1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.05 Havo kemalari, ularning ekipaji va boshqa personallar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yo‘l xo‘jaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining
buyrug‘i
Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalarini (O‘zR AQ-44) tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 14-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2811]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-sonli ““Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalarini (AR-AIR-002) tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3608, 19.02.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 41-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalari (O‘zR AQ-44) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Boshliq T. O‘LJAYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-iyun,
81-N-son
O‘zbekiston Respublikasi parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2016-yil 27-iyundagi 81-N-son buyrug‘iga ILOVA
Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish
AVIATSIYA QOIDALARI (O‘zR AQ-44)
Mazkur Aviatsiya Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 41-moddasiga muvofiq fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Aviatsiya qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalarining davlat reyestrida ro‘yxatga olingan fuqaro havo kemalari hamda O‘zbekiston Respublikasi ekspluatanti tomonidan ijaraga olingan chet el fuqaro havo kemalariga (bundan buyon matnda havo kemasi deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
2. Havo kemasiga Fuqaro havo kemasining ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomada ko‘rsatilgan ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etiladi.
3. Havo kemasiga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisidan tashqari boshqa qo‘shimcha belgilar ham qayd etilishi mumkin.
4. Eksperimental havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish Eksperimental havo kemalarini davlat hisobiga olish O‘zbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalarida (O‘zR AQ-46) (ro‘yxat raqami 1452, 2005-yil 16-fevral) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Havo kemasiga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etish
5. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi:
havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasiga gorizontal yo‘nalish bo‘yicha qat’iy perpendikulyar;
havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasida belgilarni qayd etish uchun bo‘sh joy bo‘lmaganda, havo kemasi vertikal dum qanoti yuzasining pastki qismiga har ikki tomonidan;
havo kemasi chap qanoti konstruksiyasi pastki yuzasining chap tomoniga (bunda belgilar qanotning old qismiga parallel holda joylashtirilishi kerak);
shar shaklidagi aerostatning maksimal gorizontal aylanasiga yaqin ikki diametral qarama-qarshi tomoniga;
shar shakliga ega bo‘lmagan aerostat chizig‘ining maksimal ko‘ndalang kesimiga yaqin bevosita osma belbog‘i ustida yoki savatning osma arqonlarini qotirish nuqtalari ustida ikki tomoniga;
dirijablning korpusi bo‘ylab ikki tomoniga hamda simmetriya chizig‘i bo‘ylab ustki yuzasiga;
vertolyotda uning dum balkasining har ikki tomoniga qayd etiladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-sonli (ro‘yxat raqami 2811-1, 29.12.2017-y.) buyrug‘i tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)
6. Davlat tanish belgisi ro‘yxat belgisidan oldin qayd etiladi.
7. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi harflar, raqamlar yoxud harflar va raqamlar kombinatsiyasidan tashkil topishi mumkin.
Ro‘yxat belgisi harf bilan boshlansa, undan oldin defis qo‘yiladi.
8. Harflar lotin alifbosining bosh harflaridan, raqamlar esa, arab raqamlaridan tashkil topadi. Harf va raqamlar bir xil o‘lchamda, naqshlarsiz bo‘lishi lozim.
9. Havo kemasining fyuzelyajidagi hamda vertikal dum qanoti yuzasidagi (shu jumladan, vertolyot dum balkasidagi) qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 30 sm dan, aerostat va havo kemasining qanotida qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi esa, 50 sm dan kam bo‘lmasligi lozim.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-sonli (ro‘yxat raqami 2811-1, 29.12.2017-y.) buyrug‘i tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)
10. Harf va raqamlarning kengligi (“I” harfi va “1” raqamidan tashqari) hamda defisning (agar qo‘llanilsa) uzunligi harf va raqamlar balandligining uchdan ikki qismiga teng bo‘lishi lozim.
11. Harflar va raqamlarning orasidagi masofa harf va raqamlar kengligining to‘rtdan bir qismiga teng bo‘lishi kerak. Bunda defis alohida harf sifatida qabul qilinadi.
12. Harflar, raqamlar va defislar uzluksiz chiziq bilan fonning ravshanligini ta’minlovchi rangda (masalan, och fonda qora rang yoki qora fonda oq rangda) tushirilishi lozim.
13. Harflar, raqamlar va defislar chizig‘ining qalinligi harf va raqamlar balandligining oltidan bir qismiga teng bo‘lishi kerak.
14. Havo kemasiga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etishda saqlanish xususiyatini yo‘qotmaydigan bo‘yoq yoki shunga o‘xshash vositalardan foydalaniladi.
15. Havo kemasida uning ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etilishi lozim bo‘lgan qismlari (fyuzelaj, qanot, vertikal dum qanot, balka) bo‘lmasa yoki mazkur qismlar o‘lchami tegishli o‘lchamdagi ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd qilish uchun kichik bo‘lsa, belgilar havo kemasini tezda aniqlash imkonini beradigan o‘lchamlarda qayd etilishi lozim.
3-bob. Fuqaro havo kemasiga qo‘shimcha belgilarni qayd etish
16. Havo kemasining tashqi konstruksiyasi elementlariga qayd etiladigan qo‘shimcha belgilarga — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining rangli tasviri va boshqa ramzlar, yozuvlar hamda nishonlar tasvirlari kiradi. Ular havo kemasining tashqi yuzasiga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi ko‘rinishini yomonlashtirmaydigan tarzda qayd etiladi.
17. Havo kemasining tashqi va ichki konstruksiyasi elementlariga uning ekspluatatsiya hujjatlariga muvofiq markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar tarzida qo‘shimcha belgilar ham qayd etiladi.
Havo kemasining ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirda, unda mazkur Aviatsiya qoidalarining ilovasida ko‘rsatilgan markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar qayd etiladi.
18. Havo kemasining asosiy kirish yo‘lagi yonida ko‘rinadigan joyga o‘yma usulda havo kemasining davlat va ingliz tillaridagi turi, uning ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi hamda zavod raqami (seriyasi) ko‘rsatilgan tanituvchi tablo o‘rnatilishi lozim.
Tanituvchi tablo issiqlikka dosh beruvchi olovga chidamli moddadan tayyorlangan bo‘lishi lozim.
Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (O‘zR AQ-44) ILOVA
Markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar
RO‘YXATI
1. Havo kemasining tashqi konstruksiyasi elementlari yuzasiga qayd etiladigan belgilar va yozuvlar:
asosiy chiqish yo‘lagi, avariya chiqish yo‘laklari, yuk bo‘linmalari eshiklari va lyuklarining ochish yo‘riqnomasini ko‘rsatuvchi markirovka belgilari;
avariya holatida havo kemasini tark etish yo‘laklarini ko‘rsatuvchi markirovka belgilari;
fyuzelyajni avariya holatida ochish joyini bildiruvchi markirovka belgilari;
xavfli zonalarning joylashuvini bildiruvchi tushuntiruvchi yozuvlar;
yonilg‘i tizimi va yoqilg‘i quyish joyini bildiruvchi markirovka belgilari.
2. Havo kemasining ichki konstruksiyasi elementlari yuzasiga (uchuvchilar kabinasi va yuk bo‘linmalari bundan mustasno) qayd etiladigan belgilar va yozuvlar:
avariya holatida yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishda havo kemasini tark etish yo‘laklarini bildiruvchi markirovka belgilari;
avariya holatida havo kemasidan chiqish joyini ko‘rsatuvchi markirovka belgilari;
avariya vositalari joylashgan joylarni bildiruvchi markirovka belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar;
oshxona, hojatxona, kiyim ilish joyini bildiruvchi markirovka belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar.
3. Uchuvchilar kabinasi va yuk bo‘linmalarida qayd etiladigan belgilar va yozuvlar:
ruxsat etilgan tezlikni bildiruvchi markirovka belgilari (trafaretlar);
boshqaruv organlarini bildiruvchi tushuntiruvchi yozuvlar;
yukni joylashtirish joyi va yo‘riqnomasini ko‘rsatuvchi markirovka belgilari (trafaretlari) va tushuntiruvchi yozuvlar.
Izoh: havo kemasida mazkur Ro‘yxatda ko‘rsatilmagan, biroq havo kemasining ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar qayd etilishi mumkin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 28-son, 344-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)