1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.03.00 Gaztaʼminoti;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.04.00 Neft mahsulotlarini sotish. Avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Energetika]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON NEFT MAXSULOTLARI VA GAZDAN FOYDALANISHNI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPEKSIYASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 603-sonli “Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazilishi munosabati bilan Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyot tarmoqlarida neft mahsulotlari va gazdan oqilona hamda samarali foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilishning yagona tizimini takomillashtirish, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy gaz yetkazib berish va uning uchun hisob-kitob qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1999-yil 21-sentabrdagi 439-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzneftgazinspeksiya” negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan, foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Oʻdavneftgazinspeksiya”) tashkil etilsin, u “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibidan chiqarilsin.
2. Quyidagilar “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning asosiy vazifalari etib belgilansin:
iqtisodiyot tarmoqlarida neft mahsulotlari va gazdan samarali foydalanish masalalarini muntazam oʻrganishni tashkil etish va amalga oshirish;
iqtisodiyot tarmoqlarida neft mahsulotlari va gazning sifati va miqdori jihatidan saqlanishi norma va qoidalariga, neft-gaz tarmogʻi obyektlaridan foydalanish chogʻida belgilangan texnologik jarayonlarga hamda texnologik asbob-uskunalar holatiga rioya etilishini, shuningdek neft-gaz tarmoqlari obyektlarini qurish va asbob-uskunalarini oʻrnatishda neft-gaz tarmogʻi obyektlarini barpo etuvchi qurilish-montaj tashkilotlari tomonidan norma va qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
neft mahsulotlari va gazdan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha energiyani tejovchi tadbirlar, dasturlar va loyihalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashish.
3. “Oʻdavneftgazinspeksiya” toʻgʻrisidagi Nizom va uning tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
“Oʻzdavneftgazinspeksiya” tizimi xodimlarining cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 164 kishi, shu jumladan, uning markaziy apparati xodimlari soni 32 kishi etib belgilansin.
4. Belgilansinki, “Oʻzdavneftgazinspeksiya” faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash:
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining viloyat boʻlinmalari, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining “Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi “Shoʻrtanneftgaz” neft-gaz ishlab chiqarish boshqarmasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodining neft mahsulotlari va gaz sotish boʻyicha daromadlaridan 0,1 foizgacha miqdordagi majburiy ajratmalari;
neft mahsulotlari va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-martdagi 124-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq iqtisodiy jazolarni qoʻllashdan tushadigan mablagʻlarning bir qismi hisobiga amalga oshiriladi.
“Oʻdavneftgazinspeksiya” taʼminotining xarajatlar smetasi belgilangan tartibda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzdavneftgazinspeksiya” boshligʻi va uning oʻrinbosarlari lavozimga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonida tayinlanadilar;
“Oʻdavneftgazinspeksiya” hududiy boʻlinmalari boshliqlari lavozimga inspeksiya boshligʻi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tayinlanadilar.
“Oʻdavneftgazinspeksiya” boshligʻi maqomi hamda moddiy, ijtimoiy-maishiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosariga, boshliq oʻrinbosarlari vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
6. “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining viloyat boʻlinmalari, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining “Oʻzgeoneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi “Shoʻrtanneftgaz” neft-gaz ishlab chiqarish boshqarmasi va Muborak neftni qayta ishlash zavodi “Oʻdavneftgazinspeksiya” taʼminotiga mablagʻ ajratishni nazarda tutsinlar, ushbu mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ning 1.1.4-bandiga muvofiq ishlab chiqarish bilan bogʻliq moddiy xarajatlarga kiritsinlar.
7. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “Oʻzneftgazinspeksiya” balansidagi mavjud asbob-uskunalar, inventarlar va transport vositalarini “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ga tekin bersin.
8. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bir oy muddatda “Oʻdavneftgazinspeksiya” Markaziy apparatini zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning Markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari uchun binolar ajratsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, tegishli vazirliklar va idoralar bir oy muddatda amaldagi meʼyoriy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari V.Y. Atayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 8-iyun,
220-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 8-iyundagi 220-son qaroriga 1 -ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Oʻdavneftgazinspeksiya”) toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻdavneftgazinspeksiya” deb ataladi) neft mahsulotlari va gazdan oqilona va samarali foydalanilishi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, birlashmalarda, idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxonalar va tashkilotlarda (keyingi oʻrinlarda nazoratdagi obyektlar deb ataladi) neft mahsulotlarining sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlash, neft, neft mahsulotlari, tabiiy, siqilgan va suyultirilgan gaz qazib olish, ularni qayta ishlash, transportda tashish, saqlash va sotish boʻyicha neft-gaz tarmogʻi obyektlari qurish va ulardan foydalanishda belgilangan texnologiya jarayonlariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ hisoblanadi.
2. “Oʻdavneftgazinspeksiya” oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga amal qiladi.
3. “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning tuzilmasi va xodimlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Shtat jadvali “Oʻdavneftgazinspeksiya” boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
4. “Oʻdavneftgazinspeksiya” yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan dumaloq muhrga ega boʻladi.
II. “OʻZDAVNEFTGAZINSPEKSIYA”NING ASOSIY VAZIFALARI
5. Quyidagilar “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
iqtisodiyot tarmoqlarida neft mahsulotlari va gazdan samarali foydalanish masalalarini muntazam oʻrganishni tashkil etish va amalga oshirish;
neft mahsulotlari va gazdan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha energiyani tejovchi tadbirlar, dasturlar va loyihalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashish;
nazoratdagi obyektlarda neft mahsulotlari va gazdan oqilona va samarali foydalanilishi;
neft omborlari va avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalariga ega boʻlgan korxonalar va tashkilotlarda neft mahsulotlarining sifat va miqdor jihatidan saqlanishi;
neft, neft mahsulotlari, tabiiy, siqilgan va suyultirilgan gaz qazib olish, ularni qayta ishlash, transportda tashish, saqlash va sotish boʻyicha neft-gaz tarmogʻi obyektlaridan foydalanishda belgilangan texnologiya jarayonlariga rioya qilinishi va texnologiya asbob-uskunalarining holati;
neft-gaz tarmogʻi obyektlarini quruvchi qurilish-montaj tashkilotlari tomonidan belgilangan texnologiya jarayonlari taʼminlanishi yuzasidan normalar va qoidalar talablariga rioya qilinishi;
respublika vazirliklari, idoralari, birlashmalari, korxonalarida, neft mahsulotlari bilan taʼminlash tizimida neft mahsulotlari qabul qilinishi, saqlanishi, transportda tashilishi, hisobi va hisobotini tartibga soluvchi amaldagi qoidalar va yoʻriqnomalar talablariga rioya etish ustidan idoraviy nazorat tashkil etilishi va amalga oshirilishi;
neft mahsulotlari bilan taʼminlash korxonalari, avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalari, avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalari, avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari hamda neft mahsulotlari va gaz isteʼmolchilari tomonidan neft mahsulotlari va gaz bilan taʼminlash hamda ulardan foydalanish ishlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari, qoidalar, yoʻriqnomalar, davlat standartlari va boshqa meʼyoriy hujjatlar talablariga amal qilinishini taʼminlash;
gaz sotuvchi tashkilotlar, gaz tashish tashkilotlari va gaz isteʼmolchilari (aholidan tashqari) tomonidan gaz bilan taʼminlash va undan foydalanish ishlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari, qoidalar, yoʻriqnomalar, davlat standartlari va boshqa meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya qilinishi;
yoqilgʻi isteʼmol qiluvchi nazoratdagi obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash loyihalarining gazdan oqilona va samarali foydalanish talablariga muvofiqligi;
nazoratdagi obyektlarda yoqilgʻi isteʼmol qiluvchi qurilmalarda rejim-sozlash ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
III. “OʻZDAVNEFTGAZINSPEKSIYA”NING FUNKSIYALARI
6. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
gazdan belgilangan maqsaddan tashqari foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, gaz isteʼmolchilari (aholidan tashqari) oʻzboshimchalik bilan oʻrnatib olgan gazdan foydalanish qurilmalarini aniqlash yuzasidan gaz sotuvchi tashkilotlar va gaz tashish tashkilotlari ishlarini belgilangan tartibda tekshiradi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa organlar bilan birgalikda isteʼmolchilarning neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishi qoidalari, gaz isteʼmol qiluvchi qurilmalar, neft-gaz texnologik obyektlari, avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalari, avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni sozlash masalalari boʻyicha normalar va qoidalar ishlab chiqilishida qatnashadi;
gazdan samarali foydalanilishi yuzasidan loyihalashtirishga texnik shartlarni beradi;
yoqilgʻi isteʼmol qiluvchi korxonalar (qurilmalar), neft-gaz texnologiya obyektlari, avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalari, avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari va avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarini qurish, rekonstruksiya qilish, texnika bilan qayta jihozlash va gaz taʼminoti loyihalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlarga gazdan foydalanuvchi asbob-uskunalarda ishga tushirish va rejim-sozlash ishlarini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma beradi;
gaz sotuvchi va gaz uzatuvchi tashkilotlarning gaz sarfini hisobga olish priborlariga ega boʻlmagan gaz isteʼmolchilarini (aholidan tashqari) gaz tarmoqlaridan oʻz vaqtida uzib qoʻyish boʻyicha ishlarini tekshiradi;
yonish jarayonlarini avtomatik ravishda tartibga solish vositalari va issiqlik-texnika nazorati priborlari, shuningdek gazdan samarali foydalanishni taʼminlovchi issiqdan qayta foydalanish asbob-uskunalari mavjudligini, sozligini va ulardan foydalanishni tekshiradi,
yoqilgʻidan foydalanuvchi korxonalar (qurilmalar)ning yoqilgʻining ular uchun belgilangan zaxira turlarida ishlashga hozirlab qoʻyilganligini tekshiradi;
gaz sotuvchi va gaz uzatuvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan sanoat korxonalarini va elektr stansiyalarni kuz-qish davrida yoqilgʻining zaxira turlaridan foydalanishga oʻtkazish jadvalini kelishib oladi;
vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalar bilan birgalikda neft mahsulotlari sifati buzilishi va sifatsiz neft mahsulotlari sotilishining oldini olish yuzasidan profilaktik choralar koʻradi;
“Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning yozma koʻrsatmalari boʻyicha neft mahsulotlarini qabul qilish toʻxtatib qoʻyilgan avtoyonilgʻi quyish shoxobchalarida, neft bazalarida neft mahsulotlari joʻnatilishi (qabul qilinishi)ni qaytadan boshlash maqsadida, takroriy nazorat tekshiruvlarini oʻtkazadi;
qurilish, qurilish-montaj tashkilotlariga va boʻlinmalariga, ularning qaysi idoralarga qarashliliklaridan qatiy nazar, neft-gaz tarmogʻi texnologik obyektlari qurilishini boshlash uchun hamda buyurtmachilarga qurilish ustidan texnik nazoratni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma beradi;
qurilish, rekonstruksiya qilish, mukammal tuzatish tugallanganda yoqilgʻidan foydalanuvchi korxonalar (qurilmalar)ga va neft-gaz texnologik obyektlariga asbob-uskunalarni kompleks sinab qurish, rejim-sozlash ishlari va tabiiy gaz vosita sifatida qoʻllanganda gaz quvurlarini tozalash ishlari uchun gaz uzatishga ruxsatnoma beradi;
qurilishi tugallangan neft-gaz texnologik obyektlari, neft bazalari, avtoyonilgʻi quyish shoxobchalari, avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari va avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarini texnik koʻrikdan oʻtkazadi va ularni foydalanishga qabul qilish komissiyalari ishida ishtirok etadi;
avtoyonilgʻi quyish shoxobchalariga, avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalariga va avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalariga litsenziyalar beruvchi ishchi guruhlar ishida ishtirok etadi;
neft-gaz tarmogʻi texnologik obyektlarining ishdan chiqish sabablarini tekshirish komissiyalarining ishida, koʻrsatib oʻtilgan obyektlar ishdan chiqishining oldini olish va ularning ishonchliligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
yoqilgʻidan foydalanuvchi korxonalar (qurilmalar)ni va neft-gaz texnologik obyektlarini loyihalash, qurish, sozlash va foydalanishga topshirishni amalga oshiruvchi nazoratdagi obyektlar muhandis-texnik xodimlarining meʼyorlar va qoidalarga doir bilimlarini tekshiruvchi komissiyalar ishida qatnashadi;
yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sifatining amaldagi standartlarga va texnik shartlarga muvofiqligini tekshiruvdan oʻtkazadi.
IV. “OʻZDAVNEFTGAZINSPEKSIYA”NING HUQUQLARI
7. “Oʻdavneftgazinspeksiya” quyidagi huquqlarga ega:
nazoratdagi obyektlarda oʻz vakolati doirasida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, neft mahsulotlari, gazdan oqilona va samarali foydalanilishini va neft-gaz tarmogʻi obyektlarida belgilangan texnologiya jarayonlariga rioya qilinishini hech qanday toʻsiqlarsiz tekshirish. Zarur hollarda koʻrsatib oʻtilgan tekshiruvlarga tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mutaxassislarini jalb etish;
nazoratdagi obyektlar boʻyicha aniqlangan buzilishlar va kamchiliklar boʻyicha, neft-gaz obyektlarini loyihalash, qurish, foydalanishga topshirishda hamda neft mahsulotlari va gazdan foydalanishda meʼyorlar va qoidalarga rioya qilinishi masalalari yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
sifati buzilganligini aniqlash maqsadida turgʻun va koʻchma laboratoriyalarda neft mahsulotlari namunalarini mustaqil ravishda tekshiruvdan oʻtkazish va tegishli xulosalar berish;
neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, berish, hisobga olish, neft omborxonasi uskunalarining texnik va metrologik holati qoidalarini qoʻpol ravishda buzish hollari aniqlanganda neft mahsulotlarini saqlash va berish obyektlarini yopish va muhrlab qoʻyish;
avtoyonilgʻi quyish shoxobchalari, avtomobillarga kompressor vositasida gaz toʻldirish shoxobchalari va avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalari orqali neft mahsulotlari va gaz bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziyalarni olib qoʻyish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlarga berilgan ishga tushirish va rejim-sozlash ishlarini olib borish huquqini beruvchi ruxsatnomalarning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish;
texnologik obyektlar qurilishini va ulardan foydalanishni, ularni loyihalash, qurish va ulardan foydalanishning amaldagi normalari va qoidalari buzilgan hollarda va bu buzilishlar ularning ishonchliligi pasayishiga olib kelsa, shuningdek qurilish buyurtmachining malakali texnika nazorati bilan va mualliflik nazorati bilan taʼminlamaganda, toʻxtatib qoʻyish;
nazoratdagi obyektlarda, meʼyoriy-texnik hujjatlarning ushbu obyektlarning ishonchliligini va neft hamda gazdan foydalanishning samaradorligini taʼminlash boʻyicha tegishli talablariga mos kelmaydigan apparaturalar, asbob-uskunalar, materiallar va buyumlarni, shuningdek texnologiyalarni qoʻllashni taqiqlash. Ularni ishlab chiqarishdan olib tashlash toʻgʻrisida tegishli organlarga takliflar kiritish;
texnologik obyektlarni loyihalash, qurish va foydalanishning amaldagi normalari va qoidalaridan asosli chetga chiqishlarni, agar ushbu oʻzgartirishlar mazkur obyektlardan foydalanishning ishonchliligini pasaytirishga olib kelmasa, rozilik berish;
oʻz vakolati doirasida korxonalar va tashkilotlarda neft mahsulotlari va gaz sarfini hisobga olishning holatini tekshirish;
gaz sotuvchi, gaz uzatuvchi tashkilotlarga va isteʼmolchilarga (aholidan tashqari) gazdan foydalanuvchi qurilmalarda gaz berishni toʻxtatish va quyidagi hollarda:
a) “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning ruxsatisiz gaz berilganda;
b) gaz ajratilgan limitlar (shartnomaviy hajmlar)dan ortiq sarflanganda va gazdan foydalanishning belgilangan rejimiga rioya qilinmaganda;
v) gaz sarfini hisobga olish priborlari boʻlmagan gazdan foydalanish qurilmalaridan foydalanilganda yoxud gazdan foydalanuvchi qurilmalarda loyihada nazarda tutilgan gaz yonishi jarayonlarini avtomatik boshqarish vositalari yoki issiqlik-texnika nazorati yoki gazdan samarali foydalanishni taʼminlovchi issiqlikdan qayta foydalanish asbob-uskunalari boʻlmaganda (buzilganda);
g) gazdan foydalanish qurilmalarini ishga tushirish va rejim-sozlash ishlarini oʻtkazish muddatlari barbod boʻlganda;
d) zaxira yoqilgʻi xoʻjaligi ishga yoki gazdan foydalanish asbob-uskunasi yoqilgʻining zaxira turida ishlashga tayyorlab qoʻyilmaganda ularni gaz tarmoqlaridan uzib qoʻyish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda buzilishlar uchun yuridik shaxslarga nisbatan, ularning qaysi idoraga qarashliligi va mulkchilik shakllaridan qatiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan berilgan oʻz vakolatlari doirasida, iqtisodiy sanksiyalar qoʻllash;
“Oʻzdavneftgazinspeksiya” vakolatiga qiruvchi masalalar boʻyicha nazoratdagi obyektlar rahbarlarining axborotlarini, hisobotlarini va xabarlarini tinglash;
isteʼmolchilarda (aholidan tashqari) nostandart, maʼnaviy eskirgan va gazdan tejamsiz foydalanuvchi asbob-uskunalar mavjudligi aniqlanganda ularning (xatlov natijalariga koʻra) almashtirilishidan kutiladigan gazning tejalish miqdorida limitlarni qisqartirish yoki sotish bahosini oshirish toʻgʻrisida tegishli idoralarga takliflar tayyorlash;
“Oʻzdavneftgazinspeksiya” vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha hokimliklar, vazirliklar, idoralar, tashkilotlarga va korxonalarga soʻrovnomalar bilan murojaat qilish va ulardan zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni olish;
neft mahsulotlari va gazdan oqilona foydalanish masalalarida korxonalarga va tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam, xizmatlar koʻrsatish;
zaruriyat boʻlganda, tekshirilayotgan korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish toʻgʻrisida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
gaz bilan taʼminlovchi, gaz sotuvchi va gaz uzatuvchi korxonalar tomonidan tegishli shakllar boʻyicha tuziladigan statistika hisobotlarini oʻz vakolati doirasida tekshirish.
8. “Oʻdavneftgazinspeksiya” oʻz vakolati doirasida barcha nazoratdagi obyektlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan meʼyoriy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
9. Gaz, neft mahsulotlari berishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror, uning qabul qilinishi uchun asos boʻlgan buzilishlarni bartaraf etilgunga qadar amalda boʻladi. Ushbu qurilmalarga gaz berish, neft mahsulotlarini joʻnatish yoki ularda ishlarni davom ettirish “Oʻzdavneftgazinspeksiya” ruxsati bilan qayta tiklanadi.
V. “OʻZDAVNEFTGAZINSPEKSIYA” FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
10. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
11. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” boshligʻi va uning oʻrinbosarlari lavozimga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar.
“Oʻzdavneftgazinspeksiya” hududiy boʻlinmalari boshliqlari lavozimga inspeksiya boshligʻi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
12. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” boshligʻi:
“Oʻzdavneftgazinspeksiya”ga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, boshliq oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining masʼuliyat darajasini belgilaydi;
zaruriyat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirliklari, idoralari bilan birgalikda buyruqlar chiqaradi.
13. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” boshligʻi lavozimiga koʻra ayni bir vaqtda Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish Bosh davlat inspektori, uning oʻrinbosarlari esa Bosh davlat inspektori oʻrinbosarlari hisoblanadi. Bosh texnologlar, boʻlimlar boshliqlari va bosh mutaxassislar katta davlat inspektorlari hisoblanadilar. Muhandislar davlat inspektorlari hisoblanadilar.
14. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda buzilishlar uchun, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq iqtisodiy jazolar qoʻllashdan tushadigan mablagʻlarning bir qismidan moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun foydalanadi.
15. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan sudga, yuqori mansabdor shaxsga yoki mansabdor shaxsning oʻziga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Barcha hollarda shikoyat qilinishi shikoyat qilinayotgan qarorning bajarilishini toʻxtatib qoʻymaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” mansabdor shaxslari oʻtkazilgan tekshirishlar natijalarining haqqoniyligi uchun javob beradilar.
16. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” mansabdor shaxslari belgilangan namunadagi guvohnomaga ega boʻladilar.
17. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” faoliyati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq toʻxtatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 8-iyundagi 220-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Oʻzdavneftgazinspeksiya”)
tuzilmasi
Hammasi: 164 kishi, shu jumladan, markaziy apparat — 32 kishi
Izoh: NKL — neft mahsulotlari boʻyicha nazorat-kimyo laboratoriyasi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 8-iyundagi 220-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga kiritiladigan
OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-martdagi 124-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi HQT, 1994-y., 3-son, 15-modda) bilan tasdiqlangan “Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisida Nizom”da
Nizom matnidagi “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasining “Oʻzneftgazinspeksiya”siga berilgan koʻrsatmalar “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ga koʻrsatmalar bilan almashtirilsin;
3-banddagi “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-banddagi “soʻzsiz” soʻzi “akseptsiz” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-dekabrdagi 523-son qarori bilan tasdiqlangan mazkur qarorga 11-ilovadagi “Aksiyalarining nazorat va davlat paketlari, mol-mulki “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi ustav fondiga beriladigan aksiyadorlik kompaniyalari, korxonalar va tashkilotlar roʻyxati”dan hamda 12-ilovadagi “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tuzilmasi”dan “Oʻzneftgazinspeksiya” Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi” hamda “Oʻzneftgazinspeksiya” soʻzlari chiqarib tashlansin.