toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash metodikasini tasdiqlash toʻgʻrisida
“Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari (keyingi oʻrinlarda davlat organlari deb ataladi), boshqa tashkilotlar tomonidan koʻrsatilayotgan davlat elektron xizmatini oʻrganish va tahlil qilishga yagona yondashuvni taʼminlash, shuningdek xizmatlar koʻrsatish va ulardan foydalanish sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash metodikasi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat elektron xizmatlari koʻrsatishning holati toʻgʻrisidagi axborotlarni vazirlik tomonidan toʻplash, qabul qilish, ayirboshlash va saqlashning taʼminlanishini hisobga olgan holda ikki oy muddatda NIS.UZ idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda Tizim deb ataladi) takomillashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin;
Davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash metodikasi talablariga muvofiq axborotlarni Tizimga kiritish tartibini reglamentlovchi yoʻriqnomani 2016-yil 20-dekabrgacha boʻlgan muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash natijalarining ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat interaktiv xizmatlari yagona portalida har yili eʼlon qilinishini taʼminlasin.
3. Davlat elektron xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar:
Davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash metodikasida nazarda tutilgan tartibda davlat elektron xizmatlari koʻrsatishning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotlarning Tizimga har yili oʻz vaqtida kiritilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatining oʻtkazilayotgan monitoringi natijalarini hisobga olib, Davlat elektron xizmatlari koʻrsatish tartibi va sifatini doimiy ravishda takomillashtirishga yoʻnaltirilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 20-oktabr,
353-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 42-son, 491-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)