toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.06.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Veterinariya xizmati yosh kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish, mutaxassislarining malakasini oshirish, shuningdek ularni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 532-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2016 — 2020-yillarda qishloq xoʻjaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 29-dekabrdagi PQ-2460-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tarmoqning kadrlar salohiyatini oʻrganish va tahlil qilish asosida mintaqaviy xususiyatlarni va iqtisodiyot real sektorining aniq ehtiyojlarini hisobga olgan holda veterinariya sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga har yilgi qabul kvotalarini koʻpaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga takliflar kiritsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, taʼlim, madaniyat va sport masalalari kompleksi rahbari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh.J. Teshayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 8-avgust,
253-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 8-avgustdagi 253-son qaroriga
ILOVA
Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom veterinariya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari (keyingi oʻrinlarda veterinariya xizmati mutaxassislari deb ataladi) malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
2. Davlat veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha mutaxassisliklar va lavozimlar nomenklaturasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) tomonidan belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) tomonidan tasdiqlanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
3. Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi (keyingi oʻrinlarda Malaka oshirish markazi deb ataladi) veterinariya xizmati mutaxassislari malakasini oshirishning bazaviy metodik markazi hisoblanadi, Markaz veterinariya xizmati mutaxassislari malakasini oshiruvchi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini takomillashtirishning ilmiy-metodik asoslarini, oʻquv-metodik hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etadi, mexanizmlari va metodlarini belgilaydi.
Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish (keyingi oʻrinlarda malaka oshirish deb ataladi) Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali tomonidan, toʻlov-kontrakt asosida, veterinariya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tizimining tashkiliy tuzilmasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan.
4. Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish kurslarida oʻqitish ishlab chiqarishdan ajralgan, asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi va egallab turgan lavozimi saqlangan holda amalga oshiriladi.
5. Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish ushbu Nizomning 2-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Malaka oshirish tizimini boshqarish
6. Vazirlik:
malaka oshirish tizimiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
malaka oshirish boʻyicha oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻradi;
malaka oshirishga yuborilayotgan veterinariya xizmati mutaxassislarining oʻquv rejalari va dasturlarini, shuningdek malaka oshiruvchilarning tuzilgan roʻyxatini tasdiqlaydi.
7. Qoʻmita:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-avgustdagi 624-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 857-modda)
malaka oshirishga yuborilayotgan veterinariya xizmati mutaxassislarining har yilgi roʻyxatini shakllantiradi;
malaka oshirishning toʻliq hamda sifatli oʻtkazilishi yuzasidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi;
8. Malaka oshirish markazi:
malaka oshirishning ilmiy-uslubiy asoslarini, oʻquv-uslubiy hujjatlarini, yagona taʼlim mexanizmini ishlab chiqish ishlarini tashkil qiladi;
mintaqalar uchun xos boʻlgan hayvonlar kasalliklarini hisobga olgan holda malaka oshirish kurslarining oʻquv rejasi va dasturlarini shakllantiradi;
malaka oshirish kurslarida taʼlim jarayonini takomillashtirish mexanizmlarini va metodlarini belgilaydi;
veterinariya va chorvachilik sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani umumlashtirgan holda davolash va diagnostikaning zamonaviy, samarali usullari va metodlarining, yangi texnologiyalarning oʻquv jarayoniga joriy qilinishini taʼminlaydi;
malaka oshirish boʻyicha xorijiy tajribani va ilgʻor taʼlim muassasalari yutuqlarini tahlil qiladi va umumlashtiradi;
malaka oshirish kurslarining zarur darajada tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
9. Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali:
tasdiqlangan oʻquv rejalari va dasturlari asosida malaka oshirish kurslarini tashkil qiladi;
oliy taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilar tarkibi, ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlari, veterinariya xizmati mutaxassislari, amaliyotchi mutaxassislarning malaka oshirish kurslarida mashgʻulotlarni oʻtkazishga qonunchilikda belgilangan tartibda, mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari bilan jalb etilishini taʼminlaydi;
malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha zarur axborot-maʼlumotlar bazasini shakllantiradi, malaka oshirish jarayoni uchun zamonaviy innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ishlab chiqilishini va ularning malaka oshirish jarayoniga joriy etilishini tashkil qiladi;
veterinariya xizmati mutaxassislariga malaka oshirish davrida oliy taʼlim muassasalarining yotoqxonalarida yashash joyi berish choralarini koʻradi;
malaka oshirish natijalarining ichki monitoringini yuritadi.
10. Veterinariya xizmati tizimiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar, chorvachilik xoʻjaliklari:
malaka oshirish amaliyotini oʻtashga koʻmaklashadilar;
ilmiy bilimlar va veterinariya amaliyotining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlaydilar.
3-bob. Malaka oshirishning maqsadi va vazifalari
11. Veterinariya xizmati mutaxassislarining veterinariya sohasidagi xalqaro tajribani oʻzlashtirishini, zarur kasbiy bilim va koʻnikmalarni yangilashini, malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq ularning kasbiy layoqati va mahoratining doimiy rivojlanishini taʼminlash malaka oshirishning maqsadi hisoblanadi.
12. Quyidagilar malaka oshirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
kasbiy layoqat va mahoratni yanada oshirish;
veterinariya xizmati mutaxassislarining mustaqil fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, shuningdek ularning bilimlarini yanada takomillashtirish;
axborot texnologiyalari, Internet jahon axborot tarmogʻi imkoniyatlaridan ishda foydalanishning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish;
veterinariya xizmati mutaxassislariga hayvonlarni davolash va profilaktika qilishning zamonaviy metodlarini, shuningdek veterinariya-sanitariya tadbirlarini oʻtkazishda qoʻllanadigan texnologiyalar xususiyatlarini oʻrgatish;
veterinariya xizmati mutaxassislariga veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari boʻyicha nazariy bilimlar berish.
4-bob. Malaka oshirish jarayonining mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablar
13. Taʼlim jarayonining mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablar Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq belgilanadi.
14. Malaka oshirish tizimida mutaxassisliklar yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlari Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining yetakchi mutaxassislari va professor-oʻqituvchilar tarkibi tomonidan, ilmiy-tadqiqot institutlari, laboratoriyalar, chorvachilik xoʻjaliklarining yetakchi olimlari va mutaxassislarini jalb etgan holda ishlab chiqiladi hamda ular taʼlim jarayonini uslubiy taʼminlashning ajralmas qismi hisoblanadi.
15. Oʻquv dasturlari quyidagilardan iborat boʻladi:
annotatsiya;
kirish (oʻquv dasturining maqsadi va vazifalari, kutilayotgan natijalar);
asosiy qism (leksiyalar, amaliy va koʻchma mashgʻulotlar mavzulari, ularni oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar, zarur bilimlar va koʻnikmalar roʻyxati, oʻquv yuklamasi hajmi, oʻquv adabiyotlari va monografiyalar roʻyxati).
16. Oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqishda soatlarning modullar boʻyicha 10 % gacha oʻzgartirilishiga ruxsat etiladi.
17. Oʻquv dasturi mazmuniga qoʻyiladigan talablar veterinariya xizmati mutaxassislarining kasbiy tavsifnomasiga qatʼiy muvofiq ravishda ularning zarur bilim va koʻnikmalarni egallashini hisobga olgan holda belgilanadi.
Oʻquv rejalari va dasturlarida veterinariya fani, texnikasi, texnologiyalari sohasidagi yutuqlar aks ettirilishi, shuningdek ular veterinariya taʼlim tizimida yagona uzviylik va izchillikni taʼminlash talablariga javob berishi zarur.
18. Malaka oshirish amaliyoti oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq ilmiy-tadqiqot institutlarida, veterinariya tizimiga kiruvchi tashkilotlarda, yetakchi chorvachilik xoʻjaliklarida oʻtkaziladi, unda davolash-diagnostika usullarini aniqlash boʻyicha bilimlarni oʻzlashtirish va veterinariya xizmati mutaxassislarini veterinariya sohasidagi fan va texnologiyalarning yangi yutuqlari bilan tanishtirish koʻzda tutilishi kerak.
5-bob. Malaka oshirish muddatlari
19. Malaka oshirish kurslarining davomiyligi quyidagicha boʻladi:
rahbarlar uchun — 1 haftadan 2 haftagacha (36 — 72 soat);
mutaxassislar uchun — kamida 4 hafta (144 soat).
20. Rahbarlarni qisqa muddatli (36 — 72 soat) oʻqitish kurslari ularga veterinariya sohasini boshqarishning zamonaviy metodlarini oʻrgatish maqsadida oʻtkaziladi.
21. Malaka oshirish kurslariga veterinariya xizmati tizimida kamida 3 yil ishlagan, bakalavr, magistr darajasiga yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan veterinariya xizmati mutaxassislari yuboriladi.
22. Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tizimida haftalik oʻqish yuklamasi koʻpi bilan 36 soatni tashkil qiladi.
6-bob. Veterinariya xizmati mutaxassislariga malaka toifalari berish
23. Malaka oshirish kurslarida oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan veterinariya xizmati mutaxassislariga belgilangan tartibda malaka oshirish kurslarini oʻtaganligi toʻgʻrisidagi sertifikat hamda ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalari beriladi.
24. Veterinariya xizmati mutaxassislariga malaka toifasi 5 yil muddatga beriladi. Ushbu muddat oʻtgandan keyin veterinariya xizmati mutaxassislari oʻz malaka toifasini oshirishi shart.
25. Ikkinchi malaka toifasini olish uchun veterinariya xizmati mutaxassislari quyidagi mezonlar boʻyicha baholanadi:
a) davolash, profilaktika ishlari va diagnostika usullarini erkin qoʻllashdagi bilimlari, maxsus anjomlardan foydalanish koʻnikmalari darajasi;
b) malaka oshirish kurslaridagi oʻqish natijalari.
26. Birinchi malaka toifasini olish uchun veterinariya xizmati mutaxassislari quyidagi mezonlar boʻyicha baholanadi:
a) veterinariya xizmati rahbariyati tomonidan veterinariya xizmati mutaxassisi uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalar darajasi, oʻz faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish mahorati, shuningdek ilmiy va nazariy bilimlari darajasi toʻgʻrisida berilgan ijobiy fikrnomaning mavjudligi;
b) ikkinchi malaka toifasiga egaligi va veterinariya xizmati mutaxassisligida kamida 3 yillik ish tajribasi boʻlishi (ikkinchi malaka toifasi berilgan sanadan boshlab);
v) malaka oshirish kurslaridagi oʻqish natijalari.
27. Oliy malaka toifasini olish uchun veterinariya xizmati mutaxassislari quyidagi mezonlar boʻyicha baholanadi:
a) veterinariya xizmati rahbariyati tomonidan veterinariya xizmati mutaxassisining veterinariya sohasidagi ilmiy yutuqlarni umumlashtirish va amaliyotga tatbiq etish koʻnikmalari, shuningdek paydo boʻladigan kasbiy tarmoq masalalarini hal etishga ijodiy yondashish qobiliyati darajasi toʻgʻrisida berilgan ijobiy fikrnomaning mavjudligi;
b) birinchi malaka toifasiga egaligi va veterinariya xizmati mutaxassisligida kamida 3 yillik ish tajribasi boʻlishi (birinchi malaka toifasi berilgan sanadan boshlab);
v) malaka oshirish kurslaridagi oʻqish natijalari.
28. Ilmiy darajaga ega boʻlgan veterinariya mutaxassislariga oliy malaka toifasi beriladi. Bunda ularga ushbu Nizom 27-bandining “b” va “v” kichik bandlari talablari tatbiq etilmaydi.
7-bob. Malaka oshirish sifatini nazorat qilish
29. Veterinariya xizmati mutaxassislarining malaka oshirish sifatini baholash va nazorat qilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) ichki nazorat quyidagilardan iborat boʻladi:
bazaviy bilimlarini baholash;
yangi bilimlar, koʻnikmalar va kasbiy mahoratini joriy nazorat qilish;
mutaxassislik boʻyicha attestatsiya natijalari yuzasidan yakuniy nazorat;
b) Qoʻmita, shuningdek veterinariya xizmati tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar tomonidan tashqi nazorat.
(29-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-avgustdagi 624-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 857-modda)
30. Yakuniy nazoratni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Attestatsiya komissiyasi deb ataladi) tarkibi Veterinariya bosh boshqarmasi bilan oldindan kelishgan holda tegishli oliy taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
31. Malaka toifasi berish boʻyicha attestatsiya natijalari Attestatsiya komissiyasi majlisida eʼlon qilinadi va Attestatsiya komissiyasining protokoli tarzida rasmiylashtiriladi.
8-bob. Malaka oshirish kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisida hujjat
32. Veterinariya xizmati mutaxassislari malaka oshirish kurslaridan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikat (keyingi oʻrinlarda sertifikat deb ataladi) mazkur Nizomning 3-ilovasidagi shakl boʻyicha 5 yil muddatga beriladi.
33. Sertifikat qatʼiy hisobga olinadigan hujjat hisoblanadi, hisob seriyasi, raqami va himoya elementiga ega boʻlishi kerak.
Sertifikat blankalari Malaka oshirish markazi buyurtmasiga muvofiq, belgilangan tartibda tayyorlanadi.
Malaka oshirish markazi sertifikatlarning hisobini yuritish, saqlash va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun javobgar hisoblanadi.
34. Malaka oshirish kurslarida oʻqish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan oʻta olmagan veterinariya xizmati mutaxassislari 6 oy mobaynida oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlov asosida ushbu kurslardan oʻtadi.
Malaka oshirish kurslaridan takroran oʻtgan, lekin oʻqish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan oʻta olmagan veterinariya xizmati mutaxassislarining malaka toifasi pasaytiriladi yoki ularning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masala belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
35. Veterinariya xizmati mutaxassislari Attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi boʻlsa, ular natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab uch kun mobaynida oliy taʼlim muassasasi rahbari nomiga ariza bilan murojaat etishi mumkin. Bu holda oliy taʼlim muassasasi rahbari buyrugʻi bilan 3 (uch) kishidan kam boʻlmagan tarkibda Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Apellatsiya komissiyasi veterinariya xizmati mutaxassisining arizasini shu kunning oʻzida koʻrib chiqadi va oʻz xulosasini beradi.
9-bob. Sertifikat dublikatini berish
36. Yoʻqotib qoʻyilgan yoki foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan sertifikatlar oʻrniga uning egasi tomonidan berilgan yozma arizaga binoan uch kun mobaynida sertifikatning dublikati beriladi.
37. Sertifikatning dublikatida uning avvalgi roʻyxatdan oʻtkazish raqami va hujjatning amal qilish muddati koʻrsatiladi, unga “Dublikat” soʻzi yozib qoʻyiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Ushbu Nizom talablarini bajarish munosabati bilan paydo boʻladigan nizolar belgilangan tartibda hal etiladi.
39. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Veterinariya xizmati mutaxassislari malakasini oshirish tizimining
TAShKILIY TUZILMASI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Veterinariya xizmati mutaxassislari malakasini oshirish kurslarini tashkil etish
SXEMASI
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

‎‎

Oʻzbekiston respublikasi
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

Veterinariya xizmati mutaxassislari malakasini oshirish
‎kurslaridan oʻtganlik toʻgʻrisida
SERTIFIKAT

‎MO № 000000

20___ yil “___” ________‎

______________________
‎(berilgan joyi)

_______________________________________________________________________‎‎‎(familiyasi, ismi, otasining ismi)‎‎

20___ yil “____”____________dan 20___ yil “____”________________________gacha

____________________________________________________________________dagi(taʼlim muassasasining nomi)

______________________________________________________________________da(malaka oshirish kurslarining nomi)

_______________________________________ soatli kurslardan muvaffaqiyatli oʻtdi.

Attestatsiya komissiyasining 20__ yil “____”_______________________________dagi ‎‎
‎‎“____”-son qaroriga binoan unga ___________________________________________
‎‎malaka toifasi berildi.

‎‎(oliy, birinchi, ikkinchi)‎

Attestatsiya komissiyasining raisi _________________ _________________________

(imzo)‎ ‎‎

(familiyasi, ismi, otasining ismi)‎‎‎‎

‎‎M.Oʻ.‎
Amal qilish muddati: 5 yil
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 32-son, 389-modda; 2017-y., 33-son, 857-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)