toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.06.2018
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Nodavlat notijorat tashkilotlari tadbirlarini kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 27-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2679-1]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 308-mh-sonli “Nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3020, 01.06.2018-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 4-iyundagi 177-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2679, 2015-yil 4-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 22-son, 297-modda) bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlari tadbirlarini kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi (O. Hakimov) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi (Z. Maxmudov) hamda Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (Sh. Saidov) ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5. Ushbu buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-iyul,
193-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2016-yil 27-iyuldagi 193-mh-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Nodavlat notijorat tashkilotlari tadbirlarini kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2013-yil 12-dekabrdagi PQ-2085-son “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, adliya organlarida ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari (bundan buyon matnda NNT deb yuritiladi), shu jumladan ularning alohida bo‘linmalari (vakolatxonalari va filiallari), shuningdek bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari (bundan buyon matnda xalqaro va chet el NNTlarning vakolatxonalari va filiallari deb yuritiladi), diniy tashkilotlar tomonidan tadbirlar o‘tkazilishini, xalqaro va chet el NNTlarning vakolatxonalari va filiallari tomonidan bosma, audiovizual hamda boshqa materiallar tayyorlanishi va tarqatilishini adliya organlari bilan kelishish tartibini belgilaydi.”.
2. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Mazkur Nizom siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, diniy tashkilotlarning ibodat, diniy rasm-rusumlar va marosim tarzidagi tadbirlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.”.
3. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Quyidagi tadbirlarni adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi:
NNTning ustaviga (nizomiga) muvofiq uning rahbar organlari yig‘ilishlari, NNTning, shu jumladan xalqaro va chet el NNTning vakolatxona va filiallari tomonidan ularning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan bosh tashkiloti xodimlari ishtirokida tashkilot faoliyati bilan bog‘liq o‘tkaziladigan tadbirlari, basharti ularda uchinchi shaxslarning (O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashqari) ishtirok etishi nazarda tutilmaganda;
NNTning O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi uchun litsenziya (ruxsatnoma) olish talab qilinadigan faoliyat turi bo‘yicha tegishli litsenziyaga (ruxsatnomaga) ega bo‘lgan holda ushbu faoliyat turini amalga oshirish yuzasidan o‘tkaziladigan tadbirlari;
NNTning normativ-huquqiy hujjatlarda, davlat dasturlari va milliy rejalarda hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining devoni, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarida o‘tkazilishi nazarda tutilgan tadbirlari;
NNTning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan davlat granti doirasida o‘tkaziladigan tadbirlari;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan tasdiqlangan yoki ular bilan kelishilgan rejalarga muvofiq o‘tkaziladigan ommaviy jismoniy-tarbiya va sport tadbirlari;
NNTning Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga muvofiq o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlari (vakolatli organ tomonidan berilgan ruxsatnoma nusxasi taqdim etiladi);
boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda NNT vakilining ishtirok etishi.
Kelishish talab etilmaydigan tadbirlar haqida adliya organiga tadbir o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin yozma ravishda xabar beriladi, bundan boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda NNT vakilining ishtirok etish hollari mustasno.”.
4. 4, 5 va 11-bandlardagi “xalqaro va xorijiy” degan so‘zlar “xalqaro va chet el” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
5. 6-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Tegishli adliya organida ro‘yxatdan o‘tgan ikki yoki undan ortiq NNT tomonidan hamkorlikda tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lsa, ushbu tadbirni o‘tkazishni kelishish yuzasidan tashkilotchi NNTlarning biri tomonidan murojaat qilinishi yetarli hisoblanadi.”.
6. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Tadbir yoki tadbirlar rejasini (ro‘yxatini) kelishish uchun NNT tadbir o‘tkazilishi mo‘ljallangan sanadan kamida yigirma kun oldin, xorijiy davlat hududida tashkillashtiriladigan tadbirlar bo‘yicha tadbir o‘tkazilishidan, xuddi shuningdek xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida o‘tkaziladigan tadbirda ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lsa, ularning tashrifidan kamida bir oy oldin tegishli adliya organiga yozma ravishda murojaat etishi lozim.”.
7. 8-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tadbirda ishtirok etishi rejalashtirilgan shaxslar soni va maqsadli guruhlar (voyaga yetmaganlar, talabalar, ayollar va h.k);”.
8. 9-banddagi “uchinchi va oltinchi xatboshilarida” degan so‘zlar “oltinchi xatboshisida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
9. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tadbirda xorijiy davlat fuqarosi (fuqarolari) ishtirok etishi rejalashtirilayotgan bo‘lsa, mazkur Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda xorijiy davlat fuqarosining familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, tug‘ilgan joyi va sanasi, fotosurati, ish joylari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma hamda uning kelib-ketish dasturi taqdim etilishi kerak, bundan belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlat fuqarolari mustasno.”.
10. 13-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Xorijiy davlat hududida tashkillashtiriladigan, xuddi shuningdek xorijiy fuqarolar ishtirok etishi nazarda tutiladigan tadbirlarni kelishish haqidagi hujjatlar adliya organi tomonidan yigirma besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.”.
11. 15-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Mazkur Nizomning 14-15-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar adliya organlari tomonidan hujjatlarni ko‘rib chiqishning umumiy muddatiga ta’sir qilmaydi.”.
12. 18-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mazkur Nizomda nazarda tutilgan hamda adliya organlari tomonidan Nizomning 15-bandiga asosan so‘ralgan qo‘shimcha hujjatlar (ma’lumotlar) to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa;”.
13. 22-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Adliya organi NNTga o‘tkaziladigan tadbirda o‘z vakilining ishtirok etishi haqidagi ma’lumotni yozma ravishda berishi mumkin.”.
14. 23-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Adliya organi zarur hollarda NNTdan tadbir o‘tkazilgandan so‘ng tegishli ma’lumotlarni talab qilib olishi mumkin.”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 30-son, 369-modda)