toggle_night_mode
Hujjat 14.08.2017 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq maʼmuriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning yigʻiluvchanligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 18-iyuldagi PF-5116-son Farmoniga muvofiq hamda mamlakatni isloh qilish va rivojlantirishning hozirgi bosqichida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining eng muhim vazifalarini belgilash, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligini nazorat qilishni taʼminlash maqsadida:
1. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi (keyingi oʻrinlarda Hisob palatasi deb yuritiladi):
oliy tashqi audit va moliyaviy nazorat organi hisoblanadi;
oʻz vakolatlarini mustaqil hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi, oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi hamda unga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobdordir;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻz faoliyati, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligini taʼminlash boʻyicha tizimli ravishda axborot berib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Hisob palatasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
birinchi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasi parametrlari shakllantirilishi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligining auditini amalga oshirish;
ikkinchi, budjet tizimi budjetlariga mablagʻlar va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar tushumining toʻliqligini oʻrganish va nazorat qilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qoʻllash orqali budjet daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish;
uchinchi, budjet tizimi budjeti va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan xarajatlarning samaradorligi va qonuniyligini auditdan oʻtkazish va barcha darajada ularni qisqartirish boʻyicha zaxiralarni aniqlash, budjet tizimi budjetlari va davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va asosliligini baholash;
toʻrtinchi, soliq va budjet qonunchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, tizimli qonunbuzarliklarning sabablari hamda oʻzini oqlagan jahon tajribasini oʻrganish va umumlashtirish orqali budjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy qilish;
beshinchi, respublika budjeti va mahalliy budjetlar oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromad boʻyicha vakolatlari va xarajatlar boʻyicha majburiyatlari belgilanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini-oʻzi moliyaviy taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
oltinchi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻi boʻyicha davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni amalga oshirishning toʻliqligi va samaradorligi boʻyicha nazoratni tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
yettinchi, Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit va valyuta siyosati, davlat aktivlari va majburiyatlarining holati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish, shuningdek qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bajarilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tuzilmasi va shtatlar jadvali 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi xodimlarining cheklangan soni 70 nafar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) xodimlarining soni 41 nafar miqdorda belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Hisob palatasi raisiga zarur hollarda Hisob palatasining tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Inspeksiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi;
Inspeksiya boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari hisoblanadi hamda maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Hisob palatasiga quyidagi huquqlar berilsin:
oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning maʼlumotlar bazasiga kirish;
oʻz vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlarga ularning maʼlumotlar bazasidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
Davlat budjeti daromadlari prognozining toʻgʻriligini baholash, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning toʻliq yigʻiluvchanligini va soliqqa tortish obyektlarining toʻliq hisobga olinishini taʼminlash boʻyicha oʻtkaziladigan nazorat tadbirlariga moliya, soliq va boshqa organlarning xodimlarini jalb etish;
nazorat tadbirlari natijalari boʻyicha qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati samaradorligini oshirish, samarasiz soliq hamda bojxona imtiyozlarini bekor qilish, soliq maʼmuriyatchiligi va soliq solinadigan bazaning toʻliq qamrab olinganligini yaxshilashga qaratilgan soliq stavkalarini oʻzgartirish yuzasidan takliflar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlariga hududiy davlat soliq va moliya organlari rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Soliq va moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish va ularning masʼuliyatini oshirish uchun faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisida nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda maʼlumotlar bazasiga Hisob palatasiga kirish huquqi beriladigan davlat organlari va tashkilotlarning roʻyxatini tasdiqlasin.
9. Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda real vaqt rejimida soliq solinadigan bazani, soliqqa tortish obyektlari toʻliq hisobga olinganligini soliq organlari va boshqa organlar, shuningdek banklarning maʼlumotlar bazasini solishtirish orqali baholash imkonini beruvchi dasturiy kompleksni ishlab chiqsin va ishga tushirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasi:
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritsin;
Hisob palatasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni binolari majmuasiga joylashtirsin;
Hisob palatasini zarur mebel, kompyuter texnikasi, inventar hamda boshqa moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlasin.
11. Hisob palatasi xodimlariga nisbatan 2018-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-son qarorining amal qilishi tatbiq etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan, shu jumladan Hisob palatasiga maʼlumot taqdim etmaganlik yoxud bila turib notoʻgʻri maʼlumot taqdim etganlik, uning taqdimnomalarini bajarmaganlik, shuningdek faoliyatiga aralashganlik hamda yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning qonuniy ijro etilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida uning xodimlariga har qanday shaklda taʼsir koʻrsatganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu Farmonga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari V.A. Golishev, U.S. Ismailov va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi oʻrinbosari K.V. Akmalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-avgust,
PF-5147-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5147-son Farmoniga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining
TUZILMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi xodimlarining umumiy soni 70 ta shtat birligini tashkil etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5147-son Farmoniga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining
ShTATLAR JADVALI

Lavozimlar nomi

Birliklar soni

Hisob palatasi raisi

1

Raisning birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi

1

Rais oʻrinbosari

1

Qoʻshimcha daromad manbalarini aniqlash axborot-tahlil shuʼbasi

10

Shuʼba mudiri

1

Bosh inspektor

2

Yetakchi inspektor

6

Inspektor

1

Soliq, moliya organlari va soliq toʻlovchilar bilan ishlash shuʼbasi

30

Shuʼba mudiri

1

Bosh ins�ektor

7

Yetakchi inspektor

21

Inspektor

1

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarini bajarishda ijro intizomiga rioya etilishini nazorat qilish shuʼbasi

12

Shuʼba mudiri

1

Bosh inspektor

2

Yetakchi inspektor

8

Inspektor

1

Budjet tizimi budjetlarini shakllantirilishi va xarajat qismini ijro etilishini nazorat qilish shuʼbasi

10

Shuʼba mudiri

1

Bosh inspektor

2

Yetakchi inspektor

6

Inspektor

1

Pul-kredit va valyuta siyosati shuʼbasi

5

Shuʼba mudiri

1

Bosh inspektor

1

Yetakchi inspektor

2

Inspektor

1

Jami:

70

Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5147-son Farmoniga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining (keyingi oʻrinlarda — Hisob palatasi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlarini hamda faoliyatini tashkil etish asoslarini belgilaydi.
2. Hisob palatasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonun hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Hisob palatasi oʻz vakolatlarini mustaqil hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi, oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi hamda unga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobdordir.
4. Hisob palatasi oliy tashqi audit va moliyaviy nazorat organi hisoblanadi, oʻzining baholashida mustaqil va xolis, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi oʻrinlarda — Davlat budjeti), davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) qarorlariga asosan tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga tushumlarni toʻliqligi, maqsadli va samarali shakllanishi va ijro etilishini, davlat aktivlari va passivlari holati va harakatini, oltin-valyuta zaxiralari hamda tashqaridan jalb qilingan mablagʻlarni qayta toʻldirilishi, boshqarilishi va tasarruf etilishi ustidan monitoring va davlat nazoratini amalga oshiradi.
5. Hisob palatasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini davlat organlari va mulkchilik shakli va boʻysunuvidan qatʼiy nazar tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
6. Hisob palatasi oʻziga yuklatilgan funksiyalarni qonuniylik, xolislik, mustaqillik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
2-bob. Hisob palatasining asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Qoʻyidagilar Hisob palatasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Davlat budjeti loyihasi parametrlari shakllantirilishi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligining auditini amalga oshirish;
budjet tizimi budjetlariga mablagʻlar va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar tushumining toʻliqligini oʻrganish va nazorat qilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qoʻllash orqali budjet daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish;
budjet tizimi budjetlari va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan xarajatlarning samaradorligi va qonuniyligini auditdan oʻtkazish va barcha darajada ularni qisqartirish boʻyicha zaxiralarni aniqlash, budjet tizimi budjetlari va davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va asosliligini baholash;
soliq va budjet qonunchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, tizimli qonunbuzarliklarning sabablari hamda oʻzini oqlagan jahon tajribasini oʻrganish va umumlashtirish orqali budjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy qilish;
respublika budjeti va mahalliy budjetlar oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromad boʻyicha vakolatlari va xarajatlar boʻyicha majburiyatlari belgilanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini-oʻzi moliyaviy taʼminlanishi boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻi boʻyicha davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni amalga oshirishning toʻliqligi va samaradorligi boʻyicha nazoratni tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit va valyuta siyosati, davlat aktivlari va majburiyatlarining holati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish, shuningdek qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bajarilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazish.
8. Hisob palatasi oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) Davlat budjeti loyihasi parametrlari shakllantirilishi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligining auditini amalga oshirish sohasida:
makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va Davlat budjeti parametrlari loyihasini olib borilayotgan siyosat hamda qabul qilingan respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kompleks dasturlarining ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini tanqidiy baholash;
Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning shakllantirilishi va ijro etilishini tarmoq va hududlar kesimida moddalar, omillar boʻyicha tahlil qilish;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjeti loyihasi hamda kelgusi yil soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha xulosa berish;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning budjetlari shakllantirilishi va ijro etilishi boʻyicha nazorat va monitoringni amalga oshirish;
davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarning toʻliq va samarali bajarilishini hamda ularni moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligini tekshirish;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish va baholash, ular boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga xulosalar taqdim etish;
b) budjet tizimi budjetlariga mablagʻlar va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar tushumining toʻliqligini oʻrganish va nazorat qilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qoʻllash orqali budjet daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish sohasida:
soliqlar turlari va hududlar kesimida soliq va bojxona toʻlovlarining yigʻiluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, uning tarmoq va hududlar kesimida pasayishiga taʼsir etuvchi omillar va ularning oqibatlarini aniqlash;
yoqilgʻi-energetika va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish majmualari, isteʼmol bozori, savdo, qurilish sohalari va boshqa daromad keltiruvchi tarmoqlarning korxonalari faoliyatining budjet tizimi budjetlariga qoʻshimcha tushumlar zaxiralarini aniqlashga yoʻnaltirilgan tahlilini amalga oshirish;
soliq solish tizimi, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini tahlil qilish va baholash asosida budjet daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini taʼminlash;
davlat organlari va tashkilotlarining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan maʼlumotlar bazalarining ishonchliligini baholash;
hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va soliq toʻlash salohiyatini hisobga olgan holda Davlat budjeti daromadlari prognoz koʻrsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash;
soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani toʻliq qamrab olish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, manzilli yoʻnalishlar va nazorat dasturlarini, shu jumladan soliq va boshqa moliya organlarining axborot tizimlari maʼlumotlarini tahlil va monitoring qilish asosida shakllantirish;
daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yigʻiluvchanligi va soliq toʻlovchilar hisobining toʻliqligini taʼminlashda moliya va soliq organlarining masʼuliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama koʻmaklashish choralarini koʻrish;
davlat mulkini sotish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni tahlil qilish va nazoratini taʼminlash;
v) budjet tizimi budjetlari va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan xarajatlarning samaradorligi va qonuniyligini auditdan oʻtkazish va barcha darajada ularni qisqartirish boʻyicha zaxiralarni aniqlash, budjet tizimi budjetlari va davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va asosliligini baholash sohasida:
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning xarajat qismini shakllantirish va ijro etilishi boʻyicha monitoringni amalga oshirish;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlaridan maqsadli, oqilona va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
budjet tizimi budjetlari va davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini maqsadga muvofiqligi va asosliligini baholash;
Davlat budjetini ijro etilishi, davlat mablagʻlarini budjet tizimi budjetlarining barcha darajalarida sarflanishi ustidan nazoratni tashkil etish va taʼminlash hamda davlat xarajatlarini qisqartirish zaxiralarini aniqlash;
moliya organlari, shu jumladan gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish funksiyalarini bajarilishining samaradorligini tahlil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Moliya vazirligining bank hisob raqamlaridagi mablagʻlarni shakllantirish, maqsadli va samarali foydalanishning qonuniyligini tekshirish va nazorat qilish;
g) soliq va budjet qonunchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, tizimli qonunbuzarliklarning sabablari hamda oʻzini oqlagan jahon tajribasini oʻrganish va umumlashtirish orqali budjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy qilish sohasida:
oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida aniqlangan budjet qonunchiligi buzilish holatlarini hisobga olish va klassifikatsiyalash;
nazorat tadbirlari natijalarini, shu jumladan budjet qonunchiligi buzilish holatlarini, bunday holatlarga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish;
soliq va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilish holatlarini va bunday holatlarga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish, ularni takomillashtirish, soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish hamda ularning stavkalarini oʻzgartirish boʻyicha taklif tayyorlash,
budjet qonunchiligi meʼyorlarini amalga oshirilishini monitoring qilish va budjet jarayonidagi farqlarni aniqlash;
budjet jarayoni va budjet qonunchiligini xalqaro meʼyor va standartlarga muvofiqligini oʻrganish;
d) respublika budjeti va mahalliy budjetlar oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromad boʻyicha vakolatlari va xarajatlar boʻyicha majburiyatlari belgilanishining toʻgʻriligini baholash, ularning oʻzini-oʻzi moliyaviy taʼminlanishi boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari shakllanishi va ijro etilishini, ularning balansliligini muntazam tahlil qilish va tekshirish;
yuqori va quyi budjetlar oʻrtasida oʻrnatilgan umumdavlat soliqlari tushumlaridan ajratmalar normativlari, budjetlararo transfertlar ajratilishining asosliligini oʻrganish;
yuqori va quyi budjetlar oʻrtasida xarajatlar boʻyicha majburiyatlar belgilanishining toʻgʻriligini baholash;
mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni bajarish uchun ularni real moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlash vazifasini hal etish zarurligidan kelib chiqqan holda, barcha darajalardagi budjetlar oʻrtasidagi nisbatni maqbullashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻi boʻyicha davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni amalga oshirishning toʻliqligi va samaradorligi boʻyicha nazoratni tashkil etish sohasida:
bajarilishi ustidan nazorat Hisob palatasiga yuklatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarning maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni amalga oshirilishi ustidan joriy monitoring va nazoratni oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarni koʻrib chiqish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha berilgan vakolatlar doirasida choralar koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni bajarilishi boʻyicha vazirlik va idoralarning maʼlumotlarining asosliligini birlamchi hujjatlar asosida tekshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga davlat tashrifi davomida imzolangan kelishuv va hujjatlarni bajarilishi yuzasidan oʻtkaziladigan monitoring natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritish.
Keyingi tahrirga qarang.
j) Oʻzbekiston Respublikasining pul-kredit va valyuta siyosati, davlat aktivlari va majburiyatlarining holati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish, shuningdek qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bajarilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazish sohasida:
milliy valyutani mustahkamlash, uni xarid qobiliyatini oshirish, pul massasi va pul agregatlarini maqbullashtirish, bankdan tashqari pul aylanishini qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish va baholash;
respublikani tashqi savdo aylanmasi ahvolini tahlil qilish, respublika toʻlov balansini shakllantirish va undan foydalanishini baholash;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti prognozini bajarilishi, mahsulotlar importini maqbullashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
ichki valyuta bozorida valyutaga boʻlgan talab va taklifni oʻrganish, milliy valyutaning erkin almashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
tashqaridan olinadigan qarzlarning hajmlari va maqsadga muvofiqligini baholash, olinadigan xorijiy kredit va grant mablagʻlaridan samarali va oqilona foydalanilishini, shuningdek Hukumat tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining Davlat kafolati ostida olingan tashqi kreditlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishini qattiq nazorat qilish;
oltin-valyuta zaxiralarining tiklanishi va harakati ustidan nazoratni amalga oshirish, tashqi aktivlarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish va ularni xorijiy banklarda samarali joylashtirish va qayta joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, oltin-valyuta zaxiralari, shu jumladan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalar ustidan nazoratni taʼminlash;
valyuta, eksport va import operatsiyalari oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
davlat qarzini samarali boshqarish boʻyicha monitoring oʻtkazish, ularga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishini nazorat qilish.
Hisob palatasi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifa va funksiyalarni amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Hisob palatasining huquq va majburiyatlari
9. Hisob palatasi oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa organlar hamda tashkilotlardan oʻzining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha materiallar va maʼlumotlarni soʻrab olish;
oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning maʼlumotlar bazasiga kirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankdan davlat mablagʻlarini bank hisob raqamlaridagi va yagona gʻazna hisobvaragʻidagi harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrab olish;
tekshirish oʻtkazish va uning natijalari boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tekshirishlar oʻtkazish uchun oʻz vakolati doirasida davlat organlari va ularning vakillari, nodavlat auditor xizmatlari va alohida mutaxassislarni jalb qilish;
Davlat budjeti daromadlari prognozining toʻgʻriligini baholash, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yigʻiluvchanligi toʻliqligini va soliqqa tortish obyektlarining toʻliq hisobga olinishini taʼminlash boʻyicha oʻtkaziladigan nazorat tadbirlariga moliya, soliq va boshqa organlarning xodimlarini jalb etish;
Hisob palatasi vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha tekshirilayotgan tashkilotning mansabdor shaxslaridan yozma tushuntirishlar olish;
nazorat tadbirlari natijalari boʻyicha qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati samaradorligini oshirish, samarasiz soliq hamda bojxona imtiyozlarini bekor qilish, soliq maʼmuriyatchiligi va soliq solinadigan bazaning toʻliq qamrab olinganligini yaxshilashga qaratilgan soliq stavkalarini oʻzgartirish yuzasidan takliflar kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻz vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlarga ularning maʼlumotlar bazasidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlariga hududiy davlat soliq va moliya organlari rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish;
Hisob palatasi bilan oldindan kelishilib olinishi belgilangan barcha masalalar boʻyicha tegishli xulosalar berish.
10. Hisob palatasi quyidagilar uchun javobgar boʻladi:
yuklatilgan vazifa va funksiyalarni sifatli bajarilishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif va masalalarni kiritilishida milliy va davlat manfaatlarini koʻzlab ish tutish;
ijro intizomini taʼminlash.
4-bob. Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish
11. Hisob palatasining tuzilmasi, shtatlar jadvali va Nizomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Hisob palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan hamda keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tasdiqlanadigan rais boshchilik qiladi.
Hisob palatasining raisi Hisob palatasi raisi yoʻqligida uning faoliyatiga rahbarlik qiladigan ikkita oʻrinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Hisob palatasining masʼul xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
13. Hisob palatasining raisi:
Hisob palatasi faoliyatiga rahbarlik qiladi va uning ishini tashkil etadi;
Hisob palatasi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tekshirishlar tashkil etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Hisob palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni ijrosi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
Hisob palatasi faoliyatiga tegishli masalalarni koʻrib chiqilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va uning qoʻmitalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy majlisi palatalariga Hisob palatasining faoliyati boʻyicha yillik hisobotlarni taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Hisob palatasining, shu jumladan Davlat budjetiga tushumlarni toʻliqligini taʼminlash boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida tizimli ravishda maʼlumot berib boradi;
berilgan vakolatlari doirasida boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
14. Hisob palatasining masʼul xodimlari:
mazkur Nizom bilan belgilangan vazifa va funksiyalariga muvofiq Hisob palatasi faoliyatining aniq yoʻnalishlarini amalga oshirilishi boʻyicha masʼul boʻlgan mansabdor shaxs hisoblanadi;
oʻz vakolati doirasida oʻzlari boshchilik qiladigan yoʻnalishlar faoliyatini tashkil etish masalalarini mustaqil hal qiladi va uning natijasi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Hisob palatasi faoliyatiga tegishli masalalarning koʻrib chiqilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitalarining yigʻilishlarida, Vazirlar Mahkamasi, ijro hokimiyati organlari hayʼatlari va boshqa davlat organlar majlislarida qatnashish huquqiga ega;
oʻqituvchilik va ilmiy faoliyatdan tashqari tijorat va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlari boʻyicha Hisob palatasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisiga, raisning birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat maslahatchisining oʻrinbosariga, Hisob palatasining masʼul xodimlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezident devonining tegishli xodimlariga tenglashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Hisob palatasi xodimlariga lavozim maoshlariga nisbatan quyidagi koeffitsiyentlar qoʻllanilgan holda har oylik ustamalar toʻlanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha haq va ustamalarni hisoblashda lavozim maoshi tarkibiga kiritiladigan alohida mehnat sharoitlari uchun 0,2 miqdorida;
uzoq muddatli uzluksiz ish staji uchun quyidagi miqdorlarda: 5 yildan 10 yilgacha — 0,1; 10 yildan 15 yilgacha — 0,15; 15 yildan 20 yilgacha — 0,25; 20 yildan 25 yilgacha — 0,35; 25 yildan ortiq -0,45 ragʻbatlantirish koeffitsiyentlari qoʻshilgan holda.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Hisob palatasi xodimlari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun qoʻshimcha toʻlov va ustamalar saqlab qolinadi.
18. Hisob palatasi xodimlari uchun avvalgi ish joyi boʻyicha belgilangan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan, Hisob palatasida amalda boʻlgan mehnat sharoitlarini hisobga olgan va lavozim maoshi hamda boshqa toʻlovlar miqdori saqlangan holda foydalanadi.
19. Hisob palatasida ishlangan davri harbiy va maxsus unvonlarni olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
20. Hisob palatasida ish faoliyati davrida harbiy va maxsus unvonlar berish oldingi ish joyi boʻyicha koʻzda tutilgan tartibda tegishli harbiy va maxsus unvonlar berish uchun zarur boʻlgan muddatlar oʻtgandan soʻng amalga oshiriladi.
21. Hisob palatasi xodimlariga ularning mehnat faoliyati tugatilgandan soʻng muqaddam egallagan yoki unga teng lavozim berilishi kafolatlari taʼminlanadi, bundan xodimning malakasi yetishmasligi yoki sogʻligi holati boʻyicha egallab turgan lavozimiga noloyiqligi yoxud mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi uchun mehnat faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
22. Hisob palatasi faoliyatining ichki masalalari, masʼul xodimlari oʻrtasidagi vazifalar taqsimoti, ish yuritish tartibi, nazorat tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazish Hisob palatasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan Hisob palatasi Reglamenti bilan tartibga solinadi.
23. Hisob palatasi oʻz faoliyatini, Hisob palatasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan amaliy tizimli nazoratni taʼminlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan yillik nazorat ishlari dasturi asosida tashkil etadi. Nazorat ishlari dasturi Hisob palatasi raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati va Tashkiliy-kadrlar xizmati bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
24. Hisob palatasining faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi palatalariga taqdim etiladi.
25. Hisob palatasi taqdim etilgan vakolatlari doirasida xorijiy davlat oliy moliyaviy nazorat organlari va ularning xalqaro birlashmalari bilan aloqalarni oʻrnatadi, ular bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar tuzish huquqiga ega.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Hisob palatasining moddiy-texnik taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezident devoni Ishlar boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Hisob palatasining koʻrsatma va taqdimnomalarini bajarmaslik, maʼlumot taqdim etmaslik yoxud bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek Hisob palatasi faoliyatiga aralashish hamda yuklatilgan vazifa va funksiyalarni qonuniy ijro etilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida uning xodimlariga har qanday shaklda taʼsir koʻrsatish taqiqlanadi va qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
28.Hisob palatasini qayta tashkil yoki tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5147-son Farmoniga
4-ILOVA
Soliq va moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish va masʼuliyatini oshirish uchun faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom soliq va moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish va masʼuliyatini oshirish uchun faoliyatini baholash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda rahbar sifatida:
soliq organlarida hududiy soliq organlarining boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari;
moliya organlarida hududiy moliya organlarining boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari nazarda tutiladi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
daromadlar prognozi — soliq va budjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga asosan daromad manbalari kesimida ularning soliq solinadigan bazasini tavsiflovchi asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha ishlab chiqilgan budjet daromadlarining yigʻma koʻrsatkichlari;
tushumlarni oshirish zaxiralari — moliya organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tahlillar (oʻrganishlar) natijasida aniqlanib, tegishli soliq organlari tomonidan tasdiqlangan soliqqa tortish obyektlari.
4. Soliq va moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish va ularga intizomiy jazo qoʻllash har bir hisobot choragi davomida ularning lavozim maoshiga nisbatan ustama yoki jarima belgilash orqali amalga oshiriladi.
5. Moddiy ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror:
soliq organlarining rahbarlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining raisi;
moliya organlarining rahbarlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan qabul qilinadi.
6. Soliq va moliya organlari rahbarlariga toʻlanadigan ustama pullarini moliyalashtirish manbai Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisoblanadi.
2-bob. Soliq va moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish va masʼuliyatini oshirish uchun faoliyatini baholash mezonlari
7. Quyidagilar soliq organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo qoʻllash uchun ular faoliyatini baholashning asosiy mezonlari hisoblanadi:
umidsiz va muddati uzaytirilgan soliq qarzini hisobga olmagan holda soliqlarning yigʻiluvchanligini kamida 90 foiz miqdorida boʻlishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlar prognozini bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlarni oshirish boʻyicha aniqlangan zaxirani kamida 50 foizini undirilishini taʼminlash.
8. Quyidagilar moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo qoʻllash uchun ularning faoliyatini baholashning asosiy mezonlari hisoblanadi:
jismoniy shaxsning mol-mulkiga solinadigan soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq, aksiz soligʻi, yagona soliq toʻlovi va bozorlarning daromadi hisobidan hisobot choragidagi tegishli jami tushumning 3 foizi miqdorida qoʻshimcha tushumlar zaxirasini aniqlash;
tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlar prognozining bajarilishini taʼminlash;
budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, yagona ijtimoiy toʻlov va ijtimoiy nafaqalarni moliyalashtirishning toʻliqligi.
9. Mezonlarning hisob-kitobi tegishli hisobot choragi uchun amalga oshiriladi.
3-bob. Soliq va moliya organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish va ularga intizomiy jazo qoʻllash tartibi
10. Lavozim maoshiga nisbatan ustama miqdorlari quyidagi nisbatlarda oʻrnatiladi:
a) soliq organlarining rahbarlari uchun:
bir vaqtning oʻzida mazkur Nizomning 7-bandida keltirilgan barcha mezonlar bajarilgan holatda 20 foiz miqdorida;
mazkur Nizomning 7-bandida keltirilgan ikkita mezon bajarilgan holatda 10 foiz miqdorida.
b) moliya organlari xodimlari uchun:
bir vaqtning oʻzida mazkur Nizomning 8-bandida keltirilgan barcha mezonlar bajarilgan holatda 20 foiz miqdorida;
mazkur Nizomning 8-bandida keltirilgan ikkita mezon bajarilgan holatda 10 foiz miqdorida.
11. Lavozim maoshiga nisbatan jarima miqdori quyidagi nisbatlarda oʻrnatiladi:
a) davlat soliq xizmati organlarining rahbarlari uchun:
bir vaqtning oʻzida mazkur Nizomning 7-bandida keltirilgan barcha mezonlar bajarilmagan holatda 20 foiz miqdorida;
mazkur Nizomning 7-bandida keltirilgan ikkita mezon bajarilmagan holatda 10 foiz miqdorida.
b) moliya organlari xodimlari uchun:
bir vaqtning oʻzida mazkur Nizomning 8-bandida keltirilgan barcha mezonlar bajarilmagan holatda 20 foiz miqdorida;
mazkur Nizomning 8-bandida keltirilgan ikkita mezon bajarilmagan holatda 10 foiz miqdorida.
12. Jarima Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 182-moddasiga asosan qoʻllaniladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Mazkur Nizomning 7 va 8-bandlarida keltirilgan barcha mezonlar bajarilganligi uchun tegishli budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan hududiy soliq va moliya organlarining masʼul xodimlariga har chorak yakuni boʻyicha lavozim maoshining 50 foizi miqdorida mukofot toʻlanadi.
14. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi PF-5147-son Farmoniga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim Farmonlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 4-fevraldagi “Hisob-kitob mexanizmini takomillashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga toʻlovlar tushishini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida” PF-1923-son Farmonining 4 va 5-bandlari, shuningdek uning ilovasi;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 21-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasini tashkil etish toʻgʻrisida” PF-3093-son Farmonining 1-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari va 4-bandi;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 4-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish toʻgʻrisida” PF-3592-son Farmoni.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 796-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 06/17/5283/0407-son, 31.10.2018-y., 06/18/5565/2138-son; 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son, 19.09.2019-y., 06/19/5831/3773-son; 31.10.2020-y., 06/20/6098/1432-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 06/21/6300/0834-son)