toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 05.06.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi 331-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati tuzilmasini yanada optimallashtirish va zamonaviy talablarga muvofiq uning faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy va kadrlar salohiyatidan oqilona foydalanish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasini ilovaga muvofiq tasdiqlash toʻgʻrisida taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining shtatlar jadvaliga va xarajatlar smetasiga ushbu qarordan kelib chiquvchi tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
3. Belgilansinki, 2016-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga idoraviy mansub muassasalarning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallari Moliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi, muassasalar xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi orqali toʻlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zaruriyat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini erkinlashtirish va samarali rivojlanishini taʼminlash toʻgʻrisida” 2000-yil 9-iyundagi 223-son qarorida:
1-banddagi “va tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga” soʻzlari “ilovaga” soʻzi bilan almashtirilsin;
1-ilovadagi “1-ilova” soʻzlari “ilova” soʻzi bilan almashtirilsin;
2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 11-iyul,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 11-iyuldagi 232-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatining
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 28-son, 338-modda)