1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.04.00 Soliq toʻlovchilarning ayrim toifalariga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari]
[TSZ:
1.Moliya / Soliqlar (yigʻimlar, bojlar)]
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 22-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2892]
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-iyun,
69-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-iyun,
2017-24-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 5-iyundagi 69 va 2017-24-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 1551-moddasiga muvofiq aksiyalar Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlarining birja bozori (bundan fond birjasida aksiyalarni realizatsiya qilish mustasno) va uyushgan birjadan tashqari bozorida (bundan buyon matnda qimmatli qogʻozlar bozori deb yuritiladi) realizatsiya qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining (bundan buyon matnda soliq deb yuritiladi) ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom aksiyalar qimmatli qogʻozlar bozorida bir yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti (bundan buyon matnda aksiyalarni sotuvchi deb yuritiladi) tomonidan boshqa yuridik shaxsga — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga, jismoniy shaxsga — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga yoki rezidentiga realizatsiya qilinganda yuzaga keladigan munosabatlarga tatbiq etiladi.
2. Aksiyalar qimmatli qogʻozlar bozorida realizatsiya qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlari bozoridagi hisob-kitob-kliring palatasi soliq agenti deb eʼtirof etiladi.
2-bob. Soliq agenti tomonidan soliqni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va budjetga oʻtkazish
3. Soliqni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va budjetga oʻtkazish soliq agenti tomonidan toʻlov valyutasida amalga oshiriladi.
4. Soliq agenti realizatsiya qilingan aksiyalarning qiymati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 160-moddasining 4-bandida belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda soliqni hisoblab chiqaradi.
5. Soliq summasi aksiyalar sotuvchisining hisobiga aksiyalar qiymatini toʻlash hisobidan pul mablagʻlarini oʻtkazish bilan bir vaqtda budjetga oʻtkaziladi.
6. Chet el valyutasida ushlab qolingan soliq summasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankida ochilgan 20204-sonli valyuta hisobvaragʻiga (bundan buyon matnda valyuta hisobvaragʻi deb yuritiladi) aksiyalar sotuvchisi va soliq summasini koʻrsatilgan holda oʻtkaziladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
Agar aksiyalar sotuvchisi soliq agentining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi arizani valyuta hisobvaragʻiga oʻtkazilgan sanadan boshlab 30 kun ichida taqdim etmasa, ushbu summa belgilangan tartibda milliy valyutaga almashtiriladi va ushbu summa budjetga oʻtkaziladi.
7. Soliq agenti bitim summasi va soliqning ushlab qolingan summasi toʻgʻrisida aksiyalarni sotuvchisining talabiga koʻra maʼlumotnoma berishi shart.
3-bob. Soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish uchun aksiyalar sotuvchisi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar
8. Soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish uchun aksiyalar sotuvchisi soliq agentining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi arizani (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) taqdim etadi.
Arizaga aksiyalarni realizatsiya qilish va olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari hamda soliq agenti tomonidan berilgan bitim summasi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining ushlab qolingan summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Aksiyalarni realizatsiya qilishni tasdiqlovchi hujjatga ushbu aksiyalar egasini (mulkdori) oʻzgarishiga olib keladigan bitim kiradi.
Aksiyalarni olishni tasdiqlovchi hujjatga oldi-sotdi, talab qilib olish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish, almashtirish, garov yoki novatsiya shartnomasi (kontrakti), shuningdek aksiyalar sotuvchisining egaligiga (mulkiga) oʻtish uchun asos boʻlgan sud qarori kiradi.
9. Ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar, aksiyalar sotuvchisi tomonidan shaxsan yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan taqdim etiladi. Ariza vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilganda, ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda ushbu vakolatli shaxs arizani taqdim etish uchun asos boʻlgan ishonchnomani ham taqdim etadi.
10. Davlat soliq xizmati organi xodimi ushbu Nizomning 8 va 9-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarni roʻyxat boʻyicha qabul qiladi va hujjatlarni qabul qilib olish sanasi va roʻyxati koʻrsatilgan tilxatni topshiradi. Tilxat hujjatlar berilgan kunda topshirilishi kerak.
11. Agar arizaga ushbu Nizomning 8 va 9-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinmagan, shuningdek ariza tegishli tartibda toʻldirilmagan boʻlsa davlat soliq xizmati organi xodimi arizani qabul qilishni rad etadi.
4-bob. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan aksiyalarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlarni hamda soliqning ortiqcha toʻlangan summasini aniqlash
12. Aksiyalarni realizatsiya qilishdan olingan daromad aksiyalarni realizatsiya qilish qiymati bilan olish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
13. Aksiyalarni realizatsiya qilishdan olingan daromad, agar aksiyalarga egalik huquqi (mulk huquqi) hadya tartibida oʻtgan boʻlsa, aksiyalarni realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
14. Agar aksiyalarga egalik huquqi (mulk huquqi) talab qilish huquqidan boshqa shaxsning foydasiga voz kechish, almashtirish, garov shartnomalari yoki novatsiya, shuningdek sud qarori asosida oʻtsa, aksiyalarni olish qiymati ushbu hujjatlarda koʻrsatilgan aksiyalarning qiymati asosida aniqlanadi.
15. Agar aksiyalarning oldi-sotdisi boʻyicha amalga oshirilgan bitimlar valyutasi toʻlov valyutasidan farq qilsa, aksiyalarni realizatsiya qilishdan olingan daromad bitim valyutasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Agar aksiyalarni realizatsiya qilish qiymati va (yoki) uning olish qiymati har xil (turli xil) chet el valyutasida ifodalangan boʻlsa, u holda aksiyalarni realizatsiya qilishdan olingan daromad Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 4-martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) 1-ilovasining Yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobini toʻldirish tartibiga asosan amalga oshiriladi.
16. Soliq summasi aksiyalarni realizatsiya qilishdan olingan daromad va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 160-moddasining 4-bandida belgilangan stavkadan kelib chiqib aniqlanadi.
17. Soliqning ortiqcha toʻlangan summasi mazkur Nizomning 2-bobiga asosan soliq agenti tomondan hisoblangan va ushlab qolingan soliq summasi bilan mazkur Nizomning 16-bandiga muvofiq davlat soliq xizmati organi tomonidan hisoblangan soliq summasi oʻrtasidagi ijobiy farq asosida aniqlanadi.
5-bob. Chet el valyutasida soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish
18. Soliq agenti tomonidan soliq chet el valyutasida ushlab qolinganda soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish mazkur valyutada aksiyalar sotuvchisiga ushbu Nizomning 19-bandida belgilangan shartlar bajarilganda amalga oshiriladi.
19. Agar aksiyalar sotuvchisi soliq valyuta hisobvaragʻiga oʻtkazilgan sanadan boshlab 30 kun ichida ariza bergan boʻlsa, soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish chet el valyutasida amalga oshiriladi. Agar ariza soliq valyuta hisobvaragʻiga oʻtkazilgan sanadan boshlab 30 kun oʻtganidan keyin biroq soliqlar boʻyicha daʼvo muddati doirasida taqdim etilgan boʻlsa, soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish ushbu Nizomning 6-bobida belgilangan tartibda milliy valyutada amalga oshiriladi.
20. Soliq agentining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organi 4 ish kuni ichida:
taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va soliqning ortiqcha toʻlangan summasini aniqlaydi;
arizada koʻrsatilgan valyutada ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi xulosani (bundan buyon matnda xulosa deb yuritiladi) rasmiylashtiradi va uni yuqori turuvchi soliq boshqarmasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
21. Tegishli soliq boshqarmasi xulosani olganidan keyin 2 ish kunidan kechiktirmay uni asoslanganligini tekshiradi. Ushbu tekshiruv natijalari boʻyicha xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasiga kelishish uchun taqdim etiladi yoki aniq kamchiliklarni koʻrsatgan holda qayta ishlash uchun qaytariladi.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
Bunda, soliq agentining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organi 2 ish kun ichida tegishli davlat soliq boshqarmasiga qayta ishlangan xulosani taqdim etishi lozim.
22. Xulosani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi 2 ish kunidan kechiktirmasdan soliqning ortiqcha toʻlangan summasini xulosada koʻrsatilgan valyutada qaytaradi yoki aniq kamchiliklarni koʻrsatgan holda qayta ishlash uchun qaytaradi.
Bunda, soliq boshqarmasi 2 ish kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasiga qayta ishlangan xulosani taqdim etishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarganidan keyin chet el valyutasidagi soliqning qolgan summasini belgilangan tartibda realizatsiya qiladi va milliy valyutadagi soliq summasini daromadning tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaragʻini koʻrsatgan holda Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazadi va bu haqda soliq agentining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organini xabardor qiladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
23. Soliq agentining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi xabardor qilgan sanadan boshlab 2 ish kun ichida norezidentning shaxsiy kartochkasiga soliqni hisoblash toʻgʻrisidagi farmoyishni rasmiylashtiradi va soliqning tushgan summasini hisobga oladi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
6-bob. Soliqning ortiqcha toʻlangan summasini milliy valyutada qaytarish
24. Agar soliq agenti soliqni milliy valyutada ushlab qolgan boʻlsa, u holda soliqning ortiqcha toʻlangan summasi ham milliy valyutada qaytariladi.
25. Ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan hollarda ham soliqning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish milliy valyutada amalga oshiriladi. Bunda, soliqning ortiqcha toʻlangan summasi ushlab qolingan soliqni vakolatli bankka realizatsiya qilish kunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha aniqlanadi.
26. Soliqning ortiqcha toʻlangan summasini milliy valyutada qaytarish Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 57-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
7-bob. Yakuniy qoida
27 Davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim etilayotgan xulosalarning toʻgʻriligiga va oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javobgarlik tegishli davlat soliq xizmati organining rahbarlariga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining ortiqcha toʻlangan summasini qaytarish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
___________________________________________________________________________________ tomonidan (soliq agentining nomi)
_________________________________________________________ summadagi yuridik shaxslardan olinadigan
(oʻtkazilgan soliq summasi va uning valyutasi koʻrsatiladi)
foyda soligʻi ushlab qolingan va oʻtkazilgan.
Olish narxini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilganda aniqlandiki soliqning ortiqcha toʻlangan
summasi __________________________________________________________________________ tashkil etdi.
(soliqning ortiqcha toʻlangan summasi va valyutasi koʻrsatiladi)
Shu sababli, arizada koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga ushbu summani qaytarish lozim.
Soliq inspeksiyasi boshligʻi _____________________________________________
_________________
(F.I.O.)
(imzo)
20__ yil “____” __________________
M.Oʻ.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 25-son, 563-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)