toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.10.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining
buyrugʻi
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 8-aprelda 2776-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 9-oktabrdagi 11-mh-sonli “Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2939, 23.10.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan buyuraman:
1. Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-mart,
31-son
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2016-yil 25-martdagi 31-sonli buyrugʻiga
ILOVA
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) — bir yoki bir nechta sport turini rivojlantirish, ommalashtirish, shuningdek sport tadbirlarini oʻtkazishni tashkil etish hamda sportchilarni — Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari aʼzolarini sportning tegishli turi boʻyicha tayyorlash uchun aʼzolik asosida tashkil etilgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkiloti.
2. Sport federatsiyalari (uyushmalari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin Reyestrga kiritilishi kerak.
3. Maxsus vakolatli davlat organi Reyestrni yuritishni amalga oshiradi.
2-bob. Reyestrni shakllantirish
4. Reyestrni shakllantirish va tizimli yuritish maxsus vakolatli davlat organi rahbarining buyrugʻi bilan belgilangan masʼul xodim (bundan buyon matnda masʼul xodim deb yuritiladi) tomonidan sport federatsiyalari (uyushmalari) taqdim etadigan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
5. Sport federatsiyalari (uyushmalari) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻn besh kun ichida sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritish haqida maxsus vakolatli davlat organiga ariza bilan murojaat qiladi.
6. Reyestrga kiritish haqidagi arizaga (sport federatsiyasining (uyushmasining) nomi koʻrsatilgan holda) quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
sport federatsiyasining (uyushmasining) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
sport federatsiyalari (uyushmalari) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha sport turi yoki sport turlari;
sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar xalqaro sport tashkilotlariga aʼzo boʻlsa.
7. Sport federatsiyasi (uyushmasi) taqdim etgan hujjatlar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
Hujjatlarda kamchiliklar mavjud boʻlmagan taqdirda, masʼul xodim va uning rahbari tomonidan imzolangan hamda maxsus vakolatli davlat organi rahbarining sport boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan xulosaga asosan sport federatsiyasi (uyushmasi) Reyestrga kiritiladi.
8. Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tegishli sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritish rad etilmasdan kamchiliklarni darhol bartaraf qilish choralari koʻriladi.
9. Sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritish boʻyicha xulosa tasdiqlangandan soʻng uch ish kuni ichida bu haqda tegishli sport federatsiyasiga (uyushmasiga) uning Reyestrga kiritilganligi haqida xabarnoma yuboriladi. Mazkur xabarnomada tegishli sport federatsiyasining (uyushmasining) Reyestrdagi tartib raqami koʻrsatilishi lozim.
3-bob. Reyestrni yuritish
10. Reyestr mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq elektron shaklda yuritiladi.
11. Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
tegishli sport federatsiyalarining (uyushmalarining) nomlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha sport turi yoki sport turlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar xalqaro sport tashkilotlariga aʼzo boʻlsa.
12. Reyestrga kiritilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan ushbu oʻzgarishlar haqida oʻn kun ichida maxsus vakolatli davlat organiga oʻzgarishlarni tasdiqlovchi maʼlumotlar taqdim etilishi lozim. Bunday maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilganda, besh kun ichida masʼul xodim va uning rahbari imzolagan hamda maxsus vakolatli davlat organi rahbarining sport boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan xulosa asosida Reyestrga oʻzgartirishlar kiritiladi.
13. Sport federatsiyasining (uyushmasining) vakolatli (yuqori) organi tomonidan sport federatsiyasi (uyushmasi) faoliyatini tugatish haqida qaror (ixtiyoriy tugatish) qabul qilinganda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng besh kun ichida maxsus vakolatli davlat organiga sport federatsiyasining (uyushmasining) faoliyatini tugatish haqidagi qaror nusxasi arizaga ilova qilingan holda yuboriladi.
Sport federatsiyasi (uyushmasi) sud tomonidan tugatilganda (majburiy tugatish), sport federatsiyasi (uyushmasi) sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch kun ichida tugatish haqidagi qaror nusxasini maxsus vakolatli davlat organiga yuboradi.
Bunday maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilganda, sport federatsiyasi (uyushmasi) besh kun ichida masʼul xodim va uning rahbari imzolagan hamda maxsus vakolatli davlat organi rahbarining sport boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan xulosa asosida Reyestrdan chiqariladi.
14. Reyestrni yuritish davomida toʻplangan barcha hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanadi.
4-bob. Reyestrdan maʼlumotlar taqdim etish
15. Barcha maʼlumotlar, ular Reyestrga kiritilgandan soʻng, uch kun ichida maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
16. Reyestrda koʻrsatilgan maʼlumotlar ochiq boʻladi va ulardan hamma foydalanishi mumkin, bundan tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu maʼlumotlar qonun hujjatlariga muvofiq ochiq boʻlmasa va undan hamma foydalanishi mumkin boʻlmasa, mustasno.
17. Reyestrdan maʼlumotlar manfaatdor shaxslarning murojaatlariga asosan ham berilishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
18. Maxsus vakolatli davlat organi mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sport federatsiyalarining (uyushmalarining) ushbu Nizomda belgilangan tartibda Reyestrga kiritilishini taʼminlaydi.
19. Sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbarlari Reyestrga kiritilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga oʻz vaqtida, toʻgʻri va toʻliq taqdim etilishi uchun masʼul hisoblanadi.
20. Maxsus vakolatli davlat organi maʼlumotlarning Reyestrga toʻgʻri va oʻz vaqtida kiritilishi hamda undan doimiy ravishda maʼlumotlar olish imkoniyatining yaratilishi uchun masʼul hisoblanadi.
21. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

Namuna‎

‎‎Sport federatsiyalari (uyushmalari)
‎ REESTRI

Sport federatsiyasiga (uyushmasiga) berilgan tartib raqami

Sport federatsiyasining (uyushmasining) nomi

Sport federatsiyasi (uyushmasi) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan sport turi yoki sport turlari‎

Sport federatsiyasi (uyushmasi) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi*‎

Sport federatsiyasining (uyushmasining) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzoligi**

Maxsus vakolatli davlat organining Reyestrga maʼlumot kiritgan masʼul xodimi (F.I.O., lavozimi)‎

00000‎

00000‎

00000‎

Izoh:
* Tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu maʼlumotlar qonun hujjatlariga muvofiq ochiq boʻlmasa va undan hamma foydalanishi mumkin boʻlmasa ushbu grafa toʻldirilmaydi;
** Sport federatsiyasi (uyushmasi) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzo boʻlsa, toʻldiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 14-son, 140-modda)