toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 13.12.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar hamda ishga joylashishga ehtiyojmand bo‘lgan aholi boshqa qatlamlarining mikromoliyalash xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek yangi ish joylari tashkil etilishini ta’minlaydigan oilaviy, xususiy tadbirkorlikni va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va tijorat banklarining tajriba tariqasida Toshkent shahrida kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun mikrokreditlashning yangi sxemasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin, quyidagilar mikrokreditlash uchun qamrab olinadigan shaxslar orasida ustuvor kontingentlar hisoblansin:
o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari;
muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar;
mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar;
oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi, shuningdek fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tavsiyanomalari bo‘yicha ishga joylashishga ehtiyojmand bo‘lgan boshqa shaxslar.
2. Quyidagilar imtiyozli mikrokreditlashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kichik tadbirkorlik, eng avvalo oilaviy va xususiy tadbirkorlik sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etish;
imtiyozli kreditlar berish orqali yuqorida qayd etilgan shaxslar kontingentlari uchun ularni tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb etish maqsadida mikromoliyaviy xizmatlardan oson foydalanishlarini maksimal darajada ta’minlash;
aholining kam ta’minlangan va hojatmand qatlamlari daromadlarini oshirish, aholi bandligini ta’minlashda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari rolini kuchaytirish.
3. Quyidagilar:
Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli mikrokreditlar berilishining prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
tadbirkorlikni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar beriladigan asosiy faoliyat turlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, imtiyozli mikrokreditlar quyidagi shartlarda beriladi:
mikrokredit summasi — eng kam ish haqi miqdorining 200 barobarigacha;
asosiy qarzni to‘lashga olti oy muddatli imtiyozli davrni hisobga olgan holda uch yilgacha muddatga;
yillik foiz stavkasi miqdorlari: bitta ish joyi yaratilganda — 9 foiz, ikkita ish joyi — 8 foiz, uchtadan to‘rttagacha ish joylari — 7 foiz, beshta va undan ortiq ish joylari yaratilganda — 6 foiz miqdorda.
Tijorat banklari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda murojaat etuvchilarga mikrokreditlarni rasmiylashtirish va biznes-rejalarni tayyorlashda har tomonlama tashkiliy ko‘mak va amaliy yordam bersin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq agarda murojaat etuvchi tomonidan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq beriladigan mikrokredit bo‘yicha qaytarishni ta’minlay olmaslik holati vujudga kelganda tijorat banklari tomonidan mikrokreditni ta’minlash sifatida:
eng kam ish haqining yuz barobarigacha miqdorda mikrokreditlashda — xarid qilinadigan mulkni va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari kafilligini;
eng kam ish haqining yuz barobaridan ortiq miqdorda mikrokreditlashda — uchinchi shaxsning kafilligini, sug‘urta tashkilotlarining sug‘urta polislarini va qonun hujjatlari doirasida boshqa ta’minlash turlarini qabul qilib olishlariga yo‘l qo‘yiladi.
Qarz oluvchilarga mikrokreditlar berishda tijorat banklari kreditning umumiy summasida qarzdorning garov ta’minotini rasmiylashtirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni hisobga olishga haqlidir.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki amaldagi tijorat banklarini jalb qilgan holda 2017-yil yakunlari bo‘yicha tajriba natijalarini umumlashtirsin va shu asosda ushbu mikrokreditlash tajribasini respublikaning barcha hududlariga yoyish takliflarini kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 31-yanvar,
PQ-2746-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-yanvardagi PQ-2746-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli mikrokreditlar berilishining prognoz parametrlari

T/r

Bankning nomlanishi

Mikrokreditlarni taqdim qiluvchi tijorat banklari filiallarining soni

Tijorat banklari tomonidan 2017-yilda taqdim etiladigan mikrokreditlarning prognoz qilingan miqdori

(mlrd so‘m)

1.

O‘zmilliybank

16

35,0

2.

O‘zsanoatqurilishbank

16

35,0

3.

Xalq banki

12

30,0

4.

Ipoteka bank

10

27,0

5.

Asaka bank

5

27,0

6.

Mikrokreditbank

1

12,0

7.

Aloqa bank

2

10,0

8.

Qishloqqurilish bank

1

6,0

9.

Boshqa tijorat banklari

63

95,0

Jami

126

277,0

 LexUZ sharhi
1-ilova norasmiy tarjima.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-yanvardagi PQ-2746-son qaroriga
2-ILOVA
Tadbirkorlikni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar beriladigan asosiy faoliyat turlari
RO‘YXATI

T/r

Faoliyat turining nomi*

1.

Radioelektron apparatlar, maishiy mashinalar, maishiy priborlar, ofis mashinalari, hisoblash va kompyuter texnikasi, printer texnikasi ta’mirlash, o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish.

2.

Transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlarining boshqa turlari (akustik tizimlar va qo‘riqlash signalizatsiyalarini ta’mirlash va o‘rnatish, kuzovni yuvish, polirovkalash, unga himoya va bezak qoplamalarini qoplash, salonni tozalash xizmatlari).

3.

Milliy shirinliklar, pishloq mahsulotlari, non va patir, qandolat mahsulotlari, frezerda muzqaymoq tayyorlash va sotish, shuningdek, uy sharoitida donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va o‘tirish joylari tashkil etmasdan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylarda sotish.

4.

Kompyuter dasturlarini ishlab chiqish xizmatlari, shuningdek, kompyuter yordamida matnlarni terish va bosib chiqarish xizmatlari, matndan nusxa olish va ko‘paytirish bilan bog‘liq xizmatlar.

5.

Metallni ta’mirlash ishlari (kalitlarning dublikatlarini tayyorlash, soyabonlarni ta’mirlash, boshqa maishiy metall buyumlarni oddiy ta’mirlash).

6.

Aholining yakka tartibdagi buyurtmalari bo‘yicha poyabzal tikish, poyabzalni ta’mirlash, bo‘yash va tozalash.

7.

Gilam va gilam buyumlarini ta’mirlash va tozalash.

8.

Optika, soatlarni ta’mirlash va metall, plastmassa, sopol, fayans, tosh, kartondan mahsulotlarda o‘ymakorlik ishlari (qavariq yozuvlar va tasvirlar tushirish).

9.

Musiqa asboblarini ta’mirlash va sozlash.

10.

Oyna (oyna, rangli shisha va boshqa materiallardan yasalgan oynalar) ishlari, shishaga badiiy ishlov berish.

11.

Tikuv, mo‘yna, charm va trikotaj buyumlarni, bosh kiyimlarni va to‘qimachilik galantereyasidan tikilgan buyumlarni ta’mirlash va tikish, shu jumladan deraza va eshik pardalarini tikish, trikotaj mahsulotlarini to‘qish, kashtachilik.

12.

Kir yuvish xizmatlari, kir yuvish ishxonasini, shuningdek, dazmollash xizmatlarini tashkil etish.

13.

Dizayn (grafik, interyer, mebel va hokazolar), shuningdek, chizmachilik-grafika ishlari, shuningdek, rassomlik san’ati bo‘yicha xizmatlar.

14.

Jamoat hojatxonalari xizmatlari.

15.

Mebel yig‘ish va ta’mirlash.

* Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga ko‘ra oilaviy tadbirkorlikning boshqa turlari ham taklif qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
2-ilova norasmiy tarjima.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 6-son, 71-modda)