1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.06.00 Sanoat xavfsizligi (shuningdek, 09.10.03.00 ga qarang)]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Fuqarolik muhofazasi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 566-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarining, shuningdek oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarning yongʻinga qarshi ishonchli himoyasini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, ushbu qarorni bajarish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratiladigan budjet mablagʻlari, shuningdek tegishli tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha olinadigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 10-iyun,
200-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-iyundagi 200-son qaroriga 1-ILOVA
Tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining (keyingi oʻrinlarda Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati deb ataladi) tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi (keyingi oʻrinlarda tumanlar va shaharlar deb ataladi), oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi boʻlinmalarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati tumanlar, shaharlar va oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda yongʻinlar profilaktikasini amalga oshirish, yongʻinlar tarqalishining oldini olish va oʻchirish maqsadida tashkil etilgan harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalarni oʻz ichiga oladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yongʻin — odamlarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan, nazorat qilib boʻlmaydigan yonish;
yongʻin xavfsizligi — odamlarning, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkining, shuningdek atrof tabiiy muhitning yongʻinlardan himoyalanganligi holati;
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining harbiylashtirilgan boʻlinmalari — safdorlar, serjantlar va ofitsyerlar tarkibidan iborat boʻlgan shaxslar (xodimlar) xizmat qiladigan Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining boʻlinmalari;
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining kasbiylashtirilgan boʻlinmalari — maxsus unvonga ega boʻlmagan shaxslar (xizmatchilar) xizmat qiladigan Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining boʻlinmalari;
toifalanmagan tumanlar va shaharlar — hududida kimyo sanoati obyektlari, yoqilgʻi-energetika kompleksi korxonalari, portlovchi, odamlarning hayoti uchun zaharli va boshqa xavfli moddalardan foydalaniladigan ishlab chiqarishlar, suv xoʻjaligi obyektlari hamda strategik va mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgan sanoat korxonalari, madaniyatning noyob yodgorliklari va ularda yongʻin sodir boʻlishi davlatning strategik manfaatlariga, iqtisodiy xavfsizligiga ancha miqdordagi zarar yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa obyektlar joylashgan tumanlar va shaharlar;
birinchi toifali tumanlar va shaharlar — hududida hayot taʼminotining muhim obyektlari (non zavodlari, suvni tozalash inshootlari), viloyat ahamiyatiga ega boʻlgan sanoat korxonalari joylashgan tumanlar va shaharlar;
ikkinchi toifali tumanlar va shaharlar — toifalanmagan va birinchi toifaga kiradiganlardan boshqa tumanlar va shaharlar.
II. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish
4. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari ushbu Nizomda hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tuman va shahar toifasini hisobga olingan holda tashkil etiladi.
5. Toifalanmagan tumanlar va shaharlarda, aholi sonidan qatʼi nazar, harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan qismlarni, shuningdek oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismlarini oʻz ichiga oluvchi yongʻin xavfsizligi otryadlari tashkil etiladi.
Aholi soni 50 ming kishi va undan ortiq boʻlgan shaharlarda, shuningdek birinchi toifali tumanlar va shaharlarda harbiylashtirilgan hamda kasbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismlarini oʻz ichiga oluvchi yongʻin xavfsizligi otryadlari tashkil etiladi.
Ikkinchi toifali tumanlar va shaharlarda kasbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi otryad (qism)lari tashkil etiladi.
6. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalari tashkil etiladigan tumanlar va shaharlar roʻyxati hamda boʻlinmalarning shtatlar soni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, tumanlar va shaharlarning toifalaridan kelib chiqqan holda, normalar va qoidalarga muvofiq belgilanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarining tuzilmasiga, tuman va shaharning toifasini hisobga olgan holda, tasdiqlangan shtatlar soni hamda ularni saqlash uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida oʻzgartirishlar kiritadi.
7. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlaydigan boʻlinmalari (Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi obyektlari bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining shtatlar sonini belgilaydigan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini hisobga olgan holda, manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlarning hamda Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining hududiy boʻlinmalari vakillaridan iborat tarkibdagi idoralararo komissiyalarining dalolatnomalari hamda tashkilotlar rahbarlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladi.
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining harbiylashtirilgan yoki kasbiylashtirilgan boʻlinmalari tashkil etiladigan oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlar roʻyxati va ularning shtatlar soni oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
III. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash
8. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatini saqlash xarajatlari:
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tumanlar va shaharlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlaydigan harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobiga;
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlaydigan harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalari boʻyicha — tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
9. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining boʻlinmalari uchun binolar va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlari, tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan boʻlinmalar bundan mustasno, tegishli yilga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturida nazarda tutilgan markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etilgan boʻlinmalari uchun binolar va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ushbu tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
10. Yongʻin oʻchirish depolarining binolari va inshootlaridan foydalanish, ularni jihozlash, Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari uchun yongʻin texnikasi, avtotransport va yonilgʻi-moylash materiallari, maxsus kiyim-bosh, aloqa vositalari, diagnostika apparatlari, jihozlar va yongʻin-texnik mahsulotlari, tashkiliy texnika, ehtiyot qismlar va sarflash materiallari sotib olish:
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tumanlar va shaharlarda tashkil etiladigan harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobiga;
Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda tashkil etiladigan harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalari boʻyicha — tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
11. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqarmalari va boʻlimlari (boʻlinmalari)ning tasdiqlangan shtatlariga davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish hamda Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalariga rahbarlik qilish boʻyicha qoʻshimcha lavozimlarni kiritish tegishli ravishda, Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining harbiylashtirilgan va kasbiylashtirilgan boʻlinmalarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida, biroq ushbu boʻlinmalar shtatlarining tasdiqlangan umumiy sonining toʻrt foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda amalga oshiriladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
12. Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tumanlar, shaharlar va oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi boʻlinmalarini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-iyundagi 200-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi obyektlarida, shaharlarida, shahar koʻrinishidagi shaharchalarida, tumanlarning markazlarida va aholi yashaydigan boshqa joylarda Ichki ishlar vazirligining yongʻin soqchiligini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida” 1996-yil 20-martdagi 112-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 9-martdagi 113-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 3-son, 6-modda) 4-ilovaning 1-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 24-son, 288-modda)