1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.02.00 Transport sohasidagi boshqaruv. Transport xizmatlari ko‘rsatishni litsenziyalash;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.03.00 Temir yo‘l transporti / 09.15.03.01 Umumiy qoidalar;
4.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.13.00 Avariyaga qarshi kurash. Yo‘l harakati xavfsizligi. Texnik ko‘rik (shuningdek, 16.04.02.00ga qarang)]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Transport. Yo‘l xo‘jaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TEMIR YO‘LLARDA YuK VA YO‘LOVChILAR TAShISh XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 2-martdagi 101-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2001-yil 2-martdagi PF-2815-son Farmonini bajarish yuzasidan, temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasidagi faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish tizimini takomillashtirish, yuk va yo‘lovchilar xavfsiz tashilishi nazorat qilinishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi) hamda uning markaziy apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi to‘g‘risidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlarining cheklangan soni 79 nafardan, shu jumladan markaziy apparat xodimlari soni 42 nafardan (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) iborat etib belgilansin.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida boshliqning ikki nafar, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘lishiga ruxsat etilsin. Belgilansinki, “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining boshlig‘i, boshliqning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi vazirining birinchi o‘rinbosariga, boshliqning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari tegishli ravishda vazir o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining ta’minoti:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuk va yo‘lovchilar tashishdan olinadigan daromaddan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan miqdorlardagi majburiy to‘lovlar;
temir yo‘l transportida yo‘lovchilar va yuklar tashishga litsenziyalar berganlik uchun davlat boji mablag‘larining bir qismi;
temir yo‘l transportida yo‘lovchilar va yuklar tashishga litsenziyalar berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im;
(3-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
temir yo‘l texnikasi va asbob-uskunalarini sertifikatlashdan tushadigan mablag‘lar hisobiga qoplanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ta’minoti xarajatlari smetasi “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
4. Belgilansinki, “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, joylardagi hokimiyat organlari, temir yo‘l transporti xizmatlari ko‘rsatuvchi yoki ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga Vazirlar Mahkamasi komissiyasining qarori asosida mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik subyektlariga temir yo‘l transporti sohasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyat turlariga litsenziya berish huquqi berilsin.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Temir yo‘l transporti sohasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyat turlariga litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlariga “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining tegishli toifadagi xodimlari uchun amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash shartlari va imtiyozlar tizimi saqlab qolinsin.
7. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlariga belgilangan namunadagi kiyim-bosh kiyib yurish huquqi berilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Toshkent shahri, Turkiston ko‘chasi, 7-uyga joylashtirilsin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 3-mart,
109-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi 109-son qaroriga 1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi 109-son qaroriga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi markaziy apparatining tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi 109-son qaroriga 3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi) davlat organi hisoblanadi, u poyezdlar xavfsizligini ta’minlash sohasida chora-tadbirlar ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l ma’muriyati funksiyalarini hamda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga oid belgilangan qoidalar va normalarga tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
2. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi yozilgan muhrga, bank hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
II. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalari
4. Quyidagilar “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlashga oid profilaktika chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
temir yo‘llardan texnik foydalanish, shuningdek yuk va yo‘lovchilar tashishda ko‘rsatiladigan xizmatlarga doir normativ hujjatlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini nazorat qilish;
temir yo‘l transporti sohasidagi faoliyatni sertifikatlash, standartlash va litsenziyalash;
poyezdlar harakati xavfsizligi qoidalari buzilishlari oqibatlarini tugatishda tiklash vositalari ishlarini ta’minlash va samaradorligini oshirish, odamlarni qutqarish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
loyihalarni ekspertiza qilishda hamda temir yo‘l transportining yangidan qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan obyektlarini doimiy yoki vaqtincha foydalanishga qabul qilib olish ishlarida ushbu obyektlarda poyezdlarning xavfsiz harakat qilishini ta’minlash yuzasidan qatnashish;
sanoat korxonalari va tashkilotlarining, idoraviy qarashliligidan qat’i nazar, ularning kirish yo‘llarida harakat xavfsizligi ahvolini tekshirish;
kompaniya raisi nomenklaturasiga kiruvchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yangidan lavozimga tayinlanayotgan xodimlari temir yo‘llardan texnik foydalanish qoidalari va yo‘riqnomalarni bilishlarini komissiya tuzib tekshirish hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshqa xodimlari (alohida ro‘yxat bo‘yicha), shuningdek, poyezdlar harakati xavfsizligi qoidalarining u yoki boshqacha buzilishlariga yo‘l qo‘ygan xodimlari bilimlarini vaqti-vaqti bilan tekshirish;
poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash masalalarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik qilish.
III. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy funksiyalari
5. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarida texnik foydalanish qoidalariga, poyezdlar harakati va manevr ishlari yo‘riqnomasiga, signalizatsiya va aloqa yo‘riqnomasiga, shuningdek, temir yo‘l transporti texnika vositalarining avariyasiz ishlashini tartibga soluvchi boshqa yo‘riqnomalar va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini olib borish;
tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlovchi texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan profilaktika tadbirlari ishlab chiqilishi va belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi ustidan davlat nazoratini olib borish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida va boshqa mamlakatlar hududida joylashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi xizmat ko‘rsatadigan temir yo‘l uchastkalarida temir yo‘l hodisalari (avariya, halokat)ga oid xizmat tekshiruvlari o‘tkazilishini nazorat qilish va ularda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning yo‘lovchi tashish poyezdlari bilan bo‘lgan temir yo‘l xodisalariga oid xizmat tekshiruvini o‘tkazish va boshqa davlatlar hududida yo‘lovchilar tashish poyezdlari bilan bo‘lgan temir yo‘l hodisalarini tekshirishda belgilangan tartibda ishtirok etish;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan temir yo‘l hodisalarining xizmat tekshiruvlari to‘g‘riligini nazorat qilish;
temir yo‘l hodisalari hisobini yuritish hamda vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda poyezdlar harakati xavfsizligi ahvolini tahlil qilish, shuningdek yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligining ahvoli to‘g‘risida manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarni xabardor qilish;
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi hududida temir yo‘l hodisalari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni tasniflash va xizmat tekshiruvini o‘tkazish tartibi bo‘yicha normativ hujjatlarni va harakatdagi sostavni va temir yo‘l transporti vositalarini sertifikatlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
temir yo‘l transportida yo‘lovchilar va yuklar tashish faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalashni tashkil etish;
(5-bandning to‘qqizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarda litsenziyalar mavjudligini, ular tomonidan litsenziya shartnomalari shartlari, shuningdek tegishli qonun hujjatlari bajarilishini nazorat qilish;
ham kompaniya obyektlarida ishlovchi, ham mustaqil ishlovchi, lekin o‘z faoliyatida harakatdagi sostavdan yoki boshqa texnika vositalaridan foydalanuvchi temir yo‘l transporti bo‘linmalarining, qurilish tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning ishini ular poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan texnik taftishlari va tekshiruvlar o‘tkazilishini tashkil etish va ularni amalga oshirish;
temir yo‘l transporti texnika vositalarining ishonchliligini oshirish, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlovchi texnika vositalarini joriy etish rejalari bajarilishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini nazorat qilish;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bo‘linmalari taftishchilari ishiga metodik rahbarlik qilish;
temir yo‘l transportida xavfli yuklar, qurol-yarog‘lar, harbiy texnika, harbiy mol-mulklar, portlovchi moddalar va buyumlar, shuningdek harbiy tarkiblar tranziti chog‘ida xulosalar berish.
(5-band o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 1 maydagi 150-sonli qaroriga muvofiq to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2002-y., 9-son, 66-modda)
IV. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining huquqlari
6. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi quyidagi huquqlarga ega:
temir yo‘l hodisalariga oid o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi materiallarini belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha vazirliklar va idoralar vakillarining, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining, shuningdek yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi qoidalari buzilishlari hollari tekshiruvlarini o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar raislarining hisobotlari va axborotlarini eshitish;
tegishli vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalardan yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha normativ hujjatlar, tadbirlar rejalari, buyruqlar, yo‘riqnomalar, hujjatlar, ma’lumotlarni, shu jumladan yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi qoidalari buzilishlari hollari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni tekshirish materiallarini talab qilish va olish;
yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qoidalar, yo‘riqnomalar, buyruqlar va ko‘rsatmalarni buzayotgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ishdan chetlatishgacha bo‘lgan choralarni ko‘rish;
temir yo‘l transporti texnika vositalaridan foydalanishni va ishlarni amalga oshirishni to‘xtatish, odamlarning hayoti va salomatligiga, yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi nosozliklar tufayli peregonlarda, stansiyalarda va kirish yo‘llarida poyezdlar harakatini to‘xtatish yoki harakat tezligini cheklash to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
lokomotivlar, motor vagonli harakatdagi sostav, vagonlar, yo‘llar va o‘tkazish stryelkalari, signalizatsiya va aloqa qurilmalari, bog‘lanish tarmoqlari sifatsiz ta’mirlangan hollarda ularni tuzatishdan chiqarishni taqiqlash;
lokomotivlar, vagonlar, yo‘llar, signalizatsiya va aloqa hamda elektr ta’minoti tizimlari va temir yo‘l transportining boshqa texnika vositalarining belgilangan tartib buzilgan holda o‘tkazilgan komissiya tekshiruvlari natijalarini bekor qilish;
temir yo‘l transporti sohasida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan vazirliklar va idoralar korxonalari obyektlarini kunning har qanday vaqtida to‘siqlarsiz tekshirish, harakatdagi sostavni va boshqa texnika vositalarini yaratish (qurish)da, sinashda, keng ko‘lamda ishlab chiqarishda va ularni foydalanishga qabul qilib olishda qatnashish;
tegishli vazirliklar, idoralar, shuningdek tashkilotlar va korxonalarga (ayni paytda ushbu tashkilotlar va korxonalar tizimiga kiruvchi vazirliklar va idoralarni xabardor qilgan holda) o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ishlardagi aniqlangan buzilishlar va kamchiliklarni bartaraf etish haqida ko‘riladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot taqdim etish muddatini belgilagan holda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berish;
tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishgan holda ushbu vazirliklar, idoralar apparatlari va tashkilotlar vakillarini, shuningdek ularga bo‘ysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning malakali mutaxassislarini temir yo‘l hodisalariga oid xizmat tekshiruvini o‘tkazishda ishtirok etish, temir yo‘l hodisalariga oid xizmat tekshiruvini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ekspertizalar o‘tkazish va texnikaviy maslahatlashish uchun jalb qilish;
tegishli vazirliklar va idoralarga o‘zlariga qarashli ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari va oliy o‘quv yurtlari rejalariga yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash, shuningdek temir yo‘l hodisalariga oid xizmat tekshiruvini o‘tkazish jarayonida tekshirishlar, sinovlar va tadqiqotlar muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilishini kiritishni topshirish;
poyezdlar harakati, yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash sohasi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirganda va tekshiruvlar o‘tkazganda xizmat vagonlari, avtomobillardan, shuningdek boshqa huquqlardan foydalanish;
lokomotivlar va poyezdlar brigadalari tarkibiga ichki va xalqaro temir yo‘llarda safar qilishda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlarini belgilangan tartibda tekshiruvchilar sifatida kiritish.
V. Javobgarlik
7. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vakolati doirasida o‘ziga yuklangan vazifalarning va qabul qilingan qarorlarning bajarilishi uchun javob beradi.
VI. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish
8. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
9. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Boshliqning belgilangan tartibda tayinlanadigan ikki nafar o‘rinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i:
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarishi uchun shaxsan javob beradi, o‘z o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlarining “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi faoliyatining alohida yo‘nalishlariga rahbarlik qilishga oid javobgarligi darajasini belgilaydi;
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida va ularni bajarish yuzasidan buyruqlar, qarorlar chiqaradi, ko‘rsatmalar beradi, ularning bajarilishini tashkil etadi va tekshiradi;
zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari, idoralari bilan birgalikda qo‘shma normativlar va yo‘riqnomalar chiqaradi.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘ziga yuklangan funksiyalar va vazifalarni amalga oshirishda amaldagi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi vazirining birinchi o‘rinbosariga berilgan huquqlardan foydalanadi.
11. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari o‘z zimmalariga yuklangan funksiyalar va vazifalarni amalga oshirishda amaldagi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi vazirining o‘rinbosariga berilgan huquqlardan foydalanadilar.
12. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining o‘z vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
13. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida yuk va yo‘lovchilar xavfsiz tashilishini ta’minlash, halokatlar, avariyalar, harakatdagi sostavning yo‘ldan chiqishi va shu singari hollarning oldini olish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bilan bog‘liq dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish uchun vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbar xodimlari va olimlardan iborat idoralararo ilmiy-texnika kengashi tashkil etiladi. Idoralararo kengashning shaxsiy tarkibi tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi. Idoralararo kengash to‘g‘risidagi nizom ko‘rsatib o‘tilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishgan holda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
14. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga xizmat tekshiruvini o‘tkazishdan olingan axborotni qayta ishlash va tahlil etish, shuningdek temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashishning xavfsizligi holatini o‘rganish bilan bog‘liq ishlarni tezkor amalga oshirish uchun halokatlar, avariyalar va harakatdagi sostavning yo‘ldan chiqishi hollarini va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni xizmat tekshiruvidan o‘tkazishning usul va vositalari ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish huquqi beriladi.
15. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining tuzilmasi va xodimlari soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining shtat jadvali “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
16. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari maxsus guvohnomaga ega bo‘ladilar.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlariga belgilangan namunadagi kiyim-bosh kiyib yurishga ruxsat berilgan.
17. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 5-son, 24-modda; 2002-y., 9-son, 66-modda; 2003-y., 15-16-son, 131-modda)