toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” 2017-yil 23-yanvardagi 31-son qaroriga muvofiq, shuningdek keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning har biri to‘g‘risida g‘amxo‘rlik va e’tiborni kuchaytirish, keksalarning hayot faoliyati va dam olish tizimini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, ular uchun shahar yo‘lovchi tashish transportidan foydalanishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahri hokimligining va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining pensionerlarni Toshkent metropolitenida 2017-yil 15-martdan boshlab soat 10:00 dan 16:00 gacha bepul tashish, keyinchalik olinmay qoladigan daromadlarni har oyda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Kunduzi Toshkent metropolitenidan bepul foydalanadigan pensionerlar sonini hisobga olish va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 69-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida cheklangan tariflar bo‘yicha aholiga xizmatlar ko‘rsatish munosabati bilan shaharda yo‘lovchilarni muntazam tashish bilan band bo‘lgan tashuvchilar ko‘radigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 4-bandida:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi qo‘shilsin:
Toshkent metropolitenida kunduzi soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan kunduzgi davrda pensionerlarni bepul tashishda olinmay qoladigan daromadlarni qoplash;
sakkizinchi xatboshi to‘qqizinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 9-mart,
128-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-martdagi 128-son qaroriga
ILOVA
Kunduzi Toshkent metropolitenidan bepul foydalanadigan pensionerlar sonini hisobga olish va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarini qoplash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Ushbu Nizom “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi tomonidan soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bepul tashilgan pensionerlar sonini hisobga olish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom metropoliten xizmatlaridan foydalanuvchi pensionerlarga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
metropoliten — elektropoyezdlarda yo‘lovchilar tashish uchun yer osti va yer usti qurilmalari tizimi;
pensioner — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan berilgan pensiya guvohnomasiga ega bo‘lgan yo‘lovchi;
bir martalik maxsus bepul jeton — pensionerga soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda metropolitenda bir marta yurish huquqini beradigan, qat’iy hisobda turadigan hujjat.
4. Metropolitenda soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda tashilgan pensionerlar soni realizatsiya qilingan bir martalik maxsus bepul jetonlar miqdori bo‘yicha aniqlanadi.
5. Pensioner metropolitenda bir marta bepul yurish uchun bitta jeton olish uchun bir martalik maxsus bepul jetonni realizatsiya qiladigan metropoliten kassasi operatoriga pensiya guvohnomasini ko‘rsatadi, bunda bir martalik maxsus bepul jeton faqat shaxsan pensionerning o‘ziga beriladi.
6. Metropoliten har qaysi stansiyasining kirish joyida soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bepul yurish uchun bir martalik maxsus bepul jetonlarni qabul qilish bo‘yicha bitta maxsus turniket ajratiladi.
7. Pensioner olingan bir martalik maxsus bepul jeton bilan maxsus turniket yoniga boradi va unga bir martalik maxsus bepul jetonni tashlaydi.
8. Maxsus ajratilgan turniketda bir martalik maxsus bepul jetonlar jamlanadi va kun yakunida metropoliten stansiyasining katta operatori (komissiya raisi), metropolitenlar harakatini hisobga olish sektorining katta operatori va operatoridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan maxsus turniketdagi bir martalik maxsus bepul jetonlar chiqarib olinadi.
9. Maxsus turniketdan bir martalik maxsus bepul jetonlarni chiqarib olish natijalari bo‘yicha har kuni metropolitenda soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bir marta bepul yurish uchun pensionerlarga bir martalik maxsus bepul jetonlar realizatsiya qilinganligi to‘g‘risida tegishli dalolatnoma tuziladi va imzolanadi.
10. Oy yakunlari bo‘yicha realizatsiya qilingan bir martalik maxsus bepul jetonlar to‘g‘risida oylik hisobot tuziladi, keyinchalik u pensionerlarni soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda pensionerlarni tashishdan olinmay qoladigan daromadlarni qoplash uchun Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar boshqarmasi bilan birgalikda — realizatsiya qilingan bir martalik maxsus bepul jetonlar to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligini tasdiqlaydi va keyinchalik pensionerlarni soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bir martalik maxsus bepul jetonlar bo‘yicha tashishdan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarini har oyda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 69-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida cheklangan tariflar bo‘yicha aholiga xizmatlar ko‘rsatish munosabati bilan shaharda yo‘lovchilarni muntazam tashish bilan band bo‘lgan tashuvchilar ko‘radigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
12. Metropolitenda pensionerlarni soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bepul tashish va ularning sonini hisobga olish, shuningdek “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarini qoplash ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Kunduzi Toshkent metropolitenidan bepul foydalanadigan pensionerlar sonini hisobga olish va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Metropolitenda pensionerlarni soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bepul tashish, ularning sonini hisobga olish va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarini qoplash
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

1-bosqich

Pensioner bir martalik maxsus bepul jetonni realizatsiya qiladigan metropoliten operatoriga pensiya guvohnomasini ko‘rsatadi.

2-bosqich

Kassir bir martalik maxsus bepul jetonni ko‘rsatilgan pensiya guvohnomasiga muvofiq shaxsan pensionerga beradi.

3-bosqich

Pensioner bir martalik maxsus bepul jeton bilan maxsus turniket yoniga boradi va unn ushbu turniketga tushiradi.

4-bosqich

Maxsus ajratilgan turniketdagi bir martalik maxsus bepul jetonlar jamlanadi.

5-bosqich

Kun yakunlari bo‘yicha metropoliten stansiyasining katta operatori (komissiya raisi), metropoliten jetonlarini hisobga olish sektorining katta operatori va operatoridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan maxsus turniketdan bir martalik maxsus bepul jetonlar chiqarib olinadi.

6-bosqich

Maxsus turniketdan bir martalik maxsus bepul jetonlarni chiqarib olish natijalari bo‘yicha xar kuni soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda metropolitenda bir marta bepul yurish uchun bir martalik maxsus bepul jetonlarning realizatsiya qilingan soni to‘g‘risida tegishli dalolatnoma tuziladi va imzolanadi.

7-bosqich

Oy yakunlari bo‘yicha realizatsiya qilingan bir martalik maxsus bepul jetonlar to‘g‘risida hisobot tuziladi, keyinchalik u Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasiga taqdim etiladi.

8-bosqich

Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar boshqarmasi bilan birgalikda — realizatsiya qilingan bir martalik maxsus bepul jetonlar to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligini tasdiqlaydi va keyinchalik pensionerlarni soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davrda bir martalik maxsus bepul jetonlar bo‘yicha tashishdan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining olinmay qoladigan daromadlarini xar oyda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 69-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida cheklangan tariflar bo‘yicha aholiga xizmatlar ko‘rsatish munosabati bilan shaharda yo‘lovchilarni muntazam tashish bilan band bo‘lgan tashuvchilar ko‘radigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.

(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 10-son, 149-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)