O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzuridagi ekspert guruhlarni shakllantirish va ularning faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishga jalb etiladigan ekspertlar — yetakchi mutaxassislar, olimlar, tegishli sohalarning amaliyotchilari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari huzuridagi ekspert guruhlarini shakllantirish va ularning faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining raislari zimmasiga yuklatilsin.
3. Ushbu qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-sentabr,
219-III-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2015-yil 15-sentabrdagi 219-III-sonli Qaroriga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari huzuridagi ekspert guruhlarini shakllantirish va ularning faoliyati tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari huzuridagi ekspert guruhlari (bundan buyon matnda Ekspert guruhi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Ekspert guruhi Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining faoliyatini ilmiy-huquqiy, ekspert va axborot-maslahat jihatidan ta’minlash, qonun loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishga, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash va o‘tkazishga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuzilgan maslahat organdir.
3. Ekspert guruhi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Qonunchilik palatasining qarorlari hamda boshqa qonun hujjatlari, shuningdek ushbu Nizom asosida amalga oshiradi.
2-bob. Ekspert guruhining asosiy vazifalari
4. Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlariga doir takliflarni ishlab chiqish;
qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
qonunlar va Qonunchilik palatasi qarorlarining loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
qonun loyihalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan, shuningdek qonun loyihalarini tayyorlash va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizasini o‘tkazish;
qonun loyihalarini ularda korrupsiyaga, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishga shart-sharoit yaratuvchi, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi, tadbirkorlik subyektlarini asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi qoidalar va normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish;
huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va bir butunligini ta’minlashga, qonunlardagi “oq dog‘larni” (echilmagan masalalarni) bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqish;
xalqaro tajribani o‘rganish va xalqaro-huquqiy normalarni O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga tatbiq etishga doir takliflar tayyorlash;
Qonunchilik palatasi qo‘mitasining sohasi bo‘yicha axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;
nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash va o‘tkazishda Qonunchilik palatasining qo‘mitasiga ko‘maklashish.
5. Ekspert guruhi a’zolari Qonunchilik palatasi qo‘mitasining qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqishga tayyorlash, shuningdek nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlari tarkibiga kiritilishi mumkin.
3-bob. Ekspert guruhi a’zosining huquq va majburiyatlari
6. Ekspert guruhining a’zosi quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasining qo‘mitasidan o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan axborotni olish;
Ekspert guruhi majlisining kun tartibiga, uni o‘tkazish tartibiga doir takliflar kiritish;
Ekspert guruhi tasarrufiga kiruvchi masalalarga, Ekspert guruhi qabul qiladigan hujjatlar loyihalariga doir takliflar kiritish;
raislik qiluvchining ruxsati bilan Qonunchilik palatasi qo‘mitasining majlislarida hozir bo‘lish;
tayyorlanishida o‘zi ishtirok etgan masalalar muhokama qilinayotganda raislik qiluvchining ruxsati bilan Qonunchilik palatasining majlislarida hozir bo‘lish;
qonun loyihalari bo‘yicha xulosalar va tavsiyalar tayyorlashda, shuningdek qonun loyihalarining ekspertizalarini o‘tkazishda ishtirok etish;
Qonunchilik palatasi qo‘mitasining ishchi guruhlari tarkibida davlat organlari va boshqa tashkilotlarga borish;
Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisining ruxsati bilan ommaviy axborot vositalarida Ekspert guruhi nomidan chiqishlar qilish.
7. Ekspert guruhining a’zosi:
ushbu Nizomga, Ekspert guruhi majlisining kun tartibiga rioya etishi;
ekspert ishi to‘g‘risidagi axborotning (qonun loyihalari to‘g‘risidagi, ekspertiza o‘tishining barcha bosqichlari va natijalari haqidagi ma’lumotlarni) maxfiyligini saqlashi;
Ekspert guruhining ishida faol ishtirok etishi;
ekspertizaga taqdim etilgan materialni har tomonlama, to‘liq, xolisona tahlil qilishi;
o‘z xulosalarining to‘liqligi va asosliligini ta’minlashi;
Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisining Ekspert guruhining faoliyati masalalariga doir topshiriqlarini bajarishi;
Ekspert guruhining a’zosi sifatidagi faoliyati doirasida tayyorlangan axborot-tahliliy materiallardan o‘zining ilmiy-amaliy ishida foydalangan taqdirda Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisining yozma roziligini olishi shart.
4-bob. Ekspert guruhini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish
8. Ekspert guruhi Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi tomonidan davlat organlari, ilmiy va ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlarining ilmiy, qonun ijodkorligi va (yoki) amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan vakillari jumlasidan tuziladi.
Ekspert guruhining son tarkibi, qoida tariqasida, o‘ttiz kishidan oshmasligi lozim.
Ekspert guruhi a’zoligiga nomzodlar uchun taqdim etiladigan materiallarda, Qonunchilik palatasi qo‘mitasi faoliyatining yo‘nalishlariga muvofiq, ularning ixtisoslashuvi, malakasi albatta ko‘rsatilgan holda xizmat va ilmiy faoliyati to‘g‘risidagi, qoida tariqasida, mavjud ilmiy unvonlari va darajalari haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Ekspert guruhining tarkibi Qonunchilik palatasi qo‘mitasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhining tarkibida Qonunchilik palatasi faoliyatining ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha kichik guruhlar tuzilishi mumkin.
9. Qonunchilik palatasi qo‘mitasining ekspert guruhini shakllantirish, uning tarkibi, shuningdek tarkibning o‘zgartirilishi to‘g‘risidagi qaroridan ko‘chirma tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kunlik muddatda Qonunchilik palatasining Kengashiga yuboriladi.
10. Ekspert guruhining faoliyatiga rahbarlikni Qonunchilik palatasi qo‘mitasining raisi, uning yo‘qligida esa — qo‘mita raisining o‘rinbosari amalga oshiradi.
11. Qonunchilik palatasi qo‘mitasining raisi deputatlar — qo‘mita a’zolari jumlasidan Ekspert guruhining mas’ul kotibini tayinlaydi.
12. Qonunchilik palatasi qo‘mitasining raisi:
Ekspert guruhining faoliyatini tashkil etadi;
Ekspert guruhining a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Ekspert guruhi majlisining kun tartibini shakllantiradi;
Ekspert guruhining majlislarida raislik qiladi;
Ekspert guruhining qarorlarini imzolaydi.
13. Ekspert guruhining mas’ul kotibi:
Ekspert guruhining navbatdagi majlisiga barcha zarur bo‘lgan materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
Ekspert guruhining majlislarini o‘tkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar tarkibini Qonunchilik palatasi qo‘mitasining raisi bilan kelishib oladi;
majlis o‘tkaziladigan sana, vaqt, joy to‘g‘risida Ekspert guruhi a’zolarini va taklif etilganlarni xabardor qiladi;
Ekspert guruhi yakuniy hujjatlarining loyihalarini tayyorlaydi;
Ekspert guruhi a’zolarining fikr-mulohazalari, takliflarini to‘playdi va umumlashtiradi;
Ekspert guruhi majlislarining bayonlarini rasmiylashtiradi.
14. Ekspert guruhining majlislari zaruratga qarab bir yilda kamida to‘rt marta o‘tkaziladi. Ekspert guruhi a’zolari Ekspert guruhining majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy hamda ko‘rib chiqiladigan masalalar to‘g‘risida oldindan, kamida besh kun oldin (yozma ravishda, telefon orqali yoki elektron pochta yordamida) xabardor qilinadi, shuningdek oldindan tegishli materiallar bilan ta’minlanadi.
15. Ekspert guruhi a’zosining Ekspert guruhi majlisiga yetib kelish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda bu haqda oldindan Ekspert guruhining mas’ul kotibiga xabar qiladi. Bunda Ekspert guruhining a’zosi kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan o‘z fikrini yo‘llashga haqli. Mazkur fikr Ekspert guruhining majlisida ko‘rib chiqiladi.
16. Ekspert guruhining majlislarida Qonunchilik palatasi deputatlari, Qonunchilik palatasi Devoni xodimlari, shuningdek raislik qiluvchining ruxsati bilan Ekspert guruhining tarkibiga kirmaydigan boshqa shaxslar hozir bo‘lishi mumkin.
17. Ekspert guruhining qarorlari majlisda ishtirok etayotgan Ekspert guruhi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
18. Ekspert guruhining qarorlari majlis bayoni bilan rasmiylashtirilishi mumkin. Bu holda Ekspert guruhining har bir a’zosi alohida fikrini bildirishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda taqdim etiladi va majlis bayonnomasiga ilova hisoblanadi.
19. Ekspert guruhining qarorlari xulosalar, takliflar, tavsiyalar, tuzatishlar, murojaatlar va hokazo tarzida qabul qilinib, ular tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 9-son, 348-modda)