1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablagʻ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.05.00 Xorijdan mablagʻ jalb qilish;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.03.00.00 Turizm. Ekskursiyalar. Mehmonxona xoʻjaligi / 14.03.01.00 Turizm;
3.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.02.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Turizm;
2.Moliya / Investitsiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmoniga muvofiq va turizm sohasida biznesni yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ilovaga muvofiq ayrim farmonlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-may,
PF-5033-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PF-5033-son Farmoniga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-son Farmonida:
a) 1-banddagi “mahsulotlarni ishlab chiqarishga” soʻzidan keyin “(xizmatlar koʻrsatishga)” soʻzlari qoʻshilsin;
b) ilovaga quyidagi mazmundagi 21-band qoʻshilsin:
“21. Turizm (imtiyozlar 2017-yil 1-iyundan boshlab qoʻllaniladi):
mehmonxona xizmatlari;
turistik xizmatlar.”
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-dekabrdagi PF-4861-son Farmonining 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Yuridik shaxslar:
belgilangan tartibda sertifikatlangan kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirilgan sanasidan boshlab ular yuridik shaxslarning foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻi, shuningdek yuridik shaxslarning yagona soliq toʻlovi;
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, mehmonxona va motellar qurish va qayta taʼmirlash uchun olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnikalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar uchun bojxona toʻlovlari (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan 5 yil muddatga ozod qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, turizm faoliyati subyektlari tomonidan turistlarni tashish uchun moʻljallangan, sigʻimi 9 kishidan ortiq boʻlgan yangi avtotransport vositalari sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim transport vositalari sotib olish qiymatining 3 foizi miqdorida undiriladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 19-son, 332-modda)