1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.04 (Кучини йукотган) Davlat oliy taʼlim muassasalari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.10.00 Pedagoglarning va taʼlim tashkilotlari boshqa xodimlarining huquqiy maqomi;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.32.00 (Кучини йукотган) Malaka oshirish. Qayta tayyorlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining
buyrugʻi
Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 23-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2938]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-sentabr,
13-2017-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2017-yil 5-sentabrdagi 13-2017-son buyrugʻiga ILOVA
Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslaridagi pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1. Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malaka oshirish kurslarida (bundan buyon matnda qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari deb yuritiladi) oʻqiyotgan oliy taʼlim muassasalarining rahbar kadrlari malakaviy amaliyot, pedagog kadrlari esa, pedagogik amaliyot oʻtaydi.
2. Rahbar va pedagog kadrlarning pedagogik (malakaviy) amaliyoti oliy taʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan kafedralari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha tashkilotlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazi (bundan buyon matnda Bosh ilmiy-metodik markaz deb yuritiladi) yoki Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy (tarmoq) markazlari (bundan buyon matnda mintaqaviy (tarmoq) markaz deb yuritiladi) oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
3. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilarning pedagogik (malakaviy) amaliyoti oʻquv rejasi boʻyicha oʻquv modullari yakunlanganidan keyin Bosh ilmiy-metodik markazi yoki mintaqaviy (tarmoq) markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadval asosida oliy taʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan kafedralari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha tashkilotlarida (bundan buyon matnda amaliyot obyekti deb yuritiladi) tashkil etiladi.
4. Pedagogik (malakaviy) amaliyotning davomiyligi va soatlar hajmi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv-rejasiga muvofiq belgilanadi.
2-bob. Rahbar kadrlarning malakaviy amaliyotini tashkil etish va oʻtkazish
5. Tinglovchilarga Bosh ilmiy-metodik markazi direktorining buyrugʻi asosida malakaviy amaliyot rahbari tayinlanadi hamda ular tegishli amaliyot oʻtash tashkilotlariga yuboriladi.
6. Har bir malakaviy amaliyot rahbari uchun 12 nafargacha tinglovchilar biriktiriladi.
7. Malakaviy amaliyot rahbari amaliyot oʻtaladigan tashkilotning rahbari tomonidan biriktiriladigan masʼul xodim bilan Tinglovchining amaliyotini tashkil etish va oʻtkazish dasturini (bundan buyon matnda amaliyot dasturi deb yuritiladi) tuzadi.
8. Malakaviy amaliyot rahbari:
tinglovchilarni amaliyot dasturi bilan tanishtiradi;
amaliyot oʻtaladigan tashkilotga olib boradi;
tinglovchilar tomonidan amaliyot dasturida belgilangan ishlarning bajarilishini umumiy nazorat qiladi;
zarur hollarda tinglovchilarga tegishli maslahatlar beradi;
tinglovchilarning amaliyot boʻyicha hisobotlarini baholaydi.
9. Tinglovchiga malakaviy amaliyot oʻtash davrida zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, tegishli maslahatlar berish hamda ularning amaliyot faoliyatini nazorat qilish maqsadida tegishli tashkilotning rahbari tomonidan amaliyot oʻtash joyidan masʼul xodim (bundan buyon matnda masʼul xodim deb yuritiladi) biriktiriladi.
10. Masʼul xodim:
tinglovchilarni amaliyot oʻtalayotgan tashkilot bilan tanishtiradi;
tinglovchilarning oʻrganishi va tahlil qilishlari uchun amaliyot oʻtalayotgan tashkilot faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarning nusxalarini yoki elektron shaklini tinglovchilarga taqdim etadi;
tinglovchilarga amaliyot oʻtash davrida tegishli maslahatlar beradi;
amaliyot dasturida belgilangan ishlarni amalga oshirilishini, shuningdek tinglovchining amaliyot kundaligi har kuni toʻgʻri va toʻliq yozib borilishini nazorat qiladi va imzolaydi.
11. Tinglovchi amaliyot oʻtayotgan tashkilotning ichki tartib-qoidalariga, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qatʼiy rioya qilishi shart.
12. Tinglovchi malakaviy amaliyot davrida Bosh ilmiy-metodik markaz tomonidan beriladigan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi amaliyot kundaligini yuritadi.
13. Amaliyot kundaligining titul varagʻida tinglovchining qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishi, uning familiyasi, ismi va otasining ismi, malakaviy amaliyot oʻtalayotgan tashkilot nomi hamda masʼul xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
14. Tinglovchi tomonidan amaliyot dasturi asosida bajarilgan ishlar amaliyot kundaligiga har kuni yozib boriladi.
Bunda, amaliyot oʻtalgan sana, bajarilgan ishlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot yoziladi hamda bajarilgan ishlar va maʼlumotlarning toʻgʻri va toʻliqligi masʼul xodimning imzosi bilan tasdiqlanadi.
15. Masʼul xodim amaliyot yakunida tinglovchining amaliyot kundaligi titul varagʻiga imzo qoʻyadi va tegishli muhr bilan tasdiqlaydi.
16. Amaliyot kundaligi masʼul xodim tomonidan imzolangandan keyin, tinglovchining oʻzida saqlanadi va u hisobot bilan birga amaliyot rahbariga topshiriladi.
17. Tinglovchi amaliyot davrida amaliyot oʻtayotgan tashkilot faoliyatining yoʻnalishlari, taʼlim menejmenti va boshqaruv strategiyasi sohasidagi mavjud ish tajribasini oʻrganadi va tahlil qiladi.
Oʻrganish va tahlil qilish amaliyot oʻtalayotgan tashkilot faoliyatining yutuqlari, kamchiliklari, mavjud muammolarni aniqlash va aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish asosida amalga oshiradi.
18. Tinglovchi oʻrganish va tahlil natijalari asosida amaliyot oʻtalayotgan tashkilotda boshqaruv va faoliyat samaradorligini, shuningdek taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish yuzasidan oʻzining taklif va tavsiyalarni ishlab chiqadi.
19. Tinglovchi amaliyot yakunida amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasidan hisobot tayyorlaydi. Hisobotda amaliyot jarayonida bajarilgan ishlarini umumlashgan holda koʻrsatishi lozim.
20. Hisobotda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
amaliyot tashkil etilgan tashkilotning faoliyat yoʻnalishlari haqida qisqacha maʼlumot;
tinglovchi amaliyotni oʻtash jarayonida tanishgan normativ-huquqiy, oʻquv-metodik va boshqa hujjatlar;
amaliyot oʻtalayotgan tashkilot faoliyatining yoʻnalishlari, taʼlim menejmenti va boshqaruv strategiyasi boʻyicha tahliliy maʼlumotlar;
amaliyot oʻtalayotgan tashkilot faoliyatining yoʻnalishlari, taʼlim menejmenti va boshqaruv strategiyasi va faoliyat samaradorligini, shuningdek taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar.
21. Hisobotning titul varagʻida tinglovchining qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish joyi va yoʻnalishi, uning familiyasi, ismi va otasining ismi, malakaviy amaliyot oʻtilayotgan tashkilot nomi hamda amaliyot rahbarining familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
22. Malakaviy amaliyot yakunlangandan keyin tinglovchilar tayyorlangan hisobotni va amaliyot kundaligini amaliyot rahbariga topshiradi.
Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilar malakaviy amaliyot boʻyicha tayyorlangan hisobotni va amaliyot kundaligini elektron shaklda (PDF formatda) amaliyot rahbarining elektron pochtasiga yuboradi.
23. Amaliyot rahbari tinglovchidan hisobot va amaliyot kundaligini qabul qilib oladi.
Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilarning hisobotlari va amaliyot kundaligini elektron shaklda qabul qiladi va chop etadi.
Hisobotning titul varagʻi amaliyot rahbari tomonidan imzolanadi va tegishli muhr bilan tasdiqlanadi.
24. Amaliyot rahbari tinglovchilarning malakaviy amaliyot natijalarini oʻrganib chiqadi va baholaydi.
25. Tinglovchilarning malakaviy amaliyoti natijalari quyidagicha baholanadi:
tinglovchining amaliyot kundaligini toʻgʻri va toʻliq yuritganligi — 0,5 ballik tizimda;
tinglovchining oʻrganish va tahlil natijalari asosida ishlab chiqqan taklif va tavsiyalari — 3,5 ballik tizimda;
tinglovchining amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasidan tayyorlangan hisobot — 1 ballik tizimda.
26. Tinglovchiga amaliyot rahbari tomonidan qoʻyilgan ballarning oʻrtacha arifmetik bahosi qoʻyiladi.
3-bob. Pedagog kadrlarning pedagogik amaliyotini tashkil etish va oʻtkazish
27. Tinglovchilarga mintaqaviy (tarmoq) markaz direktorining buyrugʻi asosida mintaqaviy (tarmoq) markazning pedagog kadrlari orasidan amaliyot rahbari tayinlanadi hamda ular amaliyot oʻtash uchun tayanch oliy taʼlim muassasasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan kafedralarga yuboriladi.
Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilarga amaliyot rahbari tayinlash talab etilmaydi va ularning amaliyoti oʻzlari faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasasi kafedrasida tashkil etiladi.
28. Har bir malakaviy amaliyot rahbari uchun 12 nafargacha tinglovchilar biriktiriladi.
29. Pedagogik amaliyot rahbari ixtisoslashtirilgan kafedraning mudiri bilan birgalikda Tinglovchining amaliyotini tashkil etish va oʻtkazish dasturini (bundan buyon matnda amaliyot dasturi deb yuritiladi) tuzadi.
30. Pedagogik amaliyot rahbari:
tinglovchilarni amaliyot dasturi bilan tanishtiradi;
ixtisoslashtirilgan kafedraga olib boradi;
tinglovchilar tomonidan amaliyot dasturida belgilangan ishlarning bajarilishini umumiy nazorat qiladi;
zarur hollarda tinglovchilarga tegishli maslahatlar beradi;
tinglovchilarning amaliyot boʻyicha hisobotlarini baholaydi.
31. Tinglovchiga amaliyot davrida zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, tegishli maslahatlar berish hamda ularning amaliyot faoliyatini nazorat qilish maqsadida tayanch oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan ixtisoslashtirilgan kafedra mudiri masʼul sifatida biriktiriladi.
Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilarga amaliyot davrida zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, tegishli maslahatlar berish hamda ularning amaliyot faoliyatini nazorat qilish tinglovchi faoliyat koʻrsatayotgan kafedra mudiri tomonidan amalga oshiriladi.
32. Kafedra mudiri:
tinglovchilarni ixtisoslashtirilgan kafedra faoliyati bilan tanishtiradi;
tinglovchilarning oʻrganishi va tahlil qilishlari uchun kafedraning faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarning nusxalarini yoki elektron shaklini tinglovchilarga taqdim etadi;
amaliyot oʻtash davrida tinglovchilarga tegishli maslahatlar beradi;
amaliyot dasturida belgilangan ishlarni amalga oshirilishini, shuningdek tinglovchining amaliyot kundaligi har kuni toʻgʻri va toʻliq yozib borilishini nazorat qiladi va imzolaydi;
masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining ochiq darslarini kuzatish, shuningdek amaliyot yakunlari boʻyicha kafedra yigʻilishida muhokama qilish uchun tashqi ekspertlarni jalb qiladi.
33. Tinglovchi kafedraning ichki tartib-qoidalariga, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qatʼiy rioya qilishi shart.
34. Tinglovchi pedagogik amaliyot davrida mintaqaviy (tarmoq) markazi tomonidan beriladigan mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi amaliyot kundaligini yuritadi.
Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilar mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi amaliyot kundaligini Bosh ilmiy-metodik markazning rasmiy veb-sayti orqali Masofaviy kurslar boʻlimidan yuklab oladi.
35. Amaliyot kundaligining titul varagʻida tinglovchining qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishi, uning familiyasi, ismi va otasining ismi, masʼul xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
36. Tinglovchi tomonidan amaliyot dasturi asosida bajarilgan ishlar amaliyot kundaligiga har kuni yozib boriladi.
Bunda, amaliyot oʻtalgan sana, bajarilgan ishlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot yoziladi hamda bajarilgan ishlar va maʼlumotlarning toʻgʻri va toʻliqligi kafedra mudirining imzosi bilan tasdiqlanadi.
37. Kafedra mudiri amaliyot yakunida tinglovchining amaliyot kundaligi titul varagʻiga imzo qoʻyadi va tegishli muhr bilan tasdiqlaydi.
38. Amaliyot kundaligi tinglovchining oʻzida saqlanadi va u amaliyot yakunida hisobot bilan birga kafedra mudiriga topshiriladi.
39. Tinglovchi amaliyot davrida kafedra faoliyati va ish tajribasini oʻrganadi hamda tahlil qiladi.
40. Tinglovchi pedagogik amaliyot davrida kafedraning professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻtkaziladigan 2 ta dars jarayonlarini kuzatadi va tahlil qiladi.
41. Tinglovchi amaliyot oʻtash davrida kafedraning yoʻnalishiga mos fanlar boʻyicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻzlashtirgan bilim, koʻnikma va malakalari, shuningdek ilgʻor pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda talabalarga 1 ta ochiq dars oʻtkazadi.
42. Tinglovchi tomonidan oʻtkaziladigan ochiq darsda kafedraning tajribali professor-oʻqituvchilari ishtirok etadi va dars jarayonini kuzatib boradi.
Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchi tomonidan oʻtkaziladigan ochiq darsda kafedraning tajribali professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda turdosh oliy taʼlim muassasalaridan soha mutaxassisi boʻlgan tashqi ekspertlar ishtirok etadi. Tashqi ekspertlar oʻtkazilgan ochiq dars tugagandan keyin shu kunning oʻzida ochiq dars boʻyicha oʻz xulosalarini kafedra mudiriga yozma shaklda taqdim etadi.
43. Tinglovchi amaliyot yakunida amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasidan hisobot tayyorlaydi. Hisobotda amaliyot jarayonida bajarilgan ishlar umumlashgan holda koʻrsatiladi.
44. Hisobotda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
amaliyot tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kafedraning faoliyat yoʻnalishlari haqida qisqacha maʼlumot;
amaliyotni oʻtash jarayonida tanishgan normativ-huquqiy, oʻquv-uslubiy va boshqa hujjatlar;
kafedra professor-oʻqituvchilari oʻtkazgan dars jarayonlarini kuzatish va tahlil qilishning natijalar boʻyicha tinglovchining fikrlari;
tinglovchi oʻtkazgan ochiq darsda foydalanilgan oʻquv materiallari va ishlanmalari;
kafedrada pedagogik faoliyat samaradorligini va oʻqitish sifatini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar.
45. Hisobotning titul varagʻida tinglovchining qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishi, uning familiyasi, ismi va otasining ismi, kafedraning nomi hamda amaliyot rahbarining familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
46. Malakaviy amaliyot yakunlangandan keyin tinglovchilar tayyorlangan hisobotni va amaliyot kundaligini kafedra mudiriga topshiradi.
Amaliyot yakunlari boʻyicha kafedra yigʻilishi hisobotlar qabul qilib olingan kundan boshlab 1 kun ichida oʻtkaziladi.
47. Kafedra mudiri tinglovchilardan hisobot va amaliyot kundaliklarini qabul qilib oladi hamda ularni amaliyot yakunlari boʻyicha kafedra yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt haqida xabardor qiladi. Amaliyot yakunlari boʻyicha kafedra yigʻilishida amaliyot rahbari, kafedraning professor-oʻqituvchilari hamda tinglovchilar ishtirok etadilar.
48. Kafedra yigʻilishida tinglovchilarning pedagogik amaliyot yakunlari boʻyicha natijalari quyidagicha baholanadi:
tinglovchining amaliyot kundaligini toʻgʻri va toʻliq yuritganligi — 0,5 ballik tizimda;
tinglovchining ochiq darslarni oʻtkazish jarayoni — 3,5 ballik tizimda;
tinglovchining amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasidan tayyorlangan hisobot — 1 ballik tizimda.
49. Kafedra yigʻilishida har bir qatnashchi tinglovchining amaliyot yakunlari boʻyicha natijalariga oʻzining bahosini qoʻyadi. Kafedra yigʻilishi qatnashchilari tomonidan qoʻyilgan baholar muhokama qilinib, tinglovchiga oʻrtacha arifmetik ball qoʻyiladi.
4-bob. Yakuniy qoida
50. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA