toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TEMIR YOʻL TrANSPORTINI MONOPOLIYADAN CHIQARISH VA AKSIYALASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Temir yoʻl transportining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, tarmoqni monopoliyadan chiqarish hamda uning korxonalari va tashkilotlarini aksiyalashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish asosida transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishni, harakatdagi sostavni texnika bilan qayta jihozlashni taʼminlash, respublika aholisiga, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga temir yoʻl transporti xizmati koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar temir yoʻl transporti sohasidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblansin:
mononoliyadan chiqarish chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish va temir yoʻl transporti xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish;
yoʻlovchilar tashish, harakatdagi sostavni, refrijerator va konteyner xoʻjaligini taʼmirlash korxonalarini bosqichma-bosqich aksiyalashtirish;
ijtimoiy infratuzilma, yuk va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish obyektlarini, taʼmirlash-qurilish, savdo va taʼminot tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni jadallashtirish, ular negizida mulkchilikning nodavlat shakllaridagi korxonalar shu jumladan xususiy korxonalar tashkil etish;
boshqaruv tizimiga va tashish jarayoni qatnashchilari oʻrtasidagi xoʻjalik aloqalariga bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish;
temir yoʻl kompleksini rekonstruksiya qilish, yangilash va zamonaviylashtirishga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish boʻyicha qulay shart-sharoitlar yaratish;
mamlakat iqtisodiyotining samarali va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlashda temir yoʻl transportining ahamiyatini kuchaytirish, temir yoʻl transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish.
2 Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-oktabrdagi 401-son qarori bilan tuzilgan Temir yoʻl transporti korxonalari va tashkilotlarini monopoliyadan va davlat tasarrufidan chiqarish hamda aksiyalashtirish masalalari boʻyicha maxsus komissiyaning:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yuk va yoʻlovchilar tashish boʻyicha hududiy direksiyalari hamda Orolboʻyi boʻlimi negizida funksional tarkibiy boʻlinmalar va korxonalar tashkil etish;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yuk va yoʻlovchilar tashishni tashkil etish, yoʻlovchilar va yuk tashish vagonlari, refrijerator va konteyner xoʻjaligini taʼmirlash korxonalarini bosqichma-bosqich ochiq aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish;
yuk va yoʻlovchilar tashishni tashkil etish va amalga oshirish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan ijtimoiy obyektlarni, yordamchi va xizmat koʻrsatish korxonalarini davlat tasarrufidan va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimidan chiqarish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
3 Belgilab qoʻyilsinki, yuk va yoʻlovchilar tashuvchi, xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi, shuningdek yuk joʻnatuvchilar va yoʻlovchilarga transport-ekspeditorlik va servis xizmatlari koʻrsatuvchi korxonalar va tashkilotlar:
davlat tasarrufidan chiqariladi va xususiylashtiriladi, shu jumladan xususiy mulk sifatida sotiladi, shuningdek turli tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilishi mumkin;
koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va qiymatini pasaytirish maqsadida oʻz faoliyatini raqobat asosida amalga oshiradi.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
temir yoʻl transportining barqaror va samarali ishlashini, yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash, koʻrsatiladigan transport xizmatlari sifatini oshirish;
vokzallarda va poyezdlarda yoʻlovchilarga servis xizmati koʻrsatish, boshqa servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha mulkchilikning nodavlat shakllaridagi korxonalar, shu jumladan xususiy korxonalar tashkil etishni ragʻbatlantirish;
temir yoʻllarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning tarmoqlarini yanada rivojlantirish va ularning poyezdlar oʻtkazish qobiliyatini oshirish, yagona texnika siyosati asosida ilgʻor texnologiyalarni, menejmentning zamonaviy usullarini keng joriy etish;
chet el investitsiyalarini keng jalb qilish va temir yoʻl transporti hamda xalqaro yuk va yoʻlovchilar tashish sohasida xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PF-5157-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish toʻgʻrisida” 1994-yil 7-noyabrdagi PF-982-son Farmonining 2- va 4-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan oʻn kun muddatda qaror qabul qilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi 108-sonli ““Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 2-mart,
PF-2815-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 2001-y., 3-con, 54-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)