) — nazorat-kassa mashinasi qoʻllanilishi bilan tovarlar sotilganda;
bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari — hisob-kitob terminali qoʻllanilganda;
Tovar cheklari daftari — tovar cheki berilganda.
17. Hisob daftariga quyidagi yozuvlar kiritiladi:
tovarlar rekvizitlari toʻgʻrisida (tovar nomi, tovar manbaini tasdiqlaydigan hujjat, kirim hujjati, toʻlov hujjati, tovar kodi, oʻlchov birligi, xarid narxi, bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha xarajatlar, boshqa xarajatlar, miqdori, oʻrtacha narx tovarni sotib olish boʻyicha xarajatlarni hisobga olgan holda) — ular turgʻun savdo shoxobchasi hududida joylashtirilganidan keyin darhol. Bunda tovar kodini tadbirkorning oʻzi Hisob daftari doirasida takrorlanmaydigan qilib erkin ravishda belgilaydi;
“Oy” va “Oy boshidagi qoldiq” ustunlari — har oy savdo boshlanishigacha;
“Sotildi”, “Kun oxiridagi qoldiq”, “Xarajatlar” va “Daromad” ustunlari — har oy savdo kuni oxirida.
Bunda:
“Boshqa xarajatlar” satrida tovarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlargina koʻrsatiladi;
“Xarid qilish xarajatlarini hisobga olgan holda oʻrtacha narx” satrida “xarid narxi”, “bojxona rasmiylashtiruvi xarajatlari” va “boshqa xarajatlar” satrlari summasini “miqdor” satriga boʻlish yoʻli bilan hisob-kitob qilinadi;
bir kunda sotilgan tovarlar summasi nazorat kassa mashinasi koʻrsatkichi bilan mos tushishi kerak (“Z” hisoboti) va (yoki) bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari cheklari yoki yozilgan tovar cheklari summasi bilan;
“Oy boshidagi qoldiq” ustuni bundan oldingi oy “Oy oxiridagi qoldiq” ustuni bilan mos kelishi kerak;
“Xarajatlar” ustuni tegishli oyda “Xarid xarajatlarini hisobga olgan holdagi oʻrtacha narx” satri koʻrsatkichini ushbu oyda sotilgan tovar miqdoriga (“Sotildi: miqdor” ustuni) koʻpaytirish yoʻli bilan hisob-kitob qilinadi;
“Daromad” ustuni “Sotildi: summa” va “Xarajatlar” ustunlar oʻrtasidagi farq sifatida belgilanadi.
18. Hisob daftari jadvallari tovarlarning har bir guruhiga alohida toʻldiriladi.
19. Tovarlarni har bir xaridorga sotish Tovar cheklari daftarining alohida varagʻida aks ettiriladi. Tovar cheki ikki nusxada toʻldiriladi, bir nusxasi qirqib olinadi va xaridorga beriladi, boshqasi Tovar cheklari daftarida tikilgan holda qoladi. Bunda xaridorga beriladigan tovar chekidagi barcha yozuvlar, Tovar cheklari daftarida tikilgan tovar cheki bilan aynan bir xil boʻlishi kerak.
20. Tovar cheki raqami bosmaxona usulida qoʻyiladi. Tovar cheklari daftarida chek raqamlari qatʼiy izchil boʻlishi kerak. Xaridorga beriladigan tovar cheki raqamlari va Tovar cheklari daftarida tikilgan tovar cheki bilan aynan bir xil boʻlishi kerak.
21. Tovar chekiga quyidagi yozuvlar kiritiladi:
sotuvchining STIR, F.I.O. va imzosi — daftarni soliq organida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etishgacha barcha varaqlarda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda;
qolgan yozuvlar — tovar cheki xaridorga berilishigacha sotish paytida.
22. Tovar cheklari daftarining varaqlari toʻldirilganda:
“Tovar nomi (kodi)” ustunida Hisob daftari boʻyicha tovar kodi yoki tovarning qisqa nomi aks ettiriladi;
bir xaridorga sotiladigan har bir tovar alohida satrda aks ettiriladi. Agar bitta xaridorga sotiladigan tovarlarning barcha nomini Tovar cheklari daftarining bir varagʻida aks ettirish mumkin boʻlmasa, bitta xaridorga sotish bir necha varaqlarda rasmiylashtiriladi va unga bittadan koʻp tovar cheki beriladi;
Tovar cheklari daftari varagʻining toʻldirilmagan satrlari chizib qoʻyiladi;
narx, miqdor va summa toʻgʻrisidagi maʼlumotlar raqamlar bilan kiritiladi;
narx va summa toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soʻmlarda koʻrsatiladi.
23. Sotish aylanmasi hajmi ancha boʻlganda, yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga binoan, tovar cheklari daftari ilgari berilgan daftar tugashiga qadar roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin. Bunda ilgari soliq organida roʻyxatdan oʻtkazilgan, yakunlangan daftarni taqdim etmasdan turib faqat bitta Tovar cheklari daftarini roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat beriladi.
4-bob. Hisobotni taqdim etish
24. Yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga:
savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, bundan tijorat faoliyati uchun moʻljallangan tovarlar olib kiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno, — yilning har bir choragi yakunlari boʻyicha hisobot choragidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay;
tijorat faoliyati uchun moʻljallangan tovarlarni olib kiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — har oyning yakunlari boʻyicha hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Hisobot shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 4-martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining (roʻyxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) 15-ilovasi bilan tasdiqlangan.
5-bob. Yakuniy qoidalar
25. Mazkur Nizomni buzganlik uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
26. Mazkur Nizomga rioya qilinishi ustidan nazoratni davlat soliq xizmati organlari amalga oshiradi.
27. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2017-yil 27-noyabr
Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

‎‎______________________ tuman (shahar) DSI boshligʻi
‎___________________________________________ga (F.I.O.)
‎yakka tartibdagi tadbirkor ____________________dan

‎‎(F.I.O.)

‎‎ARIZA

‎‎Sizdan __________________________________________________________________________________________(daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registri nomi)

‎‎yuridik shaxs boʻlmagan chakana savdo faoliyatini yuritish uchun _____________________________________________
‎_______________________________________________________________________________________da (orqali)(faoliyatni amalga oshirish joyi, nomi va manzili)

‎‎roʻyxatdan oʻtkazishingizni soʻrayman.
‎‎Oʻzim haqida maʼlumot:
‎1. STIR ______________________
‎2. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma:
‎Roʻyxatdan oʻtkazilgan sana va raqam __________________ № ______________
‎_______________________________________________________________________________ tomonidan berilgan.

‎‎(bergan tashkilot nomi)

‎‎Amal qilish muddati 20___ y. “____” _______________
‎‎3. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat:

‎‎seriya

‎‎raqam

‎‎berilgan ‎‎Kim tomonidan berilgan ____________________
‎‎4. Uy manzili ________________________________________
‎‎5. Pochta indeksi _______________ Telefon ________________

‎‎20 ___ y. “____” ____________
(‎toʻldirilgan sana)

‎‎_________________________________________(yakka tartibdagi tadbirkor imzosi)

‎‎‎‎20 ___ y. “____” ____________ (‎ariza qabul qilingan sana)

_________________________________________‎‎(DSIning javobgar xodimi imzosi)

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 27-noyabrdagi 165, 151 va 2017-68-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2002-yil 20-dekabrdagi 139, 2-0-9/26 va 2002-92-son “Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovar operatsiyalari va daromadlarni hisobga olish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1197, 2003-yil 8-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 1-2-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasining 2004-yil 11-noyabrdagi 123, 2004-60 va10-son “Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovar operatsiyalarini va daromadlarni hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1197-1, 2004-yil 22-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 47-son, 488-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2006-yil 29-sentabrdagi 84, 10 va 2006-41-son “Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovar operatsiyalari va daromadlarni hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1197-2, 2007-yil 13-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 11-son, 103-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2958/0477-son)