1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.01 Sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv;
2.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish / 14.01.03.04 Psixiatriya yordami va uni ko‘rsatishda fuqarolarning huquqlari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
PSIXIATRIYA YORDAMI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-maydagi O‘RQ-690-sonli “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 13-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonunning ishlab chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son Farmoni bilan tasdiqlangan 1998—2005-yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning asosiy chora-tadbirlarida nazarda tutilgan edi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Psixiatriya yordami to‘g‘risidagi qonunchilik
Psixiatriya yordami to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining psixiatriya yordami to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanish sohasi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga psixiatriya yordami ko‘rsatishda tatbiq etiladi va O‘zbekiston Respublikasi hududida psixiatriya yordami ko‘rsatishga ixtisoslashgan yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
(3-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 21-dekabrdagi O‘RQ-311-sonli Qonuni tahririda— O‘R QHT, 2011-y., 51-son, 542-modda)
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlariga psixiatriya yordami ko‘rsatilishida ushbu Qonunda belgilangan barcha huquqlardan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan teng ravishda foydalanadilar.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun mazkur Qonunning 7 va 34-moddalariga qarang.
4-modda. Psixiatriya yordami hamda uni ko‘rsatish prinsiplari
Psixiatriya yordami ruhiy holati buzilgan shaxslarning ruhiy sog‘lig‘ini ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda tekshiruvdan o‘tkazishni, ularni profilaktika qilishni, ularga tashxis qo‘yish, ularni davolash, parvarishlash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan tiklashni o‘z ichiga oladi.
(4-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ruhiy holati buzilgan shaxslarga psixiatriya yordami ko‘rsatish davlat tomonidan kafolatlanadi va qonuniylik, rahm-shafqat, insonparvarlik hamda inson va fuqaro huquqlari va erkinliklariga rioya etish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
5-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatish va ijtimoiy himoya qilish kafolatlari
Davlat tomonidan quyidagilar kafolatlanadi:
shoshilinch psixiatriya yordami;
kasalxonadan tashqarida va statsionar sharoitlarda maslahat berish-tashxis qo‘yish, davolash, psixoprofilaktika, tiklash yordami;
barcha turdagi psixiatriya ekspertizasi, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlikni aniqlash;
ruhiy holati buzilgan shaxslarni ishga joylashtirishda ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish va ko‘maklashish;
vasiylik va homiylik masalalarini hal qilish;
psixiatriya muassasalarida huquqiy masalalar yuzasidan maslahatlar berish va yuridik yordamning boshqa turlari;
ruhiy holati buzilgan nogironlarni va qariyalarni ijtimoiy-maishiy joylashtirish, shuningdek ularni parvarishlash;
ruhiy holati buzilgan nogironlar va voyaga yetmaganlarni o‘qitish;
favqulodda vaziyatlar paytida psixiatriya yordami.
Ruhiy holati buzilgan shaxslarni psixiatriya yordami bilan ta’minlash va ularni ijtimoiy himoya qilish uchun davlat:
kasalxonadan tashqarida va statsionarda psixiatriya yordami ko‘rsatuvchi barcha turdagi muassasalarni barpo etadi;
ruhiy holati buzilgan voyaga yetmaganlarning umumiy ta’lim va kasb-hunar ta’limi olishini tashkil etadi;
ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan nogironlarning mehnat terapiyasi uchun davolash-ishlab chiqarish korxonalari, shu korxonalarda ularni yangi kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish, shuningdek bunday shaxslar uchun mehnat sharoitlari yengillashtirilgan maxsus ishlab chiqarishlar, sexlar yoki uchastkalarni barpo etadi;
ruhiy holati buzilgan nogiron shaxslarni ishga joylashtirish uchun turli ixtisoslashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish o‘rinlarining majburiy kvotalarini belgilaydi;
ruhiy holati buzilgan nogiron shaxslarga ish o‘rinlarini beruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun iqtisodiy rag‘batlantirish usullarini qo‘llaydi;
ruhiy holati buzilgan shaxslarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan boshqa choralarni ko‘radi.
6-modda. Psixiatriya yordami so‘rab murojaat etishning ixtiyoriyligi
Psixiatriya yordami shaxs ixtiyoriy ravishda murojaat etgan taqdirda yoki uning roziligi bilan ko‘rsatiladi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga, shuningdek qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga psixiatriya yordami ularning qonuniy vakillari iltimosiga binoan yoki roziligi bilan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda ko‘rsatiladi.
7-modda. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari
Ruhiy holati buzilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan fuqarolarning barcha huquqlari va erkinliklariga egadirlar.
Ruhiy holati buzilgan shaxslar o‘zlariga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda quyidagi huquqlarga ega bo‘ladilar:
o‘zlariga nisbatan inson qadr-qimmati kamsitilishini istisno etadigan muruvvatli va insoniy muomala qilinishi;
o‘z huquqlari haqida, shuningdek ruhiy holatining xususiyati hamda qo‘llanilayotgan davolash usullari haqida o‘zlari uchun tushunarli shaklda va o‘z ruhiy holatlari hisobga olingan holda ma’lumot olish;
bunday yordamni eng kam cheklovli sharoitlarda, imkoni boricha turar joyida olish;
tibbiy zaruratga ko‘ra davolashning barcha turlaridan foydalanish (shu jumladan sanatoriy-kurortda davolanish);
bunday yordam sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda ko‘rsatilishi;
tibbiy vosita va usullarni sinash, ilmiy tadqiqotlar yoki o‘quv jarayoni obyekti tariqasida foydalanilishga, foto, video yoki kinosuratga olinishga oldindan rozilik berish va istalgan bosqichda undan voz kechish;
o‘zlarining talablariga binoan istalgan mutaxassisni ushbu Qonun bilan tartibga solinadigan masalalar yuzasidan tibbiy komissiyada ishlash uchun taklif etish;
qonunchilikda belgilangan tartibda advokat, qonuniy vakil yoki boshqa shaxsning yordamini olish.
(7-modda ikkinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ruhiy holati buzilgan shaxslar o‘zlariga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganida qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
(7-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini (faqat psixiatriya tashxisiga, dispanser kuzatuvida, psixiatriya statsionarida yoxud ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasida bo‘lganiga asoslanib va hokazo) cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bunday huquq buzilishlarda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(7-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun bilan ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini cheklovchi bir qancha holatlar belgilangan. (Qonunning 8, 15, 21, 22, 27—31 va 34-moddalariga qarang).
8-modda. Kasb bilan bog‘liq faoliyatning va o‘ta xavfli manba bilan bog‘liq faoliyatning ayrim turlarini bajarishdagi cheklashlar
Fuqaro ruhiy holati buzilganligi tufayli kasb bilan bog‘liq faoliyatning va o‘ta xavfli manba bilan bog‘liq faoliyatning ayrim turlarini bajarishga vaqtincha (besh yildan oshmagan muddatga va keyin qayta tekshiruvdan o‘tish huquqi bilan) yaroqsiz deb topilishi mumkin. Bunday qaror sog‘liqni saqlash organi vakolat bergan tibbiy komissiya tomonidan, fuqaroning ruhiy sog‘lig‘i holatini tibbiy psixiatriya moneliklari ro‘yxatiga muvofiq baholash asosida qabul qilinadi va uning ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Kasb bilan bog‘liq faoliyatning va o‘ta xavfli manba bilan bog‘liq faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun tibbiy moneliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi hamda to‘plangan tajriba va ilmiy yutuqlarni hisobga olgan holda vaqti-vaqti bilan (besh yilda kamida bir marta) qayta ko‘rib chiqiladi.
9-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash
Fuqaro o‘ziga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun o‘zi xohlagan vakilni taklif etishga haqli. Vakillikni rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(9-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga psixiatriya yordami ko‘rsatilishida ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki boshqa qonuniy vakillari, ular bo‘lmagan hollarda esa — ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasi ma’muriyati himoya qiladilar.
Fuqaroga psixiatriya yordami ko‘rsatilishida uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini advokat himoya qilishi mumkin. Advokatni taklif etish va uning xizmatiga xaq to‘lash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Psixiatriya yordamini ko‘rsatayotgan muassasa ma’muriyati advokat taklif etish imkoniyatini ta’minlaydi, ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisida va 27-moddasining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(9-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasiga muvofiq, yuridik xizmat uchun haq to‘lash advokat bilan mijoz o‘rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. Shaxs to‘lovga qobiliyatsizligi sababli ko‘rsatilgan yuridik yordam haqini to‘lashdan ozod etilganda, jinoiy ishni ko‘rib chiqishda qatnashishga tayinlangan advokatning yuridik yordami uchun haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat hisobidan amalga oshiriladi.
10-modda. Ruhiy sog‘liq holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni talab qilishning taqiqlanishi
Fuqaro o‘z huquqlari va erkinliklaridan foydalanayotganida uning ruhiy sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishni yoki uning shifokor psixiatr tekshiruvidan o‘tishini talab qilish taqiqlanadi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.
(10-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Mazkur Qonunning 11-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 45-moddasiga qarang.
11-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatishda shifokor sirini saqlash
Fuqaroda ruhiy holatning buzilishi borligi, u psixiatriya yordami uchun murojaat etganligi va shunday yordam ko‘rsatadigan muassasada davolangani haqidagi ma’lumotlar, shuningdek ruhiy sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar qonun bilan ko‘riqlanadigan shifokor siri hisoblanadi. Ruhiy holati buzilgan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun uning iltimosiga yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga binoan ularga mazkur shaxsning ruhiy sog‘lig‘i holati to‘g‘risida va unga ko‘rsatilgan psixiatriya yordami to‘g‘risida tushunarli shaklda va bemorning ruhiy holatini hisobga olgan holda ma’lumotlar taqdim etilishi mumkin.
12-modda. Ruhiy holati buzilgan shaxslarga tashxis qo‘yish va ularni davolash
Ruhiy holatning buzilganlik tashxisi umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda tasniflarga muvofiq qo‘yiladi va fuqaroning jamiyatda qabul qilingan axloqiy, madaniy, siyosiy va diniy qadriyatlarga qo‘shilmasligiga yoxud uning ruhiy sog‘lig‘i holatiga bevosita bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablarga asoslanishi mumkin emas.
Ruhiy holati buzilgan shaxsga tashxis qo‘yish va uni davolash uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsat etilgan tibbiy vositalar va usullar qo‘llaniladi.
(12-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tibbiy vositalar va usullar xastalik xususiyatiga muvofiq faqat tashxis qo‘yish va davolash maqsadlarida qo‘llaniladi hamda boshqa maqsadlarda foydalanilmasligi lozim.
13-modda. Davolanishga rozilik berish
Ruhiy holati buzilgan shaxsni davolash uning yozma roziligi olinganidan keyin o‘tkaziladi, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Shifokor ruhiy holati buzilgan shaxsga ruhiy holatining xususiyati, tavsiya etilayotgan davolashning maqsadlari, usullari, shu jumladan muqobil usullari va davom etish muddati haqida, shuningdek ehtimol tutilgan xavf, salbiy ta’sirlar va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida tushunarli shaklda va uning ruhiy holatini hisobga olgan holda ma’lumotlar taqdim etishi shart. Ma’lumot taqdim etilgani to‘g‘risida tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yiladi.
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsni, shuningdek qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsni davolash uchun rozilik ularning qonuniy vakillari tomonidan, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlar ularga ma’lum qilinganidan keyin, beriladi.
Faqat qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilayotganda, shuningdek ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha g‘ayriixtiyoriy tartibda statsionarga yotqizilayotganda davolash choralari ruhiy holati buzilgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz o‘tkazilishi mumkin. Bunday shaxslarga nisbatan ruhiy holat buzilishlarini davolash uchun jarrohlik usullarini hamda asl holiga qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan boshqa usullarni qo‘llanishga, shuningdek ularda tibbiy vositalar va usullarning sinovlarini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(13-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Davolanishni rad qilish
Ruhiy holati buzilgan shaxs yoki uning qonuniy vakili taklif etilayotgan davolanishni rad qilish yoki uni to‘xtatish huquqiga ega, ushbu Qonun 13-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Davolanishni rad etayotgan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga davolanishni to‘xtatish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntirish lozim. Davolanishni rad etish olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tibbiy hujjatda ko‘rsatilgan holda yozib qo‘yilishi va davolanishni rad etayotgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining, shuningdek shifokor psixiatrning imzo qo‘yishi orqali rasmiylashtiriladi.
15-modda. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari
Ruhiy holati buzilgan, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qonunchilikda belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda sudning qaroriga binoan qo‘llaniladi.
(15-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XVII bobi (91—96-moddalar) (“Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining asoslari va ularni tayinlash”), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 33 bobi (181—194-moddalar)ga qarang. (“Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini ijro etish”).
Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari sog‘liqni saqlash organlarining psixiatriya muassasalarida, alkogolizm, giyohvandlik yoki toksikomaniyaga duchor bo‘lgan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan esa — jazoni ijro etish muassasalarida ham amalga oshiriladi. Sudning tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanish to‘g‘risidagi qaroriga binoan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxslar psixiatriya statsionarida bo‘ladigan butun davrda mehnatga layoqatsiz deb topiladilar va, shifokor psixiatr huzurida ambulatoriya majburiy kuzatuvida va davolanishida turgan shaxslar singari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa olish yoki umumiy asoslarda pensiya olish huquqiga egadirlar.
II. PSIXIATRIYA YORDAMI KO‘RSATUVChI ShAXSLAR
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Ma’muriy tartib-taomillar / 02.08.06.02 Alohida faoliyat turlarini litsenziyalash (shuningdek, 09.01.05.00 ga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.01 Umumiy qoidalar. Litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat turlari;
3.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.02.00 Tibbiyot muassasalari va xodimlari / 14.01.02.03 Tibbiyot va farmatsevtika faoliyatiga ruxsat. Litsenziyalash]
16-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi
Psixiatriya yordami ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga oliy maxsus tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar egadirlar.
Psixiatriya yordami ko‘rsatishda qatnashuvchi tibbiy psixolog, boshqa mutaxassislar va tibbiy xodimlar ruhiy holati buzilgan shaxslar bilan ishlashga ijozat olish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Psixiatriya yordami ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxslarga litsenziyalar berish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(16-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-iyundagi 405-son qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizom”.
Psixiatriya yordami ko‘rsatishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar ko‘rsatadigan psixiatriya yordami turlari ustav hujjatlarida yoki litsenziya talablari va shartlarida ko‘rsatiladi. Ular to‘g‘risidagi axborot hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak.
(16-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 21-dekabrdagi O‘RQ-311-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 51-son, 542-modda)
17-modda. Tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarning psixiatriya yordami ko‘rsatayotgan paytdagi kasbiy huquqlari va majburiyatlari
Shifokor psixiatr, boshqa mutaxassislar va tibbiyot xodimlarining psixiatriya yordami ko‘rsatayotgan paytdagi kasbiy huquqlari va majburiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
(17-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ruhiy holatning buzilishi tashxisini belgilash, g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilish yoki bu masalani ko‘rib chiqish uchun xulosa berish shifokor psixiatr yoki shifokor psixiatrlar komissiyasining mutlaq huquqi hisoblanadi.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 12-sentabrdagi O‘RQ-567-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.09.2019-y., 03/19/567/3737-son)
Boshqa ixtisoslikdagi shifokorning shaxsning ruhiy sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi xulosasi birlamchi xususiyatga ega bo‘ladi hamda shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun, shuningdek ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun qonunda nazarda tutilgan imtiyozlarni unga berish uchun asos bo‘lmaydi.
18-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatish paytida shifokor psixiatrning mustaqilligi
Psixiatriya yordami ko‘rsatish paytida shifokor psixiatr o‘zi mustaqil qarorlarga keladi va faqat shifokorlik burchiga hamda qonunga amal qiladi.
Tibbiy komissiya qaroriga o‘z fikri mos kelmagan shifokor psixiatr o‘z xulosasini berishga haqli bo‘lib, u tibbiy hujjatlarga qo‘shib qo‘yiladi.
19-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatishda ishtirok etuvchi shifokor psixiatrlarga, boshqa mutaxassislarga, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga kafolatlar va imtiyozlar
Psixiatriya yordami ko‘rsatishda ishtirok etuvchi shifokor psixiatrlar, boshqa mutaxassislar, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar alohida mehnat sharoitidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarni olish huquqiga egadirlar, shuningdek ular xizmat vazifalarini bajarish paytida sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi yoki vafot etishi hollaridan davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanishlari kerak.
(19-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan Talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji bo‘lganda umumiy belgilangan yoshdan 5 yil oldin pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlarning 3-ro‘yxatiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan Alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan xodimlar ro‘yxatiga qarang.
Psixiatriya yordami ko‘rsatishda ishtirok etuvchi shaxsning sog‘lig‘iga zarar yetkazilib, bu hol uning mehnat qobiliyati vaqtincha yo‘qotilishiga olib kelgan taqdirda, shuningdek nogironlik yuz berganda unga, u vafot etgan taqdirda esa — uning boqimandalariga qonunchilikda belgilangan tartibda zarar qoplanadi.
(19-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
III. PSIXIATRIYA YORDAMI TURLARI VA UNI KO‘RSATISh TARTIBI
20-modda. Psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish
Ruhiy holati buzilganligini, psixiatriya yordami zarurligini aniqlash, shuningdek bunday yordam turi haqidagi masalani hal etish uchun shaxs psixiatriya tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Psixiatriya tekshiruvi, shuningdek profilaktika ko‘riklari: tekshiriluvchining iltimosiga ko‘ra yoki uning roziligi bilan; o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan — uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra yoki roziligi bilan; qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga nisbatan — uning qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan o‘tkaziladi. Ota-onadan biri e’tiroz bildirsa yoxud ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili bo‘lmasa, voyaga yetmagan shaxs vasiylik va homiylik organining qaroriga binoan tekshiruvdan o‘tkaziladi, bunday qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Psixiatriya tekshiruvini o‘tkazayotgan shifokor tekshiriluvchiga va uning qonuniy vakiliga o‘zini psixiatr deb tanishtirishi shart, ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
21-modda. Shaxsni o‘zining roziligisiz yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish
Shaxs mavjud ma’lumotlarga ko‘ra o‘zida og‘ir ruhiy holatning buzilishi bor deb taxmin qilish uchun asos beruvchi harakatlarni sodir etsa, u o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazilishi mumkin bo‘lib, bu quyidagilar bilan bog‘liqdir:
uning o‘zi uchun yoki atrofidagilar uchun bevosita xavf tug‘dirishi;
uning nochorligi, ya’ni asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsizligi;
agar shaxs psixiatriya yordamisiz qoldirilgudek bo‘lsa, ruhiy holati yomonlashuvi oqibatida uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazilishi.
Agar shaxs ushbu Qonunning 25-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha dispanser kuzatuvi ostida bo‘lsa, u o‘zining yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazilishi mumkin.
Psixiatriya tekshiruvi ma’lumotlari va tekshiriluvchining ruhiy sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi xulosa tibbiy hujjatlarda qayd etilib, unda shifokor psixiatrga murojaat etish sabablari va tibbiy tavsiyalar ham ko‘rsatiladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda shaxsni o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror shifokor psixiatr tomonidan mustaqil ravishda yoki sud ajrimiga ko‘ra qabul qilinadi.
22-modda. Shaxsni o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza berish va qaror qabul qilish tartibi
Shaxsni o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, ushbu Qonunning 25-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, shunday tekshiruv uchun ushbu Qonunning 21-moddasi birinchi qismida sanab o‘tilgan asoslar mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan arizaga binoan shifokor psixiatr tomonidan qabul qilinadi. Ariza psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan shaxsning qarindoshlari, har qanday ixtisoslikdagi shifokor tomonidan berilishi mumkin.
Shaxs o‘zi uchun yoki atrofidagilar uchun bevosita xavf tug‘dirgan kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda ariza og‘zaki bo‘lishi mumkin. Psixiatriya tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror shifokor psixiatr tomonidan darhol qabul qilinadi va tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yish orqali rasmiylashtiriladi.
Shaxs o‘zi uchun yoki atrofidagilar uchun bevosita xavf tug‘dirmasa, psixiatriya tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza yozma ravishda bo‘lishi, shunday tekshiruvning zarurligini asoslovchi batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi va shaxs yoki uning qonuniy vakili shifokor psixiatrga murojaat etishni rad etganligi ko‘rsatib o‘tilishi lozim. Shifokor psixiatr qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilib olishga haqli. Agar arizada ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlar mavjudligidan dalolat beruvchi ma’lumotlar bo‘lmasa, shifokor psixiatr psixiatriya tekshiruvi o‘tkazishni yozma ravishda asoslantirib rad etadi.
23-modda. Ambulatoriya psixiatriya yordami turlari
Ruhiy holati buzilgan shaxsga ambulatoriya psixiatriya yordami tibbiy ko‘rsatuvlarga qarab maslahat berish-davolash muolajasi yoki dispanser kuzatuvi tarzida ko‘rsatiladi.
24-modda. Maslahat berish-davolash muolajasi
Maslahat berish-davolash muolajasi shifokor psixiatr tomonidan ruhiy holati buzilgan shaxsning iltimosiga ko‘ra yoki roziligi bilan, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga esa — ota-onasining yoxud boshqa qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra yoki roziligi bilan ko‘rsatiladi.
25-modda. Dispanser kuzatuvi
Dispanser kuzatuvi og‘ir barqaror yoki tez-tez zo‘rayib turuvchi dardchillik ko‘rinishlari bo‘lgan surunkali va uzoq cho‘ziladigan ruhiy holatning buzilishiga chalingan shaxsning, shuningdek uning qonuniy vakilining roziligidan qat’i nazar o‘rnatilishi mumkin.
Dispanser kuzatuvini o‘rnatish zarurligi va uni to‘xtatish to‘g‘risidagi masalaga doir qaror ambulatoriya psixiatriya yordamini ko‘rsatayotgan psixiatriya muassasasining ma’muriyati tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi yoki sog‘liqni saqlash organi tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Agar davolash-profilaktika muassasasi xizmat ko‘rsatadigan hududda psixiatriya yordami bitta shifokor psixiatr tomonidan ko‘rsatilsa, bunday qarorni u mustaqil ravishda uch oydan oshmagan muddatga qabul qiladi. Shu muddat ichida masala shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Shifokor psixiatrlar komissiyasining asoslantirilgan qarori tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi. Dispanser kuzatuvini o‘rnatish yoki to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror ustidan ushbu Qonunning 42-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilish mumkin.
Dispanser kuzatuvi shaxs sog‘ayib ketganda yoki uning ruhiy holati ancha va barqaror yaxshilanganda to‘xtatiladi. Dispanser kuzatuvi to‘xtatilganidan keyin ambulatoriya psixiatriya yordami shaxsning yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra yoki roziligi bilan maslahat berish-davolash muolajasi tarzida ko‘rsatiladi. Ruhiy holati o‘zgargan taqdirda, ruhiy holati buzilgan shaxs o‘zining yoki qonuniy vakilining roziligisiz ushbu Qonunning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha va tartibda tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. Dispanser kuzatuvi, bunday hollarda, shifokor psixiatrlar komissiyasining qaroriga binoan tiklanishi mumkin.
26-modda. Psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asoslar
Shaxsda ruhiy holatning buzilishi borligi va statsionar sharoitida tekshiruvdan o‘tkazish yoki davolash to‘g‘risidagi shifokor psixiatrning qarori yoxud sudning qarori psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
Qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda psixiatriya ekspertizasini o‘tkazish zarurati ham psixiatriya statsionariga joylashtirish uchun asos bo‘lishi mumkin.
(26-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 172-moddasiga muvofiq, ish uchun ahamiyatli holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi bo‘yicha bilimi bo‘lgan shaxs o‘tkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda ekspertiza tayinlanadi. Ekspertiza tayinlash va o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 22 bobi (172—187-moddalar) bilan tartibga solingan.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 183-moddasiga muvofiq, hibsda ushlab turilgan shaxslarning sud-psixiatriya ekspertizasi surishtiruv, tergov, prokuratura organining qarori yoki sudning ajrimi, qamoq jazosiga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan esa — qamoq uyi yoki jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘ining qarori asosida tayinlanadi.
Shaxsni psixiatriya statsionariga joylashtirish, ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ixtiyoriy tartibda uning iltimosiga binoan yoki roziligi bilan amalga oshiriladi.
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga joylashtiriladi. Ota-onadan biri e’tiroz bildirsa yoxud ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili bo‘lmasa, voyaga yetmagan shaxsni psixiatriya statsionariga joylashtirish vasiylik va homiylik organining qaroriga binoan amalga oshiriladi, bu qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs uning qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga yotqiziladi.
Statsionarga yotqizishga rozilik tibbiy hujjatlarga yozish orqali va shaxsning yoki uning qonuniy vakilining, shuningdek shifokor psixiatrning imzosi qo‘yilib rasmiylashtiriladi.
27-modda. Psixiatriya statsionariga g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish uchun asoslar
Agar ruhiy holati buzilgan shaxsni faqat statsionar sharoitida tekshiruvdan o‘tkazish yoki davolash mumkin bo‘lsa, ruhiy holatning buzilishi esa og‘ir va quyidagilar bilan bog‘liq bo‘lsa, bu shaxs o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz sud qarori chiqarilmasidanoq statsionarga yotqizilishi mumkin:
uning o‘zi uchun yoki atrofidagilar uchun bevosita xavf tug‘dirishi;
uning nochorligi, ya’ni asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsizligi;
agar shaxs psixiatriya yordamisiz qoldirilgudek bo‘lsa, ruhiy holati yomonlashuvi oqibatida uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazilishi.
28-modda. G‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxslarni tekshiruvdan o‘tkazish
Ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxs psixiatriya muassasasining shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan 48 soatdan oshmagan muddatda majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim bo‘lib, komissiya statsionarga yotqizilganlik qay darajada asosliligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Yotqizish asossiz deb topilgan va yotqizilgan shaxs psixiatriya statsionarida qolish istagini bildirmagan hollarda, u darhol statsionardan chiqarilishi kerak.
Agar yotqizish asosli deb topilsa, shifokor psixiatrlar komissiyasining xulosasi shaxsning u yerda bundan buyon bo‘lishi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun 24 soat ichida psixiatriya muassasasi joylashgan yerdagi sudga yuboriladi.
29-modda. G‘ayriixtiyoriy tartibda statsionarga yotqizish to‘g‘risidagi masala yuzasidan sudga murojaat etish
Ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish to‘g‘risidagi masala psixiatriya muassasasi joylashgan yerdagi sudda hal qilinadi.
Shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish to‘g‘risidagi ariza sudga shaxs yotgan psixiatriya muassasasi tomonidan beriladi.
G‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan arizaga shifokor psixiatrlar komissiyasining shaxsning psixiatriya statsionarida bundan buyon bo‘lishi zarurligi to‘g‘risidagi asoslantirilgan xulosasi ilova qilinadi.
Sud arizani qabul qilish bilan bir paytda arizani sudda ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan muddatda shaxsning psixiatriya statsionarida bo‘lib turishi masalasini hal etadi.
Shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish to‘g‘risidagi ariza sud tomonidan qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 32 bobiga qarang.
30-modda. G‘ayriixtiyoriy tartibda statsionarga yotqizish to‘g‘risidagi ariza yuzasidan sud qarori
Sudning arizani qanoatlantirish to‘g‘risidagi qarori shaxsni psixiatriya statsionariga yotqizish va bundan buyon saqlab turish uchun asos hisoblanadi.
Sud qarori ustidan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxs, uning qonuniy vakili, psixiatriya muassasasi rahbari yoki prokuror qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
(30-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
31-modda. G‘ayriixtiyoriy tartibda statsionarda yotishni uzaytirish
Shaxsning g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionarida bo‘lishi statsionarda yotishni uzaytirishga sabab bo‘lgan asoslar saqlanib turgan vaqt mobaynidagina davom etadi.
G‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxs dastlabki olti oy mobaynida har oyda kamida bir marta psixiatriya muassasasining shifokor psixiatrlari komissiyasi tomonidan statsionarda yotishni uzaytirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak.
Shaxs g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga joylashtirilgan paytdan e’tiboran olti oy o‘tgandan keyin shifokor psixiatrlarning statsionarda ana shunday yotishni uzaytirish zarurligi to‘g‘risidagi xulosasi psixiatriya statsionari ma’muriyati tomonidan psixiatriya muassasasi joylashgan yerdagi sudga yuboriladi. Sud statsionarda yotishni ushbu Qonunning 29—30-moddalarida nazarda tutilgan tartibda uzaytirishi mumkin.
Shaxsning psixiatriya statsionarida yotishi olti oydan ortiq uzaytirilganda shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan tekshiruvlar olti oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
32-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatishda xavfsizlikni ta’minlash choralari
Statsionarda psixiatriya yordami statsionarga yotqizilgan shaxsning va boshqa shaxslarning xavfsizligini ta’minlaydigan sharoitlarda, tibbiy xodimlar tomonidan uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
G‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizilganda va bu yerda bo‘linganda jismoniy siquvga olish va ajratib qo‘yish choralari, shifokor psixiatrning fikriga ko‘ra, shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxslar uchun xavf tug‘diruvchi harakatlarini o‘zga usullar bilan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan hollarda, shakllarda va davrda qo‘llaniladi va tibbiy xodimlarning doimiy nazoratida amalga oshiriladi. Jismoniy siquvga olish yoki ajratib qo‘yish choralarining shakllari va vaqti haqida tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yiladi.
Ichki ishlar organlarining xodimlari g‘ayriixtiyoriy ravishda statsionarga yotqizishni amalga oshirishda tibbiy xodimlarga yordam ko‘rsatishlari va yotqizilayotgan shaxs bilan muloqotda bo‘lish va uni ko‘zdan kechirish uchun xavfsiz sharoitni ta’minlashlari shart. Yotqizilayotgan shaxsning atrofidagilar hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi harakatlarini bartaraf etish zarur bo‘lgan hollarda, shuningdek yotqizilishi kerak bo‘lgan shaxsni qidirish va ushlash zarurati bo‘lganda ichki ishlar organlarining xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qiladilar.
(32-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
33-modda. Voyaga yetmaganlar va muomalaga layoqatsiz deb topilgan, qonuniy vakillarining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxslarni tekshiruvdan o‘tkazish
Qonuniy vakillarining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs psixiatriya muassasasi shifokor psixiatrlarining komissiyasi tomonidan ushbu Qonun 28-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Bu shaxslar dastlabki olti oy mobaynida shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan har oyda kamida bir marta statsionarda bo‘lishini uzaytirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tekshiruvdan o‘tkazilishlari lozim. Statsionarda bo‘lish olti oydan ortiq uzaytirilganda shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan tekshiruv olti oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsni yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsni statsionarga yotqizishda shifokor psixiatrlar komissiyasi yoki psixiatriya statsionari ma’muriyati yo‘l qo‘yilgan suiiste’molliklarni aniqlagan taqdirda, psixiatriya statsionari ma’muriyati bu haqda vasiylikdagi shaxsning turar joyidagi vasiylik va homiylik organiga xabar qiladi.
34-modda. Psixiatriya statsionarida davolanuvchilarning huquqlari
Davolanuvchiga uni psixiatriya statsionariga joylashtirish asoslari va maqsadlari, uning huquqlari va statsionarda o‘rnatilgan qoidalar tushuntirilishi kerak. Bu haqda tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yiladi.
Psixiatriya statsionarida davolanayotgan yoki tekshiruvdan o‘tayotgan davolanuvchilar:
davolash, tekshiruvdan o‘tkazish, psixiatriya statsionaridan chiqarish va ushbu Qonun bilan berilgan huquqlarga rioya etish masalalari yuzasidan bevosita bosh shifokorga yoki bo‘lim mudiriga murojaat etishga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga shikoyatlar va arizalar berishga;
advokat va ruhoniy bilan yolg‘iz uchrashishga;
tibbiy moneliklar bo‘lmasa diniy urf-odatlarni bajo etishga;
gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishga;
agar davolanuvchi o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bo‘lsa umumiy ta’lim maktabi yoki intellektual rivojlanishi buzilgan bolalar maxsus maktabi dasturi bo‘yicha ta’lim olishga;
agar davolanuvchi foydali mehnatda ishtirok etayotgan bo‘lsa mehnati uchun uning miqdori va sifatiga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng ravishda haq olishga;
xatlar yozish va olishga, posilkalar, banderollar va pul jo‘natmalari olish va jo‘natishga, telefondan foydalanishga, keluvchilarni qabul qilishga, eng zaruriy narsalarga ega bo‘lish va ularni olishga, o‘z kiyim-kechagidan foydalanishga haqli. Bu huquqlar davolanuvchi va boshqa shaxslarning sog‘lig‘i yoki xavfsizligi manfaatlarini ko‘zlab shifokorning tavsiyasiga ko‘ra cheklanishi mumkin.
Gazeta va jurnallarga yakka tartibda obuna bo‘lish, telefonda so‘zlashuvlar va boshqa pulli xizmatlar davolanuvchilarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionarida davolanayotgan yoki tekshiruvdan o‘tayotgan davolanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
(34-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
35-modda. Psixiatriya statsionari ma’muriyati va tibbiy xodimlarining majburiyatlari
Psixiatriya statsionarining ma’muriyati va tibbiy xodimlari davolanuvchilarning va ularning qonuniy vakillarining ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratishlari, shu jumladan:
psixiatriya statsionaridagi davolanuvchilarni zarur tibbiy yordam bilan ta’minlashlari;
ushbu Qonun matni, mazkur psixiatriya statsionarining ichki tartib qoidalari bilan, davolanuvchilarning huquqlari buzilgan taqdirda murojaat etishlari mumkin bo‘lgan davlat va jamoat organlari, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning manzillari va telefonlari bilan tanishish imkoniyatini berishlari;
davolanuvchilarning xat yozishi va olishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga shikoyat va arizalar yo‘llashi uchun shart-sharoit yaratishlari;
davolanuvchi g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga tushgan paytdan e’tiboran 24 soat ichida uning qonuniy vakili, qarindoshlari yoki u ko‘rsatgan boshqa shaxsni xabardor qilish choralarini ko‘rishlari;
davolanuvchining sog‘lig‘i holatidagi o‘zgarishlar va u bilan bog‘liq favqulodda hodisalar haqida uning qonuniy vakili yoki qarindoshlarini, shuningdek u ko‘rsatgan boshqa shaxsni xabardor qilishlari;
statsionardagi davolanuvchilarning xavfsizligini ta’minlashlari, posilkalar va unga olib kelingan narsalarning tarkibini nazorat qilishlari;
qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ammo qonuniy vakilga ega bo‘lmagan davolanuvchilarning qonuniy vakili vazifasini bajarishlari;
qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarishlari shart.
(35-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
36-modda. Psixiatriya statsionaridan chiqarish
Davolanuvchini psixiatriya statsionaridan chiqarish u sog‘ayib ketgan yoki uning ruhiy holati yaxshilanib, bundan buyon statsionarda davolanish talab qilinmagan hollarda, shuningdek statsionarga joylashtirish uchun asos bo‘lgan tekshiruv yoki ekspertiza nihoyasiga yetkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionarida ixtiyoriy ravishda turgan davolanuvchini chiqarish uning shaxsiy arizasiga, uning qonuniy vakilining arizasiga yoki davolovchi shifokorning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
G‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizilgan davolanuvchini chiqarish shifokor psixiatrlar komissiyasining xulosasiga yoki sudning bunday yotishni uzaytirishni rad qilish to‘g‘risidagi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Sud qaroriga binoan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan davolanuvchini statsionardan chiqarish faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy ravishda psixiatriya statsionariga yotgan davolanuvchini, agar psixiatriya muassasasining shifokor psixiatrlari komissiyasi tomonidan g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish uchun ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar aniqlansa, uni chiqarish rad etilishi mumkin. Bu holda psixiatriya statsionarida bo‘lish, yotishni uzaytirish va statsionardan chiqarish masalalari ushbu Qonunning 28—31-moddalarida, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan tartibda hal etiladi.
37-modda. Shaxslarni ijtimoiy ta’minot psixiatriya muassasasiga joylashtirish asoslari va tartibi
Ijtimoiy ta’minot psixiatriya muassasasiga joylashtirish uchun ruhiy holati buzilgan shaxsning shaxsiy arizasi va shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiyaning xulosasi, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs yoki qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs uchun esa — shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiyaning xulosasi asosida vasiylik va homiylik organi qabul qilgan qaror asos hisoblanadi. Xulosa shaxsda uning ixtisoslashmagan ijtimoiy ta’minot muassasasida bo‘lish imkoniyatidan mahrum etadigan ruhiy holatning buzilishi borligi haqidagi, muomalaga layoqatli shaxsga nisbatan esa — shuningdek uni muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi masalani sud oldiga qo‘yish uchun asoslar yo‘qligi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Vasiylik va homiylik organi ijtimoiy ta’minot psixiatriya muassasasiga joylashtirilgan shaxslarning mulkiy manfaatlarini muhofaza qilish choralarini ko‘rishi shart.
38-modda. Shaxslarni maxsus ta’lim psixiatriya muassasasiga joylashtirish asoslari va tartibi
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarni maxsus ta’lim psixiatriya muassasasiga joylashtirish uchun uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining arizasi va psixolog, pedagog va shifokor psixiatrdan iborat tarkibdagi komissiyaning majburiy xulosasi asos hisoblanadi. Xulosa voyaga yetmagan shaxsni intellektual rivojlanishi buzilgan bolalar maxsus maktabi sharoitida o‘qitish zarurligi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
39-modda. Ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasida yashayotgan shaxslarning huquqlari va shu muassasalar ma’muriyatining majburiyatlari
Ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasalarida yashayotgan shaxslar ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar.
Ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasi ma’muriyati va xodimlarining u yerda yashovchi shaxslarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratishga doir majburiyatlari ushbu Qonunning 35-moddasi hamda boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.
(39-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasining ma’muriyati bir yilda kamida bir marta u yerda yashovchi shaxslarni bu muassasada bundan buyon saqlab turish to‘g‘risidagi, shuningdek ularning muomalaga layoqatliligi haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqish mumkinligi to‘g‘risidagi masalani hal etish maqsadida ularni shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiya tomonidan tekshiruvdan o‘tkazishi shart.
40-modda. Ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasidan boshqasiga o‘tkazish va chiqarish
Shaxsni ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasidan umumiy tipdagi shunday muassasaga o‘tkazish uchun shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiyaning ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasida yashashi yoki ta’lim olishi uchun tibbiy zarurat yo‘qligi haqidagi xulosasi asos hisoblanadi.
Ijtimoiy ta’minot yoki maxsus ta’lim psixiatriya muassasasidan chiqarish:
shifokor psixiatr ishtirokidagi tibbiy komissiyaning shaxs sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mustaqil ravishda yashashga layoqatliligi to‘g‘risidagi xulosasi bo‘lsa, shaxsning shaxsiy arizasiga binoan;
chiqarilayotgan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsni yoki qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsni parvarishlash majburiyatini zimmasiga olayotgan qarindoshlarining arizasiga binoan amalga oshiriladi.
IV. YAKUNLOVChI QOIDALAR
41-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatish faoliyati ustidan nazorat qilish
Psixiatriya muassasalari va psixiatriya yordami ko‘rsatuvchi shaxslarning faoliyati ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, boshqa davlat organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradilar.
Psixiatriya muassasalari, shuningdek psixiatriya yordami ko‘rsatuvchi shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(41-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-avgustdagi O‘RQ-559-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son)
42-modda. Psixiatriya yordami ko‘rsatishga doir harakatlar ustidan shikoyat qilish
Tibbiyot xodimlari, boshqa mutaxassislar, ijtimoiy ta’minot va ta’lim xodimlari, tibbiy komissiyalar va boshqa shaxslarning fuqarolarga psixiatriya yordami ko‘rsatishda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlari ustidan bo‘ysunuviga ko‘ra yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish mumkin.
43-modda. Psixiatriya yordami to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Psixiatriya yordami to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(43-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent shahri,
2000-yil 31-avgust,
123-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 215-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 51-son, 542-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son, 13.09.2019-y., 03/19/567/3737-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)