toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA DORIXONA MUASSASALARIDA DORI-DARMONLAR VA TIBBIY BUYuMLAR SOTISh QOIDALARIGA O‘ZGARTIRISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-sonli “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2016-yil 4-yanvardagi O‘RQ-399-son O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2017-yilning 1-iyulidan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 6-avgustdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 18-iyul,
276-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-iyuldagi 276-son qaroriga
ILOVA
Respublika dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga kiritilayotgan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va vakolatli nazorat-tekshirish laboratoriyalarida sifat bo‘yicha nazoratdan o‘tmagan dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni sotish;
dorixona muassasalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sifatini tasdiqlovchi hujjatlarsiz dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni qabul qilib olish taqiqlansin.”.
2. 10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Bemorlarga bepul retseptlar bo‘yicha dori-darmonlar, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, dorixona muassasalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Davolash-profilaktika muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 1997-yil 2-dekabrdagi 532-son qaroriga binoan ambulatoriyada davolashda dori-darmonlar bepul beriladigan kasalliklar va shaxslar ro‘yxatiga muvofiq beriladi”.
3. 12-banddagi “narkotik” so‘zi chiqarib tashlansin.
4. 13-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat nazoratidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan narkotik vositalar, psixotrop moddalar shahar (shahar yoki qishloq tumani) doirasida faoliyatning tegishli turiga ruxsatnomasi bo‘lgan dorixonalar tomonidan ularning hududidagi davolash-profilaktika muassasalari retseptlari bo‘yicha beriladi”.
5. 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan dorilar uchun berilgan retseptlar — yozib berilgan kundan boshlab 7 kun mobaynida, zaharli moddalar bo‘lgan dorilar bo‘yicha 10 kun, barcha qolganlari bo‘yicha esa bir oy mobaynida haqiqiy hisoblanadi”.
6. 16-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tibbiy etil spirti:
ambulatoriyaga qatnab davolanadigan uzoq davom etadigan kasalga chalingan bemorlarga vrachning “Maxsus ko‘rsatma bo‘yicha” deb yozib qo‘yilgan, imzolangan va davolash-profilaktika muassasasining muhri qo‘yilgan retseptlari bo‘yicha, sof holda 100 grammgacha hamda “Kompress qilish uchun” deb yozib qo‘yilgan (aralashtirishi miqdori ko‘rsatilgan holda) yoki “Terini ishqalash uchun” deb yozib qo‘yilgan retseptlar bo‘yicha, ingrediyentlar aralashmasida 100 grammgacha;
tibbiyot maqsadlari uchun tibbiyot muassasalari va tashkilotlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan normativlar bo‘yicha beriladi”.
7. 19-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tarkibida narkotik vositalar, zaharli, psixotrop moddalar, etil spirti, uxlatadigan vositalar, steroid gormonlar, anabolik aktivlikka ega moddalar, tarkibida 8-oksixinol hosilasi bo‘lgan dorilar, shuningdek imtiyozli shartlarda yoki bepul beriladigan dorilar uchun berilgan retseptlar dorixonada qoldiriladi”.
8. 21-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Dorixona muassasalari va ularning xodimlari ushbu Qoidalar talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar”.
9. 22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Respublika hududida, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha dorixona muassasalarida ushbu Qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklanadi”.