1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.02.00 Fan va fan-texnika faoliyati sohasini boshqarish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida
Zamonaviy sharoitlarda jahon fani va innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan keng foydalanish jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirishning, mamlakatning munosib kelajagini barpo etishning muhim omili bo‘lib bormoqda.
O‘tgan davrda fan va texnologiyalarni rivojlantirish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi.
Shu bilan birga, quyidagi tizimli muammolarning mavjudligi, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan yetarlicha foydalanmaslik ko‘zlangan islohotlarning samarali amalga oshirilishiga hamda mamlakatning jadal innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:
birinchidan, davlat dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalarini lozim darajada kompleks tahlil qilish va o‘rganish mavjud emas, buning oqibatida mazkur dasturlar aksariyat holatlarda muammolarning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamda uzoq muddatli rivojlanish masalalarini hal etmayapti;
ikkinchidan, fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishning hozirgi ahvoli innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va amaliy joriy etish uchun lozim darajadagi sharoitlarni ta’minlamayapti;
uchinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni ta’minlovchi yagona organning mavjud emasligi, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining tarqoq holda faoliyat ko‘rsatishi fan, ta’lim va ishlab chiqarishning to‘liq integratsiyalashishiga imkon bermayapti, bu esa o‘tkazilayotgan izlanishlarning samaradorligini pasaytirmoqda;
to‘rtinchidan, yuqori texnologiyalar, nou-xau va zamonaviy ishlanmalarni birinchi navbatda joriy etishni talab qiluvchi ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash bo‘yicha faoliyatni tashkil etishdagi kamchiliklar texnologik qoloqlikka va innovatsion tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning cheklanganligiga olib kelmoqda;
beshinchidan, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish hamda innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy etishda alohida holatlardagi tor idoraviy manfaatlarning ustunlik qilishi budjet mablag‘laridan nooqilona foydalanishning sabablaridan biridir;
oltinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikni tatbiq etishga, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti;
yettinchidan, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish va joriy etish sohasida yuqori tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan hamkorlik, shuningdek, ulardan butun mamlakat fani, sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qilishda foydalanish past darajada saqlanib qolmoqda.
Mazkur holatlar innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish sohasida davlat boshqaruvining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishni talab qiladi.
Ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar]
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi);
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etilsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.12.00 Innovatsiya. Innovatsion faoliyat. Innovatsion infratuzilma]
4. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlik:
O‘zbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
innovatsion faoliyatni uning samaradorligi indikatorlari asosida baholaydi, ilg‘or texnologiyalarni birinchi darajada joriy etish talab qilinadigan tegishli tarmoq va sohalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi;
yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ishlarning holatini o‘rganadi, innovatsiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni to‘plash va umumlashtirishni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
5. Belgilansinki, Vazirlikning faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart.
6. 2018-yil 1-yanvardan:
Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi;
Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Ijro etuvchi direksiyasi tugatilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan tugatilayotgan idora va muassasalarning bo‘shayotgan shtat birliklari Vazirlikka o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda tugatilayotgan idora va muassasalarning xodimlarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Fanlar akademiyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqidiy o‘rganishni hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati, uning natijalarini amaliyotga joriy etish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnoparklarni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritishni;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda vazirliklar va idoralar, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining vazifa va funksiyalarini ular faoliyatida bir-birini takrorlashning oldini olish maqsadida tashkiliy-shtat tuzilmalari va vakolatlarini optimallashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tanqidiy o‘rganishni va takliflar kiritishni;
mazkur Farmonning 6-bandida ko‘rsatilgan idoralar va muassasalar tugatilishi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkillashtirish, shuningdek, Vazirlikni joylashtirish, shu jumladan tugatilayotgan idoralar va muassasalarning binolari va moddiy-texnika bazasini o‘tkazish orqali uning moddiy-texnika bazasini tashkil etish, ishni samarali tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan kompyuter texnikasi, aloqa vositalari bilan jihozlashni;
tugatilayotgan Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini Jamg‘arma hisobiga o‘tkazishni;
Vazirlikni yuqori malakali kadrlar bilan, shu jumladan tugatilayotgan idoralar va muassasalarning xodimlari hisobidan to‘ldirishni;
ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllarini, shuningdek, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni ham belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonunlari loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash, olim va mutaxassislarning xorijda amaliyot o‘tashini tashkil etish uchun kredit va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan tizimli ishlarni olib borsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Vazirlik va Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari U.S. Ismailov, O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV