1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.01.00 Umumiy masalalar;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.04.00.00 Mahalliy ijroiya organlari (Hokimliklar) (shuningdek, 01.15.03.00ga qarang) / 02.04.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-sonli “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilash, ularning oʻz xizmat vazifalarini vijdonan va samarali bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat xizmatida suiisteʼmolliklarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari (keyingi oʻrinlarda Odob-axloq qoidalari deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika davlat boshqaruvi organlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari ikki oy muddatda:
oʻz faoliyati xususiyatlarini hisobga olgan holda, Odob-axloq qoidalari asosida markaziy apparat, hududiy va tarkibiy boʻlinmalar xodimlari uchun majburiy boʻlgan xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni va uning shaxsiy tarkibini tasdiqlasinlar;
ichki mehnat tartib-qoidalarini va boshqa idoraviy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
Belgilab qoʻyilsinki, xodimlarning tasdiqlanadigan idoraviy odob-axloq qoidalari Odob-axloq qoidalari talablariga zid boʻlishi yoki ulardan past darajadagi talablarni nazarda tutishi mumkin emas.
3. Xoʻjalik boshqaruvi organlariga Odob-axloq qoidalari asosida xodimlarning odob-axloq qoidalarini qabul qilish tavsiya etilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Odob-axloq qoidalari normalarining buzilishi qonunchilikka muvofiq intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortish uchun asos boʻlib hisoblanishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Adliya vazirligi, Mehnat vazirligi bilan birgalikda 2016-yil mobaynida ushbu qarorning qoʻllanishi monitoringini olib borish va tahlil qilish hamda, zaruriyat boʻlganda, ularning yakunlari boʻyicha Odob-axloq qoidalarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi R.V.Abduqodirov 10 kun muddatda, ushbu qaror talablariga qatʼiy amal qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining odob-axloq qoidalarini Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 2-mart.
62-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qaroriga ILOVA
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari (keyingi oʻrinlarda Odob-axloq qoidalari deb ataladi) egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining (keyingi oʻrinlarda davlat xizmatchilari deb ataladi) kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari yigʻindisidan iborat.
2. Odob-axloqi qoidalari huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, davlat xizmatchilarini yuksak huquqiy ong, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga qatʼiy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan.
3. Davlat boshqaruvi organi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organiga (keyingi oʻrinlarda davlat organi deb ataladi) ishga kirayotgan shaxslar Odob-axloq qoidalari bilan imzo qoʻydirgan holda tanishtiriladilar.
4. Davlat xizmatchilari qonunchilik hujjatlari va Odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishlari shart.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Odob-axloq qoidalariga rioya etish davlat xizmatchisining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.
II. Davlat xizmatchilarining xizmatdagi xulq-atvorining asosiy prinsiplari va qoidalari
5. Davlat xizmatchilari oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishlari kerak:
qonuniylik;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoiylik;
davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
adolatlilik, halollik va xolislik;
manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik.
6. Davlat xizmatchilari quyidagilarga majbur:
xizmat vazifalarini bajarishda davlat prinsiplari va talablariga qatʼiy rioya etish;
oʻz xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish;
yuqori davlat organlari va mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
oʻz faoliyatini qonunchilikda va ichki hujjatlarida belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirish;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
oʻz xizmat vazifalarini bajarishda biror-bir shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlarga yon bosmaslik va ustunlik bermaslik, ularning taʼsiridan mustaqil boʻlish, fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning taʼsiri bilan bogʻliq boʻlgan xatti-harakatlarga barham berish;
normativ-huquqiy hujjat va idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilish, oʻz xizmat vazifalarini ogʻishmay bajarish;
oʻz xizmat faoliyatiga biror-bir taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga barham berish;
Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy hamda boshqa xususiyatlarini hisobga olish, ijtimoiy barqarorlikka, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka koʻmaklashish;
oʻzlarining xizmat vazifalarini vijdonan bajarishda shubha paydo qilishi mumkin boʻlgan xulq-atvordan oʻzini tiyish, shuningdek oʻz obroʻsiga yoki davlat organining nufuziga zarar yetkazishga qodir boʻlgan vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslik;
xizmat mavqeyidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar faoliyatiga noqonuniy taʼsir koʻrsatish uchun foydalanmaslik;
davlat organida xabarlarni va xizmat axborotlarini taqdim qilishning belgilangan qoidalariga rioya etish.
7. Siyosiy, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik, shuningdek shaxsiy vajlar va boshqa subyektiv sabablar davlat xizmatchilarining qonunchilik talablarini va Odob-axloq qoidalarini buzishi uchun asos boʻla olmaydi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat xizmatchilariga oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf koʻrish taqiqlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
9. Davlat xizmatchilari korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi va ularning profilaktikasiga faol koʻmaklashishi shart.
Davlat xizmatchilari oʻz rahbarini yoxud huquqni muhofaza qilish organlarini ularni huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish maqsadida biror-bir shaxslarning qilgan murojaatlarining barcha holatlari toʻgʻrisida, shuningdek boshqa davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning oʻzlariga maʼlum boʻlgan har qanday holatlari haqida xabardor qilishi shart.
Davlat organlari rahbarlari shaxslar qonunchilikning buzilishi faktlari toʻgʻrisida murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikr va murojaatdagi tanqidi uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun ishdan boʻshatilishiga yoki boshqacha shaklda taʼqib qilinishiga yoʻl qoʻymasligini taʼminlashi kerak.
10. Davlat xizmatchilari kasbiy faoliyati davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan axborotning saqlanishini va maxfiyligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrishlari shart, ularning oshkor etilganligi uchun ular qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Rahbar oʻziga boʻysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionalizm, soflik va adolatda oʻrnak boʻlishi, davlat organida yoxud uning tarkibiy yoki hududiy boʻlinmasida maʼnaviy-psixologik muhit shakllanishiga koʻmaklashishi lozim, u boʻysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiqib ketadigan topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.
Rahbar kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash va joy-joyiga qoʻyish holatlariga yoʻl qoʻymasligi kerak. U guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizm koʻrinishlarining, shuningdek oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning qatʼiy ravishda oldini olishi lozim.
Rahbar:
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrishi;
korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrishi;
xodimlarni samarali boshqarishi, oʻziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʻlarga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda boʻlishi shart. Rahbar oʻziga boʻysunuvchi, xizmatdagi xulq-atvori prinsiplari va qoidalarini buzayotgan xodimlarning xatti-harakatlariga (harakatsizligiga) yoʻl qoʻyilmasligi choralarini koʻrmaganligi uchun javob beradi.
12. Davlat xizmatchilari oʻzlarining xizmatdagi xulq-atvori bilan jamoada boshqa davlat xizmatchilari bilan oʻzaro ishchanlik va amaliy hamkorlik qaror topishiga daʼvat etilgan.
Davlat xizmatchilari xushmuomala, iltifotli, odobli, eʼtiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli boʻlishi, ularni hurmat qilishi shart. Davlat xizmatchilari oʻziga boʻysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qoʻpollik qilmasligi, odamlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy taʼsir koʻrsatish holatlariga yoʻl qoʻymasligi kerak.
Xizmat vazifalarini bajarish chogʻida ish sharoitlari va xizmat tadbirlarining shakliga bogʻliq holda davlat xizmatchilarining tashqi koʻrinishi fuqarolarning davlat organiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishiga yordam berishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq boʻlishi, ular rasmiyliligi, vazminligi va tartibliligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak.
13. Davlat xizmatchilari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi kerak.
III. Manfaatlar toʻqnashuvi
14. Davlat xizmatchilari oʻz xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yoʻl qoʻymasliklari kerak.
Manfaatlar toʻqnashuvi davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari ularning oʻz xizmat vazifalarini xolisona va begʻaraz bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlarda paydo boʻladi.
Davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan oʻzi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida boʻladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf koʻrish yoki afzalliklarga ega boʻlishni oʻz ichiga oladi.
Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda davlat xizmatchilari oʻz rahbarini darhol xabardor qilishi kerak.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni olgan rahbar uni tartibga keltirish boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart.
15. Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.
Davlat xizmatchilari oʻzlarining oʻz xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga yoki ularga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirmasligi, shuningdek lavozimni egallamasligi kerak.
Davlat xizmatchisi har qanday holatlarda ham oʻz xizmat mavqeyidan mumkin boʻlmagan shaxsiy foydani olishi mumkin emas.
Davlat xizmatchilari oʻz rahbarini manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻrish maqsadida tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etishi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
16. Davlat xizmatchisi lavozimga tayinlanayotganda va xizmat vazifalarini bajarayotganda oʻzining xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorligining mavjudligi yoki mavjud boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisida maʼlum qilishi shart.
IV. Odob-axloq qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
17. Davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi mumkin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi attestatsiyalar oʻtkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
19. Ushbu Odob-axloq qoidalari normalarining buzilishlari maxsus tarkibiy boʻlinma yoki Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Odob-axloq komissiyasi, maxsus tarkibiy boʻlinma mavjud boʻlmagan taqdirda, davlat organi xodimlaridan kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va uning faoliyatini tashkil etishning boshqa masalalari davlat organi tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomda belgilanadi.
Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini maxsus tarkibiy boʻlinma yoki Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha intizomiy yoki boshqacha tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda davlat organi rahbarining koʻrib chiqishiga qoidalar buzilishini sodir etgan davlat xizmatchisini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taklif kiritiladi. Yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda, Odob-axloq komissiyasi davlat xizmatchisiga nisbatan Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
Davlat xizmatchilari oʻzlari yoʻl qoʻygan qoida buzilishi, qoida buzilishining koʻrib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va oʻzini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek davlat organining qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 9-son, 94-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)