toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 08.10.2013
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi O‘RQ-355-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
2-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar tushunchasi
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxslar tomonidan aholi punktlarini, binolar va inshootlarni rejalash va qurish bosh rejalarining, loyihalarining buzilishi, davlat standartlari, qurilish normalari va qoidalari, texnik shartlariga, loyihalash va qurilish, shuningdek binokorlik materiallari ishlab chiqarish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarning talablariga binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining chidamliligi, mustahkamligi, puxtaligi, ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarining chidamlilik parametrlari pasayishi va yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan tarzda rioya etilmasligi, shuningdek obyektlarni qurish va ularni foydalanishga qabul qilib olishning belgilangan tartibini buzadigan xatti-harakat qurilish sohasidagi huquqbuzarlik deb e’tirof etiladi.
(2-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
3-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik
O‘zbekiston Respublikasi hududida loyihalash, qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqaruvchi, qurilishda buyurtmachi hisoblanuvchi yoki bir yo‘la buyurtmachi va pudratchi vazifalarini bajaruvchi yuridik shaxslarga qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan tartibda jarima solinadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga qarang.
(3-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Yuridik shaxsning javobgarlikka tortilishi uni o‘zi yo‘l qo‘ygan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va zararning o‘rnini qoplash majburiyatidan, shuningdek aybdor mansabdor shaxslarni intizomiy, ma’muriy, fuqaroviy-huquqiy va jinoiy javobgarlikka tortishdan ozod etmaydi.
4-modda. Rejalash va qurishning bosh rejalarini, loyihalarini buzish
Aholi punktlarini rejalash va qurishning bosh rejalarini, loyihalarini, tarixiy imoratlar joylashgan dahalarni qayta qurish rejalarini, turar joy dahalari, kichik dahalar va shaharlarning sanoat zonalari, qishloq aholi punktlarini qurish va obodonlashtirish sifatini, shuningdek binolar va inshootlarning me’morchilik yechimlarini buzish —
eng kam ish haqining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
5-modda. Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarning talablarini buzish
Loyihalash, qurilish-montaj ishlarini bajarish chog‘ida qurilish sohasidagi normativ hujjatlarning talablarini buzish:
agar bu hol binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining chidamlilik yoki mustahkamlik parametrlari yo‘qotilishiga sabab bo‘lsa, eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda;
agar bu hol binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining chidamlilik yoki mustahkamlik parametrlari pasayishiga sabab bo‘lsa, eng kam ish haqining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda;
agar bu hol binolar, imoratlar, inshootlarning, ularning qismlari yoki konstruksiya ayrim elementlarining puxtaligi pasayishiga sabab bo‘lsa, eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
6-modda. Binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqarishda davlat standartlari, qurilish normalari va qoidalari, texnik shartlarining talablarini buzish
Binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqarishda davlat standartlari, qurilish normalari va qoidalari, texnik shartlarining talablarini buzish —
realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
7-modda. Obyektlarni qurish va ularni foydalanishga qabul qilib olishning belgilangan tartibini buzish
Obyektlarni davlat ekspertizasi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari, jumladan ish hujjatlari xususida berilgan ijobiy xulosasiz, shuningdek davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari ro‘yxatidan o‘tkazmasdan va ularning ruxsatnomasisiz qurish —
eng kam ish haqining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-avgustdagi 357-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obyektlarini loyihalashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga qarang.
(7-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Qurilishda majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan, lekin sertifikatlanmagan materiallar, buyumlar va konstruksiyalarni qo‘llash —
eng kam ish haqining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Obyektni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzish —
eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot olish uchun “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish” Asosiy holatlar (ro‘yxat raqami 545, 23.11.1998-y.) ga qarang.
Davlat arxitektura-qurilish nazorati organlarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslik —
eng kam ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
8-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslar
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va jarima solish huquqiga:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining raisi va uning o‘rinbosarlari;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 15-dekabrdagi O‘RQ-12-son Qonuniga asosan chiqarib tashlangan — O‘R QHT, 2005-y., 49-50-son, 366-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
arxitektura va qurilish hududiy bosh boshqarmalarining boshliqlari hamda davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari egadirlar.
(8-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 15-dekabrdagi 12-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 49-50-son, 366-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga jarima solish sud tomonidan, ular sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror bo‘lgan va jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lagan hollarda esa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuniga muvofiq ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan. — O‘R QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
9-modda. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish
Qurilish sohasida yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlik uchun yuridik shaxsdan jarima undirish uchun ushbu Qonunning 8-moddasida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslarning qarori asos bo‘ladi.
Yuridik shaxs jarimani jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay to‘lashi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining jami yigirma foizidan ortiq miqdorda jarima undirish unga undiriladigan summani undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran olti oy mobaynida oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan to‘ldirilgan. — O‘R QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
10-modda. Jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish
Yuridik shaxs o‘ziga nisbatan chiqarilgan jarima solish to‘g‘risidagi qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat qilishi mumkin. Bunda jarima solish to‘g‘risidagi qarorning amal qilishi shikoyatni ko‘rib chiqish muddatiga to‘xtatib turiladi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 6-bandiga muvofiq, jarima solish to‘g‘risidagi qaror yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilinganda yoki norozi bo‘linganda qaror shikoyat yoki norozilik qoniqarsiz qoldirilgandan so‘ng bajarilishi kerak. Bunday hollarda jarima shikoyat va norozilik qoniqarsiz qoldirilganligi to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda to‘lanishi kerak.
11-modda. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda mansabdor shaxslarning javobgarligi
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari mansabdor shaxslarining yuridik shaxslar zarar ko‘rishiga sabab bo‘lgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan yuridik shaxslar sudga belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 15-dekabr,
173-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 21-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2005-y., 49-50-son, 366-modda; 2006-y., 41-son, 405-modda)