Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda ichimlik suvi taʼminoti tizimini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalar hayotga izchil tatbiq etilishi shahar va tumanlar, jumladan, qishloq joylarda markazlashtirilgan suv taʼminoti holatini tubdan yaxshilash imkonini berdi.
Shu bilan birga, ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, foydalanilgan suvlarni oqizish (kanalizatsiya) hamda oqova suvni tozalash xizmatlarini tashkil etish sohasidagi qonunchilik va meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq hal etilmagan qator muammolar mavjud.
Ushbu muhim vazifalarni inobatga olgan holda, mazkur Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — “Davsuvinspeksiya”) tashkil etildi. Inspeksiyaning asosiy vazifalari etib:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, kanalizatsiya hamda oqova suvlarni tozalash xizmatlari koʻrsatishni texnik tartibga solishga oid qonunchilik va meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etish;
suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlari tomonidan suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini texnologik jarayon va energiya tejashni takomillashtirishga qaratilgan texnik auditdan oʻtkazish;
suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga ulanish boʻyicha texnik shartlar talabiga rioya etish, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi obyektlaridan foydalanish holati va sharoitlari, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimida nosozliklar va avari� holatlarining oldini olish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, ichimlik suvi isrof boʻlishining oʻrnatilgan meʼyorlardan oshmasligi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha erosti suv quduqlaridan foydalanish holati va sharoitlari ustidan davlat nazoratini taʼminlash belgilandi.
“Davsuvinspeksiya” oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun:
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha toifadagi suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari, shuningdek, suv chiqarish quduqlarini oʻz vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha oʻrganish;
yuridik va jismoniy shaxslarning obyektlari, shuningdek, turar joylarda suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etish boʻyicha belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazish;
suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasidagi qonunchilik talablari, shuningdek, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqiga ega.
Farmonga muvofiq, “Davsuvinspeksiya” oʻz faoliyatini:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmati koʻrsatish masalalari boʻyicha — Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish boʻyicha Respublika komissiyasi bilan;
suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik jarayoniga rioya qilish masalalarida — Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan;
erosti suvlari quduqlaridan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha tizimli monitoring olib borish, gidrogeologik axborotlarni tahlil qilish masalalarida — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan;
ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga oʻzboshimchalik bilan ulanishga yoʻl qoʻymaslik masalalari boʻyicha — mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
“Davsuvinspeksiya” va uning hududiy inspeksiyalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Mazkur Farmonning amalga oshirilishi:
birinchidan — ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish sohasidagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini oʻrnatish;
ikkinchidan — ichimlik suvini yetkazib berish va realizatsiya qilish, shuningdek, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlarini koʻrsatish ustidan nazorat oʻrnatish;
uchinchidan — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish boʻyicha Respublika komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash imkonini beradi.