1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.01.00 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.21.00.00 Suv xoʻjaligi;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.01 (Кучини йукотган) Maktabgacha ta'lim tashkilotlari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim;
2.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT IRRIGATSIYA VA MELIORATSIYA INSTITUTINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oliy oʻquv yurtlari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish, qishloq xoʻjaligida bozor islohotlarini chuqurlashtirishga doir zamonaviy talablarga muvofiq qishloq va suv xoʻjaligi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq va suv xoʻjaligi uchun yuqori va malakali kadrlar tayyorlashni maqbullashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda maxsus komissiya tuzilsin.
2. Maxsus komissiya oʻz ishlarida quyidagi muammolarni hal etish zarurligidan kelib chiqsin:
birinchidan, respublikada tarmoqlar va ishlab chiqarishlar kompleksi sifatida qishloq xoʻjaligida yerlarning, eng avvalo, sugʻoriladigan yerlarning unumdorligini saqlashdan tortib mahsulotlarni yetishtirish va dastlabki qayta ishlash, saqlash va sotishgacha boʻlgan oʻzaro bogʻliqlik va yaxlitlik yoʻqotilgan, bu borada ularni jahon yutuqlari darajasida qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻstirishning zamonaviy texnologiyalari va usullariga yoʻnaltirish ayniqsa muhimdir;
ikkinchidan, Oʻzbekiston bugungi kunda jahon bozorida mehnat taqsimotining toʻla huquqli subyektlaridan biri boʻlib qolayotganligi tufayli qishloq xoʻjaligi va uning tarmoqlarini ixtisoslashtirish masalasi hal etilishi zarur boʻlgan gʻoyat muhim muammolardan biridir. Eng avvalo, yetishtirilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini taʼminlash hamda respublikaning jahonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda munosib oʻrin egallashi zaruriyati ustuvor vazifa hisoblanadi. Bunda Oʻzbekistonning geografik jihatdan joylashishi, uning tabiiy-iqtisodiy xususiyatlari, yerlar unumdorligining holati gʻoyat muhimdir. Suv resurslari bilan taʼminlash, ulardan oqilona va samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bizning sharoitlarimiz uchun eng muhim va hal qiluvchi omillar hisoblanadi;
uchinchidan, bugungi kunda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, birinchi navbatda, yerlar unumdorligini taʼminlash, seleksiya, urugʻchilik, ilgʻor texnologiya va agrotexnikani joriy etgan holda ekinlarni oʻstirish bilan bogʻliq masalalar bilan qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi bir nechta oliy oʻquv yurtlari, shu jumladan Toshkent davlat agrar universiteti va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi filiali, Andijon va Samarqand qishloq xoʻjaligi institutlari shugʻullanmoqda. Vazifalar kompleksini, shu jumladan qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash bilan bogʻliq vazifalarni hal etish bilan mamlakatning ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi oliy oʻquv yurtlari shugʻullanishi lozimligi qonuniy holdir;
toʻrtinchidan, mahsulotlarning 95 foizdan koʻprogʻi sugʻoriladigan yerlardan olinadigan Oʻzbekiston sharoitlari uchun hamda ekologiya va yerlarning holati yomonlashib borayotganligini hisobga olgan holda ilmiy izlanishlarni va amaliy tadqiqotlarni chuqurlashtirish va shu asosda, birinchi navbatda, irrigatsiya va yerlarni melioratsiyalash kabi ixtisoslashgan hayotiy muhim yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni tashkil etish katta ahamiyat kasb etadi, bunda qishloq xoʻjaligining kelajagi koʻp jihatdan ushbu muammolarning hal etilishiga bogʻliqligi nazarda tutilishi kerak. Ularga quyidagilar kiradi:
a) suv resurslarining taqchilligi tobora ortib borayotgan, davlatlararo suv oqimlarini boshqarishda muammolar mavjud boʻlgan sharoitlarda suv xoʻjaligi asosiy fondlarining zamonaviylashtirilishi;
b) yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv oqimlarini toʻplash va tartibga solish, yerlarning shoʻrlanishi va botqoqlanishini bartaraf etish, gidrotexnika inshootlarining ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlash, suvni taqsimlash, uning sarflanishini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, atrof muhitni muhofaza qilish masalalarini hal etilishi;
v) suv resurslari cheklangan sharoitda fermer xoʻjaliklari sonining jadal oʻsishi suvdan oqilona va tejamli foydalanishni talab qilishi;
g) respublikada foydalanish uchun ilmiy va innovatsion yondashuvni hamda ularni zamonaviylashtirish uchun yuqori malakali kadrlarni talab qiladigan koʻplab gidrotexnika inshootlari, suv omborlari, sugʻorish va drenaj muhandislik tizimlariga ega boʻlgan murakkab va qudratli irrigatsiya tizimlarining faoliyat koʻrsatishi;
d) yerlarning qoniqarsiz meliorativ holatining, kollektorlar, mavjud yopiq va vertikal drenaj tarmoqlari texnik holatining sugʻoriladigan yerlar unumdorligiga salbiy taʼsirining oldini olish zaruriyati.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Maxsus komissiya 2004-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiga aylantirish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirsin. Mazkur ishni amalga oshirishda:
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining mutaxassislar tayyorlashda tutgan oʻrni va roliga, ularning qishloq xoʻjaligi yetakchi tarmoqlari — melioratsiya va suv xoʻjaligidagi faoliyatiga xolisona baho berilsin;
institutdagi taʼlim yoʻnalishlari va kadrlar tayyorlashning ixtisoslashuvi oʻrganilsin, ularning irrigatsiya va melioratsiya sohasidagi zamonaviy talablarga va dolzarb vazifalarga nechogʻlik muvofiqligi tahlil qilinsin;
ushbu qarorning 2-bandida bayon qilingan asosiy yoʻnalishlari va vazifalariga javob beradigan institutning fakultetlar yoʻnalishi va oʻquv bazasining mazmunini, kafedralarning ixtisoslashuvini belgilash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilsin;
institutning ilmiy izlanishlari va amaliy tadqiqotlarini quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga — suv resurslari sifatini yaxshilash, ulardan foydalanishni maqbullashtirish va ularni tejashga, tuproq unumdorligini oshirish uchun yerlarni sugʻorishning ilgʻor metodlarini ishlab chiqishga va keng qoʻllanishga, gidrotexnika inshootlarining ishonchliligini va foydalanish uchun xavfsizligini taʼminlashga qaratish chora-tadbirlari amalga oshirilsin.
4. Maxsus komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon va Samarqand qishloq xoʻjaligi institutlari tuzilmasini va oʻquv-moddiy hamda metodik bazasi yoʻnalishini, shuningdek ularga Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidan tegishli mutaxassisliklar olib berilishini hisobga olgan holda tayyorlanadigan kadrlar mutaxassisliklari ixtisoslashuvini qayta koʻrib chiqsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda, tegishli ixtisosdagi mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda, 2004/2005 oʻquv yili va keyingi oʻquv yillari uchun Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiga qabul qilish kvotalari boʻyicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti bilan birgalikda 2004/2005 oʻquv yili boshlangungacha respublika taʼlim standartlariga muvofiq Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 30-mart,
150-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 30-martdagi 150-son qaroriga ILOVA
Qishloq va suv xoʻjaligi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni maqbullashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya
TARKIBI
Azimov R.S.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Maxsus komissiya raisi
Yusupov M.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (kelishuv boʻyicha)
Begaliyev S.
—
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri
Gʻulomov S.S.
—
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri
Alixonov B.
—
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi
Abdurahmonov M.S.
—
Moliya vazirining oʻrinbosari
Alimuhamedov B.B.
—
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining oʻrinbosari
Qoʻziyev R.Q.
—
Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari
Xudoyberdiyev T.S.
—
Toshkent irrigatsiya i melioratsiya institutining rektori
Boʻriyev X.Ch.
—
Toshkent davlat agrar universitetining rektori
Mahmudov E.J.
—
Fanlar akademiyasining Suv muammolari instituti direktori
Ikromov R.K.
—
SANIIRI ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining direktori
Abdullayev U.V.
—
“Oʻzgipromeliosuvxoʻjalik” institutining direktori
Husanov R.H.
—
Bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot institutining direktori
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 13-son, 152-modda)