1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.03.00 Gaztaʼminoti]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Energetika]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikaning chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklarida biogaz qurilmalari qurishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi PQ-2343-son qarori bilan maʼqullangan 2015 — 2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sigʻimini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturini ijro etish yuzasidan, respublikaning chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklarida biogaz qurilmalari qurishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2008 — 2014-yillar mobaynida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Global ekologik jamgʻarma (GEF) doirasida Oʻzbekiston Respublikasida bajarilgan, fermer xoʻjaliklarida biogaz qurilmalari qurish boʻyicha amalga oshirilgan tajriba loyihalari asosida biogaz qurilmalarini amalda keng joriy etish va biogaz energiyadan foydalanish imkoniyatlari sinovdan oʻtkazilganligi;
“Oʻzstandart” agentligi tomonidan “OʼzDSt 2798:2013 Biogaz qurilmalari. Umumiy texnik shartlar” Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standarti amalga kiritilganligi;
biogaz qurilmalaridan foydalanuvchi tashkilotlar, shuningdek biogaz qurilmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashadigan tashkilotlar, tegishli ravishda, energiyaning tiklanadigan manbalaridan energiya ishlab chiqarish qurilmalari qoʻllanilgan holda energiya ishlab chiqaruvchi tashkilotlar va tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashadigan tashkilotlar hisoblanishi;
biogaz qurilmalaridan (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq) foydalanuvchi tashkilotlarga, shuningdek biogaz qurilmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashadigan tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2015 — 2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sigʻimini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida” 2015-yil 5-maydagi PQ-2343-son qarorining 5-bandi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida” 2017-yil 26-maydagi PQ-3012-son qarorining 10-bandi tatbiq etilishi.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-avgustdagi 605-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 32-son, 817-modda)
Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II bosqich” loyihasining “Qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini pasaytirish” qismini amalga oshirish uchun energiyani tejaydigan texnologiyalarni va energiyaning muqobil manbalarini joriy etishga Global ekologik jamgʻarma (GEF) trast fondining 12,699 mln AQSh dollari miqdoridagi grantlari ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda biogaz qurilmalari qurish loyihalari tashabbuskorlarining buyurtmanomalari boʻyicha ruxsat berish tartib-qoidalaridan oʻtish uchun belgilangan tartibda va muddatlarda “yagona darcha” prinsipi boʻyicha vakolatli tashkilotlar tomonidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomalar berilishini;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
ruxsat berish tartib-qoidalaridan oʻtish muddatlariga rioya qilinishi, biogaz qurilmalari qurish, ularni ishga tushirish va ulardan foydalanishda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish ustidan amaliy nazoratni taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II bosqich” loyihasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 14-fevraldagi PQ-2129-son qaroriga muvofiq loyihani amalga oshirish doirasida xorijiy valyutadagi subkreditlar ajratish tijorat bankining marjasi 3 foizdan ortiq boʻlmagan va milliy valyutada — 4,5 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda undirilgan holda amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat taʼminoti sohasida loyihalarni amalga oshirish agentligi “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II bosqich” loyihasini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda:
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
“Hamkorbank” ATB, “Turonbank” ATB, “Qishloq qurilish bank” ATB, “Xalq banki” AT, “Ipak yoʻli” AITB, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning buyurtmanomalari boʻyicha biogaz qurilmalarini qurish uchun grantlar berilishini;
biogaz qurilmalarini qurish, maxsus asbob-uskunalarni montaj qilish va ulardan foydalanish boʻyicha metodik tavsiyalar, shuningdek biogaz qurilmalarining namunaviy loyihasi ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etilishini tashkil etsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qaroriga asosan 2020-yil 18-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son)
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishgan holda chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklarida biogaz qurilmalari qurishning hududiy manzilli dasturlarini uch oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
biogaz qurilmalari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilishini tashkilotlar va potensial tadbirkorlarga yetkazish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar;
tegishli loyihalarning hujjatlarini keyinchalik Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritish uchun ishlab chiqish va belgilangan tartibda taqdim etishda biogaz qurilmalari uchun asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish boshlanishiga qarab biogaz qurilmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashadigan tashkilotlarga koʻmaklashsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqsinlar hamda Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritsinlar.
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2016/2017 oʻquv yilidan boshlab qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tegishli oʻquv fanlari dasturlariga “Qishloq xoʻjaligi texnikasi” taʼlim sohasi yoʻnalishlari va “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash” va “Qishloq xoʻjaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish” yoʻnalishlari doirasida “Biogaz qurilmalari. Qurish va ulardan foydalanish” mavzulari (boʻlimlar)ni kiritishni nazarda tutsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi 2016-yil 1-yanvardan boshlab statistika hisobotining amaldagi shakllari doirasida ishga tushirilgan biogaz qurilmalari soni hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmlari hisobi yuritilishini nazarda tutsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr energiyasi isteʼmolchilari ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazib berish uchun yagona elektr energiyasi tizimi bilan parallel tarzda barqaror ishlashni taʼminlovchi maxsus qurilmalar vositasida ulanishga doir texnik shartlar olingandan va bajarilgandan keyin yagona elektr energiyasi tizimining elektr tarmoqlariga ulanishlari mumkin, shuningdek elektr energiyasi sifatiga qoʻyiladigan talablarni bajarishga, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining belgilangan dispetcherlik rejimiga rioya qilishga, tizim operatorining va yuqori turuvchi tezkor-dispetcherlik xizmatlarining koʻrsatmalariga va farmoyishlariga boʻysunishga majburdirlar;
tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan, isteʼmolchilar tomonidan yagona elektr energiyasi tizimining elektr tarmoqlariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar oxirgi isteʼmolchilar uchun belgilangan tariflar boʻyicha, elektr taʼminoti korxonalarining elektr energiyasini uzatish boʻyicha xarajatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
yagona elektr energiyasi tizimiga elektr energiyasi yetkazib berishning yillik hajmlari tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr energiyasi isteʼmolchilari bilan “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasidagi shartnoma bilan tasdiqlanadi va rasmiylashtiriladi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 25-noyabr,
343-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 47-son, 599-modda; 2017-y., 32-son, 817-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son; 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)