toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, saqlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha aviatsiya qoidalarini (OʻzR AQ-123) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-oktabrda 2718-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-fevraldagi 90-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, saqlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-123) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-sentabr,
65-n-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 15-sentabrdagi 65-n-son buyrugʻiga
ILOVA
Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, saqlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-123)
Mazkur aviatsiya qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (IKAO) standartlari va tavsiyalariga muvofiq, fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, saqlash hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur aviatsiya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
parvoz maʼlumotlarini yozish uskunasi — havo kemasiga oʻrnatilgan va parvoz maʼlumotlarini mustaqil yozuvchi uskuna;
parvoz maʼlumotlari — havo kemasining parvoz maʼlumotlarini yozish uskunasi qayd etgan parametrik va tovush maʼlumotlari;
parametrik maʼlumotlar — havo kemasining texnik tavsiflarini bildiruvchi fizik diapazonda maʼlum bir qiymatga ega boʻladigan koʻrsatkichli maʼlumotlar;
tovush maʼlumotlari — ekipajning ichki va tashqi aloqa (radioaloqa) muzokaralari, havo kemasi kabinasidagi soʻzlashuvlar hamda ovozli signallar, shuningdek parvozdagi boshqa shovqinlardan iborat tovushli maʼlumotlar;
havo kemasining ekspluatanti — havo kemasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida egalik qiluvchi, shu havo kemasidan foydalanishni amalga oshirish qobiliyati ekspluatant sertifikati bilan tasdiqlangan yuridik yoki jismoniy shaxs.
2. Mazkur aviatsiya qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasi havo kemalari ekspluatantlariga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Havo kemasining ekspluatanti tomonidan mazkur aviatsiya qoidalarida belgilangan talablar doirasida parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, foydalanish hamda ularni saqlashning texnik protseduralari hamda ichki nazoratni amalga oshirish tartibi boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar (bundan buyon matnda uslubiy koʻrsatmalar deb yuritiladi) ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi mumkin.
4. Havo kemasining ekspluatanti tomonidan ishlab chiqiladigan uslubiy koʻrsatmalarda:
parvoz maʼlumotlarini yozish uskunasidan parametrik maʼlumotlarni hamda tovush maʼlumotlarini yigʻish tartibi;
yigʻib olingan parvoz maʼlumotlarini tahlil qilish tartibi;
parvoz maʼlumotlari va ularni tahlil qilish natijalarini saqlash tartibi;
parvoz maʼlumotlarining tahlili natijalari va aniqlangan kamchiliklar boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va nazorat qilish tartibi;
parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish va ulardan foydalanish boʻyicha ishlarning hisobini yuritish tartibi;
parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, foydalanish va ularni saqlash boʻyicha masʼul shaxslar (boʻlinmalar) doirasi va ularning javobgarligi hamda boshqa zarur qoidalar belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Aviatsiya halokati yoki baxtsiz hodisa yuz berganda, parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish xamda ularni saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-noyabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2026-yil 30-iyundagi 9-n-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2718-2, 08.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 10/26/2718-2/0708-son)
2-bob. Parvoz maʼlumotlarini yigʻish
6. Havo kemasining ekspluatanti kompyuterga parvoz maʼlumotlarini yozish uskunasida qayd etilgan parvoz maʼlumotlarining yigʻib olinishini taʼminlashi lozim.
7. Parvoz maʼlumotlarini yigʻish ularni parvoz maʼlumotlarini yozish uskunasidan texnik vositalar yordamida kompyuterga yuklab olish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
8. Havo kemasining ekspluatanti tomonidan parametrik maʼlumotlar havo kemasida bajarilgan har bir parvoz boʻyicha yigʻib olinadi.
9. Tovush maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida uchish ishlarini tashkil etish boʻyicha qoidalarning (OʻzR AQ-92) (roʻyxat raqami 1773, 2008-yil 26-fevral) XI bobi 2-paragrafida nazarda tutilgan hollarda yigʻib olinishi kerak. Havo kemasining ekspluatanti parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida boshqa holatlarda ham tovush maʼlumotlarini yigʻib olishi mumkin. Bunda mazkur holatlar uslubiy koʻrsatmalarda koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
10. Havo kemasining ekspluatanti parvoz maʼlumotlarini yigʻib olishda texnik imkoniyatlar (texnik vositalar)ga ega boʻlgan tashkilotlarning xizmatlaridan kelishuv asosida foydalanishi mumkin.
11. Parvoz maʼlumotlarini yozish uskunasidan parvoz maʼlumotlarini yigʻib olishda havo kemasining texnik ekspluatatsiyasi boʻyicha qoʻllanmada belgilangan talablarga rioya qilinishi taʼminlanishi lozim.
3-bob. Parvoz maʼlumotlarini tahlil qilish
12. Yigʻib olingan parvoz maʼlumotlari havo kemasining ekspluatanti tomonidan tahlil qilinadi.
13. Barcha parametrik maʼlumotlar dastlab ekspress (tezkor) tahlil qilinadi. Parametrik maʼlumotlarning ekspress (tezkor) tahlil qilish ularni maxsus mantiqiy algoritmlardan foydalanilgan holda tezkor tahlil qilishdan iborat.
Ekspress (tezkor) tahlil qilish davomida havo kemasining asosiy parvoz koʻrsatkichlaridan chetga chiqqanligi holatlari aniqlanganda, parametrik maʼlumotlar toʻliq tahlil qilinishi shart. Bunday hollarda, zaruratga qarab, tovush maʼlumotlari ham yigʻib olinishi va tahlil qilinishi mumkin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida uchish ishlarini tashkil etish boʻyicha qoidalarning (OʻzR AQ-92) (roʻyxat raqami 1773, 2008-yil 26-fevral) XI bobi 2-paragrafida nazarda tutilgan hollarda yigʻib olingan barcha tovush maʼlumotlari toʻliq tahlil qilinishi lozim.
4-bob. Parvoz maʼlumotlarini saqlash
15. Havo kemasining ekspluatanti:
parvoz maʼlumotlarining ishonchli saqlanishini;
parvoz maʼlumotlaridan foydalanishga ruxsati boʻlgan shaxslar doirasi belgilanishini;
parvoz maʼlumotlaridagi shaxsga oid maʼlumotlarning sir saqlanishi taʼminlashi shart.
16. Parvoz maʼlumotlari kamida 1 yil saqlanishi lozim.
5-bob. Parvoz maʼlumotlaridan foydalanish
17. Havo kemasining ekspluatanti parvoz maʼlumotlari va ularning tahlili natijalaridan faqat:
parvozlar xavfsizligiga yetkazilishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni aniqlashda, ularni bartaraf etishda va parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni belgilashda;
havo kemasi ekipajining professional tayyorgarligini, havo kemasining uchish boʻyicha ekspluatatsiya qoʻllanmasi talablariga rioya qilishini, radioaloqa olib borish va oʻzaro munosabat texnologiyalarining toʻgʻri bajarilishini hamda parvozning texnik sifatini tekshirishda;
havo kemasining (uning tizimlari va uskunalari, dvigatellari va boshqalarning) ishlashini nazorat qilishda foydalanadi.
18. Havo kemasining ekspluatantlari parvoz maʼlumotlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldi olinishini taʼminlashi lozim.
6-bob. Yakuniy qoidalar
19. Havo kemasining ekspluatanti parvoz maʼlumotlari tahlili natijalarini har oyda mazkur aviatsiya qoidalarining ilovasiga muvofiq shaklda umumlashtirib boradi.
20. Parvoz maʼlumotlari va ularning tahlili natijalarini qasddan oʻzgartirish va yoʻq qilish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Profilaktik tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan parvoz maʼlumotlari havo kemasining ekspluatanti bilan birgalikda muntazam ravishda oʻrganib, tahlil qilib boriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2020-yil 1-maydagi 6-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2718-1, 20.05.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 10/20/2718-1/0628-son)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Mazkur aviatsiya qoidalari talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 116 –– 1163-moddalari.
23. Mazkur aviatsiya qoidalari “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan kelishilgan.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori V. Tyan
2015-yil 10-sentabr
Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining parvoz maʼlumotlarini yigʻish, tahlil qilish, saqlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha aviatsiya qoidalariga (OʻzR AQ-123)
ILOVA

‎‎Parvoz maʼlumotlarini tahlil qilish natijalari boʻyicha
‎MAʼLUMOT

‎20 ___ yilning ____________ oyi uchun

‎ ___________________________________________________________________________________
‎ (havo kemasi ekspluatantining nomi)

T/r‎‏

Havo kemasining turi ‎‏

Havo kemasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari reyestrida roʻyxatga olingan raqami ‎‏

Havo kemasida bajarilgan parvozlar soni‎‏

Tahlil qilingan parametrik maʼlumotlar:‎‎

Tahlil qilingan tovush maʼlumotlari soni‎‎

tahlil qilingan parametrik maʼlumotlar soni‎

aniqlangan texnik nosozliklar / parvoz koʻrsatkichlaridan chetga chiqishlar soni‎

nosozliklar / parvoz koʻrsatkichlaridan chetga chiqishlarni tavsiflovchi belgilar‎

amalga oshirilgan chora-tadbirlar‎

‎‎Izoh: tahlil qilinmay qolgan parvoz maʼlumotlari sababi koʻrsatilgan holda, jadvalga izoh beriladi.

‎‎Maʼlumot tuzgan shaxs:‎

___________________________‎‎

_______________‎

_______________‎

(lavozimi va F.I.O)‎ ‎‎

(imzo) ‎ ‎

(sana) ‎ ‎

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 41-son, 531-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 10/20/2718-1/0628-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 08.07.2026-y., 10/26/2718-2/0708-son)