toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 10.01.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKA PUL-KREDIT SIYOSATI KOMISSIYASINING TARKIBINI OʻZGARTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5296-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. 1996-yil 11-iyuldagi PF-1492-son Farmonning 1-bandini qisman oʻzgartirib, Respublika pul-kredit siyosati komissiyasining tarkibi 1-ilovaga* muvofiq qaytadan tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
2. Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika pul-kredit siyosati komissiyasining raisi F.M. Mullajonov Komissiya maxsus ishchi guruhlarining rahbarlari (G.K. Saidova, T.N. Guskova, M.B. Nurmurodov, Sh.R. Gʻofurov, A.V. Akmalov) bilan birgalikda bir hafta muddatda ishchi guruhlarining tarkibini oʻzgartirish boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga zarur qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 1-avgust,
PF-1827-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 1-avgustdagi PF-1827-sonli Farmoniga
2-ILOVA
Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 11-iyuldagi PF — 1492-sonli Farmonining 5-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, u Respublika pul-kredit siyosati komissiyasining (kelgusi oʻrinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) maqsad va vazifalari hamda ishni tashkil etish shartlarini belgilab beradi.
1.2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va qonun tusidagi hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro bitimlari va mazkur Nizomga amal qiladi.
1.3. Komissiya tarkibida quyidagi ishchi guruhlar faoliyat koʻrsatadi:
— valyuta resurslari manbalari va ularni toʻldirish zaxiralari boʻyicha;
— pul-kredit siyosati va pul emissiyasini qisqartirish boʻyicha;
— investitsiya dasturlari boʻyicha;
— isteʼmol bozorini taʼminlash va uning balansi boʻyicha.
Komissiya tarkibida maxsus ishchi guruh faoliyat yuritadi.
1.4. Komissiyaning ishchi guruhlari oʻz faoliyatlarini Komissiyasining har bir ishchi guruh toʻgʻrisida tasdiqlagan nizomlariga asosan ular zimmasiga yuklatilgan maqsad va vazifalarga muvofiq holda amalga oshiradilar.
1.5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tegishli hududiy Pul-kredit siyosati komissiyalari tashkil etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taqdimnomasiga koʻra Komissiya hududiy Pul-kredit siyosati komissiyalarining tarkibini tasdiqlaydi.
Hududiy Pul-kredit siyosati komissiyalari oʻz faoliyatini mazkur Nizom va Komissiya qarorlariga muvofiq holda amalga oshiradi.
II. KOMISSIYANING ASOSIY VAZIFALARI
2.1. Komissiyaning asosiy vazifalari:
— Respublikada olib borilayotgan pul-kredit, moliya va valyuta siyosatini muvofiqlashtirish;
— pul muomalasi va xalq xoʻjaligidagi hisob-kitoblar ahvoli, valyuta operatsiyalarini bajarish tartibiga rioya qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish uchun ajratilayotgan kreditlardan, shuningdek budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan vakolatli idoralar tomonidan samarali nazorat oʻrnatish;
— barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar, banklar va tashkilotlarning pul muomalasi, kreditlash va hisob-kitoblar, tashqi iqtisodiy faoliyat va valyutani tartibga solish, investitsiyalarni jalb etish va ulardan foydalanish hamda isteʼmol bozorini muhofaza qilish borasida amalda boʻlgan qonunlar va meʼyoriy hujjatlarga qatʼiy rioya qilishi;
— valyuta tushumlarining oʻsishi, shuningdek tashqi iqtisodiy aloqalar ishtirokchilarining valyuta resurslaridan samarali foydalanishlari;
— mamlakat iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb etish va ulardan samarali foydalanish;
— ichki isteʼmol bozorini rivojlantirish, uning yuqori sifatli tovarlar va xizmatlar bilan toʻldirilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.
III. KOMISSIYANING ASOSIY FUNKSIYALARI
Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq holda quyidagi funksiyalarni bajaradi:
3.1. Valyuta resurslari manbalari va ularni toʻldirish zaxiralari boʻyicha:
— vazirliklar va idoralarning valyuta siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish, tashqi iqtisodiy majmuaning samaradorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish, eksport-import tarkibini yaxshilash hamda Oʻzbekiston Respublikasiga valyuta resurslari oqimini koʻpaytirishga doir ishlarini muvofiqlashtiradi;
— Respublikada, valyuta resurslarining yangi manbalarini shakllantirish va mavjudlarini kengaytirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda Hukumatga taqdim etadi;
— vazirliklar va idoralarning kelishilgan holda valyuta nazoratini amalga oshirishlarini koʻzda tutuvchi chora-tadbirlar majmuini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
— ichki valyuta bozori ahvolini tahlil qilish, valyutani tartibga solishga doir qonunlar va meʼyoriy hujjatlarning tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalda qoʻllanilishi tajribasini oʻrganish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— respublikaning birja va birjadan tashqari valyuta bozorlarida operatsiyalarni samarali ravishda amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3.1-bandning yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-oktabrdagi PF-3323-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3.1-bandning sakkizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-oktabrdagi PF-3323-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 165-modda)
— ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularga ajratilgan maqsadli valyuta mablagʻlaridan boshqa shartnomalar boʻyicha toʻlov uchun foydalanish, shuningdek, ularni aynan shu maqsadlar uchun oʻz xorijiy valyutasi hisobidan ilgari sarflagan miqdorda joriy valyuta hisob raqamlariga oʻtkazishga ruxsat berishga doir iltimosnomalarini koʻrib chiqadi va qarorlar qabul qiladi;
— Oʻzbekiston Respublikasi Valyuta birjasining hisob-kitob muddatlari belgilanmagan operatsiyalarini nihoyasiga yetkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
— zaruriyat tugʻilganida hokimliklar, vazirliklar, idoralar va vakolatli banklarning tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va valyuta operatsiyalarini amalga oshirish sohasidagi faoliyatlari natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglaydi, ular yuzasidan tegishli xulosa va takliflar tayyorlaydi.
3.2. Pul-kredit siyosati va pul emissiyasini qisqartirish sohasida:
— “Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari” bajarilishini taʼminlashga qaratilgan takliflarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qiladi;
— yagona davlat pul-kredit va moliya siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
— pul muomalasini barqarorlashtirish, kreditlash va hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, moliyaviy tizimlar faoliyatini rivojlantirish yuzasidan Hukumatga takliflar kiritadi;
— pul qadrsizlanishi jarayonlarining pasayishini taʼminlash, bank ssudalari boʻyicha qarzlar oʻsishini cheklashga doir takliflarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
— markazlashtirilgan moliya mablagʻlari, shu jumladan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan markazlashgan kreditlarni ajratish shartlari va qaytarish muddatlariga taalluqli masalalarni koʻrib chiqadi hamda ular boʻyicha tezkor qarorlar qabul qiladi;
— pul bozori va qimmatli qogʻozlar bozorining joriy ahvoli toʻgʻrisidagi axborot, ularni rivojlantirishga doir takliflarni koʻrib chiqadi va oʻz vakolati doirasida tegishli qarorlar qabul qiladi;
— toʻlov intizomi ahvolini yaxshilash, hisob-kitoblar tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan tezkor qarorlarni qabul qilishga doir takliflarni koʻrib chiqadi va Hukumatga taklif kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3.2-bandning toʻqqizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 2-oktabrdagi PF-3143-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 10-11-son, 189-modda)
— naqd pul massasi muomalasini tartibga solish va naqd puldagi, shuningdek mayda ulgurji operatsiyalar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirishga doir masalalarni koʻrib chiqadi hamda qarorlar qabul qiladi;
— pul muomalasini tahlil qilish, pul-kredit siyosati va hisob-kitoblar sohasidagi qonunlar va meʼyoriy hujjatlarni amalda qoʻllash tajribasini oʻrganib chiqish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— zarurat tugʻilganida toʻlov va kassa intizomining belgilangan qoidalariga rioya qilish, ajratilayotgan bank kreditlari va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish yuzasidan hokimliklar, vazirliklar, idoralar, uyushmalar va konsernlar rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi;
— zaruratga qarab tijorat banklari va boshqa moliya-kredit muassasalari rahbarlarining samarali kredit va depozit siyosati oʻtkazish, qonunlar va meʼyoriy hujjatlarda belgilab qoʻyilgan kredit, depozit, sugʻurta operatsiyalarini bajarish qoidalariga rioya qilishning ahvoliga doir hisobotlarini tinglaydi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
3.3. Investitsiya dasturlari sohasida:
— qulay investitsiyaviy iqlimning taʼminlanishiga, ichki investitsiyaviy faollikning oʻsishiga va xorijiy sarmoyalarning jalb qilinishiga yoʻnaltirilgan qarorlarni qabul qiladi;
— davlatning maqsadli va investitsiyaviy dasturlarini amalga oshirishga jalb qilinuvchi tijorat banklari roʻyxatini tuzadi va tasdiqlaydi;
— ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va ulardan samarali foydalanish, birgalikda moliyalash va kreditlash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishni davlat tomonidan koʻllab-quvvatlashga doir takliflarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
— qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish yoʻli bilan sarmoyalarning iqtisodiyotga toʻgʻridan toʻgʻri jalb qilinishini oshirishga doir takliflarni koʻrib chiqadi va qarorlar qabul qiladi;
— xorijiy texnologiyalar, “nou-xau”, asbob-uskunalar, va maxsus materiallar qoʻllaniladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan buyurtmachilar va bosh pudratchilarning shaxsiy va qarzga olingan mablagʻlarini ayirboshlab berish mexanizmini yaxshilash yuzasidan tahlil oʻtkazadi va tavsiyanomalar ishlab chiqadi;
— ichki nodavlat va xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, sarmoya soligʻiga dotatsiyalar, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berishni qisqartirishga yoʻnaltirilgan takliflarni koʻrib chiqadi, tegishli xulosalar va tavsiyanomalar tayyorlaydi;
— jalb etilayotgan xorijiy kreditlarning samaradorligi va oʻzini-oʻzi qoplashi masalalarini koʻrib chiqadi;
— xorijiy sarmoyalarni respublika iqtisodiyotiga jalb qilish va ulardan foydalanishga doir takliflarni koʻrib chiqadi;
— sarmoyalarni jalb qilish va ulardan foydalanish sohasidagi mavjud vaziyatni tahlil qilish, investitsiya siyosatiga oid qonunlar va meʼyoriy hujjatlarning tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalda qoʻllanilishini oʻrganib chiqish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— zaruratga qarab hokimliklar, vazirliklar, idoralar hamda vakolatli banklarning investitsiya siyosatini rivojlantirish sohasidagi faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglaydi, ular yuzasidan tegishli xulosalar va tavsiyanomalar tayyorlaydi.
3.4. Isteʼmol bozorini taʼminlash va uning balansi sohasida:
— xalq isteʼmoli mollarini ishlab chiqaruvchi hamda aholiga xizmat koʻrsatuvchi kichik va oʻrta korxonalar sektorini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlashga yordam beradi;
— isteʼmol mollari importi tarkibini tahlil qilish, ular hajmi va sifatining ichki bozor talablariga mos kelishi asosida, shuningdek, isteʼmolchilar va ichki tovar ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilishni hisobga olgan holda xalq isteʼmoli mollarini import qilishni tartibga solish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
— tegishli idoralar va hokimliklarning mintaqaviy tovar bozorlarini barpo etish va rivojlantirish, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish sohalarini yanada takomillashtirish, savdo korxonalari faoliyatining samaradorligini oshirishga doir takliflarini koʻrib chiqadi;
— Markaziy bankning soʻmlarni markazlashtirilgan valyuta resurslari hisobidan erkin ayirboshlanadigan valyutaga imtiyozli ayirboshlash huquqini beruvchi litsenziyalari berilishining maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida Komissiyaning maxsus ishchi guruhi xulosalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
— isteʼmol bozoridagi mavjud vaziyatni tahlil qilish, uning faoliyat yuritishi va rivojlanishiga doir qonunlar va meʼyoriy hujjatlarning amalda qoʻllanilishini oʻrganib chiqish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— yangidan barpo etilayotgan yoki qayta tashkil qilinayotgan supermarketlarning belgilangan nizomlar va talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
— zaruratga qarab hokimliklar, vazirliklar va idoralarning joylarda isteʼmol bozorlarini toʻldirish, xalq isteʼmoli mollarini ishlab chiqarishni oshirish, pullik xizmat koʻrsatish turlarini kengaytirish, kichik va oʻrta korxonalar barpo etish va ularni rivojlantirish sohasidagi faoliyatlari natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini koʻrib chiqadi.
3.5. Komissiya oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiquvchi boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
3.6. Komissiya xorijiy mamlakatlar, MDH davlatlari hamda xalqaro moliya tashkilotlari bilan uning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha tuzilgan bitimlarning bajarilish jarayonini koʻrib chiqadi, ular bilan oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish yuzasidan tegishli takliflar kiritadi.
IV. KOMISSIYA IShINI TAShKIL ETISh
4.1. Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun mazkur Nizomga qatʼiy rioya qilgan holda quyidagilarni bajaradi:
— ishchi guruhlar hamda hududiy komissiyalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarga muvofiq holda, ular faoliyatini nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
— oʻz majlislarida ishchi guruhlar, hududiy komissiyalar hisobotini va Komissiya qarorlarining bajarilishi haqidagi axborotni, shuningdek, hokimliklar, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz faoliyati natijalari va Komissiya qarorlarini bajarish toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglaydi.
4.2. Ishni samarali tashkil etish va mazkur Nizomga muvofiq holda oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish borasida tegishli natijalarga erishish maqsadida Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
— oʻz faoliyati doirasiga kiruvchi masalalarga doir qonunlari va meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
— amaldagi qonunlar va meʼyoriy hujjatlarga rioya qilish, hukumat qarorlarining bajarilishi sohasida Komissiya tomonidan aniqlangan kamchilik va tartibbuzarliklar haqida tegishli qarorlar qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlariga materiallar taqdim etish;
— amaldagi qonunchilikka muvofiq Davlat hokimiyati va boshqa davlat va nodavlat muassasalardan uning vakolatiga kiruvchi masalalarga oid zarur maʼlumotlarni talab qilish.
4.3. Komissiya har chorakda respublika Hukumatiga oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.
4.4. Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladigan barcha masalalarni oldindan ishlab chiqish, ular boʻyicha takliflar va qarorlar loyihalarini tayyorlash mazkur nizomning 1.3-bandiga muvofiq tashkil etilgan tegishli ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
4.5. Komissiya majlislari zaruratga qarab, lekin kamida oyda bir marta oʻtkaziladi.
4.6. Komissiya ishini komissiya Raisi, u yoʻq boʻlganda uning oʻrinbosarlaridan biri boshqaradi.
Komissiya Raisi va uning oʻrinbosarlari, ishchi guruhlar rahbarlari, shuningdek, komissiyaning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlanadi.
4.7. Komissiya qarorlari komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingandan soʻng kuchga kiradi.
Komissiya qarorlari Komissiya Raisi tomonidan imzolanadigan majlis bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, assotsiatsiyalar, kompaniyalar, boshqa xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va banklar tomonidan bajarish uchun majburiydir.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 8-son, 200-modda)