toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 31.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishni moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli “O‘rmon xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishni moliyalashtirishni, o‘rmon fondi hududida o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, himoyalash, takroran ko‘paytirish hamda tiklashning moliyaviy ta’minotini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshida O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
o‘rmon fondi yerlarida arizalarni ko‘rib chiqqanlik va ruxsatnomalar berganlik uchun olinadigan mablag‘larning 100 foizi;
o‘rmon fondi yerlarida (davlat qo‘riqxonalaridan tashqari) hayvonot va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 100 foizi;
o‘rmon fondining ruxsat etilgan hududlarida chorva mollarini boqish, o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish, o‘rmon fondi uchastkalarida asalari uyalari va qutilarini joylashtirish, o‘rmon fondi uchastkalarida daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish, davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish uchun to‘lovlarning 50 foizi;
xayr-ehson qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida joylashtirishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 10-iyun,
198-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-iyundagi 198-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”, “O‘rmon to‘g‘risida”, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida” 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘rmon fondi yerlaridagi o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, himoyalash, takroran ko‘paytirish, tiklashni ta’minlash uchun mablag‘larni shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshida yuridik shaxs tashkil etmasdan tashkil qilinadi.
II bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
a) o‘rmon fondi yerlarida arizalarni ko‘rib chiqqanlik va ruxsatnomalar berganlik uchun olinadigan mablag‘larning 100 foizi;
b) o‘rmon fondi yerlarida (davlat qo‘riqxonalaridan tashqari) hayvonot va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 100 foizi;
v) o‘rmon fondining ruxsat etilgan hududlarida chorva mollarini boqish, o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish, o‘rmon fondi uchastkalarida asalari uyalari va qutilarini joylashtirish, o‘rmon fondi uchastkalarida daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish, davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanish uchun to‘lovlarning 50 foizi;
g) xayr-ehson qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining mablag‘lari;
d) Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida joylashtirishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
5. Jamg‘armaga tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimidagi g‘aznachilik shaxsiy hisob raqamida jamlanadi.
III bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
6. Jamg‘armaning mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
a) o‘rmon xo‘jaligini, o‘rmon-ovchilik xo‘jaligini, o‘rmon fondi yerlaridagi qo‘riqxonalar va boshqa muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish maqsadli dasturlarini ishlab chiqish;
b) o‘simlik yoki hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni bartaraf etish va uning oldini olish tadbirlari;
v) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi markaziy apparati va uning tizimidagi davlat o‘rmon xo‘jaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, shu jumladan:
o‘rmonlarni muhofaza qilish uchun texnika va texnologiyalar, ekologik monitoring tizimlari, asbob-uskunalar va kompyuter dasturlari sotib olish;
o‘rmon muhofazasi avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish, ular uchun ehtiyot qismlar va yonilg‘i-moylash materiallari, aloqa vositalari sotib olish;
g) tarmoqqa oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, innovatsiya loyihalarini hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish;
d) o‘rmon urug‘chiligini, seleksiyasini rivojlantirish, maxsus onalik plantatsiyalarini barpo etish, maxsus ko‘chatxonalar, issiqxonalar, shuningdek dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etishda tajriba uchastkalarida ilg‘or texnologiyalarni sinash;
e) tabiiy pitomniklar, shu jumladan davlat qo‘riqxonalarining qo‘riqlanadigan zonalarida ham tashkil etish, o‘rmon fondi yerlaridagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarida ularning rejimiga muvofiq parvarishxonalar va serpentariylar barpo etish;
j) ruxsatnomalar blankalarini tayyorlash;
z) o‘rmon xo‘jaligi uchun obyektlarni qurish, texnikaviy qayta jihozlash, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;
i) o‘rmon barpo etish va loyiha-qidiruv ishlarini moliyalashtirish;
k) o‘rmon fondi yerlarida o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarining zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun preparatlar sotib olish va qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish;
l) o‘rmon mahsulotlarini qayta ishlash uchun mini-sexlarni tashkil etish, shuningdek asalarichilik, parrandachilik, chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish;
m) o‘rmon, o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi, o‘rmon fondi yerlaridagi muhofaza qilinadigan hududlarning alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini xodim oylik ish haqining ikki barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda moddiy rag‘batlantirish;
n) o‘rmon fondi yerlarida (davlat qo‘riqxonalaridan tashqari) hayvonot va o‘simlik dunyosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlagan shaxslarga quyidagi miqdorlarda mukofotlar to‘lash:
o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan summaning 10 foizi miqdorida;
hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan summaning 30 foizi miqdorida;
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklar dunyosi obyektlari turlariga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan summaning 5 foizi miqdorida;
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot dunyosi obyektlari turlariga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha undirilgan summaning 20 foizi miqdorida;
o) tarmoqqa oid ilmiy ishlar, innovatsiya loyihalari va ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, ixtirolar, ilmiy ishlar yaratishni rag‘batlantirish, tarmoq masalalariga oid metodik ko‘rsatmalar va maqolalarni nashr etishga, ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish va o‘tkazish;
p) o‘rmon xo‘jaligi, o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi, o‘rmon fondi yerlaridagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar kadrlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, shu jumladan xorijiy ta’lim muassasalarida stajirovkalarini tashkil qilish;
r) o‘rmon xo‘jaligi, o‘rmon-ovchilik xo‘jaligini, o‘rmon fondi hududidagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalar, loyihalar va dasturlarda qatnashish;
s) xorijiy va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi davrida qabul qilish va kuzatish hamda konferensiyalar tashkil etish va o‘tkazish.
7. Jamg‘arma mablag‘laridan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan foydalanilishi mumkin.
8. Buyurtmanomalarni ko‘rib chiqish, kelib tushishi kutilayotgan moliyaviy mablag‘larni hisoblash, daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini tuzish uchun 5 nafar a’zodan iborat Jamg‘arma kengashi tuziladi. Jamg‘arma kengashining shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan shakllantiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Jamg‘arma kengashiga rahbarlik qilish, uning ishlarini tashkil etish va Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.
10. Jamg‘arma kengashi:
ushbu Nizomda nazarda tutilgan maqsadlar uchun mablag‘lar ajratilishi yuzasidan buyurtmanomalarni qabul qiladi, ko‘rib chiqadi va umumlashtiradi;
qabul qilingan buyurtmanomalar orasidan eng dolzarblari va asoslanganlarini tanlab oladi hamda mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorlaydi;
ushbu nizomning 6-bandiga muvofiq belgilangan yo‘nalishlar doirasida mablag‘lardan foydalanish uchun eng ustuvorlarini tanlaydi;
ajratilgan mablag‘lardan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda moliyalashtirishni to‘xtatadi va ajratilgan mablag‘larni undirish choralarini ko‘radi;
mablag‘larni oluvchilardan mablag‘lardan foydalanilishi va bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni qabul qiladi va umumlashtiradi;
o‘z faoliyatining boshqa masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
11. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish har yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasi bo‘yicha amalga oshiriladi. Daromadlar va xarajatlar smetasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
12. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi kelgusi yilda moliyaviy mablag‘lar kelib tushishining kutilayotgan prognozi va u yoki bu tadbirlarni o‘tkazish zarurligidan kelib chiqqan holda tuziladi.
Ushbu Nizom 6-bandining “n” kichik bandida nazarda tutilgan maqsadlar uchun, qonun hujjatlari buzilishlarini aniqlaganlik uchun mukofot qonun buzilishini aniqlagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR, yashash joyi, telefon raqami ko‘rsatilgan, pasportining nusxasi, bank hisob raqami ilova qilingan murojaati asosida to‘lanadi.
Qonun hujjatlari buzilishini aniqlagan shaxsning murojaati Jamg‘arma kengashi tomonidan o‘rganib chiqiladi va pul mukofoti ajratish to‘g‘risidagi qaror bilan rasmiylashtiriladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari, o‘rmon xo‘jaligi, o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi, o‘rmon fondi yerlaridagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar mablag‘ ajratishni daromadlar va xarajatlar smetasiga kiritish uchun buyurtmanoma taqdim etadilar.
Buyurtmanomada tadbirlar, ularni amalga oshirish zaruriyatining asoslari, zarur mablag‘lar miqdori, shuningdek ularni bajarish uchun boshqa mablag‘larning yo‘qligi ko‘rsatiladi.
Buyurtmanomalar kelgusi moliya yili uchun 1-iyungacha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga taqdim etiladi.
Buyurtmanoma yozma shaklda, elektron pochta yoki boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda taqdim etiladi.
Buyurtmanomada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
tashkilotning to‘liq nomi va aniq rekvizitlari;
mavjud muammolar va ularning (to‘liq yoki qisman va belgilangan muddatlarda) hal qilish imkoniyati, mablag‘lardan foydalanish maqsadlari, shuningdek kutilayotgan natijalar ko‘rsatilgan tushuntirish xati;
so‘ralayotgan mablag‘larning hisob-kitobi;
o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha — qonun hujjatlarining buzilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasi.
Zarurat bo‘lganda buyurtmanomaga uni asoslovchi tegishli hujjatlar ham ilova qilinadi.
14. Taqdim etilgan buyurtmanomalar har yili 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda Jamg‘arma kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va mablag‘lardan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi hamda uning asosida mablag‘lar ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
15. Daromadlar va xarajatlar smetalari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida tuziladi, tasdiqlanadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
16. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining boshlig‘i Jamg‘arma mablag‘larining tasdiqlangan smetaga muvofiq tasarruf etuvchisi hisoblanadi.
17. Jamg‘armaning hisobot yilida foydalanilmagan mablag‘lari olib qo‘yilmaydi va keyinchalik ushbu nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining g‘aznachilik shaxsiy hisob raqamida saqlanadi.
IV bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi yuzasidan hisobot, nazorat va javobgarlik
18. Jamg‘arma mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
19. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining boshlig‘i, bosh buxgalteri buxgalteriya hisobining to‘g‘ri yuritilishi, Jamg‘armaga mablag‘lar tushishi va ulardan foydalanilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish yuzasidan javob beradi.
20. O‘rmon xo‘jaliklari, o‘rmon-ov xo‘jaliklari, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar va boshqa Jamg‘arma mablag‘larining boshqa oluvchilari olingan mablag‘lardan foydalanganlik to‘g‘risida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga hisobot taqdim etadilar.
21. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida har chorakda, hisobot davri tugagandan so‘ng 25 kundan kechiktirmay, yillik hisobotlarni esa — hisobot yildan keyingi yilning 20-fevralidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
22. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-iyundagi 198-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida” 2005-yil 10-avgustdagi 191-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 32-33-son, 247-modda) 1-bandining to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi markaziy apparati xodimlarining umumiy cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tizimining umumiy belgilangan soni doirasida 41 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari 31 nafar etib belgilansin”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 108-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanganlik uchun to‘lov sifatida tushgan mablag‘larni, jarima summalari va tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlardan yetkazilgan zarar uchun undirilgan summalarni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandidagi va 5-bandning beshinchi xatboshidagi “hisob raqamiga” so‘zlari “g‘aznachilik shaxsiy hisob raqamiga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-sentabrdagi 278-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 9-son, 86-modda) bilan tasdiqlangan O‘rmondan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorini va ularni undirishni tartibga solish to‘g‘risida nizomning 6-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Ushbu Nnizomning 4-bandida ko‘rsatilgan o‘rmondan foydalanish turlari uchun to‘lovlar summasining 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga, qolgan 50 foizi o‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning hisob raqamiga tushadi va o‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning daromadi hisoblanadi. Agar o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar budjet tashkilotlari bo‘lgan taqdirda, o‘rmondan foydalanishning ko‘rsatib o‘tilgan turlari uchun to‘lovlar summasining 50 foizi ularning budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armalariga tushadi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 24-son, 286-modda)