toggle_night_mode
O‘zbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalarini saylash yoki ularni lavozimidan ozod qilish masalalarini ko‘rib chiqish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2010-yil 7-maydagi 42-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi, 2010-yil 27-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir” nomli ma’ruzalarining asosiy qoida va xulosalarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakat dasturi 1.1-bandining 1.1.5-kichik bandini ijro etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalarini saylash yoki ularni lavozimidan ozod qilish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 30-dekabr,
152-II-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 152-II-sonli Qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalarini saylash yoki ularni lavozimidan ozod qilish masalalarini ko‘rib chiqish
TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalari lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish, shuningdek ularni saylash yoki lavozimidan ozod qilish tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunning 9-moddasiga va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalari (bundan buyon matnda sudyalar deb yuritiladi) lavozimlariga saylash uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) taqdim etiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sudyalar lavozimlariga saylash uchun nomzodlar bo‘yicha yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasi Senat Devonida ro‘yxatga olingan kundan boshlab Senatga kiritilgan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga sudyalar lavozimlariga saylash uchun nomzodlar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin.
4. Kelib tushgan taqdimnoma ilova qilingan hujjatlar bilan birga Senat Raisiga topshiriladi. Senat Raisi Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga (bundan buyon matnda Senat qo‘mitasi deb yuritiladi) nomzodlarni sudyalar lavozimiga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishni topshiradi.
5. Taqdimnoma tegishli hujjatlar bilan birga Umumiy bo‘limga nusxa ko‘chirish va Senat qo‘mitasiga hamda Senat Raisining topshirig‘ida ko‘rsatilgan boshqa shaxslarga berish uchun topshiriladi.
6. Taqdimnoma tegishli hujjatlar bilan birga Senat Devonining Rahbariga, uning nusxalari esa Senat Raisining o‘rinbosariga, Senat qo‘mitasiga, Yuridik bo‘limga, Nazorat-axborot bo‘limiga, Matbuot va tarjima bo‘limiga, Senatning matbuot kotibiga beriladi.
II. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalalarning Senat qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi
7. Senat qo‘mitasi:
a) nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalalarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi;
b) tegishli hujjatlar (Senat qo‘mitasining qarorlari, Senat qo‘mitasi majlisining bayonnomalari va h.k.) rasmiylashtirilishini tashkil etadi;
v) nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalani Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritish yuzasidan Senat Kengashiga taklif kiritish to‘g‘risida Senat qo‘mitasining qarorini qabul qiladi;
g) ushbu masalalar bo‘yicha Senatning tegishli qarorlari loyihalarini tayyorlaydi;
d) Senatning yalpi majlisida sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanishtiradigan mansabdor shaxsni belgilaydi;
e) nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalalarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi;
j) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8. Nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalalarni Senat qo‘mitasi majlisida ko‘rib chiqish Senatning navbatdagi yalpi majlisiga qadar o‘tkaziladi.
9. Senat qo‘mitasi sudyalar lavozimlariga nomzodlarni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislarini va (yoki) rais o‘rinbosarlarini Senat qo‘mitasining majlisi o‘tkaziladigan sana haqida oldindan xabardor qiladi.
10. Senat qo‘mitasining majlisi, agar unda Senat qo‘mitasi a’zolarining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
11. Senat qo‘mitasining majlislari ochiq o‘tkaziladi.
12. Senat qo‘mitasining majlislariga sudyalar lavozimlariga nomzodlar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislari yoki rais o‘rinbosarlari taklif etiladi.
Tegishli sud raisi yoki rais o‘rinbosari sudyalar lavozimlariga saylash uchun nomzodlar bo‘yicha yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasini o‘qib eshittiradi.
Nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash haqidagi masalani ko‘rib chiqish davomida Senat qo‘mitasi a’zolari tomonidan nomzodlarning kasb malakalari va tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida ularga savollar berilishi mumkin.
13. Senat qo‘mitasining nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalani Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritish bo‘yicha Senat Kengashiga taklif kiritish to‘g‘risidagi qarori qo‘mita a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Senat qo‘mitasining qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
14. Senat qo‘mitasining nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish haqidagi masalani Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibining loyihasiga kiritish to‘g‘risida taklif qilingan qarori Senat Kengashining muhokamasiga taqdim etiladi.
15. Senat qo‘mitasining majlislari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
16. Senat Kengashi nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masalani muhokama qilish uchun Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritish haqida qaror qabul qiladi.
17. Muhokama natijalari bo‘yicha Senat qo‘mitasi sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senatning tegishli qarorlari loyihalarini tayyorlaydi.
18. Senat qo‘mitasining raisi Umumiy bo‘lim bilan birgalikda sudyalar lavozimlariga nomzodlarga Senatning navbatdagi yalpi majlisida qatnashish uchun tegishli ruxsatnoma berilishini tashkil etadi.
19. Senatning yalpi majlisida sudyalarni saylash yoki ozod qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti bilan belgilanadi.
III. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasiga doir hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi
20. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarorining loyihasiga Senat qo‘mitasi raisi, Senat Devonining Rahbari, Yuridik bo‘lim mudiri, Matbuot va tarjima bo‘limi mudiri tomonidan viza qo‘yilib, Senat Raisining o‘rinbosariga topshiriladi.
Senat Raisining o‘rinbosari tomonidan viza qo‘yilgan Senat qarorining loyihasi Senat qo‘mitasiga qaytariladi.
21. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarorining belgilangan tartibda viza qo‘yilgan loyihasi Senat qo‘mitasining raisi tomonidan Senat Devoni Rahbariga topshiriladi.
22. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarori loyihasining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasining va boshqa hujjatlarning nusxalari Umumiy bo‘lim xodimlari tomonidan ko‘paytiriladi va Nazorat-axborot bo‘limiga topshiriladi.
23. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarorining loyihasi bilan bir vaqtda Senat qo‘mitasi tomonidan Senat Devoni Rahbari bilan kelishilgan holda ushbu qarorni tarqatish varag‘i tayyorlanadi.
24. Senatorlarga Senatning yalpi majlisida muhokamada qatnashish uchun sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarori loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasi va boshqa hujjatlar topshiriladi.
25. Senatning yalpi majlisida sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan qabul qilingan Senat qarorini tegishli blankada chiqarilishi ta’minlanib, Senat qarorlarining rus tilidagi elektron nusxasi Umumiy bo‘limda, davlat tilidagi nusxasi esa Matbuot va tarjima bo‘limida saqlanadi.
26. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat Raisining o‘rinbosari, Senat qo‘mitasining raisi, Senat Devonining Rahbari, Yuridik bo‘lim mudiri, Matbuot va tarjima bo‘limi mudiri tomonidan viza qo‘yilgan Senat qarori Senat qo‘mitasining raisi tomonidan imzolash uchun Senat Raisiga topshiriladi.
27. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarorlari “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida e’lon qilinishi lozim.
28. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarorlari qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
29. Sudyalarni saylash yoki ozod qilish masalasi yuzasidan Senat qarorining Umumiy bo‘lim muhri bilan tasdiqlangan nusxasi qaror qabul qilingan kundan boshlab o‘n kun ichida ushbu qarorni tarqatish varag‘ida ko‘rsatilgan tegishli tashkilotlarga yuboriladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
30. Senatning sudyalar lavozimlariga nomzodlarni va sudyalarni lavozimidan ozod qilish masalalarini muhokama etish bilan bog‘liq faoliyatini tashkiliy, axborot, moddiy-texnikaviy jihatdan ta’minlash Senat Devoni tomonidan amalga oshiriladi.
Senat Devoni bo‘limlarining Senatning yuqorida ko‘rsatilgan vakolatini ta’minlash bilan bog‘liq faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining 2010-yil 22-iyuldagi 85-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Devonining bo‘limlari to‘g‘risidagi nizomlar bilan belgilanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 548-modda)