toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasining nizomini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi kuzatuv kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “Oʻzbekkino” Milliy agentligining bosh direktori F.Sh. Zokirov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-dekabr,
976-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 976-son qaroriga
1-ILOVA
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Jamgʻarma milliy kino mahsulotlarini yaratishning belgilangan yillik ishlab chiqarish hajmlari prognoz koʻrsatkichlarining tegishli qismini moliyalashtirish, Agentlik tizimidagi kinematografiya obyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kinematografiya sohasini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)
3. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida ochilgan “Oʻzbekkino” Milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) yagona shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi va mazkur Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
davlat buyurtmasi va Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarning kinoprokatidan tushadigan mablagʻlar;
davlat buyurtmasi va Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarni namoyish etish mobaynida joylashtiriladigan tijorat eʼlonlaridan tushadigan mablagʻlarning 10 (oʻn) foiziga teng miqdordagi majburiy ajratmalar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini qonun hujjatlariga muvofiq bank depozitlari shaklida va boshqa shakllarda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
Agentlik tomonidan kino va boshqa madaniy-ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
5. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish uning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.
7. Jamgʻarmaning mablagʻlari quyidagilarni moliyalashtirish uchun sarflanadi:
milliy kino mahsulotlarini yaratishning belgilangan yillik ishlab chiqarish hajmlari prognoz koʻrsatkichlarining tegishli qismini moliyalashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)
kinematografiya sohasida faoliyat koʻrsatayotgan ijodkorlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)
yosh, isteʼdodli va istiqbolli kino ijodkorlarning yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida tahsil olishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirish;
respublika, hududiy va davlatlararo ahamiyatga ega madaniy-ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish, milliy kinematografiyani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va rejalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar;
Agentlik tizimidagi kinematografiya tashkilotlarini modernizatsiya qilish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, shu jumladan, milliy kino mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zamonaviy kino texnologiyalar, asbob-uskunalar, jihozlar xarid qilish;
Agentlik huzuridagi Badiiy kengash aʼzolari mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar;
milliy filmlarni xorijda keng targʻib qilish va xalqaro kinofestivallardagi ishtirokini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib oʻtadigan kinematografiyani rivojlantirishga doir xorijiy va xalqaro tadbirlar hamda uchrashuvlarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar;
Jamgʻarma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan miqdorlarda Agentlik xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish.
Jamgʻarma mablagʻlari “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlar uchun ham ishlatiladi.
4-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish
8. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash Agentlik bosh direktori raislik qiluvchi Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Kuzatuv kengashi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Kuzatuv kengashi uning majlisida ushbu Kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
9. Kuzatuv kengashi:
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tadbirlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilishini belgilaydi;
zarur hollarda tasdiqlangan xarajatlar smetalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
10. Kuzatuv kengashi majlisi har chorakda bir marotaba, zarur boʻlganda navbatdan tashqari chaqiriladi.
11. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish, shakllantirish va ulardan foydalanish monitoringini olib borish Agentlikning Iqtisodiy tahlil, moliyalashtirish va jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni muvofiqlashtirish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Boshqarma deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
12. Boshqarma:
Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobi yuritilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarma faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlaydi;
Kuzatuv kengashiga Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini moliyalashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan hisobot, nazorat va javobgarlik
13. Jamgʻarma boʻyicha mablagʻlar tushumi va xarajatlari hisobi Agentlik tomonidan alohida yuritiladi.
14. Agentlik tomonidan har chorakda keyingi oyning 15-kunigacha Jamgʻarma mablagʻlarining jamlanishi va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
15. Hisobotlar hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunigacha Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
16. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
17. Jamgʻarma mablagʻlarining sarflanishida Agentlik:
Jamgʻarma mablagʻlari buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi.
18. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablagʻlari keyingi yilga oʻtadi va olib qoʻyilmaydi.
19. Jamgʻarma mablagʻlarining toʻgʻri shakllantirilishi va foydalanilishi yuzasidan nazorat belgilangan tartibda davlat moliyaviy nazorat organi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Jamgʻarmani tugatish yoki qayta tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
21. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishda kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 976-son qaroriga
2-ILOVA
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining
TARKIBI

F.Sh. Zakirov

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori, Kengash raisi

N.J. Mahmudov

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori oʻrinbosari, Kengash raisi oʻrinbosari

A.A. Turdiyev

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimi

A.A. Fozilov

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasining boshligʻi

O.A. Abdushukurov

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Yosh kino ijodkorlar kengashi raisi

M.M. Muxtorov

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Kino loyihalarni tematik rejalashtirish, filmlarni ekspert baholash va litsenziyalash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari

Sh.O. Keldiboyev

“Oʻzbekkino” Milliy agentligining Iqtisodiy tahlil, moliyalashtirish va jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi, Kengash kotibi

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Kengash tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2017-y., 09/17/976/0399-son; 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)