1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.04 (Кучини йукотган) Davlat oliy taʼlim muassasalari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.10.00 Pedagoglarning va taʼlim tashkilotlari boshqa xodimlarining huquqiy maqomi;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.32.00 (Кучини йукотган) Malaka oshirish. Qayta tayyorlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining
buyrugʻi
Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 23-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2936]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-sentabr,
11-2017-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2017-yil 5-sentabrdagi 11-2017-son buyrugʻiga ILOVA
Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini (bundan buyon matnda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari deb yuritiladi) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1. Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan hollarda oʻtkaziladi.
2. Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish onlayn (videomaʼruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida oʻtkazish) va offlayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) shaklda amalga oshiriladi.
2-bob. Masofadan oʻqitish taʼlim usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish
3. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayonlari boshlanishidan 3 kun oldin tinglovchiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazi (bundan buyon matnda Bosh ilmiy-metodik markaz deb yuritiladi) tomonidan elektron portfolio logini va paroli beriladi.
Tinglovchi oʻziga berilgan login va parol yordamida Bosh ilmiy-metodik markazning rasmiy veb-sayti orqali Masofaviy kurslar boʻlimiga kiradi va tizimda oʻzining shaxsiy kabinetiga ega boʻladi hamda tinglovchiga tizimdagi elektron shakldagi resurslardan foydalanishga ruxsat beriladi.
4. Tinglovchi elektron portfolioda soʻnggi 3 yil davomidagi oʻquv va oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot hamda tashkiliy-metodik yoʻnalishlardagi kasbiy faoliyat natijalarini elektron shaklda joylashtiradi.
5. Tinglovchiga berilgan login va parolni hamda shaxsiy kabinetidan boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish taqiqlanadi. Tinglovchining shaxsiy kabinetidan boshqa shaxslar foydalanishini oldini olish maqsadida himoya usullaridan foydalaniladi.
6. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqitishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish jadvalida tinglovchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishining nomi hamda tinglovchi yakuniy attestatsiyadan oʻtadigan tegishli tayanch oliy taʼlim muassasasi huzuridagi attestatsiya komissiyasi va tinglovchining attestatsiyadan oʻtish muddati koʻrsatiladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish jadvali Bosh ilmiy-metodik markazning rasmiy veb-saytidagi Masofaviy kurslar boʻlimida eʼlon qilinadi.
7. Tinglovchi Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarni tashkil etish va oʻtkazish jadvaliga qatʼiy amal qilishi hamda oʻquv jarayonida shaxsan oʻzi ishtirok etishi shart.
8. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish davomiyligi 3 oydan oshmasligi lozim.
9. Tinglovchining tegishli qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishi boʻyicha dastlabki bilim, koʻnikma va malakasining shakllanganlik darajasini aniqlash uchun onlayn shaklda kirish test sinovi oʻtkaziladi.
Mazkur test sinovining natijalari tinglovchining oʻqish davomidagi oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga taʼsir qilmaydi va ularning reyting ballini jamlashda hisobga olinmaydi.
10. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv reja va dasturlar asosida amalga oshiriladi.
11. Tegishli qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishining oʻquv rejasidagi oʻquv modullar boʻyicha onlayn maʼruzalar, shuningdek tinglovchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, qoʻshimcha maslahatlar tashkil etiladi.
12. Onlayn maʼruzalar oʻtkazilishidan 5 kun oldin tizimda Bosh ilmiy-metodik markaz tomonidan onlayn maʼruza oʻtkaziladigan sana, vaqt, maʼruza mavzusi hamda maʼruzachining familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan eʼlon beriladi.
13. Tinglovchining oʻquv dasturini oʻzlashtirish darajasini aniqlash uchun har haftalik assismentlar (joriy nazorat), pedagogik (malakaviy) amaliyot, kursni tamomlagandan keyingi test sinovlari hamda bitiruv (loyiha) ishi himoyasi oʻtkaziladi.
14. Tinglovchi oʻquv rejadagi har bir modulni toʻliq oʻzlashtirganidan keyin har haftalik assisment (joriy nazorat) topshiriqlarini bajaradi. Assisment topshiriqlarini bajarish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bunda tinglovchiga har bir modul boʻyicha umumlashgan test savollari, keyslar va ijodiy topshiriqlar beriladi.
16. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomlagan tinglovchi kursni tamomlagandan keyingi test sinovlarini topshiradi. Kursni tamomlagandan keyingi test sinovlari onlayn test shaklida oʻtkaziladi.
Test savollari tegishli qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishining oʻquv dasturi doirasida tuziladi.
Tinglovchiga test topshiriqlarini bajarish uchun 100 ta test savoli beriladi. Test sinovlarining natijalari shu vaqtning oʻzida eʼlon qilinadi.
17. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining oʻzlashtirishi reyting baholash tizimi asosida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq nazorat qilinadi.
18. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari kirish va yakuniy onlayn-test sinovlari, assismentlar (joriy nazorat), pedagogik (malakaviy) amaliyot hamda kasbiy faoliyat, shu jumladan elektron tizim boʻyicha natijalariga koʻra attestatsiyaga qoʻyish asosida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq attestatsiya komissiyalari tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi.
19. Tinglovchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Kursni tamomlagandan keyingi yakuniy onlayn-test sinovlariga oʻz vaqtida kelmaganlikning hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sabablari boʻlganda tinglovchiga navbatdagi yakuniy onlayn-test sinovlariga kiritilishiga bir marta imkoniyat beriladi.