toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashga, shu jumladan, suv obyektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, qonunchilikda mavjud boʻshliqlar daryolar oʻzanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, koʻllar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash (keyingi oʻrinlarda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini amalga oshirishda qum-shagʻal materiallarini ruxsatsiz qazib chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.
 LexUZ sharhi
preambulaning ikkinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3515-sonli qaroriga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
Oʻz navbatida, qum-shagʻal materiallarining ruxsatsiz qazib chiqarilishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirgʻoqlari, sugʻorish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Faqat 2017-yilda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish boʻyicha 228 ta holat, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi yoki noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyasi mavjud boʻlmagan 176 ta subyekt tomonidan noqonuniy amalga oshirganlik holatlari aniqlangan.
Daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining noqonuniy amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik, atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olish, shuningdek, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining xavfsiz ishlashini taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer koʻchkisi xavfi boʻlgan tumanlarda qirgʻoqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari boʻyicha Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda FVV Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi deb yuritiladi) hamda Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, qor koʻchish va yer koʻchki hodisalari xavfini kamaytirish boʻyicha Hukumat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) qarorlariga asosan boshqa tashkilotlar tomonidan faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini oʻtkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bogʻliq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisida Komissiya qarori Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining daryo oʻzanlarini oʻrganish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborish imkoniyatlarini baholash natijalari boʻyicha qoʻshma xulosalariga asosan qabul qilinadi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishga loyiha hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi shart;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-426-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2022-y., 07/22/426/1026-son)
 LexUZ sharhi
1-bandning beshinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3515-sonli qaroriga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlari va qirgʻoqboʻyi mintaqalarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish (qum-shagʻal materiallarini qazib olish bundan mustasno) tasdiqlangan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy taʼsirga yoʻl qoʻymaslik sharti bilan noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomaga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshiriladi;
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
Oldingi tahrirga qarang.
noruda foydali qazilmalar konini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan yer qaʼridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni taʼminlovchi ishlab chiqish tizimi boʻyicha amalga oshiriladi;
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlarida qum-shagʻal materiallarini qazib olish faqat ularni tozalash jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi tomonidan belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
(1-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2026-y., 06/26/99/0545-son)
Oldingi tahrirga qarang.
FVV Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi va boshqa tashkilotlar noruda foydali qazilmalar qayta ishlangan va sotilgan hollarda yer qaʼridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda soliq toʻlaydi. Bunda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish noruda foydali qazilmalarni sotishdan olingan daromadlar miqdoriga kamaytiriladi.
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVIII boʻlimi (Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq).
2. Daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishini aniqlash va oldini olish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Idoralararo guruhlar (keyingi oʻrinlarda idoralararo guruhlar deb yuritiladi) tashkil etilsin hamda ularning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar idoralararo guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining qoʻshma qarori bilan, tuman va shahar idoralararo guruhlari esa, suv obyektlarining joylashuvini inobatga olgan holda, ularning hududiy boʻlinmalari qoʻshma qarori bilan tashkil etiladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
idoralararo guruhlarning faoliyati ustidan rahbarlik prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar Idoralararo guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining holatini Komissiya qarorlariga, loyiha hujjatlariga, noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalarda nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek, qonun hujjatlarining boshqa talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganish;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish;
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishida aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;
ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish masalalari boʻyicha aholi oʻrtasida profilaktika tadbirlarini tashkil qilishda va oʻtkazishda ishtirok etish;
oʻtkazilgan tadbirlar va aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotlarni, shuningdek, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflarni muntazam ravishda Komissiyaga kiritish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining ushbu qaror talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Bunda ushbu nazorat jarayonida oʻtkaziladigan tekshirishlar Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishilmagan holda amalga oshirilishi belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi davlat organlari tomonidan ushbu qarorning 4-bandida koʻrsatilgan nazorat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlariga ishlab chiqarishni tashkil etish uchun suv obyektlari tashqarisida noruda foydali qazilmalarning muqobil xomashyo manbalarini aniqlashga koʻmaklashsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilishgacha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini;
Daryo oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda qabul qilingan idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 26-sentabrdagi 193 (6887)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 25-sentabr,
PQ-3286-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi PQ-3286-son qaroriga
ILOVA
Daryo oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishini aniqlash va oldini olish boʻyicha idoralararo guruhning
namunaviy tarkibi
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Hududiy prokuraturaning masʼul xodimi, guruh rahbari

2.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi, guruh rahbari oʻrinbosari

3.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qoʻshinlari hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi

4.

Hududiy ichki ishlar organining masʼul xodimi

5.

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi

6.

Hokimlikning masʼul xodimi

7.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi

8.

Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hududiy boshqarmasining masʼul xodimi

9.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi

10.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi

11.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hududiy boʻlinmasining masʼul xodimi

Izoh: zarurat boʻlganda, idoralararo guruh tarkibiga boshqa mutaxassislar, shu jumladan, boshqa organlar va tashkilotlarning mutaxassislari ham kiritilishi mumkin.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga
SHARH

Keyingi vaqtlarda daryolar oʻzanlari, koʻllar, suvni muhofaza qilish zonalari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash (keyingi oʻrinlarda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini oʻtkazish koʻrinishida amalga oshiriladigan qum-shagʻal materiallarini nazoratsiz qazib olish holatlari koʻpaydi.

Ushbu faoliyat daryo tublarining yuvilib ketishiga, qirgʻoqlarning oʻpirilishiga sabab boʻladi, bu, oʻz navbatida, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi hamda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mulkiga, shuningdek, atrof tabiiy muhitga zarar yetishi uchun shart-sharoit yaratmoqda.

Faqat 2017-yilning oʻtgan davrida daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish boʻyicha 228 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlar boʻyicha prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Yuzaga kelgan vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni koʻrish, shuningdek, mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, transport va gidrotexnika infratuzilmasi obyektlarining xavfsiz ishlashini taʼminlash sohasida aniq vazifalar belgilandi.

Xususan, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlari faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini oʻtkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bogʻliq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.

Mazkur ishlarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida sel, toshqin va yer koʻchkisi xavfi boʻlgan tumanlarda qirgʻoqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari tashkil etiladi. Ushbu faoliyat bilan boshqa tashkilotlar ham shugʻullanishi mumkin.

Bunday ishlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-585-son qarori bilan tashkil etilgan Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, qor koʻchish va yer koʻchki hodisalari xavfini kamaytirish boʻyicha Hukumat komissiyasining qarori asos hisoblanadi.

Bunda Komissiya tomonidan shunday qaror Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining daryolar oʻzanlarini oʻrganish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborish imkoniyatlarini baholash natijalari boʻyicha qoʻshma xulosalariga asosan qabul qilinadi.

Daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishga loyiha hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.

Daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish budjet mablagʻlari, markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari, vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hamda boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Noruda foydali qazilmalarni qazib olishni tartibga solish, uning ekologiyaga salbiy taʼsirini bartaraf etish maqsadida daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlashda amalga oshiriladigan mazkur faoliyat litsenziyalanishi shart.

Daryolar oʻzanlarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish huquqi uchun litsenziya Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi Komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 2-maydagi PQ-1524-son qarori bilan belgilangan tartibda tasdiqlangan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy taʼsirga yoʻl qoʻymaslik sharti bilan beriladi.

Noruda foydali qazilmalar konini ishlab chiqish “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan yer qaʼridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni taʼminlovchi ishlab chiqish tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.

Mazkur sohadagi qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida viloyat, tuman va shaharlar darajasida tarkibiga 12 ta vazirlik, idora va tashkilotlarning, shu jumladan, davlat chegaralarini himoya qilish, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining vakillari kiritilgan doimiy faoliyat koʻrsatuvchi idoralararo guruhlar tashkil etiladi.

Ushbu guruhlar respublikada mavjud umumiy uzunligi 12,7 ming kilometrni tashkil etuvchi 437 ta daryo va boshqa suv obyektlari hududlari boʻyicha oʻz faoliyatini olib boradi.

Idoralararo guruhlar faoliyatiga rahbarlik prokuratura organlariga yuklanadi.

Idoralararo guruhlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining holatini loyiha hujjatlari, litsenziya shartlari va qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganish;

– daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish holatlarini aniqlash va oldini olish, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish;

– ushbu sohadagi qonun hujjatlariga rioya etish masalalari boʻyicha profilaktika tadbirlarini oʻtkazish.

Bundan tashqari, davlat rahbari tomonidan daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilishgacha boʻlgan javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Ushbu qarorning roʻyobga chiqarilishi, shak-shubhasiz, daryo va suv havzalarining oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishni, noruda foydali qazilmalarni qazib olishni tartibga solish, shuningdek, qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olishning atrof-muhitga salbiyni taʼsirini bartaraf etish imkonini beradi.

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2017-y., 07/17/3286/0015-son, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son; 13.11.2019-y., 07/19/4518/4020-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son; 21.11.2022-y., 07/22/426/1026-son; 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son; 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son; 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son; 01.06.2026-y., 06/26/99/0545-son)