1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.03.00 Bojxona rejimlari / 10.06.03.05 Tranzit;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.09.00.00 Alohida turdagi mahsulotlar, valyuta va transport vositalarini olib kirish va olib chiqish / 10.09.04.00 Portlovchi moddalar va boshqa xavfli yuklarni olib kirish va olib chiqish;
3.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.05.00 Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar (prekursorlar) muomalasi]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
GIYoHVANDLIK VOSITALARI, PSIXOTROP MODDALAR VA PREKURSORLARNI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDI ORQALI OLIB KIRISh, OLIB ChIQISh VA TRANZIT TARZIDA OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar roʻyxatlari 2-5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2—5-ilovalar berilmaydi.
2. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizom 2000-yil 1-oktabrdan boshlab amalga kiritilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish ilgari berilgan sertifikatlarga muvofiq faqat 2001-yil 1-yanvargacha amalga oshirilishi mumkin;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish (olib chiqish)ga sertifikatlar va tranzit tarzida oʻtkazishga ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan beriladi;
Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar roʻyxatlariga zarur oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish huquqiga egadir.
4. Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat komissiyasi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni respublika hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazishning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlasin, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar esa tasarrufidagi tashkilotlar, muassasalar, korxonalar va boshqa yuridik shaxslar tomonidan mazkur tartibga rioya etilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar.
5. Vazirliklar va idoralar oʻz normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 31-iyul,
293-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 31-iyuldagi 293-son qaroriga 1-ILOVA
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan va ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni va Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli konvensiyalarida nazarda tutilgan talablarni hisobga olgan holda davlat nazorati chora-tadbirlari belgilangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazish tartibini qonuniy aylanish doirasida boshqaradi.
2. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish va olib chiqish faoliyatning tegishli turi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan, Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishuvga va Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat komissiyasining tegishli ruxsatnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan sertifikatlar (1-6-ilovalar*) asosida amalga oshiriladi.
* 1—6 ilovalar berilmaydi
3. Sertifikat olish uchun arizachi Sogʻliqni saqlash vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) firma blankasida rasmiylashtirilgan sertifikat berish uchun ariza (7-ilova*), unda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
* 7-ilova berilmaydi.
olib kirish (olib chiqish)ni amalga oshiruvchi tashkilot, firmaning, shuningdek, yuk oluvchi mamlakatining nomi, yuridik manzili, litsenziyasining tartib raqami;
giyohvandlik vositasining yoki psixotrop moddaning xalqaro patentlanmagan nomi, agar shunday modda mavjud boʻlsa, yoxud shu nomda chiqariladigan giyohvandlik vositasining yoki dori-darmonlik shakli va ularning miqdori koʻrsatilgan holda psixotrop moddaning nomi, prekursor nomi;
olib kirish (olib chiqish)ning maqsadi;
olib kirish (olib chiqish) uchun foydalanish moʻljallanayotgan transport turi;
olib kirish (olib chiqish) moʻljallanayotgan muddatlar;
yetkazib berish (bir yoki bir nechta turkum bilan) tartibi;
b) Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida yoki vakolatli bankda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan va bojxona organida hisobga qoʻyilgan kontrakt (shartnoma)ning nusxasi;
v) prekursorlarni olib kirishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi huzuridagi Ekologik sertifikatsiya va xizmatlar markazining xulosasi;
g) eksport qiluvchi (import qiluvchi — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti)ning taʼsis hujjatlari nusxalari;
(3-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
(3-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
e) arizachining Sogʻliqni saqlash vazirligiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar amalda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilganligi va undan olib chiqilganligi toʻgʻrisidagi hisobot taqdim etish haqidagi majburiyat xati (8-ilova*), unga yuk bojxona deklaratsiyasi va eksport qiluvchi mamlakatining (arizachi import qiluvchi boʻlgan hollarda) vakolatli organi tomonidan beriladigan eksport uchun sertifikat (ruxsatnoma)ning nusxalari ilova qilinadi.
* 8-ilova berilmaydi.
Izoh: giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan taqdirda Sogʻliqni saqlash vazirligiga import qiluvchi mamlakatning olib kirish uchun sertifikati (ruxsatnomasi)ni taqdim etish zarur.
31. Sogʻliqni saqlash vazirligi sertifikat berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno;
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
4. Taqdim etilgan materiallar boʻyicha sertifikat berish toʻgʻrisidagi qaror toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar olingan kundan boshlab bir oygacha boʻlgan muddatda qabul qilinadi. Belgilangan muddatda sertifikat berish rad etilgan hollarda rad etish sabablari koʻrsatilgan asoslar taqdim etiladi.
Sertifikat berish yuzasidan arizani takroriy koʻrib chiqishda sertifikat berishning ushbu sertifikatni berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
5. Beriladigan sertifikatning amal qilish muddati bir yilgacha.
6. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish va olib chiqish uchun kontraktlar faoliyatning tegishli turi belgilangan tartibda bojxona organida hisobga qoʻyiladi.
Bojxona organlari hisobga qoʻyish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning amalda olib kirilishi, olib chiqilishi va tranzit tarzida oʻtkazilishi haqida 9-ilovaga* muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasiga hisobot taqdim etadi.
* 9-ilova berilmaydi.
8. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi orqali tranzit tarzida oʻtkazish Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat komissiyasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 10-ilovaga* muvofiq shaklda beriladigan ruxsatnoma boʻlgandagina amalga oshiriladi.
Bunda aylanishi Oʻzbekiston Respublikasida cheklangan prekursorlar roʻyxatida (IV roʻyxat) 1—5, 7, 9, 11, 14—17, 19, 22, 25 tartib raqamlari bilan belgilangan prekursorlar tranziti maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranziti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 21-fevraldagi 62-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 3-4-son, 34-modda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tranzit tarzida oʻtadigan giyohvandlik vositalari uning tabiatini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan har qanday jarayonlarning taʼsiriga tushishi mumkin emas va uning oʻrami vakolatli idoralarning ruxsatisiz oʻzgartirilishi mumkin emas.
10. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar faqat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan, arizaga (11-ilova*) asosan beriladigan ruxsatnoma (12-ilova*) boʻyicha yopiq turdagi bojxona omboriga joylashtiriladi.
* 11, 12-ilovalar berilmaydi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni ochiq turdagi bojxona omborlariga va boʻsh omborlarga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni bojxonada rasmiylashtirish chogʻida bojxona idoralariga sertifikatlarning asli va notarial tasdiqlangan nusxasi taqdim etiladi.
13. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni pochta orqali, shu jumladan xalqaro yoʻsinda yuborish import qiluvchi mamlakat va eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli idorasi tomonidan berilgan ruxsatnomaning nusxasi bilan kuzatilayotgan holatdan boshqa holatda taqiqlanadi.
14. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni muruvvat yordami sifatida yuborish taqiqlanadi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Muruvvat yordami koʻrsatish boʻyicha respublika komissiyasining ruxsati bilan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarning Oʻzbekiston Respublikasining aniq subyektlariga yuborilishi bundan mustasno.
15. Mazkur Nizomda belgilangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasida qonuniy aylanishi doirasida olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibi buzilganda koʻrsatilgan vositalar va moddalarni olib kirish (chiqish) va tranzit tarzida oʻtkazishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 2-son, 25-modda; 2003-y., 14-son, 114-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda)