toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 15-martdagi PQ-2834-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlarining normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va ilm-fan masalalari axborot-tahlil departamentiga va Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-iyun,
350-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyundagi 350-son qaroriga
1-ILOVA
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb ataladi) va uning hududiy filiallarining hamda Universitet huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazining (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’lim sifatini oshirishga hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qaratilgan ustuvor va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etildi.
3. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining g‘aznachiligida ochilgan Universitet maxsus budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi.
Jamg‘arma yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil etiladi.
2-bob. Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
4. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari etib hisoblanadi:
Universitet uchun o‘quv darsliklar va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, shu jumladan xorijiy adabiyotlarni xarid qilish;
Universitetning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash;
“Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnal nashr etilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
Universitet va Markazning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tanlov asosida moliyalashtirish, ularning ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash;
Universitetning iqtidorli talabalari, professor-o‘qituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Universitetda dars berish va Markazda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish.
3-bob. Jamg‘armani boshqarish
5. Jamg‘armani boshqarish Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Universitet Vasiylik kengashining tarkibi qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Universitetning Vasiylik kengashi ushbu Nizom talablaridan kelib chiqqan holda Jamg‘armaning mablag‘laridan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari va shartlarini belgilaydi.
7. Universitet Vasiylik kengashi yig‘ilishlari har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
8. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish monitoringini olib borish, mablag‘larning hisob va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat ko‘rsatish ishlari Universitetning moliya-iqtisod bo‘limi hamda buxgalteriyasi tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi
9. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lovdan tushadigan mablag‘larning 1,0 foiz miqdoridagi ajratmalar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklaridagi depozitlarda joylashtirishdan tushgan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa tushumlar.
(9-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
10. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari olib qo‘yilmaydi va keyingi yilda ushbu Nizomda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanadi.
5-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi
11. Jamg‘arma mablag‘laridan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ekspertizadan o‘tgan va Universitet Vasiylik kengashiga taqdim qilingan axborot va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni ushbu Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun Universitet Vasiylik kengashi tomonidan moliya yili uchun tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
6-bob. Hisob, hisobot va nazorat
12. Jamg‘arma mablag‘larining hisob va hisoboti Universitetining budjetdan tashqari mablag‘laridan bo‘lak holda alohida yuritiladi.
13. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot Universitet Vasiylik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi hamda har yili 15-martgacha tasdiqlanadi.
14. Jamg‘arma mablag‘laridan asosli va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyundagi 350-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2002-yil 7-noyabrdagi 385-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2002-y., 21-son, 169-modda):
a) 1-banddagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” so‘zlari “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 2-banddagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining” so‘zlari “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
2. Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2012-yil, 39-son, 453-modda):
a) qarorga 1-ilova “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazlari” bo‘limining 2-bandi “Mintaqaviy va tarmoq markazining nomi” ustunidagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” so‘zlari “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” so‘zlari bilan almashtirilsin.
b) 2-ilovadagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” bloki “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” bloki bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasini yanada rivojlantirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish to‘g‘risida” 2012-yil 19-dekabrdagi 356-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-yil, 12-son, 87-modda) bilan tasdiqlangan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomning 4-bandi uchinchi xatboshidagi “15” raqami “14” raqami bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning mintaqaviy filiallari tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida” 2013-yil 28-iyundagi 188-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2013-y., 27-son, 352-modda) rus tilidagi matnida:
a) qarorning nomidagi, 1 va 2-bandlardagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin;
b) 1, 2, 3-ilovalarning nomidagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida o‘quv yuklamasining hajmlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2013-yil 23-dekabrdagi 337-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2013-y., 52-son, 691-modda) rus tilidagi matnida:
a) qaror nomidagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin;
b) 1-banddagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin;
v) qarorga 1-ilovaning nomidagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo‘yicha malakasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2014-yil 27-martdagi 73-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 3-son, 30-modda) rus tilidagi matnida:
a) 1-banddagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin;
b) qarorga 3a-ilovaning nomidagi “texnologiy” so‘zidan keyin “imeni Muxammada al-Xorazmiy” so‘zlari qo‘shilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2018-y., 09/18/318/1108-son)
8. Vazirlar Mahkamasining “Elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 12-avgustdagi 262-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 8-son, 78-modda) 2-ilovaning 14 va 15-bandlarining “Mas’ul bajaruvchilar” ustunidagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” so‘zlari “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 23-son, 474-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2018-y., 09/18/318/1108-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)