1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha hamkorlik / 19.03.02.00 Mehnat masalalari bo‘yicha bitimlar / 19.03.02.01 MXT konvensiyalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi;
2.Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]
Norasmiy tarjima
Eng kichik yosh to‘g‘risidagi
Konvensiya
1973-yil 26-iyun, Jeneva
LexUZ sharhi
Mazkur Konvensiya O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 4-apreldagi O‘RQ-140-sonli “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi Konvensiyani (Jeneva, 1973-yil 26-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni bilan ratifikatsiya qilingan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2010-yil 6-martdan kuchga kirgan)
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi,
Xalqaro Mehnat Byurosining Ma’muriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1973-yilning 6-iyunida o‘zining Ellik sakkizinchi Sessiyasiga to‘planib,
ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining to‘rtinchi bandi hisoblanib,
Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1919 yilgi Konvensiya, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1920 yilgi Konvensiya, Qishloq ho‘jaligida eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiya, Flotda ko‘mir yuklovchi va o‘t yoquvchi uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiya, Nosanoat ishlarda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1932-yilgi Konvensiya, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1936-yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Nosanoat ishlardagi eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Baliqchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1959-yilgi Konvensiya xamda Yer osti ishlariga ruxsat beriladigan eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1965-yilgi Konvensiya qoidalarini e’tiborga olib,
bolalar mehnatini to‘liq bekor qilishga erishish maqsadida, cheklangan iqtisodiy sektorlarda qo‘llaniladigan mavjud shartnomalarni bosqichma-bosqich almashtiruvchi umumiy shartnoma ishlab chiqish vaqti kelganini e’tiborga olib,
mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib,
bir ming to‘qqiz yuz yetmish uchinchi yil iyun oyining yigirma oltinchi kunida quyidagi “Eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1973-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin bo‘lgan Konvensiyani qabul qildi:
1-modda
Tashkilotining xar bir a’zosi, ushbu Konvensiya unga nisbatan kuchga kirgan bo‘lsa, bolalar mehnatini batamom bekor qilishni ta’minlashga yo‘naltirilgan va ishlashga yoki yollanishga ruxsat etilgan eng kichik yoshni o‘smirlarning to‘la jismoniy va aqliy rivojlanish darajasiga mos keladigan yoshgacha bosqichma-bosqich oshirishga yo‘naltirilgan milliy siyosatni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
2-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Tashkilotning har bir a’zosi, ratifikatsiya to‘g‘risidagi hujjatga ilova qilinadigan deklaratsiyasida, o‘z hududi doirasida va hududida ro‘yxatga olingan transport vositalarida ishga qabul qilinishga yoki yollanishga ruxsat etilgan eng kichik yoshni ko‘rsatadi; mazkur Konvensiyaning 4 — 8-moddalari shartiga binoan, mazkur eng kichik yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga har qanday ish turida ishlashiga yoki yollanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir a’zosi, keyinchalik, keyingi deklaratsiyasi orqali, mamlakatda o‘rnatilgan eng kichik yoshni yangitdan, avval o‘rnatilgan eng kichik yoshidan kattaroq yosh belgilaganligi haqida Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktorini xabardor qilishi mumkin.
3. Mazkur modda 1-bandi asosida belgilanadigan eng kichik yosh majburiy maktab ta’limini tugallash uchun zarur bo‘lgan yoshdan kam bo‘lmasligi kerak va har qanday holda o‘n besh yoshdan kichik bo‘lmasligi zarur.
4. Iqtisodiyoti va ta’lim imkoniyatlari yetarlicha rivojlanmagan Tashkilot a’zosi, mazkur modda 3-bandi qoidalaridan qat’iy nazar, ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar shunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng dastavval eng kichik yosh deb o‘n to‘rt yoshni belgilashi mumkin.
5. Yuqoridagi band qoidalariga muvofiq eng kichik yosh deb o‘n to‘rt yoshni belgilagan Tashkilotning har bir a’zosi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 22-moddasiga muvofiq o‘zining mazkur Konvensiya ijrosi to‘g‘risidagi ma’ruzasiga kuyidagi bayonotlarni kiritadi:
a) ushbu qaror qabul qilinishi sabablari o‘zgarmaganligi; yoki
b) u muayyan sanadan e’tiboran o‘zining mazkur qoidalardan foydalanish huquqidan voz kechishini.
3-modda
1. O‘z xususiyati yoki amalga oshiriladigan sharoitiga ko‘ra o‘smir sog‘ligi, xavfsizligi yoki ma’naviyatiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday ish turiga yoki yollanma ish turiga qabul qilish uchun eng kichik yosh o‘n sakkiz yoshdan kam bo‘lmasligi kerak.
2. Ushbu modda 1-bandi qo‘llaniladigan ish turlari yoki yollanma ish turlari milliy qonun hujjatlari yoki vakolatli hokimiyat organi tomonidan ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng belgilanadi.
3. Ushbu modda 1-bandi qoidalaridan qat’iy nazar, milliy qonun hujjatlari yoki vakolatli hokimiyat organi ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng o‘n olti yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarga ishlashga yoki yollanib ishlashga, ularning sog‘ligi, xavfsizligi va ma’naviyati to‘la muhofaza etilishi va ular yetarlicha maxsus ta’lim hamda faoliyatning tegishli sohasi bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik olishlari sharti bilan ruxsat berishlari mumkin.
4-modda
1. Zaruratga ko‘ra vakolatli hokimiyat organi ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng, mazkur Konvensiyaning qo‘llanilishi doirasidan ishlarning yoki yollanma ishlarning cheklangan toifalarini, ya’ni ularning qo‘llanilishida alohida va muhim muammolar vujudga keladigan toifalarini chiqarib tashlashlari mumkin.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Tashkilotning har bir a’zosi, Xalqaro Mehnat Tashkilot Ustavining 22-moddasiga binoan taqdim etiladigan, mazkur Konvensiyaning qo‘llanilishi to‘g‘risidagi o‘zining birinchi ma’ruzasida, mazkur modda 1-bandiga muvofiq chiqarib tashlanishi mumkin bo‘lgan barcha toifalarni, chiqarib tashlash sabablarini ko‘rsatgan holda qayd etadi hamda navbatdagi ma’ruzalarda chiqarib tashlangan mazkur toifalarga nisbatan o‘z milliy qonunchiligi va amaliyotining ahvoli to‘g‘risida va Konvensiya qoidalari ushbu toifalarga nisbatan qanday qo‘llanilayotganligi yoki qo‘llanilishi mo‘ljallanayotganligi to‘g‘risida ma’lum qiladi.
3. Ushbu Konvensiya 3-moddasi bilan qamrab olinadigan ish turi yoki yollanma ish turi, mazkur modda bajarilishidan kelib chiqib, ushbu Konvensiya qo‘llanishi doirasidan chiqarib tashlanmasligi kerak.
5-modda
1. Iqtisodiyoti va ma’muriy imkoniyatlari yetarlicha rivojlanmagan Tashkilotning a’zosi, ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar shunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng, dastavval mazkur Konvensiya qo‘llanilishi doirasini cheklab qo‘yishi mumkin.
2. Mazkur modda 1-bandi qoidalarini qo‘llayotgan Tashkilotning har bir a’zosi ratifikatsiya to‘g‘risidagi hujjatiga ilova qilinadigan deklaratsiyada, mazkur Konvensiya qoidalarini u qo‘llaydigan iqtisodiy faoliyat tarmoqlari yoki korxonalar turlarini ko‘rsatishi lozim.
3. Konvensiya qoidalari hech bo‘lmaganda kuyidagi sohalarda qo‘llanilishi lozim: shaxta va karyerlarda; ishlov berish sanoatida; qurilishda; elektr, gaz va suv ta’minotida; sanitariya xizmatlarida; transport, omborlar va aloqa xizmatida; ekinzorlar va tijorat maqsadlari uchun mahsulot ishlab chiqaradigan boshqa qishloq xo‘jalik korxonalaridagi ishlarda, shu jumladan, mahalliy iste’mol uchun mahsulot ishlab chiqaradigan, doimiy ravishda yollanma mehnatkashlardan foydalanmaydigan oilaviy va kichik xo‘jaliklarda.
4. Mazkur Konvensiya qo‘llanilishi doirasini ushbu modda qoidalariga muvofiq cheklaydigan Tashkilotning har bir a’zosi:
a) Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 22-moddasiga muvofiq taqdim etiladigan ma’ruzasida mazkur Konvensiya qo‘llanilishi doirasidan chiqarilgan faoliyat sohalarida o‘smirlar va bolalarning ishlashi yoki yollanib ishlashining umumiy ahvoli to‘g‘risidagi va mazkur Konvensiya qoidalari kengroq qo‘llanilishi yo‘lida amalga oshirilgan har qanday ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishi lozim;
b) xohlagan vaqtda, Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladigan deklaratsiyasi orqali, Konvensiya qo‘llanilishi doirasini rasman kengaytirishi mumkin.
6-modda
Ushbu Konvensiya bolalar va o‘smirlar tomonidan umumta’lim maktablari, kasb-hunar va texnika ta’limi yoki boshqa o‘quv muassasalarida bajariladigan ishlarga yoki kamida o‘n to‘rt yoshda bo‘lgan shaxslar tomonidan vakolatli hokimiyat organlari — ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng — belgilab qo‘ygan shartlarga muvofiq korxonalarda bajaradigan ishlarga nisbatan va quyidagilarning tarkibiy qismi hisoblanadigan ishlarga nisbatan qo‘llanilmaydi:
a) asosiy mas’uliyat maktab yoki kasbiy tayyorgarlik muassasasi zimmasida bo‘lgan ta’lim yoki tayyorgarlik kursining;
b) asosan yoki butunlay korxonada amalga oshiriladigan, vakolatli hokimiyat organi tomonidan ma’qullangan kasbiy tayyorgarlik dasturining;
s) kasbiy yoki kasbiy tayyorgarlik turini tanlashni yengillashtirishga qaratilgan kasbga yo‘naltirish dasturlarining.
7-modda
1. Milliy qonun hujjatlari o‘n uch yoshdan o‘n besh yoshgacha bo‘lgan shaxslarga yengil ishlarda ishlashga yoki yollanib ishlashga ruxsat etishi mumkin, agar bu:
a) ularning sog‘lig‘i va rivojlanishi uchun zararli bo‘lmasa;
b) ularning maktabga qatnashiga, ularning vakolatli hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan kasbga yo‘naltirish yoki kasbiy tayyorgarlik dasturlarida ishtirok etishlariga, yoki ularning olgan o‘quvlaridan foydalanish layoqatiga zarar yetkazmaydigan bo‘lsa.
2. Milliy qonun hujjatlari kamida o‘n besh yoshda bo‘lgan, lekin majburiy maktab ta’limini tugallamagan shaxslarga, mazkur modda 1-bandi “a” va “b” kichik bandlari talablariga rioya etish sharti bilan, ishlashga yoki yollanib ishlashga ruxsat etishi mumkin.
3. Vakolatli hokimiyat organi ishlashga yoki yollanib ishlashga mazkur modda 1 va 2-bandlariga muvofiq ruxsat etilgan faoliyat sohalarini aniqlaydi xamda bunday ishning yoki yollanma ishning bajarish mumkin bo‘lgan ish vaqti davomiyligi va sharoitini belgilaydi.
4. Mazkur modda 1- va 2-bandlari qoidalaridan qat’iy nazar, 2-modda 4-bandi qoidalarini qo‘llayotgan Tashkilot a’zosi, u uchun zarur bo‘lgan muddatda, mazkur modda 1-bandida ko‘rsatilgan o‘n ikki va o‘n to‘rt yoshlarni — o‘n uch va o‘n besh yoshlar bilan, 2-bandida esa o‘n to‘rt yoshni — o‘n besh yosh bilan almashtirishi mumkin.
8-modda
1. Vakolatli hokimiyat organi, ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng, ruxsatnomalar berish yo‘li orqali mazkur Konvensiya 2-moddasida ko‘zda tutilgan ishga yoki yollanma ishga qabul qilishni man etish qoidasini ayrim hollarda, badiiy tadbirlarda ishtirok etish kabi maqsadlar uchun, istisno qilishi mumkin.
2. Shu tartibda beriladigan ruxsatnoma ishlash yoki yollanib ishlash mumkin bo‘lgan sharoitni belgilaydi va ish vaqti davomiyligini cheklaydi.
9-modda
1. Vakolatli hokimiyat organi tomonidan mazkur Konvensiya qoidalarini hayotga samarali tatbiq etishni ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘riladi, shu jumladan, tegishli jazolarni belgilash choralari ko‘riladi.
2. Milliy qonun hujjatlari yoki vakolatli hokimiyat organi tomonidan Konvensiya ijrosini ta’minlovchi qoidalarning rioya etilishiga mas’ul bo‘lgan shaxslar belgilanadi.
3. Milliy qonun hujjatlari yoki vakolatli hokimiyat organi tomonidan ish beruvchi tasarrufida va xizmatida bo‘ladigan ro‘yxatlar yoki boshqa hujjatlar tayinlanadi: bunday ro‘yxatlar yoki hujjatlarda ish beruvchi tomonidan yollangan yoki u uchun ishlaydigan va o‘n sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar ism-sharifi, yoshi yoki tugilgan sanasiga doir ma’lumotlar zarur darajada tasdiqlangan holda ko‘rsatiladi.
10-modda
1. Mazkur Konvensiya, ushbu moddada ko‘zda tutilgan shartlar asosida, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1919 yilgi Konvensiya, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1920 yilgi Konvensiya, Qishloq ho‘jaligidagi eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiya, Flotda ko‘mir yuklovchi va o‘t yoquvchi uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiya, Nosanoat ishlarda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1932-yilgi Konvensiya, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1936-yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Nosanoat ishlardagi eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Baliqchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1959-yilgi Konvensiya hamda Yer osti ishlariga ruxsat beriladigan eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1965-yilgi Konvensiyani qayta ko‘rib chiqadi.
2. Mazkur Konvensiyaning kuchga kirishi Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1936-yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Nosanoat ishlardagi eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya, Baliqchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1959-yilgi Konvensiya yoki Yer osti ishlariga ruxsat beriladigan eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1965-yilgi Konvensiyaning keyinchalik ratifikatsiya uchun yopilishiga olib kelmaydi.
3. Agar, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1919 yilgi Konvensiya, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1920 yilgi Konvensiya, Qishloq ho‘jaligida eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiya xamda Flotda ko‘mir yuklovchi va o‘t yoquvchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiyaning barcha ishtirokchilari ularni ratifikatsiya uchun yopishga rozi bo‘lib, mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilsalar yoki bu haqda Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga deklaratsiya jo‘natsalar, ushbu Konvensiyalar bundan keyingi ratifikatsiya uchun yopiladi.
4. Agar mazkur Konvensiya majburiyatlari:
a) Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Tashkilotning a’zosi tomonidan qabul qilinsa va mazkur Konvensiyaning 2-moddasiga muvofiq eng kichik yosh o‘n besh yoshdan kam qilib belgilanmagan bo‘lsa, u holda qonunning o‘z kuchi bilan, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiyaning darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
b) Nosanoat ishlarda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1932-yilgi Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Tashkilotning a’zosi tomonidan nosanoat ishlariga nisbatan qabul qilinsa, u holda qonunning o‘z kuchi bilan, Nosanoat ishlarda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1932-yilgi Konvensiyaning darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
s) Nosanoat ishlarda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Tashkilotning a’zosi tomonidan nosanoat ishlariga nisbatan qabul qilinsa va mazkur Konvensiyaning 2-moddasiga muvofiq eng kichik yosh o‘n besh yoshdan kam qilib belgilanmagan bo‘lsa, u holda qonunning o‘z kuchi bilan, Nosanoat ishlarda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1937 yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiyaning darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
d) Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1936-yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Tashkilotning a’zosi tomonidan dengizdagi ishlarga nisbatan qabul qilinsa va mazkur Konvensiyaning 2-moddasiga muvofiq eng kichik yosh o‘n besh yoshdan kam qilib belgilanmagan bo‘lsa, yoki Tashkilotning a’zosi mazkur Konvensiyaning 3-moddasi dengizdagi ishlarga nisbatan qo‘llanilishini belgilagan bo‘lsa, u holda qonunning o‘z kuchi bilan, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1936-yilgi (qayta ko‘rib chiqilgan) Konvensiyaning darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
e) Baliqchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1959-yilgi Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Tashkilotning a’zosi tomonidan dengizda baliqchilik sohasidagi ishlarga nisbatan qabul qilinsa va mazkur Konvensiyaning 2-moddasiga muvofiq eng kichik yosh o‘n besh yoshdan kam qilib belgilanmagan bo‘lsa yoki Tashkilotning a’zosi mazkur Konvensiyaning 3-moddasi dengizda baliqchilik soqasidagi ishlarga nisbatan qo‘llanilishini belgilagan bo‘lsa, u holda qonunning o‘z kuchi bilan, Baliqchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1959-yilgi Konvensiyaning darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
f) Yer osti ishlariga ruxsat beriladigan eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1965-yilgi Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Tashkilotning a’zosi tomonidan qabul qilinsa va mazkur Konvensiya 2-moddasiga muvofiq eng kichik yoshni yuqorida ko‘rsatilgan 1965-yilgi Konvensiyaga muvofiq belgilangan eng kichik yoshdan kam qilib belgilanmagan bo‘lsa yoki Tashkilotning a’zosi ushbu yosh mazkur Konvensiyaning 3-moddasiga ko‘ra shaxtalardagi yer osti ishlariga ruxsat berish uchun qo‘llanilishini belgilagan bo‘lsa, u holda qonunning o‘z kuchi bilan, Yer osti ishlariga ruxsat beriladigan eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1965-yilgi Konvensiyaning darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi, faqat mazkur Konvensiya kuchga kirgan bo‘lsa.
5. Mazkur Konvensiya majburiyatlarining qabul qilinishi:
a) ushbu Konvensiyaning 12-moddasiga muvofiq, Sanoatda eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1919 yilgi Konvensiyaning denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
b) qishloq ho‘jaligiga nisbatan, ushbu Konvensiyaning 9-moddasiga muvofiq, Qishloq ho‘jaligida eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiyaning denonsatsiya qilinishiga olib keladi,
s) dengizdagi ishlarga nisbatan, ushbu Konvensiyaning 10-moddasiga muvofiq, Dengizda ishlash uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1920 yilgi Konvensiya va ushbu Konvensiyaning 12-moddasiga muvofiq, Flotda ko‘mir yuklovchi va o‘t yoquvchilar uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi 1921 yilgi Konvensiyaning denonsatsiya qilinishiga olib keladi, faqat mazkur Konvensiya kuchga kirgan bo‘lsa.
11-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlar ro‘yxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
12-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan ro‘yxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining a’zolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki a’zosining ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan ro‘yxatga olingan sanadan keyin o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning har bir a’zosi uchun uning ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjati ro‘yxatga olingan sanadan keyin o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
13-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning a’zosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan o‘n yil o‘tganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga ro‘yxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti ro‘yxatga olinganidan keyin bir yil o‘tgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir a’zosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan o‘n yillik muddat o‘tganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada ko‘zda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan bo‘lsa, navbatdagi o‘n yillik muddatni kutishga majbur bo‘ladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har o‘n yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin bo‘ladi.
14-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot a’zolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasini ro‘yxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha a’zolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor, unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni ro‘yxatga olganligi haqida Tashkilot a’zolariga xabar berganda, u Tashkilot a’zolarining e’tiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
15-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan o‘zi ro‘yxatga olgan ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid to‘la ma’lumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga ro‘yxatga olish uchun yuboradi.
16-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Ma’muriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qo‘llanilishi to‘g‘risidagi ma’ruzani taqdim etadi va uni to‘la yoki qisman qayta ko‘rib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini ko‘rib chiqadi.
17-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani to‘la yoki qisman qayta ko‘rib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud bo‘lmasa, u xolda:
a) Tashkilotning biror a’zosi tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning o‘z kuchi bilan, 13-modda qoidalaridan qat’iy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan bo‘lishi kerak;
b) qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan e’tiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi to‘xtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, har qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot a’zolari uchun amaldagi shakli va mazmuni o‘z kuchida qolaveradi.
18-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.