toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bazaviy tarmoqlar korxonalari aktivlaridan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari korxonalarining ixtisosli boʻlmagan va foydalanilmayotgan aktivlaridan samarali va maqsadli foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ixtisosli boʻlmagan korxonalar mavjudligi, shuningdek bazaviy tarmoqlar korxonalaridagi foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlar yaxlit xatlovdan oʻtkazilganligi va shu asosida ulardan bundan buyon samarali foydalanishga doir takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
ommaviy savdolarda xususiy mulkka sotiladigan obyektlar va xoʻjalik jamiyatlari ulushlari roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat mulki sifatida operativ boshqarish uchun bepul beriladigan, shuningdek keyinchalik ulardan samarali foydalanish uchun boshqa tashkilotlarga mulk qilib beriladigan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Bunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat mulki sifatida operativ boshqarish uchun beriladigan obyektlardan foydalanish va ularni saqlab turish xarajatlari 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlar qismiga kiritilishi belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” MXK va “Oʻzbekenergo” AJning 3-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha foydalanilmayotgan asosiy vositalar va obyektlarni belgilangan tartibda ikki yil muddatga konservatsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Belgilansinki, konservatsiya qilish boʻyicha tadbirlar, konservatsiya qilingan asosiy vositalar va obyektlarni qoʻriqlash balansda saqlovchi tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobiga taʼminlanadi.
Konservatsiya qilish ishlab chiqarish hajmlari pasayishiga olib kelmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJ:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qarorning 1-ilovasiga kiritilgan obyektlarni va xoʻjalik jamiyatlari ulushlarini baholash va ommaviy savdolarga qoʻyish jadvallarini oʻn kun muddatda tasdiqlasinlar;
ushbu qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan obyektlarni qoldiq balans qiymat boʻyicha ulardan keyinchalik samarali foydalanish uchun bir oy muddatda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga bepul bersinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga* muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-iyun,
443-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 594-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; 07.07.2020-y., 09/20/425/1034-son; 05.05.2021-y., 09/21/266/0417-son)