toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq yukini izchillik bilan kamaytirish va qulay shart-sharoitlarni yaratishni ta’minlaydigan soliq tizimi shakllantirilgan.
Shu bilan birga, soliq ma’muriyatchiligi sohasida, shu jumladan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishda muayyan muammolarning mavjudligi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi dasturlarini moliyalashtirishning barqaror manbalarini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, xususan:
birinchidan, soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish holati soliq ma’muriyatchiligining shaffofligini, soliq solish masalalarida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish hamda nazorat samaradorligini, shuningdek davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlamayapti.
Soliq to‘lovchilarning, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlarining ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydigan “soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti”dan foydalanish manfaatdorligini oshirish bo‘yicha faol ish tashkil etilmagan;
ikkinchidan, soliq organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi soliq solish obyektlarini to‘liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirish, shuningdek soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida yig‘ish uchun mavjud resurslarni safarbar qilish imkonini bermayapti;
uchinchidan, soliqqa oid huquqiy munosabatlarning ahvoli va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish, soliq siyosatining o‘rta muddatli va istiqbolli yo‘nalishlarini ishlab chiqish, soliq solishning dolzarb muammolarini tadqiq etish, shuningdek budjetga soliq tushumlarini ishonchli prognozlashtirish faoliyati takomillashtirishni talab qilmoqda;
to‘rtinchidan, soliq nazoratini tashkil qilish mexanizmlarining mukammal emasligi, shu jumladan soliq tekshiruvi obyektlarining zarur tahlilsiz belgilanishi soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlash va ularni barvaqt profilaktika qilish samaradorligini pasaytirmoqda;
beshinchidan, soliq nizolarini sudgacha hal etish – soliq apellyatsiyasi instituti imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi soliq to‘lovchilarning sud organlariga murojaatlari ko‘payishiga olib kelmoqda;
oltinchidan, soliq solish tizimining murakkabligi va bir xil soliq solish bazasiga ega soliqlarning yetarli darajada unifikatsiya qilinmaganligi, soliq qonunchiligining o‘zgaruvchanligi soliq to‘lovchilar tomonidan o‘z soliq majburiyatlarini to‘liq bajarish imkonini bermayapti;
yettinchidan, soliq organlarining Davlat budjetiga tushumlar to‘liqligini ta’minlash faoliyati ustidan tashqi nazorat mexanizmlarining mavjud emasligi soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish va soliq to‘lovchilarni hisobga olish imkonini bermayapti;
sakkizinchidan, soliq to‘lovchilarning soliqlarni to‘lash bo‘yicha o‘z konstitutsiyaviy burchini ixtiyoriy bajarishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan, ayniqsa, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni takomillashtirish talab etiladi;
to‘qqizinchidan, bozorlar va savdo komplekslari faoliyati ustidan samarali soliq nazorati o‘rnatilmaganligi mahalliy budjetlarni to‘ldirish uchun mavjud rezervlarni to‘liq safarbar qilish, shuningdek naqd pul mablag‘larining kafolatli qaytishini ta’minlamayapti;
o‘ninchidan, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish ko‘rsatkichlarini yaxshilash, korrupsiya ko‘rinishlarini profilaktika qilish, shuningdek soliq organlarida xizmat qilishga halol va yuqori malakali kadrlarni jalb etish maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidagi soliq solish tizimini izchillik bilan soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish orqali soliq yukini pasaytirish kabi vazifalar ijrosi yuzasidan, shuningdek soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlari hisoblansin:
birinchidan, soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish;
ikkinchidan, soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazaning o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta’minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan ishonchli axborotni o‘z muddatida taqdim etish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish;
uchinchidan, soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;
to‘rtinchidan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish obyektlarini to‘liq qamrab olishni ta’minlash va soliq solinadigan bazani kengaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish;
beshinchidan, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko‘maklashish, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;
oltinchidan, soliq solish masalalarida, shu jumladan respublika va mahalliy budjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;
yettinchidan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, soliq organlarini ma’naviy-axloqiy jihatdan yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.
2. Belgilansinki, 2018-yil 1-yanvardan:
soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq ta’tillari berilishi mumkin;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 11-bobi.
o‘tkazilgan kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etiladi;
ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi;
davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolati beriladi;
Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma’lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta’minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etiladi, respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritiladi;
soliq tekshiruvi obyektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish, shuningdek soliq organlari tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish hajmining doimiy hisobi va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi;
davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi, natijasi bo‘yicha soliq solinadigan bazani aniqlashtiradi.
3. Davlat soliq xizmati organlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan cheklangan shtat soni 41 nafardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilsin, unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
soliq solish tizimi, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini tahlil qilish va baholash asosida budjet daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta’minlash;
soliqlar turlari va hududlar kesimida soliq va bojxona to‘lovlarining yig‘iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, uning tarmoq va hududlar kesimida pasayishiga ta’sir etuvchi omillar va ularning oqibatlarini aniqlash;
hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va soliq to‘lash salohiyatini hisobga olgan holda Davlat budjeti daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash;
soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, manzilli yo‘nalishlar va nazorat dasturlarini, shu jumladan soliq va boshqa moliya organlarining axborot tizimlari ma’lumotlarini tahlil va monitoring qilish asosida shakllantirish;
davlat organlari va tashkilotlarining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma’lumotlar bazalarining ishonchliligini baholash;
daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yig‘iluvchanligi va soliq to‘lovchilar hisobining to‘liqligini ta’minlashda moliya va soliq organlarining mas’uliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama ko‘maklashish choralarini ko‘rish.
4. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturda ko‘rsatilgan vazirlik va idoralar rahbarlari unda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar:
soliq to‘lovchilarga davlat soliq xizmati organlarining barcha davlat xizmatlaridan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron foydalanish imkoniyatini ta’minlasin;
soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq nazoratini takomillashtirish maqsadida soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga taqdim etiladigan axborotning mazmunini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin;
barcha manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, statistika, adliya, prokuratura organlari, sudlar, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK korxonalarining soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga integratsiya qilinishini ta’minlasin;
tadbirkorlik subyektlarini elektron raqamli imzo bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlarining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma’lumotlar bazasi ishonchliligini auditdan o‘tkazsin.
12. 2018-yil 1-yanvardan boshlab davlat soliq xizmati organlari xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-son qarorining amal qilishi tatbiq etilsin.
13. 2021-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dasturni amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan uskuna, dasturiy va moddiy-texnik vositalar bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Hisob palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari va Hisob palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-sonli “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari V.A. Golishev va O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmon “Xalq so‘zi” gazetasining 2017-yil 19-iyuldagi 141 (6835)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-iyul,
PF-5116-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi PF-5116-son Farmoniga
1-ILOVA
Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbirlarning nomlanishi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddatlari

Mas’ul ijrochilar

I. Soliq to‘lovchilar va soliq solish obyektlarining o‘z vaqtida va to‘liq hisobga olinishini yanada ta’minlash, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish

1.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan va halol soliq to‘lovchi hisoblangan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq ta’tillari berish tartibini belgilash.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Markaziy bank (M. Nurmuratov)

2.

O‘tkazilgan kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan hollarda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirishning sud tartibini joriy etish.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Oliy sud (K. Kamilov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

3.

Soliq maslahatchilari instituti faoliyatini takomillashtirish.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),
DSQ (B. Parpiyev), Adliya vazirligi (M. Ikramov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

4.

Davlat soliq xizmati organlarining xo‘jalik yurituvchi subyektlarning talab qilib olinadigan asosiy depozit hisob raqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning valyuta mablag‘laridan soliq qarzini undirish tartibini joriy etish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning valyuta hisob raqamlariga taqdimnomalar qo‘yilishini bekor qilish.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2017-yil
1-oktabr

DSQ (B. Parpiyev),

Oliy sud (K. Kamilov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Markaziy bank (M. Nurmuratov), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

5.

Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va muqaddam tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarga bankrotlikning qo‘llanishini nazarda tutadigan bankrotlik tartib-taomillarini takomillashtirish.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Davlat raqobat qo‘mitasi (R. Gulyamov),

Oliy sud (K. Kamilov),
Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

7.

Xorijiy tajribani o‘rganish asosida soliq hisoboti shakllarini unifikatsiya qilish va soddalashtirish.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2018-yil
1-fevral

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

DSQ (B. Parpiyev),

Adliya vazirligi (M. Ikramov)

II. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va soliq nazorati jarayonini avtomatlashtirish

8.

Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma’lumotlarning onlayn rejimida uzatilishini ta’minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimini joriy etish, respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizimni bosqichma-bosqich kiritish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2017-yil
1-sentabr

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),

Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova)

9.

Soliq tekshiruvi obyektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish.

Kompleks
chora-tadbirlar

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov),

Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova)

10.

Soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq nazoratini takomillashtirish maqsadida soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga taqdim etiladigan axborotlarning mazmunini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish.

O‘rganish o‘tkazish

2018-yil
1-yanvar

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov), manfaatdor vazirlik va idoralar

11.

Soliq solishning yangi obyektlari va soliq solinadigan bazani (ko‘chmas mol-mulk, uning huquqiy maqomi o‘zgarishi, soliq to‘lovchilar soni, berilgan ijro hujjatlari, energiya resurslarining quvvati va haqiqiy iste’moli hamda boshqalar haqidagi ma’lumotlar) kengaytirish bo‘yicha axborotlarni taqdim etish maqsadida “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, statistika, adliya, prokuratura organlari, sudlar, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AK korxonalari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga integratsiya qilinishini ta’minlash.

Kompleks
chora-tadbirlar

2018-yil
1-yanvar

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),

DSQ (B. Parpiyev),

“Yergeodezkadastr” davlat
qo‘mitasi (A. Abdullayev),

Davlat statistika qo‘mitasi
(B. Begalov),
Adliya vazirligi (M. Ikramov),
Oliy sud (K. Kamilov),“O‘zbekneftgaz” MXK (A. Sultanov), “O‘zbekenergo” AJ (U. Mustafoyev)

12.

Tadbirkorlik subyektlarini elektron raqamli imzo bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish.

Tashkiliy tadbirlar

2018-yil
1-yanvar

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov), Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova)

13.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarga barcha davlat xizmatlarini elektron shaklda, shu jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish tizimini joriy etish.

Kompleks
chora-tadbirlar

2018-yil
1-yanvar

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov), manfaatdor vazirlik va idoralar

14.

Soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2017-yil
15-avgust

DSQ (B. Parpiyev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

15.

Avtomatlashtirilgan hisob tizimini (“onlayn” rejimida) joriy etish yo‘li bilan alkogolli va tamaki mahsulotlari, tabiiy gaz, neft mahsulotlari va o‘simlik yog‘iga soliq solish hisobining to‘liqligini ta’minlash uchun ularni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmining jismoniy ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etish tartibini belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), “O‘zbekneftgaz” MXK (A. Sultanov), “O‘zvinosanoat-xolding
(Sh. Raximov), “O‘zbekozikovqat-xolding” XK (T. Jalilov), manfaatdor vazirlik va idoralar

III. Soliq nazorati shakllari va uslublarining samaradorligini yanada oshirish

16.

Soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining yangi shakli — soliq monitoringini joriy etish.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),
Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

17.

Soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajaradigan halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini joriy etish.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

DSQ (B. Parpiyev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

18.

Internet tarmog‘ida savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida soliq nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

19.

Soliq nazoratini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarida rejali tekshirishlar o‘tkazish uchun soliq to‘lovchilarni tanlab olish asoslarini aniqlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi

2017-yil
1-dekabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova),

Bosh prokuratura (I. Abdullayev)

Adliya vazirligi (M. Ikramov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

20.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni “yirik soliq to‘lovchilar” toifasiga kiritishning aniq mezonlarini belgilash.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova),
Adliya vazirligi (M. Ikramov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

21.

Kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni davlat soliq xizmati organlari tomonidan 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolatini amalga oshirish mexanizmini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2017-yil
1-dekabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Markaziy bank (M. Nurmuratov),
Bosh prokuratura (I. Abdullayev),

Adliya vazirligi (M. Ikramov)

22.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish, shuningdek, soliq solinadigan bazani aniqlashtirish tartibini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),
Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Mehnat vazirligi (A. Abduxakimov), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

IV. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni unifikatsiya qilish va soddalashtirish

23.

Quyidagilar orqali soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni unifikatsiya qilish, shuningdek, soliq solishni soddalashtirish:

bir xil soliq solish obyektlariga ega bo‘lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni birlashtirish;

tovar aylanmasidan kelib chiqqan holda, tayyorlov tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovini to‘lash tartibini belgilash;

soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash uchun qo‘shimcha mezon (oborotning chegaraviy miqdori) joriy etish va ushbu miqdor oshgan korxonaga, kichik tadbirkorlik subyekti maqomini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha soliq majburiyatlarini belgilash.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

DSQ (B. Parpiyev),

Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov), manfaatdor vazirlik va idoralar

24.

Quyidagilarni:

borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda faoliyatini amalga oshiradigan, shuningdek, dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun optimallashtirilgan qatiy soliq stavkalarini;

alkogolli mahsulotlar hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan buyumlarni chakana sotish huquqi uchun yig‘imning hududlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalarini;

avtomobil transportida yuk tashish xizmatlari uchun yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovini yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliqdan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lash tartibini belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi

2017-yil
1-dekabr

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

DSQ (B. Parpiyev),
Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov), manfaatdor vazirlik va idoralar

25.

Quyidagilar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va kiritish:

yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning kassasiga kelib tushgan naqd pullar bilan hisob-kitob qilish va naqd pullarni xarajat qilishning cheklangan miqdorini belgilash;

ish o‘rinlarini va mehnatga haq to‘lash fondini ixtiyoriy legallashtiradigan tadbirkorlik subyektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkalarini bosqichma-bosqich pasaytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi

2017-yil
1-dekabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov), manfaatdor vazirlik va idoralar

26.

Tashkilotlarni tibbiyot muassasalari toifasiga kiritishning aniq mezonlarini belgilash, shuningdek, imtiyozlarning faqat tibbiy xizmatlar qismida taqdim etilishini aniqlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi

2017-yil
1-oktabr

DSQ (B. Parpiyev),

Sog‘liqni saqlash vazirligi
(A. Shadmanov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

27.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali xo‘jalik yurituvchi subyektlarning qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘langan summalarini qaytarish bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonini qisqartirishni nazarda tutgan holda, eksport qiladigan korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish mexanizmini soddalashtirish.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2017-yil
1-noyabr

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

DSQ (B. Parpiyev), DBQ (M.Toxiriy),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

28.

Ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat qilgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida qaytarish yoki hisobga olish tartibini belgilash.

Qonun loyihasi

2017-yil
1-noyabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

V. Davlat soliq xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va boshqa tashkiliy chora-tadbirlar

29.

Quyidagilarga qaratilgan Davlat soliq xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish;

davlat soliq xizmati organlarining binolarini kapital qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash;

chora-tadbirlarni moliyalashtirishning aniq manbalarini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasiga ajratmalar miqdorini oshirish hisobidan belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2017-yil
1-sentabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Markaziy bank (M. Nurmuratov)

30.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga berilishi munosabati bilan davlat soliq xizmati organlarining vazifa va funksiyalari, tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2017-yil
1-dekabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

31.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning soliq organlari va o‘quv yurtlari bilan tajriba almashishni kengaytirish.

Kompleks
chora-tadbirlar

2017-yil
1-sentabr

DSQ (B. Parpiyev),

TIV (A. Kamilov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Oliy ta’lim vazirligi (I. Majidov)

32.

Davlat soliq xizmati organlarining mas’uliyati, ochiqligi, shaffofligini oshirish va soliq to‘lovchilarning o‘zaro hamkorlik natijalaridan qanoatlanganligini nazarda tutadigan faoliyatini baholash, shuningdek, ular xodimlarining xizmat ko‘rsatish tezkorligi, vakolatliligi va xushmuomalaligi ko‘rsatkichlarini baholash mexanizmini ishlab chiqish hamda joriy etish.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2017-yil
15-oktabr

DSQ (B. Parpiyev),

Adliya vazirligi (M. Ikramov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramo�)

33.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini, shu jumladan, xodimlarni ularning ish natijalarini hisobga olgan holda yakka tartibda rag‘batlantirish tartibini joriy etish orqali takomillashtirish.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi buyrug‘i

2017-yil
15-sentabr

DSQ (B. Parpiyev),

Adliya vazirligi (M. Ikramov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev)

34.

Mehnatning ko‘chib yurish xususiyati bilan bog‘liq bo‘lgan xizmat vazifalarini bajaradigan davlat soliq xizmati organlari xodimlariga pul kompensatsiyasi to‘lash yoki shahar yo‘lovchi transportidan (marshrut va yo‘nalishli taksilardan tashqari) foydalanish uchun oylik yo‘l kartochkalari berish tartibi va miqdorini tasdiqlash.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi buyrug‘i

2017-yil
15-sentabr

DSQ (B. Parpiyev)

35.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining formali (maxsus) kiyim-boshi va farqlovchi belgilarining yangi namunalarini tasdiqlash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2017-yil
1-sentabr

DSQ (B. Parpiyev),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev)

36.

Davlat soliq xizmati organlarida formali (maxsus) kiyim-boshni kiyib yurish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi buyrug‘i

2017-yil
15-sentabr

DSQ (B. Parpiyev)

37.

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha mablag‘lar yig‘ilishini amalga oshirish uchun uchastka soliq inspektorlarini to‘lov terminallari bilan ta’minlash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi

2017-yil
1-oktabr

DSQ (B. Parpiyev),

Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Moliya vazirligi (B. Xodjayev),

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Izoh: Normativ-huquqiy hujjatlar turlari o‘zgarishi, shuningdek, tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PF-5387-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 29-son, 684-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)