toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO KOMPYuTER TARMOQLARIDAN FOYDALANIShNI MARKAZLAShTIRIShDAN ChIQARISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-iyundagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan 2002—2010-yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirishni jadallashtirish, maʼlumotlar uzatish tarmoqlarining operatorlari va provaydyerlariga teng shart-sharoitlar yaratish hamda xalqaro axborot tarmoqlaridan, shu jumladan Internetdan foydalanishni kengaytirish, shuningdek ushbu sohada kichik va oʻrta biznesni yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari operatorlari (provaydyerlari)ning respublika va xalqaro kompyuter tarmoqlaridan, shu jumladan Internetdan faqat “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasining va Maʼlumotlarni uzatish milliy tarmogʻining texnik vositalari orqali foydalanishiga oid belgilangan tartib bekor qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1999-yil 5-fevraldagi 52-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bir oy muddatda “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasi toʻgʻrisidagi Nizomga mazkur qarordan kelib chiqqan holda uning funksiyalari oʻzgarishi hisobga olingan tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida;
idoraviy normativ hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Oripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 10-oktabr,
352-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 10-oktabrdagi 352 -son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1999-yil 5-fevraldagi 52-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
a) 1-bandda “yagona” soʻzi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshida “axborotresurslarini muhofaza qilishni taʼminlash” soʻzlaridan oldin “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish tarmogʻida” soʻzlari qoʻshilsin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
v) 4-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 6-banddan “hamda “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasiga” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 19-son, 149-modda)