toggle_night_mode
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
PROKURATURA TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 257-II-sonli “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda tasdiqlangan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. O‘zbekiston Respublikasida qonunlar ijrosi ustidan prokurorlik nazorati
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysinuvchi prokurorlar barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, davlat nazorati idoralari, hokimlar, shuningdek kimga bo‘ysinishidan, kimning tasarrufida bo‘lishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, muassasalar, korxonalar va tashkilotlar, harbiy qismlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar, fuqarolar qonunlarni aniq va bir xilda ijro etishlari ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
2-modda. Qonunlar ijrosi ustidan amalga oshiriladigan prokurorlik nazoratining maqsad va vazifalari
Prokuratura idoralarining faoliyati qonunning ustunligini har tomonlama qaror toptirishga, huquq-tartibotni mustahkamlashga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlangan inson va fuqaroning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini, shuningdek davlat mustaqilligini, ijtimoiy-davlat tuzumini, siyosiy va iqtisodiy tizimlarni, milliy guruhlar va hududiy tuzilmalarning huquqlarini g‘ayriqonuniy tajovuzlardan muhofaza qilishni ta’minlashga qaratilgandir.
3-modda. Prokuratura faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar o‘z faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiradilar:
inson va fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishni ta’minlashga qaratilgan qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat olib borish;
ushbu Qonunning birinchi moddasida kayd etilgan barcha idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan qonunlarning ijro etilishini nazorat qilish (umumiy nazorat);
jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi idoralarning qonunlarni ijro etishlarini nazorat qilish va ularning qonunlarni qo‘llashga doir faoliyatini muvofiqlashtirish;
sudlarda jinoiy ishlar ko‘rib chiqilishida davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlash, sudlarda fuqarolik ishlarini, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni hamda xo‘jalik nizolarini qarab chiqishda ishtirok etish, qonunlarga zid bo‘lgan sud hujjatlariga protest keltirish;
Oldingi tahrirga qarang.
ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etish vaqtida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
(3-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 485-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 241-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, vazirliklari va idoralarining harbiy mahkamalarida, harbiylashtirilgan tarkibiy bo‘linmalarida qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish;
(3-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
jinoyatlar yuzasidan tergov olib borish, jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish;
qonunchilikni takomillashtirish va qonunlarni targ‘ib qilishda qatnashish.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi faoliyatining huquqiy asoslari
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralari faoliyatini tashkil etish va bu faoliyat tartibi hamda prokurorlarning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Prokuratura zimmasiga ushbu Qonunda nazarda tutilmagan vazifalarni yuklash mumkin emas.
5-modda. Prokuratura faoliyatini tashkil etish prinsiplari
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralari:
quyi pog‘onadagi prokurorlar yuqori pog‘onadagi prokurorlarga bo‘ysinish tartibida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori boshchiligidagi yagona markazlashgan tizimni tashkil etadilar;
nazoratni va o‘z vakolatlarini davlat hokimiyati hamda boshqaruv mahalliy idoralaridan, mansabdor shaxslardan, jamoat birlashmalaridan mustaqil ravishda O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qilib turgan qonunlarga, xalqaro va davlatlararo shartnomalarga (bitimlarga) qat’iy rioya etib, faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga bo‘ysingan holda amalga oshiradilar;
qonuniylik hamda jinoyatchilikning ahvoli, asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida, boshqaruv idoralari tomonidan qonunlarga rioya etilishini ta’minlash, davlat va jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlarini muhofaza qilish borasidagi vazifalar qanday bajarilayotganligidan tegishli bo‘lishiga qarab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy idoralarini, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatlarini, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini, hokimlarini xabardor etadilar;
fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi, shuningdek davlat siri hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni saqlash haqidagi qonun talablariga zid kelmaydigan darajada oshkora ish ko‘radilar.
6-modda. O‘z vakolatlarini amalga oshirishda prokuraturaning mustaqil bo‘la olish kafolatlari
Prokuratura faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nazoratida bo‘ladi va prokuraturaning qonunlar ijro etilishini nazorat qilish, jinoiy ishlarni tergov qilish, shikoyatlar, arizalar va xabarlarni tekshirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish borasidagi faoliyatiga davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining hamda ular vakillarining, shuningdek mansabdor shaxslarning aralashishi ta’qiqlanadi.
Prokuratura idoralari partiyadan holi qilingan va ularda siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkiliy tizilmalarini tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Prokurorning g‘ayriqonuniy qaror qabul qilishiga erishish yoki o‘z faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish maqsadida unga qanday shaklda bo‘lmasin biron-bir ta’sir ko‘rsatganlik, uning daxlsizligiga tajovuz qilganlik, shuningdek prokuror va tergovchining ruxsatisiz tekshirishlarga va dastlabki tergovga doir ma’lumotlarni oshkor etganlik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
7-modda. Prokuror talablarini bajarishning majburiyligi
Prokurorning o‘zi aniqlagan qonunbuzarlik hollarini, qonun buzishlarning sabablarini va unga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish, hujjatlar, materiallar, va boshqa ma’lumotlarni taqdim etish, reviziya va tekshirish o‘tkazish, mutaxassis ajratish to‘g‘risidagi, prokuraturaga kelish va qonun buzilganligi xususida tushuntirish berish haqidagi talablarini bajarish shunday talab yuborilgan barcha idoralar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Prokurorning talablari va qarorlari ustidan shikoyat qilinishi ana shu talablar va qarorlarning ijrosini to‘xtatib qololmaydi.
8-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining majlislarida prokurorning ishtirok etishi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining majlislarida belgilangan tartibda qatnashish huquqiga egadirlar.
Viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlarning prokurorlari, ularga tenglashtirilgan prokurorlar belgilangan tartibda tegishli va quyi darajadagi hokimiyat va boshkaruv idoralarining majlislarida ishtirok etishga haqlidirlar.
9-modda. Qonunchilik tashabbusi huquqi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir.
10-modda. Arizalar va shikoyatlarni qarab chiqish
Prokuratura idoralari fuqarolarning ariza va shikoyatlarini, davlat, jamoat hamda boshqa tashkilotlarning murojaatlarini qarab chiqadilar va basharti, hal etishning boshqa tartibi belgilanmagan bo‘lsa, fuqarolar hamda tashkilotlarning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radilar.
Prokurorlar fuqarolarni shaxsan qabul qiladilar.
Prokuror o‘ziga tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni tekshirish vazifasini zarur hollarda tegishli davlat boshqaruvi va nazorati idoralariga, korxona, muassasa va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga topshirish hamda ulardan tekshirishga taalluqli barcha materiallar bilan birga tekshirish natijalariga doir yozma axborot berishlarini talab etish huquqiga egadir.
Prokurorning shikoyat va ariza bo‘yicha qabul qilgan qarori ustidan yuqori pog‘onadagi prokurorga shikoyat qilish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori shikoyat yuzasidan qaror qabul qilganidan keyin prokuratura idoralarida ana shunday shikoyatlarga doir ishlar yotqiziladi, yangi ma’lum bo‘lgan holatlarga doir shikoyatlar bundan mustasnodir.
II. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PROKURATURA IDORALARINING TIZIMI VA ULARNI TAShKIL ETISh
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining tizimi
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining tizimi O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar, tumanlararo va boshqa hududiy prokuraturalardan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining tizimiga, shuningdek transport, harbiy, tabiat muhofazasi prokuraturalari va boshqa ixtisoslashtirilgan prokuraturalar ham kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan viloyatlar va tumanlar prokuraturalariga tenglashtirilgan boshqa prokuraturalar, tuman prokuraturalariga ega bo‘lgan shaharlarda esa tuman prokuraturalari bo‘ysinadigan shahar prokuraturalari tuzilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tuziladigan transport, tabiat muhofazasi prokuraturalari, boshqa ixtisoslashtirilgan prokuraturalar viloyatlar, tumanlar prokuraturalari, tumanlararo prokuraturalar yoki shahar prokuraturalari vakolati bilan tashkil etiladi hamda faoliyat ko‘rsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Xarbiy prokuraturasini tashkil etish va uning ish tartibi ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
(11-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini tayinlash va uning hisobdorligi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 5 yil muddatga tayinlanib, keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tasdig‘idan o‘tadi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oldida hisobdordir.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini qonuniylik va huquq-tartibotning ahvoli to‘g‘risida muntazam xabardor etib turadi va besh yilda kamida bir marta O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga o‘z faoliyati haqida hisobot taqdim etadi.
13-modda. Prokurorlarni tayinlash va ularning hisobdorligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan xolda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy organi tomonidan 5 yil muddatga tayinlanadi va ular oldida hisobdordir.
Viloyat prokurorlari va Toshkent shahri prokurori hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan 5 yil muddatga tayinlanadilar, unga bo‘ysinadilar va uning oldida hisobdordirlar.
Shahar, tuman prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan 5 yil muddatga tayinlanadilar, yuqori pog‘onadagi prokurorlar va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga bo‘ysinadilar hamda ular oldida hisobdordirlar.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori boshchilik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tasdig‘idan o‘tadigan birinchi o‘rinbosarga, o‘rinbosarlarga ega. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘z o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori (rais), uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori, prokuratura idoralarining boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi. Hay’atning shaxsiy tarkibini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydi.
(14-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasida bosh boshqarmalar, boshqarmalar va bo‘limlar tuzilib, ularda katta prokurorlar va prokurorlar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori katta yordamchilar, maxsus topshiriq bo‘yicha yordamchilar va yordamchilarga ega bo‘ladi.
Bosh boshqarmalar, boshqarmalar va bo‘limlar boshliqlari va boshliq o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining katta yordamchilari, maxsus topshiriq bo‘yicha yordamchilari va yordamchilarini, boshqarmalar va bo‘limlarning katta prokurorlari hamda prokurorlarini, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari va katta tergovchilarini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
15-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining prokuraturasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori boshchilik qiladi, uning O‘zbekiston Bosh prokurori tamonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori (rais), uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari va prokuratura idoralarining boshqa xodimlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi. Hay’atning shaxsiy tarkibini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tasdiqlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida boshqarmalar va bo‘limlar tuziladi. Boshqarma va bo‘limlarning boshliqlari, respublika prokurorining katta yordamchilari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasining prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining yordamchilari, boshqarmalar va bo‘limlarning katta prokurorlari hamda prokurorlari, alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilar va katta tergovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori tomonidan tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
16-modda. Viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalari
Viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga, ularga tenglashtirilgan prokuraturalarga tegishli prokurorlar boshchilik qiladilar, ularning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan birinchi o‘rinbosarlari va o‘rinbosarlari bo‘ladi.
Viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarida, ularga tenglashtirilgan boshqa prokuraturalarda prokuraturaga boshchilik qiladigan prokuror (rais), uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari va prokuratura idoralarining boshqa xodimlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi. Hay’atlarning shaxsiy tarkibini tegishli prokurorlarning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tasdiqlaydi.
Viloyatlar, Toshkent shahri prokuraturalarida va ularga tenglashtirilgan boshqa prokuraturalarda boshqarmalar va bo‘limlar tuzilib, ularning boshliqlari, shuningdek katta yordamchilar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar. Boshqarmalar va bo‘limlar boshliqlarining o‘rinbosarlari, yordamchilar, katta prokurorlar va prokurorlar, alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilar, katta tergovchilar va tergovchilar tegishli prokuror tomonidan tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
17-modda. Shaharlar va tumanlarning prokuraturalari
Shaharlar va tumanlarning prokuraturalariga, shuningdek ularga tenglashtirilgan prokuraturalarga tegishli prokurorlar boshchilik qiladilar.
Prokurorlarning o‘rinbosarlari, katta yordamchilari, yordamchilari bo‘lishi mumkin. Prokuraturalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tayinlaydigan va lavozimdan ozod qiladigan katta tergovchilar va tergovchilar xizmat qiladilar.
18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini va unga bo‘ysinuvchi prokurorlarni ishdan bo‘shatish asoslari va tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari lavozimlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ozod etilib, keyin O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy organi tomonidan ozod etiladi.
Viloyatlar, Toshkent shahri prokurorlari, tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan ozod etiladilar.
Ana shu prokurorlarni lavozimdan ozod etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Prokuratura idoralari xodimlarini rag‘batlantirish va ularning intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
19-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura idoralariga rahbarlik qilish borasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining faoliyatiga rahbarlik qiladi va bu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasining barcha prokuror xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar, ko‘rsatmalar, yo‘riqnomalar chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining tergov ishlariga doir masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalari barcha tergov idoralarining ijrosi uchun majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari va boshqa hujjatlari basharti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda o‘zga qonunlariga mos kelmaganda ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘zi ham bekor qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori ajratilgan shtat birligi va mablag‘lar doirasida o‘ziga bo‘ysinuvchi prokuraturalarni tashkil etadi va tugatadi, respublika Prokuraturasi apparatining va quyi pog‘onadagi prokuraturalar tarkibini hamda xodimlari shtatini tasdiqlaydi.
Barcha darajadagi va pog‘onadagi prokuraturalar tashkiliy tarkibining tuzilishi va mansab okladlari belgilangan budjet ajratmalari va shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan belgilanadi.
20-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokurorining o‘z bo‘ysinuvidagi idoralarga rahbarlik qilish borasidagi vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tegishincha shaharlar, tumanlar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qiladilar, qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari va ko‘rsatmalari asosida hamda ularni ijro etish yuzasidan o‘ziga bo‘ysinuvchi xodimlarning hammasi uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradilar, ko‘rsatmalar beradilar, ajratilgan ish haqi fondi doirasida belgilangan lavozimlarni saqlagan holda O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi bilan kelishib apparat va o‘ziga bo‘ysunuvchi prokuraturalarning shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin.
21-modda. Tumanlarga bo‘lingan shahar prokurorining o‘ziga bo‘ysinuvchi idoralarga rahbarlik qilish borasidagi vakolatlari
Tumanlarga bo‘lingan shaharning prokurori tumanlar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qiladi, yuqori pog‘onadagi prokurorga apparat va o‘z bo‘ysinuvidagi prokuraturalarning shtat sonini o‘zgartirish, xodimlarni joy-joyiga qo‘yishga doir takliflar kiritadi.
22-modda. Prokuratura idoralarining hay’ati
O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturalarida, viloyatlar, Toshkent shahri va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarda hay’atlar faoliyat ko‘rsatadi. Hay’atlar kengash qabilidagi idora bo‘lib, qonuniylik va huquq-tartibotning ahvoliga, prokuratura idoralarining faoliyatiga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlari va ko‘rsatmalarining ijrosiga, kadrlarga doir eng muhim masalalarni qarab chiqadi, o‘z bo‘ysinuvidagi prokurorlarning, prokuratura tarkibiy bo‘linmalarining va boshqa xodimlarning hisobotlarini tinglaydi.
Tegishli hay’atlarning majlislarida vazirliklar, idoralar, davlat boshqaruvi, nazorati va tekshiruvi idoralarining, korxona, muassasa va tashkilotlar, birlashmalar rahbarlarining, harbiy qismlar va qo‘shilmalar komandirlari hamda o‘zga mansabdor shaxslarning qonunlar ijrosi masalalariga doir axborotlari va tushuntirishlari tinglanishi mumkin.
Hay’atlarning eng muhim qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining va tegishli prokurorlarning buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
Bosh prokuror bilan hay’atning fikri bir erdan chiqmagan taqdirda, Bosh prokuror o‘z qarorini amalga oshiradi va bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisini voqif etadi.
Quyi pog‘onadagi prokuraturalar hay’ati a’zolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan taqdirda tegishli prokuror o‘z qarorini amalga oshirib, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yozma ravishda axborot beradi.
III. PROKUROR NAZORATI
1-BOB. QONUNLARGA RIOYA ETILIShI USTIDAN UMUMIY NAZORAT
23-modda. Nazorat predmeti
Quyidagilar nazorat predmetiga kiradi:
Oldingi tahrirga qarang.
barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, davlat nazorat idoralari, hokimlar, muassasalar, korxonalar, tashkilotlar, birlashmalar, harbiy qismlar, vazirliklar va idoralarning harbiy mahkamalari, harbiylashtirilgan tarkibiy bo‘linmalari, jamoat tashkilotlari, partiyalar va harakatlar, mansabdor shaxslar qonunlarni bajarayotganligi, shuningdek ular chiqarayotgan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligi;
(23-modda birinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
shaxsning daxlsizligi to‘g‘risidagi, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquq va erkinliklari to‘g‘risidagi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini muhofaza qilish (basharti ushbu huquqlarni muhofaza etishning o‘zga tartibi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa) to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etilishi;
iqtisodiy munosabatlarga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatga doir qonunlarga rioya etilishi;
fuqarolarning qonunlarga rioya etishlari.
Prokuror aralashuvini talab qiladigan qonun buzilish hollari haqida arizalar yoki boshqa ma’lumotlar tushganda, shuningdek, yetarli asoslar bo‘lganda ham o‘z tashabbusi bilan qonunlar ijrosining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Prokurorning xo‘jalik va boshqa turdagi faoliyatga bevosita aralashuviga, shuningdek idoraviy boshqaruv va nazorat organlari faoliyatini amalga oshirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
24-modda. Prokurorning vakolatlari
Prokuror o‘z vakolati doirasida nazoratni amalga oshirish chog‘ida:
Oldingi tahrirga qarang.
xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning tobeligidan, kimga qarashligi ekanligidan va mulkchilikning shaklidan qat’i nazar muassasalar, korxonalar, tashkilotlar va birlashmalarning, harbiy qismlar, vazirliklar va idoralarning harbiy mahkamalari, harbiylashtirilgan tarkibiy bo‘linmalarining, jamoat birlashmalarining hududi va binolariga moneliksiz kirishga, hujjatlar va materiallarni olib ko‘rishga;
(24-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
tekshirish uchun zarur bo‘ladigan qarorlar, farmoyishlar, yo‘riqnomalar, buyruqlar va boshqa hujjatlarni talab qilib olishga, qonuniylikning ahvoli to‘g‘risida va uni ta’minlashga doir chora-tadbirlar haqida ma’lumotlarni olishga;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat idoralari, harbiy qismlarning, vazirliklar va idoralar harbiy mahkamalarining, harbiylashtirilgan tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari va mansabdor shaxslardan o‘z nazorati ostidagi hamda o‘z bo‘ysinuvidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar faoliyatini tekshirish va taftish etishni, tekshirishlar, idoraviy va noidoraviy ekspertizalar o‘tkazish uchun mutaxassislar ajratishni talab qilishga;
(24-moddasi birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
mansabdor shaxslar va fuqarolarni chaqirtirib, ulardan qonunlar buzilganligiga doir og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar talab qilishga haqlidir.
Qonun buzilganligi aniqlangan taqdirda prokuror va uning o‘rinbosari o‘z vakolatlari doirasida:
Oldingi tahrirga qarang.
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning, muassasalarning, korxonalar va tashkilotlar, hokimlar, harbiy qismlar, vazirliklar va idoralar harbiy mahkamalarining, harbiylashtirilgan tarkibiy bo‘linmalarining va jamoat birlashmalari hujjatlariga, shuningdek mansabdor shaxslarning qarorlari va xatti-harakatlariga nisbatan protest keltirishga;
(24-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
qonunda belgilangan tartibda jinoiy ishlar, intizomiy ishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar qo‘zg‘atishga, ko‘rib chiqishi uchun materiallarni jamoatchilik muhokamasiga topshirishga;
qonunni ochiqdan-ochiq buzish hollariga chek qo‘yish to‘g‘risida amrnoma berishga;
qonunning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik hususida mansabdor shaxslar va fuqarolarga yozma ravishda ogohnoma bildirishga;
davlat idoralari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslarga qonunbuzarlik hollarini, shuningdek qonun buzilishining sabablari va bunga yo‘l ochib bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritishga;
fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risida sudlar yoki xo‘jalik sudlariga ariza bilan murojaat etishga;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, prokurorlik nazorati amalga oshirilmaydigan davlat idoralari va jamoat birlashmalarining normativ hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos emasligi xususida murojaat etishga haqlidir.
25-modda. Prokurorning protesti
Prokuror yoki uning o‘rinbosari qonunga zid bo‘lgan normativ hujjatga nisbatan ana shu hujjatni chiqargan idoraga yoki yuqori turuvchi idoraga protest keltiradilar. Mansabdor shaxsning xatti-harakatlariga nisbatan ham xuddi shu tartibda protest keltiriladi.
Prokuror keltirgan protest bu protest topshirilgan vaqtdan boshlab ko‘pi bilan o‘n kunlik muddat ichida qarab chiqilishi shart. Qonuniylik buzilganligiga tezda barham berish talab qilingan favqulodda holatlarda prokuror protestini qarab chiqishning qisqartirilgan muddatini belgilashga haqlidir. Protestni qarab chiqish natijalari to‘g‘risida prokurorga darhol yozma ravishda ma’lum qilinadi.
Protest kollegial idora tomonidan qarab chiqilgan taqdirda majlis bo‘ladigan kun prokurorga ma’lum qilinadi, u protestni qarab chiqishda ishtirok etishga haqlidir.
Protest g‘ayriqonuniy huquqiy hujjat chiqargan idora yoki yuqori turuvchi idora tomonidan rad etilgan taqdirda, shuningdek protest qonunda belgilangan muddat ichida qarab chiqilmagan taqdirda, prokuror tegishli sudga ana shu hujjatni g‘ayriqonuniy deb e’tirof etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Sudga ariza protest rad etilganligi to‘g‘risidagi axborot qilingan paytdan boshlab bir oylik muddat ichida yoki qarab chiqish uchun qonunda belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilishi mumkin.
Prokurorning sudga ariza berishi u sudda qo‘rib chiqilguniga qadar hujjatning amal qilishini to‘xtatib qo‘yadi.
26-modda. Prokurorning qarori
Prokuror mansabdor shaxs yoki fuqaro tomonidan qonunning buzilish mazmunidan kelib chiqqan holda jinoiy ish, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi yoki intizomiy huquqbuzarlikka doir ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida asosli qaror chiqaradi. Qonunda ko‘zda tutilgan o‘zga hollarda ham prokuror qaror chiqaradi.
Intizomiy yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish haqidagi prokuror qarori idora yoki aniq mansabdor shaxs tomonidan bu qaror tushgan kundan boshlab kechi bilan o‘n besh kunlik muddat ichida qarab chiqilishi shart. Qarab chiqilish natijalari to‘g‘risida prokurorga zudlik bilan yozma ravishda ma’lum qilinadi.
27-modda. Prokurorning taqdimnomasi
Prokuror qonunning buzilishiga ana shu buzilishlarning sabablariga va uning buzilishiga ko‘maklashgan shart-sharoitlarga barham berish to‘g‘risidagi taqdimnomani qonun buzilishini bartaraf etish vakolatiga ega bo‘lgan davlat idorasiga, jamoat tashkilotiga yoki mansabdor shaxslarga kiritadi, bu taqdimnoma darhol ko‘rib chiqilishi lozim. Ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida bir oylik muddat ichida prokurorga ma’lum qilinishi shart.
Taqdimnoma kollegial idora tomonidan qarab chiqilayotganda prokurorga majlis o‘tkaziladigan kun ma’lum qilinadi, prokuror bu majlisda qatnashishga haqlidir.
28-modda. Prokuror amrnomasi
Qonun buzilishini bartaraf etish to‘g‘risidagi amrnoma prokuror tomonidan ana shu qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan idora yoki mansabdor shaxsga, yohud yuqori idoraga yoki ana shu qonunbuzarlikni bartaraf etishga qodir mansabdor shaxsga yuboriladi.
Qonun buzilganligi yaqqol ko‘zga tashlangan hollarda va bu fuqarolar, davlat, korxona, muassasa, tashkilotning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lganda amrnoma kiritiladi. Amrnoma zudlik bilan bajarilib, bundan prokuror voqif etilishi lozim.
Amrnomadagi talablarga norozi bo‘lgan taqdirda idora yoki mansabdor shaxs bu amrnoma ustidan yuqori pog‘onadagi prokurorga shikoyat qilishi mumkin. Prokuror shikoyatni uch kunlik muddat ichida qarab chiqishi shart. Shikoyat amrnoma ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.
29-modda. Prokurorning yozma ogohlantiruvi
Fuqarolarning qonun tomonidan qo‘riqlanadigan manfaatlariga, huquq va erkinliklariga, davlat yoki jamoat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar tayyorlanayotganligi xususida ishonchli ma’lumotlar bo‘lganida huquqbuzarlikning oldini olish maqsadlarida mansabdor shaxslar va fukarolar prokuror tomonidan qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilmaslik xususida yozma ravishda ogohlantiriladilar hamda huquqbuzarlik uchun javobgarlik tushuntiriladi.
Ogohnoma to‘g‘risida prokuror yuqori turuvchi tashkilotga, shuningdek ogohnoma chiqarilgan shaxsning ishlash, o‘qish yoki yashash joyi ma’muriyatiga yoxud jamoat birlashmalariga ma’lum qilishga haqlidir.
30-modda. Prokurorning qonuniy faoliyatiga monelik qilganlik va talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik
Aktlar va boshqa zarur hujjatlar, materiallar va ma’lumotlar taqdim etish, tekshirishlar va taftishlar o‘tkazish, mutaxassislar ajratish, prokuraturaga kelish va qonun buzilganligi yuzasidan tushuntirishlar berishdan bo‘yin tovlash, shu jumladan prokuror fikri bildirilgan hujjatlarda bayon etilgan talablarni bajarishdan bosh tortish hamda ularni to‘liq hajmda bajarmaslik tarzida prokurorning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish va prokuror talablarini bajarmaslik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga olib keladi.
2-BOB. JINOYATChILIKKA QARShI KURASh IDORALARINING QONUNLARNI IJRO ETIShLARI USTIDAN NAZORAT QILISh
31-modda. Nazorat predmeti
Jinoyatlar to‘g‘risidagi arizalar va ma’lumotlarni qarab chiqish hamda hal etish va tekshiruvlar o‘tkazishning qonunlarda belgilangan protsessual tartibi, jinoyatchilikka qarshi kurash idoralari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi, shuningdek jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilgan boshqa qonunlarga og‘ishmay amal qilishlik — jinoyatchilikka qarshi kurash idoralarining qonunlarni ijro etishlari ustidan nazorat qilish predmetidir.
32-modda. Prokurorning vakolatlari
Surishtiruv va dastlabki tergov idoralari tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirar ekan, prokuror o‘z vakolatlari doirasida:
surishtiruv va dastlabki tergov idoralaridan tekshirish uchun jinoiy ishlarni, hujjatlarni, materiallarni, sodir etilgan jinoyatlarga, tezkor-qidiruv, surishtiruv, dastlabki tergov ishining borishiga doir ma’lumotlarni talab qiladi; sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlarga doir arizalar va ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va hal etish to‘g‘risidagi qonun talablari qay darajada ijro etilayotganligini oyida kamida bir marta tekshiradi;
tergovchilar va surishtiruv o‘tkazuvchi shaxslarning g‘ayriqonuniy hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi;
jinoyatni tekshirish, ehtiyot chorasini tanlash, o‘zgartirish yoki bekor qilish, jinoyat kvalifikatsiyasini belgilash, ayrim tergov harakatlarini bajarish va jinoyat sodir etgan shaxslarni qidirish to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar beradi;
surishtiruv idoralariga jinoyat sodir etgan shaxslarni ushlash, majburiy keltirish, qamoqqa olish, tintuv o‘tkazish, yashirilgan ashyolarni egasining taqdimiga ko‘ra olish, boshqa tergov harakatlarini bajarish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishni topshiradi, shuningdek prokuror yoki prokuratura tergovchisi qo‘lidagi ishlar yuzasidan jinoyatlarni ochish va jinoyatlar sodir etgan shaxslarni aniqlash to‘g‘risida ko‘rsatmalar beradi;
surishtiruv va dastlabki tergovda ishtirok etadi hamda zarur hollarda har qanday ish yuzasidan shaxsan ayrim tergov harakatlarini yoki tekshiruv ishlarini to‘liq amalga oshiradi;
tintuv o‘tkazishga, pochta-telegraf hujjatlariga arest solish va ularni olib ketishga, gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxsning telefonlar va boshqa so‘zlashuv apparatlari orqali olib borilayotgan suhbatlarini eshitib turishga, ayblanuvchini lavozimidan chetlatishga va qonunda nazarda tutilgan hollarda tergovchi hamda surishtiruv idorasiga boshqa xatti-harakatlar uchun ruxsat beradi;
qonunda belgilangan hollarda va tartibda tergov hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash muddatini uzaytiradi;
jinoiy ishlarni surishtiruv va dastlabki tergov idoralariga qo‘shimcha tergov o‘tkazish to‘g‘risidagi o‘z ko‘rsatmalari bilan qaytaradi;
har qanday ishni surishtiruv idorasidan olib qo‘yadi va tergovchiga beradi, to‘la va xolis tekshiruv o‘tkazishni ta’minlash maqsadida ishni dastlabki bir tergov idorasidan olib boshqasiga beradi, shuningdek bir tergovchidan olib boshqasiga beradi;
basharti, ishni tekshirish chog‘ida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsalar, surishtiruv o‘tkazayotgan shaxsni yoki tergovchini surishtiruv yoxud dastlabki tergov ishlarini davom ettirishdan chetlatadi;
jinoiy ishlar qo‘zg‘atadi yoxud jinoiy ishlar qo‘zg‘atishni rad etadi; jinoiy ishlarni yotqizadi yoki yuritilishini to‘xtatib turadi; qonunlarda nazarda tutilgan hollarda tergovchi yoki surishtiruv idorasiga jinoiy ishni yotqizish yoki to‘xtatishga rozilik beradi; ayblash fikrini (qarorini) tasdiqlaydi; jinoiy ishlarni sudga jo‘natadi.
Prokurorning jinoiy-protsessual qonunlarda nazarda tutilgan tartibga muvofiq surishtiruv va dastlabki tergov idoralariga tergov oldi tekshiruvi, qo‘zg‘atilgan va tergalayotgan jinoiy ishlar bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘rsatmalari ana shu idoralar uchun majburiy hisoblanadi.
33-modda. Fuqarolarning huquqlarini cheklovchi xatti-harakatlarga ruxsat berish
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, ularga tenglashtirilgan prokurorlari, ularning o‘rinbosarlari, harbiy va transport prokurorlari, shuningdek shaharlar, tumanlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, fuqarolarni qamoqqa olishga ruxsat berish huquqiga egadir.
Prokurorlar va ularning o‘rinbosarlari o‘z vakolatlari doirasida jinoyat-protsessual qonunlarda nazarda tutilgan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklovchi xatti-harakatlarga ham ruxsat beradilar.
34-modda. Prokuratura idoralari tomonidan jinoyatlarni tergov kilish
Prokuratura idoralari O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan va jinoyat-protsessual qonuniga binoan o‘z vakolatlariga berilgan jinoyatlarga doir ishlarni tergov kiladilar.
Prokuror har qanday jinoiy ishni o‘zi yuritish uchun olishga yoki o‘ziga bo‘ysinuvchi prokurorga topshirishga, shuningdek birgalikda tekshiruv o‘tkazish uchun prokuratura tergovchilari, ichki ishlar idoralari hamda boshqa idoralarning tergovchilari va operativ xodimlardan iborat tergov guruhini tuzishga haqlidir.
3-BOB. SUDLARDA IShLARNING KO‘RIB ChIQILIShIDA PROKURORNING VAKOLATLARI
35-modda. Sudlarda ishlarning ko‘rib chiqilishida prokurorning ishtiroki
Prokuror qonunda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, prokurorning o‘zi yoxud sud zarur deb topgan taqdirda sudlarda ishlar ko‘rib chiqilishida ishtirok etadi. Sud majlisida ishtirok etayotgan prokurorning vakolatlari hajmi va doiralari O‘zbekiston Respublikasi protsessual qonunlari bilan tartibga solinadi.
Prokuror davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlar ekan, dalil-isbotlar o‘rganilishida ishtirok etadi, jinoyat qonuni qo‘llanishiga, sudlanuvchiga berilishi lozim bo‘lgan jazo turi va miqdoriga doir o‘z fikrini sudga bayon etadi. Bunda prokuror qonun talablariga va ish yuzasidan to‘plangan materiallarnig xolis bahosiga amal qiladi.
Basharti, ishni qarab chiqish vaqtida prokuror qo‘yilayotgan ayblov sud majlisida o‘z tasdig‘ini topmayapti degan xulosaga kelsa, u ayblovdan voz kechadi.
Prokuror sud jarayonida boshqa qatnashchilar bilan teng huquqlardan foydalanar ekan, sudlarning mustaqilligi va ular faqatgina qonunga bo‘ysinish prinsipiga qat’iy rioya etishi, o‘z faoliyati bilan odil sudlovni amalga oshirishga qo‘maklashishi shart.
36-modda. Sud qarorlariga nisbatan kassatsiya tartibida protest keltirish
Prokuror ishning ko‘rib chiqilishida ishtirok etganligi yoki etmaganligidan qat’i nazar, ushbu ish xususida sudning chiqargan hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari qonunga hamda ish yuzasidan to‘plangan materiallarga qay darajada muvofiq kelishini tekshiradi. Prokuror jinoiy, fuqarolik, xo‘jalik va ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha sudning chiqargan g‘ayrihuquqiy qarorlari ustidan yuqori turuvchi sudga protest keltiradi.
37-modda. Prokurorning kassatsion va xususiy protesti
Prokurorga va uning o‘rinbosariga ish birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilishida ishtirok etganliklari yoki ishtirok etmaganliklaridan qat’i nazar, o‘z vakolatlari doirasida kassatsion va xususiy protest keltirish huquqi beriladi.
38-modda. Sud qarorlarining qonuniyligini tekshirish uchun suddan ishlarni talab qilib olish
Prokuror, uning o‘rinbosari o‘z vakolatlari doirasida hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari qonuniy kuchga kirgan har qanday ishni suddan talab qilib olish huquqiga egadir. Prokuror, uning o‘rinbosari yoki ularning topshirig‘iga binoan prokuraturaning boshqa xodimlari sudlarda har qanday toifadagi shunday ishlarni o‘rganish huquqiga ega.
Prokuror sud tomonidan chiqarilgan hukmlar, hal qiluv qarorlar, ajrimlar va qarorlarning qonunga muvofiq emasligini aniqlagach, protest kiritish huquqiga ega, agar bu hol uning vakolat doirasiga kirmaydigan bo‘lsa, yuqori pog‘onadagi prokurorga taqdimnoma bilan murojaat etib, protest kiritishni so‘raydi.
39-modda. Sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlariga nisbatan protest keltirish
Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan protest keltirish huquqiga quyidagilar egadir:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari — O‘zbekiston Respublikasidagi sudlarning hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumlarining qarorlari bundan mustasno;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar — tuman (shahar) sudining hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Sudi, viloyatlar sudlari, Toshkent shahar sudi sud hay’atlari ishni kassatsiya tartibida qarab chiqib, qabul qilgan ajrimlariga, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining qarorlariga nisbatan.
(39-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Sudning ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish yuzasidan chiqargan qaroriga nisbatan rayon, shahar va yuqori pog‘onadagi prokurorlar hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan protest keltirilishi mumkin.
40-modda. Protestlarni o‘zgartirish, to‘ldirish, chaqirib olish. Jinoiy ishni suddan talab qilib olish
Jinoiy va fuqarolik ishlariga doir sudning hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlariga nisbatan berilgan kassatsiya, xususiy va nazorat tartibidagi protest ish sudda ko‘rib chiqilguniga qadar to‘ldirilishi, o‘zgartirilishi yoki protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori pog‘onadagi prokuror tomonidan chaqirib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shahar va tuman prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, ayblash fikrini tasdiqlagan prokurorlar jinoiy ishni ayblanuvchini sudga berishga qadar va prokuror tomonidan qo‘zg‘atilgan fuqarolik ishini sudda qarab chiqilishiga qadar chaqirib olish huquqiga egadirlar.
41-modda. Jinoiy ishlar va fuqarolik ishlari yuzasidan sud chiqargan qarorlarining ijrosini to‘xtatib turish
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori har qanday sudning protest keltirilgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qarori ijrosini ish nazorat tartibida hal etilgunga qadar to‘xtatib turishga haqlidir.
Fuqarolik va xo‘jalik ishlari ustidan nazorat tartibida protest keltirish huquqi berilgan prokurorlar qonun ochiq-ravshan buzilganligidan dalolat beruvchi ma’lumotlar yetarlicha bo‘lgani taqdirda ishni talab qilib olish bilan birga sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorining ijrosini ular ustidan protest keltirgunga qadar ko‘pi bilan uch oy muhlatga to‘xtatib turishga haqlidirlar.
42-modda. Prokurorning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlar rayosatlari, tegishli xo‘jalik sudlari hay’atlari majlislarida ishtirok etishi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi va Oliy xo‘jalik sudining Plenumi majlislarida, uning o‘rinbosarlari esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rayosatining majlislarida ishtirok etadilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar prokurorlari va Toshkent shahri prokurori viloyatlar sudlari va Toshkent shahar sudi rayosatlarining, tegishli xo‘jalik sudlari hay’atlarining majlislarida ishtirok etishga haqlidirlar.
43-modda. Qonunlarni qo‘llash yuzasidan sudlarga tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi taklif
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining va Oliy xo‘jalik sudining Plenumlari muhokamasiga jinoiy, fuqarolik, xo‘jalik, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi va boshqa sudlov ishlarini qarab chiqish chog‘ida yuzaga keladigan qonunlarni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berish to‘g‘risida taklif kiritishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
4-BOB. UShLAB TURILGANLARNI QAMOQQA OLINGANLARNI SAQLASh JOYLARIDA, JINOIY JAZOLAR VA BOShQA JINOYAT-HUQUQIY TA’SIR ChORALARINI IJRO ETISh VAQTIDA QONUNLARGA RIOYA ETILIShI USTIDAN NAZORAT QILISh
44-modda. Nazorat predmeti
Nazorat predmetini:
ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi organlar va muassasalarda shaxslarni saqlash qay darajada qonuniy ekanligi;
ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash, jinoiy jazolarni o‘tash, boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan shaxslarni saqlash tartibi va sharoitlari haqidagi qonun hujjatlariga qay darajada rioya etilayotganligi;
ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar, mahkumlar, shuningdek boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan shaxslarning qonunda belgilangan huquqlari va majburiyatlariga rioya etilishi qay darajada ta’minlanayotganligi;
jinoyat-ijroiya qonun hujjatlarini qo‘llaydigan organlar va muassasalar, mansabdor shaxslar faoliyatida qonun hujjatlariga qay darajada rioya etilayotganligi tashkil etadi.
45-modda. Prokurorning vakolatlari
Prokuror ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etish vaqtida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshira borib, o‘z vakolatlari doirasida:
ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash, qamoq, intizomiy qismga jo‘natish, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazolarni o‘tash joylariga, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini ijro etuvchi muassasalar va voyaga yetmaganlarning maxsus o‘quv-tarbiya muassasalariga moneliksiz va istalgan vaqtda kirish hamda binolarning hamma joyi bilan tanishishga;
shaxslarni ushlab turishga, qamoqqa olishga, shuningdek ularga nisbatan jinoiy jazo yoki boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari qo‘llashga asos bo‘lgan hujjatlar bilan tanishishga;
ushlab turish, qamoqda saqlash joylarida, qamoq, intizomiy qismga jo‘natish, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazolarni ijro etish muassasalarida, tibbiy yo‘sindagi majburiy choralarini ijro etuvchi muassasalarda va voyaga yetmaganlarning maxsus o‘quv-tarbiya muassasalarida noqonuniy ravishda saqlab turilgan shaxslarni darhol ozod qilishga;
basharti qamoqda saqlanayotgan, qamoq, intizomiy qismga jo‘natish, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo choralari qonunga muvofiq kelmasa, bu choralarni bekor qilishga, o‘z qarori bilan bunday shaxslarni intizomiy bo‘linmalardan darhol ozod qilishga;
ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar, mahkumlar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan shaxslarni ushlab turish, qamoqda saqlash, jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi organlar hamda muassasalarning vakillari ishtirokida ham, ulardan holi holda ham so‘rab-surishtirishga;
ushlab turish, qamoqqa olish, jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi organlar va muassasalar ma’muriyatlarining buyruqlari, farmoyishlari va qarorlari, operativ-qidiruv tadbirlari qonunga qay darajada muvofiqligini tekshirishga;
ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar, mahkumlar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan shaxslarning huquqlarini ta’minlaydigan sharoitlar yaratilishini ma’muriyatdan talab qilishga;
ushbu Qonunning 25—29-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda protestlar keltirish, qarorlar chiqarish, taqdimnomalar, amrnomalar kiritish, yozma ravishda ogohlantirishga haqlidir.
46-modda. Prokuror qarorlari va talablari ijrosining majburiyligi
Prokurorning ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etishning qonunda belgilangan tartibi va sharoitlariga rioya etishga doir qarorlari va talablarini ijro etish majburiydir.
47-modda. Shikoyatlar va arizalar bilan murojaat qilish huquqi ta’minlanishida prokurorning vazifalari
Prokuror ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar, mahkumlar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan shaxslarning jazoni ijro etuvchi organ yoki muassasa ma’muriyatiga, boshqa davlat organlariga, jamoat birlashmalariga, mansabdor shaxslarga shikoyatlar va arizalar bilan murojaat qilish huquqlari to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Tushgan shikoyat yoki arizani prokuror belgilangan muddatda ko‘rib chiqadi, zarur chora-tadbirlar ko‘radi va o‘z qarori haqida arizachiga ma’lum qiladi.
(4-bob O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi 485-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 241-modda)
IV. PROKURATURA IDORALARINING XODIMLARI
48-modda. Prokuror lavozimiga tayinlangan shaxslarga qo‘yiladigan talablar
O‘zbekiston Respublikasining oliy yuridik ma’lumoti bor va zarur kasb-korga hamda axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan fuqarolari prokuror etib tayinlanadilar. Prokuratura idoralarida lavozimga birinchi marta tayinlangan shaxslar qasamyod qiladilar. Qasamyod matni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman, shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yoshi 25 dan kam bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi.
Prokurorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori belgilaydigan tartibda attestatsiyadan o‘tishlari lozim.
Prokuratura idoralarida xizmat qilish bilan bir vaqtda pulli yuridik xizmat ko‘rsatishga, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi, ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyat bundan mustasnodir.
Faoliyati qonuniyligi prokuror nazorati ostida bo‘lgan saylov yo‘li bilan tashkil etiladigan idoralarga prokurorning o‘zi saylanishi mumkin emas.
49-modda. Prokuratura idoralari xodimlarining mansab darajalari va harbiy unvonlari
Prokuratura idoralarining xizmatchilariga, shu jumladan prokuraturaga qarashli ilmiy muassasalar va o‘quv yurtlari xodimlariga egallab turgan lavozimiga va ish stajiga muvofiq darajali unvonlar yoki harbiy unvonlar beriladi.
Darajali unvon hamda harbiy unvon berish va undan mahrum etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Prokuratura xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizom bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadigan harbiy Prokuratura to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
50-modda. Prokurorlar va prokuratura tergovchilarining daxlsizligi
Prokuror va prokuratura tergovchisi davlat himoyasida bo‘lib, xizmat daxlsizligiga egadirlar.
Prokuror va prokuratura tergovchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish va jinoiy ishni tekshirish faqatgina prokuratura idoralarining huquq-vakolatlariga kiradi.
Prokuratura xodimlariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik va nojo‘ya xatti-harakat uchun intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llashga doir masala yuqori pog‘onadagi prokuror tomonidan hal etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori tomonidan ro‘yxati belgilanadigan prokuror-tergov xodimlari o‘q otar qurolini olib yurish huquqiga egadirlar.
51-modda. Prokuratura xodimlarini rag‘batlantirish va ularning intizomiy javobgarligi
Prokurorlar va prokuratura tergovchilarini rag‘batlantirish hamda intizomiy javobgarlikka tortish tartibi O‘zbekiston Respublikasi prokuratura idoralari xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori prokuratura idoralarining xodimlarini ko‘p yillik va halol xizmati uchun ko‘krakka taqiladigan “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” nishoni bilan taqdirlab, ularga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Faxriy yorlig‘ini topshirishi mumkin. Ko‘krakka taqiladigan “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” nishoni bilan taqdirlashga taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori respublikada qonuniylikni mustahkamlash ishidagi alohida xizmatlari, ko‘p yil va samarali ishlaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi idoralarining xodimlarini davlat mukofotlariga taqdim etishi mumkin.
52-modda. Prokuror xodimlarning moddiy va ijtimoiy ta’minoti
Prokuror xodimlarning, prokuraturaga qarashli ilmiy muassasalar va o‘quv yurtlari xizmatchilarining ish haqi mansab okladidan, mansab darajasi va ko‘p yillik xizmati uchun to‘lanadigan qo‘shimcha haqdan iborat bo‘ladi.
Mansab darajalari berilgan shaxslar belgilangan normalar bo‘yicha bepul kiyim-kechak bilan ta’minlanadilar.
Prokuror xodimlariga davomiyligi 30 sutkadan iborat har yilgi ta’til beriladi. Mansab darajalariga ega bo‘lib, prokuratura idoralarida 10 yildan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan prokuratura xodimlariga:
10 kalendar yilidan keyin — 5 sutka,
20 kalendar yilidan keyin — 10 sutka,
25 kalendar yilidan keyin — 15 sutka davomiyligida haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Prokuror xodimlari xizmat guvohnomalarini ko‘rsatib, O‘zbekiston Respublikasi hududida shahar atrofi va mahalliy yo‘nalishdagi jamoat transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga egalar; xizmat safariga borganlarida transportning barcha turlariga biletlarni va mehmonxonalarda joylarni oldindan band qilib qo‘yish va navbatsiz olish huquqidan foydalanadilar.
 LexUZ sharhi
52-moddaning to‘rtinchi qismining shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishga doir qismi O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
V. PROKURATURA IDORALARINI TAShKIL ETIShGA DOIR BOShQA MASALALAR
53-modda. O‘zbekiston Respublikasining prokuratura muassasalari va tashkilotlari
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish, prokuror xodimlar malakasini oshirish uchun belgilangan tartibda o‘ziga qarashli ilmiy va o‘quv muassasalari tashkil etishi, maxsus adabiyotlar chop etishi, matbaa korxonasiga ega bo‘lishi mumkin.
54-modda. Xalqaro va davlatlararo aloqalar
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari doirasida xalqaro va davlatlararo shartnomalarga (bitimlarga) muvofiq tajriba almashish, prokuror nazoratini amalga oshirishning ilg‘or uslublarini o‘rganish va joriy etish, jinoyatchilikka va qonuniylik buzilishiga qarshi kurash, xodimlarga ta’lim berish va ularning o‘quvini tashkil etish hamda boshqa masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlarning prokuraturalari bilan xalqaro va davlatlararo aloqalarga ega bo‘lishi mumkin.
55-modda. Prokuratura idoralarini moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti
Prokuratura idoralarining moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti markazlashtirilgan tartibda respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Hokimlar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, harbiy qismlarning qo‘mondonliklari o‘z hududlarida joylashgan prokuratura idoralarini tegishli xizmat binolari bilan ta’minlashlari shart.
56-modda. Prokuratura idoralarining muhri
O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi va unga bo‘ysinuvchi prokuraturalar, ilmiy-o‘quv yurtlari va boshqa muassasalar, korxonalar yuridik shaxs hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbining tasviri va o‘z nomi tushirilgan muhrga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
746-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 29-modda; 6-son, 266-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 141-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 9-son, 241-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda)