1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha umumiy masalalar / 11.01.01.00 Asosiy qoidalar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.32.00 (Кучини йукотган) Malaka oshirish. Qayta tayyorlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim;
2.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish, yuqori malakali kadrlarga boʻlgan talab va ehtiyojlarni qondirish, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning saviyasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzurida Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar:
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim muassasasi hisoblanadi.
4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xodimlarning kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va mahoratlarini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq atrof muhitni muhofaza qilish uchun kasbiy tayyorgarlikni zarur darajada taʼminlash;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning toʻgʻridan toʻgʻri va bevosita shakllarini amaliyotga joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarining fan va ishlab chiqarish bilan uygʻunligini taʼminlash, xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.
5. Belgilansinki, Markaz faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobiga amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari;
Markaz tomonidan shartnoma asosida xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun jalb etiladigan grantlar, shu jumladan xalqaro grantlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Markaz xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlari boʻyicha respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlarining tegishli toifalariga tenglashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
ikki oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha davlat talablarini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;
uch oy muddatda — belgilangan tartibda Markaz ustavini tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazni zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Toshkent suv taʼminoti, kanalizatsiya, gidrotexnika inshootlari va muhandis gidrogeologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga operativ boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh koʻchasi, 7-uyda joylashgan binodan tekin foydalanish huquqi bilan Markazga joy va xonalar ajratsin;
Markazga ajratilgan joy va xonalarning rekonstruksiya qilinishini hamda zarur oʻquv-laboratoriya va kompyuter texnikasi, mebellar va boshqa inventarlar bilan jihozlanishini taʼminlasin;
Markazning tashkiliy va boshqaruv faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirsin.
8. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 22-sentabr,
321-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-sentabrdagi 321-son qaroriga 1-ILOVA
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida”, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini (keyingi oʻrinlarda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida davlat, idoraviy, ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan, shuningdek ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlarning atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislari (keyingi oʻrinlarda xodimlar deb ataladi) oʻz kasbiy darajasi va malakasini oshiradilar.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
xodimlarning kasbiy va malaka darajasini muntazam oshirish asosida qonunchilik normalari, nazariy, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha innovatsiyalar, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi soʻnggi yutuqlarni chuqur oʻrganish;
yuqori samarali zamonaviy va innovatsiya texnologiyalarini, ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etgan holda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uslublarini yangilash;
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qayta tayyorlash — xodimlarning atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritishi uchun zarur va yetarli boʻlgan hajmdagi kasbiy bilimlar, koʻnikmalar va tajribalarni oʻzlashtirishiga koʻmaklashuvchi taʼlim turi.
malaka oshirish — xodimlarning atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va tajribalarini oshirish boʻyicha taʼlim turi.
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari — xodimlarga davlat taʼlim talablariga muvofiq taʼlim berishni nazarda tutadigan oliy taʼlimdan keyingi oʻqitish shakli boʻlib, ular ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi;
tinglovchi — qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida taʼlim olish uchun jalb etilgan va belgilangan tartibda tinglovchilar safiga qabul qilingan xodimlar;
buyurtmachi — davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlar.
4. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) huzuridagi Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) amalga oshiriladi.
5. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish buyurtmachining buyurtmanomasiga binoan, oʻzaro shartnoma asosida, mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xodimlar, ular faoliyat yuritayotgan tashkilotning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, Markazda davriy ravishda malaka oshirish kurslaridan oʻtadilar.
6. Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan davlat organlarining huzurida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etilgan boʻlsa, ularning xodimlari ushbu taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida taʼlim olishi mumkin.
7. Qayta tayyorlash kurslaridan:
Qoʻmita boʻyicha — zaxirada boʻlgan va birinchi marta Qoʻmita katta davlat inspektorlari va davlat inspektorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalari bosh davlat inspektorlari va ularning oʻrinbosarlari, katta davlat inspektorlari va davlat inspektorlari, Qoʻmita tarkibidagi inspeksiyalarning katta davlat inspektorlari va davlat inspektorlari lavozimlariga, shuningdek Qoʻmita tizimidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi lavozimlarga birinchi marta tavsiya etilgan shaxslar;
davlat ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan davlat organlari boʻyicha — qonun hujjatlariga binoan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan mansabdor shaxs lavozimiga zaxirada boʻlgan va birinchi marta mazkur lavozimga, birinchi marta ishga qabul qilingan shaxslar oʻtadi.
8. Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar va mazkur Nizomda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan majburiy ravishda oʻtishi nazarda tutilmagan boshqa shaxslar Markazda tashkil etilayotgan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida shartnoma asosida, ixtiyoriy ravishda taʼlim olishlari mumkin.
2-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining maqsadi va vazifalari
9. Atrof muhitni muhofaza qilish faoliyatini yuqori darajada taʼminlash, tinglovchilarning kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va mahoratlarini muntazam ravishda oshirib borish qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining maqsadi hisoblanadi.
10. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining vazifalari quyidagilardan iborat:
tinglovchilarning kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq atrof muhitni muhofaza qilish uchun kasbiy tayyorgarlikni zarur darajada taʼminlash;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning toʻgʻridan toʻgʻri va bevosita shakllarini amaliyotga joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarining fan va ishlab chiqarish bilan uygʻunligini taʼminlash, tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
3-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibi
11. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tegishli yoʻnalishlar boʻyicha malakaviy talablar, oʻquv rejalari va dasturlarini hisobga olgan holda, tinglovchilarni sifatli oʻqitish uchun Markazning moddiy-texnika bazasini, oʻquv kurslarining faoliyatini ushbu Nizomda belgilangan tartibda moliyalashtirish asosida tashkil etiladi.
Tinglovchilar Markaz va buyurtmachilar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, toʻlov asosida oʻqitiladi.
Qoʻmita xodimlari Markazda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarida tekin, qayta tayyorlash kurslarida esa toʻlov evaziga oʻqitiladi.
12. Markaz taqdim etilgan buyurtmanomalar asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida taʼlim olish uchun belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tinglovchilar kontingentini shakllantiradi hamda tasdiqlangan oʻqish jadvalini buyurtmachilarga yetkazadi.
Buyurtmachilar Markaz tomonidan yuborilgan oʻqish jadvalini qabul qilganlaridan soʻng xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Markazga qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuboradi.
Buyurtmachilar xodimni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborishdan avval Markaz bilan tuzilgan shartnomaga asosan taʼlim olish uchun belgilangan toʻlov summasini toʻlashi shart.
13. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqitish Markaz tomonidan Qoʻmita bilan kelishilgan holda tasdiqlangan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ishdan ajralgan holda amalga oshiriladi.
14. Tinglovchilar oʻquv kurslarini yakunlaganlaridan soʻng Markazda tashkil etilgan attestatsiya sinovlaridan oʻtadilar.
Attestatsiya sinovlari ushbu Nizomning 4-bobida belgilangan tartib asosida, Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Qoʻmita markaziy apparatining rahbar xodimlari, shuningdek kelishuvga koʻra, ekologik nazoratni amalga oshirish sohasidagi vakolatli davlat organlari, ilmiy va oliy taʼlim muassasalari vakillari kiritiladi.
15. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish boshlangandan soʻng besh kun mobaynida Markazga yetib kelmagan tinglovchilar, sabablaridan qatʼi nazar, kurslarga qoʻyilmaydi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga uzrli sabablarga koʻra yetib kela olmagan xodimlar, keyin tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtadilar.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga uzrli sabablarsiz kelmagan xodimlar, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtmagan hisoblanadi, ularga ushbu Nizomda belgilangan diplom va sertifikatlar berilmaydi hamda buyurtmachilar tomonidan toʻlangan toʻlov summalari qaytarilmaydi.
16. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil olayotgan tinglovchilarning doimiy ish joyidagi lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi.
4-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkilotchilarining vazifalari va funksiyalari
17. Quyidagilar qoʻmitaning vazifalari hisoblanadi:
Markazning tashkiliy va boshqaruv faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv jarayonini takomillashtirish mexanizmlari va uslublarini belgilash;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil olishi kerak boʻlgan tinglovchilar kontingentini shakllantirish;
oʻquv rejalari va dasturlarini hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish uchun toʻlov miqdorini tasdiqlash;
qayta tayyorlash va malaka oshirishni takomillashtirish mexanizmi va usullarini belgilash;
Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻrish.
18. Markaz tomonidan ushbu Nizomning 17-bandida belgilangan vazifalarga muvofiq, quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
xodimlarni oʻqitish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi oʻqitishning zamonaviy shakllari va uslublari, ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan oʻquv rejalari va dasturlarini qoʻllab, oʻquv jarayonini tashkil etadi;
nazariy oʻqishni boshqaruv faoliyati amaliyoti bilan mustahkam bogʻlash maqsadida Qoʻmitaning tegishli tarkibiy boʻlinmalarida, davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarda amaliyot ishlarining tashkil etilishini taʼminlaydi;
rivojlangan davlatlarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi yutuqlarini tahlil qiladi, tinglovchilarga ushbu tajribalarni respublikaning iqtisodiyot tarmoqlarida joriy etish yuzasidan maʼlumotlar beradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayonini, ushbu kurslar bitiruvchilarining keyingi faoliyati yuzasidan doimiy monitoring olib boradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan oʻtkazadi, ushbu Nizom talablariga muvofiq diplom va sertifikatlar beradi.
19. Buyurtmachilar:
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tasdiqlangan jadvali asosida xodimlarining tegishli kurslarga belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida kelishlarini taʼminlaydilar;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari uchun belgilangan toʻlovlarni shartnoma asosida amalga oshiradilar;
qayta tayyorlash va malaka oshirish natijalarini muhokama qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etadi.
5-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayonini tashkil etish
20. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari taʼlim jarayonida erishiladigan natijalardan kelib chiqqan holda xodimlarning bevosita kasbiy rivojlanishini tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
21. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ularning kasbiy bilimlari va koʻnikmalarini doimiy ravishda yangilab boruvchi davriy tizim hisoblanadi.
22. Tinglovchilarning oʻquv jarayoni tasdiqlangan davlat talablari, oʻquv rejalari va dasturlari hamda mashgʻulotlar jadvali boʻyicha tartibga solinadi, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish;
hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ularni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish;
oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, chiqindilarni koʻmib tashlash va utillashtirish joylarining davlat kadastrlarini yuritish, maʼlumotlarni yagona davlat kadastri tizimiga kiritish;
atmosfera havosini muhofaza qilish;
chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish va ularni boshqarish;
tabiatni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy mexanizmlari;
atrof muhit monitoringi;
ekologik ekspertiza;
ekologik sertifikatlash;
ekologik audit;
atrof muhitga taʼsir koʻrsatuvchi omillarni hisobga olish, atrof muhit hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning holatini tahlil etish, baholash va prognoz qilish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida davlat dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlashga kiritish hamda ularning bajarilishini tashkil etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, ularni amaliyotda qoʻllash;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun nazarda tutilgan javobgarlik va boshqa yoʻnalishlar.
Oʻquv rejalari va dasturlari atrof muhitni muhofaza qilish hamda taʼlim sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar asosida har yili takomillashtirib boriladi.
23. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv mashgʻulotlarining maʼruza, interaktiv seminarlar, amaliy mashgʻulotlar, sayyor mashgʻulotlar, tajriba almashish, mustaqil oʻqish, malaka amaliyoti, loyiha ishini himoya qilish kabi asosiy turlari qoʻllaniladi.
24. Auditoriyada oʻtkaziladigan barcha mashgʻulotlar turlari 80 daqiqa davom etadi, oʻquv mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil qiladi.
25. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridagi oʻquv jarayoni tinglovchilar soni, qoidaga koʻra, kamida 20 nafardan kam boʻlmagan holda, Markaz tomonidan tashkil qilinadigan guruhlarda tashkil etiladi.
26. Xodimlarning malaka amaliyoti davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarda tashkil etiladi.
27. Ayrim oʻquv mashgʻulotlari ilgʻor taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar negizida tashkil etilishi mumkin.
28. Tinglovchilarning oʻzlashtirishi quyidagi baholash tizimi asosida amalga oshiriladi:
joriy, oraliq va yakuniy nazorat natijalari;
malaka amaliyoti yakunlari;
loyiha ishini himoya qilish natijalari.
Ushbu baholash natijalari xodimlarning yakuniy attestatsiya sinovlarini topshirish jarayonida baholash mezonlari sifatida inobatga olinadi.
29. Xodimlar quyidagi sabablarga koʻra tinglovchilar safidan chetlashtirilishi mumkin:
oʻz xohishiga binoan;
sababsiz 24 soat dars qoldirganda;
buyurtmachilar tomonidan shartnoma toʻlovlari amalga oshirilmaganda;
salomatligi tufayli (tibbiy maʼlumotnoma asosida);
vafot etgan taqdirda.
30. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mashgʻulotlar oʻtkazish uchun oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali pedagog kadrlari, shuningdek xorijiy mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.
31. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari bilan tinglovchilarni oʻqitadigan pedagoglar tarkibining oʻquv yuklamasi hajmi oʻquv yili mobaynida belgilangan normativlar boʻyicha, ular amalda bajaradigan oʻquv ishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
32. Xodimlarni qayta tayyorlash ularning faoliyati davomida asosiy ishdan ajralgan holda, bevosita Markaz tomonidan kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
33. Qayta tayyorlash dasturlarini oʻzlashtirish muddati oʻn hafta (360 soat)dan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi. Oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga — 36 soatni, shundan auditoriya mashgʻulotlarining eng yuqori hajmi — haftasiga 24 soatni tashkil etadi.
34. Qayta tayyorlash boʻyicha Markazda oʻqitish buyurtmachining yakka tartibdagi buyurtmanomasi asosida, davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar doirasida amalga oshiriladi.
35. Tinglovchilar qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli bajarib, kursni toʻliq oʻzlashtirib boʻlgandan soʻng yakuniy attestatsiya sinovlariga qoʻyiladi.
36. Xodimlarning malakasini oshirish har besh yilda kamida bir marta, asosiy ishdan ajralgan holda, bevosita Markaz tomonidan kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
37. Markazda malaka oshirish kurslarining davomiyligi ikki haftadan kam boʻlmagan muddatni tashkil etadi.
Bunda oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi har haftada — 36 soatni, auditoriya mashgʻulotlarining eng koʻp hajmi har haftada — 24 soatni tashkil qiladi.
38. Malaka oshirish boʻyicha Markazda oʻqitish buyurtmachining yakka tartibdagi buyurtmanomasi asosida, davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar doirasida amalga oshiriladi.
39. Tinglovchilar joriy, oraliq va yakuniy nazorat topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajarib, kursni toʻliq oʻzlashtirib boʻlgandan soʻng yakuniy attestatsiya sinovlariga qoʻyiladi.
40. Malaka oshirish kursini toʻliq oʻzlashtirib boʻlgan xodimlar yakuniy attestatsiya sinovlariga qoʻyiladi.
6-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan oʻtkazish
41. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiya sinovlari, ularning joriy, oraliq va yakuniy nazorati, malaka amaliyoti, loyiha ishini himoya qilish natijalarini inobatga olgan holda suhbat shaklida oʻtkaziladi.
42. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining bitiruv loyiha ishini himoya qilish attestatsiya komissiyasida amalga oshiriladi.
43. Attestatsiya komissiyasi oʻz qarorini tinglovchilarni suhbatdan oʻtkazish natijalari asosida, shuningdek kasbiy faoliyat koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda qabul qiladi.
44. Attestatsiya komissiyasining qarori Markaz tomonidan tinglovchilarga, ushbu Nizomning 2 va 3-ilovalariga muvofiq diplom va sertifikat berishga asos boʻladi.
45. Attestatsiya sinovlaridan oʻta olmagan xodimlar bir yil mobaynida shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kursida takroran oʻqishi va attestatsiya sinovlarini topshirishi shart.
46. Xodimlar attestatsiya sinovlaridan takroran oʻta olmagan taqdirda Markaz tomonidan ushbu xodimlarning ish beruvchi tashkilotlariga xabarnoma yuboriladi.
Xabarnomada xodimning qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslaridan oʻtishi natijasi, attestatsiya sinovlaridan oʻta olmaganligi sabablari koʻrsatiladi.
7-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ishlarini moliyalashtirish
47. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ishlarini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari;
Markaz tomonidan shartnoma asosida xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun jalb etiladigan grantlar, shu jumladan xalqaro grantlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
48. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari faoliyatiga oid moliyaviy hisobotlar qonun hujjatlari asosida olib boriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
49. Xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ikkinchi oliy yoki oʻrta maxsus, kasbiy maʼlumot olish deb qaralmaydi.
50. Qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish
SXEMASI
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Qayta tayyorlash toʻgʻrisida namunaviy
DIPLOM
(tavsifi)
Qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi diplom A4 formatli oq qogʻozda, ofset usulida, besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och pushti rangda bosmaxonada tayyorlanadi.
Varaqning chap qismi chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashadi.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI. Qayta tayyorlash haqida DIPLOM” soʻzlari bosiladi. Diplom ikkita lotin harfi — QT va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och pushti rang fonda boʻladi.
Diplom:
bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
naqshli rastr;
har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
maxsus qogʻozlar;
oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
Qayta tayyorlash haqida DIPLOM QT № 000000
________________________________________________________________ (xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi)
20___ yil _________________dan 20___ yil ______________________gacha
___________________________________________________________________________________________ (Qayta tayyorlash taʻlim muassasasining nomi)
___________________________________________________________________________soatga moʻljallangan
___________________________________________________________________________________________ (Qayta tayyorlash kursining nomi)
qayta tayyorlash kursida talim olib, ________________________________________________________________ ___________________________________________________________________________________________
mavzusida bitiruv ishini _______________________________________________________________________attestatsiya komissiyasida
___________________________________________________________________________bahoga himoya qildi.
Muhr oʻrni
Direktor _______________
Sana _________________
Qayd raqami ___________________
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Malaka oshirish toʻgʻrisida namunaviy
SERTIFIKAT
(tavsifi)
Malaka oshirish toʻgʻrisidagi sertifikat A4 formatli oq qogʻozda, ofset usulida, besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosmaxonada tayyorlanadi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashadi.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI. Malaka oshirish haqida SERTIFIKAT” soʻzlari bosiladi. Sertifikat ikkita lotin harfi — MO va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och kul rang fonda boʻladi.
Sertifikat:
bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
naqshli rastr;
har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
maxsus qogʻozlar;
oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
Malaka oshirish haqida SERTIFIKAT MO № 000000
_________________________________________________________________ (xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi)
20___ yil _________________dan 20___ yil ______________________gacha
___________________________________________________________________________________________ (Malaka oshirish taʻlim muassasasining nomi)
___________________________________________________________________________________________ (Malaka oshirish kursining nomi)
boʻyicha malakasini oshirdi.
Muhr oʻrni
Direktor _______________
Sana _________________
Qayd raqami _____________________
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-sentabrdagi 321-son qaroriga 2-ILOVA
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markazining
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 38-son, 451-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)