1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek biznesni tashkil etish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining respublika tuman markazlari va shaharlarida yuridik shaxs tashkil etmasdan yoshlar tadbirkorlik klasterlarini (keyingi oʻrinlarda klaster deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin hamda ularning faoliyatini boshqarish funksiyalari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shaharlar kengashlariga yuklansin.
2. Yoshlar tadbirkorlik klasterlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar klasterlar faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritish uchun klaster hududida ishlab chiqarish maydonlari taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish;
yosh tadbirkorlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni, kreditlar olish, biznes-rejalar tayyorlash, marketing tadqiqotlari oʻtkazish, savdo bozorlarini topish va boshqalar uchun zarur hujjatlarni tayyorlashda amaliy koʻmaklashish;
yoshlarga biznesni yuritish asoslarini oʻrgatish, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish, shuningdek yosh tadbirkorlarga malakali xodimlarni tanlashda yordam berish;
startaplar tashkil etish uchun biznes-inkubatorlar vazifalarini amalga oshirish, yosh tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshirish, ular faoliyatini barqaror rivojlantirish.
3. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda klasterlarni oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boʻsh turgan va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga bepul beriladigan binolariga joylashtirsin;
klasterlarni tashkil etish va boshqarish, klaster ishlab chiqarish maydonlarini taqdim etish uchun yoshlar tadbirkorlik subyektlarini tanlash va ular bilan loyihalarni amalga oshirishga doir shartnomalar tuzish, klaster ishtirokchilarining oʻz zimmasiga olgan vazifalarini bajarishi monitoringini olib borish boʻyicha mutaxassislarni bir hafta muddatda tayinlasin.
“Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbektelekom” AK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari zimmasiga klasterlarda joylashtirilgan yosh tadbirkorlarni ularning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq elektr energiyasi, tabiiy gaz, telekommunikatsiya tarmoqlari bilan uzluksiz taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining tegishli mahalliy budjetlari loyihalarini shakllantirishda klasterlarni modernizatsiya qilish hamda zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
klasterlar hududida joylashgan ishlab chiqarish maydonlari faqat Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga aʼzo boʻlgan yosh tadbirkorlarga korxona tashkil topguniga qadar, ammo 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ijara haqining “nol” stavkasi boʻyicha ijaraga beriladi;
klasterlarda yoshlarga maslahat berish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq zarur hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatish xizmatlari bepul amalga oshiriladi;
klaster hududida joylashtiriladigan tadbirkorlik subyekti xodimlarining shtati 35 yoshgacha boʻlgan shaxslar bilan toʻldirilishi va ular xodimlar umumiy sonining kamida 70 foizini tashkil etishi kerak;
foydalanilmayotgan, shu jumladan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat mulki Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi aʼzosi boʻlgan yosh tadbirkorlarga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining shahar hamda tuman kengashlarining iltimosiga koʻra 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ijara haqining “nol” stavkasi boʻyicha ijaraga beriladi.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi klasterlar faoliyatini tashkil etish uchun quyidagilar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi bilan — kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha doimiy kurslarni tashkil qilish masalasida;
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari bilan — davlat organlari va bozor infratuzilmasi subyektlarining barcha turdagi xizmatlarini hamda biznes xizmatlarini bir joyning oʻzida olish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va imkoniyatlar taqdim etish masalasida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan — klasterlardan tashqarida tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish uchun yer uchastkalari roʻyxatini shakllantirish boʻyicha buyurtmanomalarni taqdim etish hamda koʻrib chiqish masalasida;
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan — tadbirkorlik subyektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va yanada rivojlantirish, davlat organlari va bozor infratuzilmasi subyektlarining barcha turdagi xizmatlarini olish uchun sharoitlar yaratish hamda imkoniyatlar taqdim etishda amaliy koʻmaklashish, shuningdek maslahat yordami koʻrsatish va axborot taʼminoti masalasida;
kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari bilan — yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish binolari va maydonlarini ijaraga berish masalasida;
tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha yagona markazlar orqali “yagona darcha” tamoyili asosida — ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar olish masalasida.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi klaster hududida joylashtirilgan yosh tadbirkorlarga tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ruxsat beruvchi hujjatlarni tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha yagona markazlar orqali “yagona darcha” tamoyili asosida rasmiylashtirishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amaliy yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida yoshlar tadbirkorlik subyektlariga biznes yuritish uchun taqdim etiladigan klasterning ishlab chiqarish maydonlari roʻyxatini joylashtirsin va muntazam ravishda yangilab borsin;
klasterlar faoliyatini tashkil etish, shuningdek klasterlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida bajarilayotgan ishlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot taqdim etsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-oktabr,
834-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-oktabrdagi 834-son qaroriga ILOVA
Yoshlar tadbirkorlik klasterlari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yoshlar tadbirkorlik klasterlari faoliyatini tashkil etish, shuningdek yoshlar tadbirkorlik subyektlarini tanlash va klasterlar hududida joylashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yoshlar tadbirkorlik klasteri (keyingi oʻrinlarda klaster deb ataladi) — muhandislik-texnik kommunikatsiyalar bilan taʼminlangan va yoshlar tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijara huquqida foydalanish uchun beriladigan ishlab chiqarish maydonlarini oʻz ichiga olgan hudud;
yoshlar tadbirkorligi — yosh fuqarolar yuridik shaxs tashkil etmasdan, shuningdek taʼsischilari yoshlar hisoblangan yuridik shaxslar amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati;
klaster ishtirokchisi — klaster ishlab chiqarish maydonlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan yoshlar tadbirkorlik subyekti;
ishlab chiqarish maydoni — klaster ishtirokchilariga 5 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ijara toʻlovining “nol” stavkasi boʻyicha ijaraga beriladigan ishlab chiqarish va qoʻshimcha binolar, inshootlar.
2-bob. Klasterlar faoliyatini tashkil etish va boshqarish
3. Klasterlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritish uchun yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish maydonlarini taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida tashkil etiladi.
Klasterni tashkil etish haqidagi qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi hamda unda klasterni tashkil etish uchun beriladigan binolar va inshootlar belgilanadi, ularning umumiy ishlab chiqarish maydoni koʻrsatiladi.
Ishlab chiqarish maydonlari klaster ishtirokchilariga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari tomonidan taqdim etiladigan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq, klasterning kommunal va boshqa foydalanish xarajatlarini qoplash sharti bilan ijara haqining “nol” stavkasi boʻyicha beriladi.
4. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tegishli tuman va shahar kengashlari klasterlar faoliyatini boshqarish vazifalarini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari klaster faoliyat koʻrsatadigan davrda klasterlarni tezkor boshqarish huquqi asosida joylashtirish uchun belgilangan tartibda taqdim etilgan mulkka egalik qilish, undan foydalanish va ijaraga berish huquqiga ega.
5. Quyidagilar klasterlar faoliyatini tashkil etishni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining tegishli mahalliy budjetlari mablagʻlari;
klaster ishtirokchilariga pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan daromadlar;
klaster ishtirokchilarining foydalanish toʻlovlaridan tushadigan daromadlar.
Klasterlar faoliyati qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan ham moliyalashtirilishi mumkin.
6. Klasterlar faoliyatini boshqarishda quyidagilar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar boʻlimlarining asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
klaster ishtirokchilari bilan loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida bitimlar (keyingi oʻrinlarda bitim deb ataladi) va ishlab chiqarish maydonlarining ijara shartnomalari, shuningdek klaster hududida xizmatlar koʻrsatish haqida shartnomalar tuzish;
klaster ishtirokchilarining bitimlar va ijara shartnomalariga muvofiq oʻz zimmasiga olgan vazifalarni bajarishining monitoringini olib borish;
klasterning tashkiliy-boshqaruv faoliyatini amalga oshirish;
klaster ishtirokchilarini ularning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanishi monitoringini olib borish;
klaster ishtirokchilariga ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal etishda koʻmaklashish;
klaster ishtirokchilari oʻrtasida, shuningdek boshqa ishlab chiqarish korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga yordam berish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga klasterlardan tashqarida tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish hamda yanada rivojlantirish uchun yer uchastkalari roʻyxatini shakllantirish boʻyicha buyurtmanomalar taqdim etish.
7. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari klaster ishtirokchilarining faoliyatini tashkil etish va yoshlar tadbirkorlik subyektining faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq pulli xizmatlar (uskunalar, mebel, texnika va boshqa jihozlarni ijaraga berish, marketing va boshqa tadqiqotlar oʻtkazish, hujjatlar tayyorlash, texnik xizmatlar koʻrsatish va boshqalar) koʻrsatish huquqiga ega.
3-bob. Klaster ishtirokchilarini tanlash va joylashtirish tartibi
8. Yoshlar tadbirkorlik subyektlariga klasterning ishlab chiqarish maydonlarini berish uchun ular birinchi navbatda, tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradigan sanoatning turdosh tarmoqlari va xizmatlar koʻrsatish korxonalarini tashkil etish hisobga olingan holda, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tegishli tuman va shahar kengashlari tomonidan tanlab olinadi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari, zarurat boʻlganda, yoshlar tadbirkorlik subyektlariga klaster ishlab chiqarish maydonlari berish uchun ularni tanlab olishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek boshqa davlat organlarining tegishli mutaxassislarini jalb etishi mumkin.
9. Yoshlar tadbirkorlik subyekti klaster ishlab chiqarish maydonlarida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman yoki shahar kengashiga tadbirkorni joylashtirish uchun ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda loyiha pasporti ilova qilingan arizani taqdim etadi.
10. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman yoki shahar kengashi yoshlar tadbirkorlik subyekti taqdim etgan loyiha pasportini uning quyidagi mezonlarga mos kelishi boʻyicha koʻrib chiqadi:
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga aʼzolik;
50 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan ishlab chiqarish maydoniga ehtiyoj mavjudligi;
texnik va texnologik uskunalarni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun montaj va demontaj qilish yengil hisoblanadi va 2 kundan koʻp vaqtni olmaydi;
klasterlar ishlab chiqarish maydonlarida joylashtiriladigan loyihalarda savdo faoliyatini amalga oshirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlashning yuqori normalarini talab etadigan kimyoviy, ekologik xavfli mahsulotlar ishlab chiqarish nazarda tutilmagan;
taxmin qilinayotgan tadbirkorlik faoliyati koʻp energiya talab qiladigan ishlab chiqarish hisoblanmaydi;
klaster hududida joylashtiriladigan tadbirkorlik subyekti xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizi 35 yoshgacha boʻlgan xodimlardan iborat.
11. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman yoki shahar kengashi arizani olgan sanadan boshlab, 5 ish kuni mobaynida yoshlar tadbirkorlik subyektining taklifi va loyiha pasportini koʻrib chiqadi hamda loyiha parametrlari ushbu Nizomning 10-bandi talablariga mos kelsa, subyekt bilan loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida bitim va ishlab chiqarish maydonini taqdim etish uchun ijara shartnomasini tuzadi.
12. Yoshlar tadbirkorlik subyektlarining klasterning ishlab chiqarish maydonlarini berish uchun arizalari 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrib chiqiladi.
13. Bir kunda bitta ishlab chiqarish maydoni uchun ikki yoki undan koʻp ariza tushganda, yaratiladigan yangi ish oʻrinlari soni, ishlab chiqariladigan mahsulotning (ishlar, xizmatlarning) raqobatbardoshligi va xaridorgirligi, loyihani amalga oshirish muddatlari va ishlab chiqarish faoliyatini boshlash boʻyicha eng jozibador takliflarni taqdim etgan daʼvogar maqbul deb topiladi.
Boshqa teng sharoitlarda ekspertbop mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etadigan va loyihani amalga oshirish uchun real moliyaviy imkoniyatlarga ega daʼvogarlar ustunlikka ega boʻladi.
14. Loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimda:
bitim predmeti;
loyihani amalga oshirish boʻyicha vazifalarning hajmlari, turlari va jadvali, shu jumladan yangi ish oʻrinlari yaratish majburiyatlari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari;
bitimni bekor qilish shartlari;
nizolarni hal etish tartibi nazarda tutilishi zarur.
Tomonlarning ixtiyoriga koʻra, loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimda boshqa shartlar ham koʻrsatilishi mumkin.
15. Ishlab chiqarish maydoni berish boʻyicha ijara shartnomasida Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 8-apreldagi 102-son qarorida belgilangan shartlar nazarda tutilishi kerak.
4-bob. Klaster ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari
16. Klaster ishtirokchilari:
tuzilgan ijara shartnomasi doirasida ajratilgan ishlab chiqarish maydonlariga mustaqil egalik qilish va ulardan foydalanish;
muhandislik-texnik kommunikatsiyalarning uzluksiz ishlashi taʼminlanishini talab qilish huquqiga ega.
17. Klaster ishtirokchilari quyidagilarga majbur:
klasterda bitim yoki shartnoma tuzilgandan soʻng 3 oydan kechiktirmasdan ishlab chiqarish faoliyatini boshlashi shart. Bunda loyihani amalga oshirish borasida obyektiv sabablar mavjud boʻlsa, ishlab chiqarish faoliyatini boshlash muddatini 3 oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirishga ruxsat etiladi;
ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish boshlangan paytdan ikki oydan kechiktirmasdan yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va bitim yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda qoʻshimcha xodimlarni yollashni taʼminlash;
tuzilgan bitim va shartnoma shartlarini oʻz vaqtida bajarish.
5-bob. Loyihalar amalga oshirilishi monitoringini olib borish
18. Klaster ishtirokchilari loyihani amalga oshirish shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlariga har oyning loyihani amalga oshirishning holati, yaratilgan ish oʻrinlari, mahsulot (xizmatlar) ishlab chiqarish hajmlari, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalar xususida batafsil axborot taqdim etadi.
19. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari Klaster ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan axborot asosida har oyda loyihaning amalga oshirilishi, shuningdek klaster ishtirokchilarining ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanishi monitoringini olib boradi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi umumlashtirilgan natijalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga klasterlar faoliyatini tashkil etish, shuningdek klasterlarda loyihalarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida har chorakda axborot taqdim etadi.
20. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi nazorat qiluvchi organlar bilan, jumladan huquqbuzarliklarning oldini olish tadbirlari doirasida oʻzaro hamkorlik masalasida klasterlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
21. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va klaster ishtirokchilari ushbu Nizom talablariga rioya etilishi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.