toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PF-5146-son Farmoniga muvofiq, sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining salomatligini mustahkamlash va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish hamda kurort-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari masalalari, Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari hamda Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot tahlil departamentlariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-oktabr,
846-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-oktabrdagi 846-son qaroriga
1-ILOVA
Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish hamda kurort-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PF-5146-son Farmoniga muvofiq sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari (keyingi oʻrinlarda Akademiya aʼzolari deb ataladi) va ularning kuzatuvchilari salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish va kurort-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibini, shu jumladan ularni sogʻlomlashtirish shart-sharoitlari va muddatlarini, yoʻllanmalarni ajratish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PF-5146-son Farmoniga muvofiq, Akademiya aʼzolari bir nafar kuzatuvchi bilan birga yiliga bir marta oʻzlari uchun maqbul boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida hamda Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “Oʻzbekiston” kurort-sogʻlomlashtirish aksiyadorlik jamiyatining sanatoriylarida (keyingi oʻrinlarda sanatoriylar deb ataladi) sogʻlomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Kuzatuvchi sifatida birinchi navbatda Akademiya aʼzolarining yaqin qarindoshlari boʻlishi mumkin. Agar yaqin qarindoshlari boʻlmasa, sogʻlomlashtirish kursidan oʻtuvchi Akademiya aʼzosi tomonidan Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) bilan kelishilgan holda taklif etilgan shaxs kuzatuvchi boʻlishi mumkin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 274-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son)
3. Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchilarini sanatoriylarga yuborish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchi shaxslari sanatoriylarda sogʻlomlashtirish kursini Akademiya aʼzolari tomonidan oʻzlariga maqbul boʻlgan muddatlarni koʻrsatgan holda berilgan arizalarga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan yoʻllanmalarni taqsimlash rejasiga muvofiq oʻtaydilar.
2-bob. Yoʻllanmalar olish uchun murojaat qilish
5. Akademiya aʼzolari keyingi yilga sanatoriyga yoʻllanma olish uchun har yili 1-sentabrgacha Markazga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
ushbu Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha ariza;
pasport nusxasi;
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzoligini yoki muxbir aʼzoligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi;
kuzatuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
Markazga taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq “Yoʻllanmalar soʻrab yozilgan arizalarni roʻyxatga olish daftari”da roʻyxatdan oʻtkaziladi.
6. Yoʻllanma unda koʻrsatilgan muddatda haqiqiy hisoblanadi.
Akademiya aʼzolari salomatligining holatiga yoki boshqa asosli sabablarga koʻra yoʻllanmadan belgilangan muddatda foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan taqdirda, yoʻllanmaning amal qilish muddati tugashidan kamida ikki hafta oldin Markazga murojaat qilib, yoʻllanma muddatini yil yakuniga qadar oʻzgartirishlari mumkin. Yoʻllanmada koʻrsatilgan muddatlarni kalendar yil mobaynida ikki martadan ortiq koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Markaz salomatlikni tiklash muddati koʻrsatilgan holda ariza bergan shaxslar roʻyxatini shakllantiradi va har yili 10-sentabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.
3-bob. Sogʻlomlashtirish yoʻnalishlarini aniqlash
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Markaz tomonidan taqdim etilgan roʻyxatni olgandan keyin uni besh ish kuni mobaynida Akademiya aʼzolarining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi tibbiyot muassasalariga yetkazadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
9. Tibbiyot muassasalari taqdim etilgan roʻyxatlar boʻyicha bir oy muddatda Akademiya aʼzolarini bepul dispanserizatsiyadan oʻtkazadilar va uning natijalariga koʻra sanatoriyda sogʻlomlashtirishning zarur yoʻnalishini aniqlaydilar.
10. Akademiya aʼzolarini dispanserizatsiyadan oʻtkazish natijalari asosida uning tibbiy kartasida sanatoriyda sogʻlomlashtirishning zarur yoʻnalishi va zid koʻrsatmalar (ular mavjud boʻlganda) koʻrsatilgan holda tegishli yozuv qayd etiladi.
11. Tibbiy kartadagi yozuv asosida tibbiyot muassasasi Akademiya aʼzolariga belgilangan shakldagi sanatoriy-kurort kartasini rasmiylashtiradi va ushbu karta yoʻllanma olish uchun asos hisoblanadi.
Zarurat boʻlganda, Akademiya aʼzolarining salomatligida oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda sanatoriy-kurort kartasiga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
tibbiyot muassasalaridan har yili 25-oktabrgacha dispanserizatsiyadan oʻtgan Akademiya aʼzolarining sogʻlomlashtirish yoʻnalishlarini va sanatoriylar nomlarini koʻrsatgan holda tuzilgan roʻyxatini oladi;
besh ish kuni mobaynida roʻyxatni Markazga taqdim etadi.
4-bob. Yoʻllanmalarni taqsimlash va ajratish
13. Tibbiyot muassasasi rahbari Akademiya aʼzolarini dispanserizatsiyadan oʻtkazishning belgilangan muddatlarida taʼminlanishi, shuningdek, tibbiy va sanatoriy-kurort kartasida sogʻlomlashtirishning zarur yoʻnalishi toʻgʻrisidagi yozuvlarning haqqoniyligi uchun shaxsan javob beradi.
14. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan roʻyxat asosida har bir sanatoriy boʻyicha kelgusi yil uchun yoʻllanmalarni taqsimlash rejasini ishlab chiqadi va sanatoriylarning yuqori turuvchi vazirliklari, idoralari va tashkilotlari bilan kelishilgan holda 15-noyabrgacha Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
15. Markaz yoʻllanmalarni taqsimlash rejasi tasdiqlangandan soʻng uni oʻn ish kuni mobaynida sanatoriylarga yetkazadi, yoʻllanmalarni rasmiylashtiradi va ularni Akademiya aʼzolariga yetkazilishini taʼminlaydi.
Zarurat boʻlganda, yil mobaynida yoʻllanmalarni taqsimlash rejasiga asosli sabablardan (tibbiy koʻrsatma, rad etilishi va boshqa asosli sabablar) kelib chiqqan holda, oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Oʻzgartirishlar Markaz tomonidan tegishli sanatoriylarning yuqori turuvchi vazirliklari, idoralari va tashkilotlari bilan kelishilgan holda kiritiladi.
Bunda Markaz har oyning 30-sanasiga qadar sanatoriylar tomonidan oʻrinlar ajratishi uchun tuzatishlar kiritilgan parametrlarni sanatoriylarga yetkazadi.
16. Yoʻllanmalar bosmaxona usulida bosilgan, tartib raqamiga ega boʻlgan maxsus blankalarda va Akademiya aʼzosi uchun yoʻllanma” soʻzlari yozilgan tegishli shtamp bilan tasdiqlanadi hamda ularda qaytarma talon boʻlishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Markaz qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻllanmalar reyestrini yuritadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Markaz yoʻllanmalarni taqsimlash rejasiga muvofiq har yili 15-yanvargacha sanatoriylar bilan Akademiya aʼzolarini sogʻlomlashtirish yuzasidan shartnomalar tuzadi.
19. Sanatoriylar tuzilgan shartnomalarga muvofiq Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchi shaxslarini qabul qilinishini taʼminlaydilar.
20. Sanatoriylar rahbarlari tuzilgan shartnomalar shartlari toʻliq bajarilishiga, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlar sifati uchun shaxsan masʼuldirlar.
5-bob. Sanatoriylarga yoʻllanmalarni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
21. Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchilari salomatligini mustahkamlash uchun xarajatlarni moliyalashtirish Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi xarajatlarining belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan smetasida yoʻllanmalar uchun toʻlovga har yili maqsadli tartibda nazarda tutiladigan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 274-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son)
22. Sanatoriylar har oyning 5-kunigacha oʻtgan oyda Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchi shaxslari amalda foydalangan yoʻllanmalardan kelib chiqib, bajarilgan ishlar dalolatnomalari va oʻzaro hisob-kitoblarning taqqoslash dalolatnomalarini Markazga taqdim etib, hisob-kitoblarni amalga oshiradilar.
Markazga taqdim etiladigan maʼlumotlarning ishonchliligi va asoslanganligi uchun sanatoriylar rahbarlari shaxsan masʼuldirlar.
6-bob. Sanatoriylarda yashash va sogʻlomlashtirish shartlari
23. Yoʻllanmadan faqat unda koʻrsatilgan Akademiya aʼzosi foydalanishi mumkin. Yoʻllanmaning boshqa shaxsga berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu talab kuzatuvchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
24. Sanatoriyga kelgan Akademiya aʼzolarida pasport, sogʻliqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan sanatoriy-kurort kartasi (tibbiy xulosa) va yoʻllanma boʻlishi kerak.
25. Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchilariga “standart” yotoqxonalardan joy beriladi.
Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchilari sanatoriylardagi mavjud qoʻshimcha xizmatlar uchun belgilangan toʻlovlarni oʻz hisobidan amalga oshirgan holda foydalanishlari mumkin.
26. Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchilari sanatoriyning davolovchi shifokori tomonidan tayinlagan barcha zarur tibbiy muolajalar bilan birinchi navbatda taʼminlanadilar.
27. Davolanishga kelgan Akademiya aʼzosi hamda uning kuzatuvchisiga sanatoriy tomonidan yoʻllanmaning qaytish taloni Markazga topshirish uchun beriladi.
Yoʻllanmaning qaytish talonida tegishli shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, sanatoriyda amalda boʻlgan vaqti koʻrsatiladi.
28. Akademiya aʼzolariga sogʻlomlashtirish uchun berilgan yoʻllanmalarga muvofiq sanatoriylarda joy ajratilishi yuzasidan sanatoriylar rahbarlari shaxsan javob beradilar.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Akademiya aʼzolari hamda ularning kuzatuvchilariga berilgan va ular tomonidan foydalanilgan yoʻllanmalar boʻyicha hisob-kitoblar va ularning nazorati Markaz tomonidan olib boriladi.
30. Markaz sanatoriy yoʻllanmalarining oʻz vaqtida va maqsadli berilishini taʼminlaydi.
Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish hamda kurort-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini hamda ularning kuzatuvchilarini sanatoriylarga yuborish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 274-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son)
Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish hamda kurort-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi Bosh direktoriga

‎‎‎‎______________________________________ _____________________________ da yashovchi

‎‎_________‎‎_________________________dan (ariza beruvchining F.I.Sh.)

‎‎ARIZA

‎‎‎‎‎‎Menga ______ yil ___________________oyiga ______________________________________________ sanatoriysiga

‎‎‎‎‎(sanatoriyning nomi)‎‎

‎‎yoʻllanma ajratishingizni soʻrayman.
‎‎‎‎Arizaga quyidagilarni ilova qilaman:
‎‎‎‎pasport nusxasi;
‎‎‎‎sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzoligini (muxbir aʼzoligini)
‎‎tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi;
‎‎‎‎kuzatib borayotgan shaxs pasportining nusxasi.
‎‎‎‎Boshqa hujjatlar:
‎‎_________‎‎_______________________________________________________________________________________
‎‎‎‎Murojaat qiluvchining imzosi:______________________
‎‎‎‎Sana: 20___ yil “___” ____________________

‎‎Arizani roʻyxatdan oʻtkazuvchi

________________________________________________‎‎(arizani qabul qilgan shaxsning F.I.Sh., lavozimi)

‎‎Sana: 20__ yil “___” ____________________‎___
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari Akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish hamda kurort-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Yoʻllanma soʻrab yozilgan arizalarni roʻyxatga olish
DAFTARI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzosi, muxbir aʼzosi

va ularni kuzatuvchi

shaxsning F.I.Sh.

Doimiy

yashash yoki vaqtincha turgan

joyi

Tibbiy

maʼlumotnomaning tartib

raqami va

sanasi,

shuningdek

tibbiy maʼlumotnomani

bergan

muassasaning

nomi

Tibbiy

maʼlumotnomada

koʻrsatilgan

sanatoriyning nomi

Sanatoriyning nomi,

yoʻllanmaning tartib

raqami,

muddati

Yoʻllanmani

bergan

masʼul

xodimning

F.I.Sh. va

imzosi

Yoʻllan-

mani olgan

sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzosi yoki muxbir aʼzosining

imzosi

Sanatoriyga

kelish

kuni

Sanatoriydan

ketish

kuni








(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2017-y., 09/17/846/0141-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 05.05.2021-y., 09/21/274/0414-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)