toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Milliy haydovchilik guvohnomasi namunalarining Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi Konvensiya (Vena shahri, 1968-yil 8-noyabr) tavsiyalariga muvofiqligini taʼminlash, milliy haydovchilik guvohnomalarini hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalarini bosqichma-bosqich joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunasi va uning tavsifi 1-ilovaga muvofiq;
avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yangi namunasi va uning tavsifi 2-ilovaga muvofiq;
avtomototransport vositasi texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonning yangi namunasi va uning tavsifi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2017-yil 1-oktabrdan boshlab tegishli ravishda milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishda — milliy haydovchilik guvohnomasining, avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazishda (qayta roʻyxatdan oʻtkazishda) — avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yangi namunalari beriladi;
b) yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi berilgan kundan boshlab 10 yil muddatga beriladi;
v) amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomalarga almashtirish:
2017-yil 1-oktabr — 2018-yil 31-dekabr davrida — eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari ularning berilgan sanasidan qatʼi nazar — egasining yozma arizasiga koʻra ixtiyoriy ravishda;
2019-yil 1-yanvardan eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar — ularning berilgan sanasiga muvofiq holda:
Oldingi tahrirga qarang.
2010-yilgacha boʻlgan davrda berilganlari — 2023-yil 31-martga qadar;
2010 — 2012-yillarda berilganlari — 2023-yil 30-iyunga qadar;
2013 — 2015-yillarda berilganlari — 2023-yil 30-sentabrga qadar;
2015-yildan keyin berilganlari — 2023-yil 31-dekabrga qadar muddatlarda majburiy tartibda amalga oshiriladi;
(3-band “v” kichik bandining toʻrtinchi — yettinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 178-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/178/0300-son)
g) eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar ularning berilgan sanasiga muvofiq holda:
Oldingi tahrirga qarang.
2010-yilgacha boʻlgan davrda berilganlari — 2023-yil 1-apreldan;
2010 — 2012-yillarda berilganlari — 2023-yil 1-iyuldan;
2013 — 2015-yillarda berilganlari — 2023-yil 1-oktabrdan;
(3-band “g” kichik bandining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 178-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/178/0300-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2015-yildan keyin berilganlari — 2024-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
(3-band “g” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 178-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/178/0300-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-maydagi 319-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.05.2020-y., 09/20/319/0658-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2006-yil 19-dekabrdagi 261-son qarori 2017-yil 1-oktabrdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasiga roʻyxatdan oʻtkazish tartibotlarini soddalashtirishni va avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning plastik shakllarini joriy etishni nazarda tutgan holda Avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini, shuningdek qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflar kiritsin;
oʻzining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston milliy teleradirokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan internet-nashrlarda milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning plastik shakllar asosidagi yangi namunalarini bosqichma-bosqich joriy etishning maqsadlari, tartibi va shartlari keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-mart,
116-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-son qaroriga
1-ILOVA
Milliy haydovchilik guvohnomasining namunasi
(old tomoni)
(orqa tomoni)
Milliy haydovchilik guvohnomasining tavsifi
Milliy haydovchilik guvohnomasi xalqaro standartlar tavsiyalari asosida plastikdan tayyorlanadi. Plastikdan tayyorlangan guvohnoma oʻlchami 54x86 millimetrni tashkil etadi. Guvohnomaning rangi — och pushti. Lotin yozuvidagi davlat tilidan foydalaniladi. Seriyali raqami ikki harfli, nomeri olti raqamli.
Milliy haydovchilik guvohnomasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR) va qurilmalar oʻrtasida maʼlumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgi (NFC Smart-kart) boʻladi.
Milliy haydovchilik guvohnomasining plastik shakli quyidagi himoya vositalariga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri shaklidagi gologramma, u nishablikning turlicha burchagida oʻz shaklini oʻzgartiradi;
mikromatn — “Naydovchilik guvohnomasi Voditelskoye udostovereniye Driving licence”, oʻlchami maksimum 30 mikron;
ultrabinafsha qoplama;
“UZ” yozuvli egilganda bir rangdan boshqa rangga tovlanadigan optik turlanadigan boʻyoq;
gilosh, doimiy ravishda qiyshayib turadigan 40-70 mkm qalinlikdagi toʻlqinli chiziqlarning qalin tarmogʻi shaklidagi naqsh;
milliy haydovchilik guvohnomasi plastik shaklining seriyali raqamining lazer oʻyma naqshi.
Milliy haydovchilik guvohnomasining old tomonida “Naydovchilik guvohnomasi”, “Voditelskoye udostovereniye”, “Driving licence” soʻzlari yoziladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan, Oʻzbekiston Respublikasining nomi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan, Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Vena shahri, 1968-yil 8-noyabr) 6-ilova 4-bandining 1-3, 4a-4s, 5-7, 9-kichik bandlarida va 5-bandi 8-kichik bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar majburiy tartibda koʻrsatiladi, fotosurat uchun joy nazarda tutilgan.
Orqa tomonida Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Vena shahri, 1968-yil 8-noyabr) 6-ilova 4-bandining 9 va 12-kichik bandlarida, shuningdek 5-bandining 10 va 11-kichik bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar majburiy tartibda koʻrsatiladi.
1-12-bandlarda nazarda tutilgan maʼlumotlar keltiriladi.
Alohida belgilar uchun joy nazarda tutilgan.
A, B, C, D, BE, CE va DE toifalarini boshqarish uchun milliy haydovchilik guvohnomasining haqiqiyligi tegishli piktogrammalar bilan ifodalangan.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 389-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 541-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-son qaroriga
2-ILOVA
Avtomototransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning namunasi va uning tavsifi
(old tomoni)
(orqa tomoni)
Avtomototransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning tavsifi
Avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma xalqaro standartlar tavsiyalari asosida 54x86 mm oʻlchamda plastikdan tayyorlanadi. Avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning rangi — koʻk. Lotin yozuvidagi davlat tilidan foydalaniladi. Seriyali raqam ikki harfli, nomeri oltita raqamli.
Avtotransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada jismoniy shaxs uchun — shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR), yuridik shaxs uchun — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) va qurilmalar oʻrtasida bevosita aloqasiz axborot ayriboshlash imkonini beruvchi elektron belgi (NFC Smart-kart) boʻladi.
Avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning plastik shakli quyidagi himoya vositalariga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri shaklidagi gologramma, u nishablikning turlicha burchagida oʻz shaklini oʻzgartiradi;
mikromatn — “Avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma Svidetelstvo o registratsii avtomototransportnogo sredstva Vehicle license”, oʻlchami maksimum 30 mikron;
ultrabinafsha qoplama;
“UZ” yozuvli egilganda bir rangdan boshqa rangga tovlanadigan optik turlanadigan boʻyoq;
gilosh, doimiy ravishda qiyshayib turadigan 40 — 70 mkm qalinlikdagi toʻlqinli chiziqlarning qalin tarmogʻi shaklidagi naqsh;
guvohnoma plastik shaklining seriyali raqamining lazer oʻyma naqshi.
Oldingi tahrirga qarang.
Guvohnomaning old tomonida “Avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma”, “Svidetelstvo o registratsii avtomototransportnogo sredstva”, “Vehicle license” soʻzlari yozilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan, “Oʻzbekiston Respublikasi” soʻzlari davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. Avtomototransport vositasining davlat raqam belgisi, markasi, modeli, rangi, avtomototransport vositasining egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tashkilotning nomi), avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilgan sana, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining boʻlimi, jismoniy shaxs uchun — shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR), yuridik shaxs uchun — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) majburiy tartibda koʻrsatiladi.
(oʻninchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-yanvardagi 11-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 09/26/11/0066-son)
Avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning orqa tomonida avtomototransport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar: avtomototransport vositasi ishlab chiqarilgan yil, turi, kuzov/shosse raqami, toʻla vazni, yuksiz vazni, dvigatelning toifasi va quvvati, yonilgʻi turi, haydovchining oʻrindigʻi bilan birgalikda oʻtiriladigan oʻrinlar soni, tik turiladigan oʻrinlar soni, alohida belgilar majburiy tartibda koʻrsatiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 389-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 541-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-son qaroriga
3-ILOVA
Avtomototransport vositasi texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonning namunasi va uning
TAVSIFI
(old tomoni)
(orqa tomoni)
Texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonning
TAVSIFI
Texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talon toʻrtburchak shaklidagi, oʻlchamlari 54 x 86 mm boʻlgan zichligi bir kvadrat metrga 140+/-5 grammanli 100% paxtadan olingan qogʻozdan tayyorlanadi. Qogʻoz qatlami orasiga joylashgan, ultrabinafsha nurda koʻrinadigan koʻk va och yashil rangli tola hamda nurda yaxshi ajralib turadigan “paxta chanogʻi” koʻrinishidagi umumiy “suv belgi”si mavjud.
Ofsetli yozuv, mintaqa kodi, seriyasi ikki harfli, nomeri olti raqamli.
Blanka quyidagi maxsus himoyaga ega:
kimyoviy taʼsirga bardoshli boʻyoqdan foydalaniladi, yuza qismidagi kataklarda nusxa olishga va skaner qilishga qarshi ingichka chiziqlar mavjud. Bir rangdan boshqa rangga rasm chiziqlari buzilmasdan ohista jilolanishi taʼminlangan. Juda kattalashtirilganda mikromatn koʻrinadi, ultrabinafsha nurda koʻrinmaydigan tasvirlar va oltita raqamli son koʻrinadi. Maxsus qabariq va oʻyiqlar mavjud.
Lotin yozuvidagi davlat tilidagi matndan foydalanilgan.
Old tomonida avtomototransport vositasining rusumi, davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqam belgisi koʻrsatiladi.
Talonning orqa tomonida oʻtkazilgan texnik koʻrik natijasi, joriy va navbatdagi texnik koʻrikdan oʻtish sanasi koʻrsatiladi.
Talondagi yozuvlar Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmati boʻlimi mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi hamda uning imzosi va maxsus shtampi bilan tasdiqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 9-son, 135-modda, 25-son, 541-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.05.2020-y., 09/20/319/0658-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.11.2021-y., 09/21/690/1061-son; 13.04.2022-y., 09/22/178/0300-son; 21.01.2026-y., 09/26/11/0066-son)